XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 7-§.

Hayotning hujayra darajasi va uning o‘ziga xos jihatlari

Mavzular

Hujayra – tiriklik birligi

Hujayra tiriklikning tuzilish, funksional, rivojlanish birligi. Barcha tirik organizmlar hujayradan tuzilgan, hayotiy jarayonlar hujayrada amalga oshadi. Shuning uchun ham hujayra hayotning tuzilish, funksional, rivojlanish va irsiy birligidir. Shu bilan birga hujayra o‘ziga xos xususiyatlarga ega, ma’lum qonuniyatlar asosida mavjud bo‘lgan biologik sistemadir.

Hayotning tuzilish birligi sifatida hujayra biomolekulalardan tashkil topgan tizim sanaladi. Hujayraning tizim sifatidagi xususiyatlari ko‘p jihatdan molekula darajasiga, ya’ni uning komponentlari va shu komponentlarning faoliyatida aks etadi. DNK molekulasi hujayra oqsillari sintezi jarayonlarining boshqarilishini belgilovchi genetik kodni saqlaydi. Hujayraning asosiy membranali tuzilmalari lipid va oqsil molekulalardan tashkil topgan (19-rasm).

19-rasm. Plazmatik membrananing tuzilishi.
19-rasm. Plazmatik membrananing tuzilishi.

Hujayra darajasining xususiyatlari

Molekular darajada DNK reduplikatsiya jarayoni mexanizmlari aks etsa, hayotning hujayra darajasida bu jarayon hujayraning faoliyati sifatida namoyon bo‘ladi.

Hayotning hujayra darajasi kimyoviy birikmalarning komplekslari, plazmatik membrana, organoidlar, yadro kabi tarkibiy qism (komponent)lardan iborat. Hujayraning yaxlit tizim sifatidagi xususiyatlarini bu komponentlarning o‘zaro munosabatlari belgilaydi.

Evolutsiya jarayonida ilk bor hujayra darajasiga xos xususiyatlar – hujayra metabolizmi, genetik axborotning hujayradan hujayraga berilishi kabi xususiyatlar paydo bo‘lgan. Yerda hayot paydo bo‘lishi aynan hujayraning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.

Hayotning hujayra darajasida DNK va RNKning biologik funksiyalari, matritsali sintez reaksiyalari, hujayra hayotiy jarayonlarining fermentativ boshqarilishi kabi muhim hodisalar sodir bo‘ladi. Hujayra darajasidan boshlab genetik axborotni nasldan naslga o‘tkazish orqali avlodlar davomiyligi va hayotning uzluksizligi ta’minlanadi.

Ko‘p hujayrali organizmlar

Evolutsiya natijasida hujayralarning ixtisoslashuvi tufayli bir-biridan shakli, jarayonlari, funksiyalari bilan farqlanadigan xilma-xil hujayralar kelib chiqqan. Bu esa o‘z navbatida to‘qima va organlarning paydo bo‘lishi va pirovardida mustaqil hayot kechiradigan yaxlit tizim, ya’ni ko‘p hujayrali organizmlarning kelib chiqishiga olib keldi. Shuning uchun ham hujayra tiriklikning eng kichik tuzilish va funksional birligi hisoblanadi (20-rasm).

20-rasm. 1 – hayvon hujayrasi; 2 – o‘simlik hujayrasi; 3 – bakteriya hujayrasi.
20-rasm. 1 – hayvon hujayrasi; 2 – o‘simlik hujayrasi; 3 – bakteriya hujayrasi.

Hujayra nazariyasining asosiy qoidalari. Hujayra nazariyasi – barcha tirik organizmlar kelib chiqishi, tuzilishi, rivojlanishining bir ekanligini e’tirof etuvchi umumbiologik qonuniyatdir.

Teodor Shvann va Mattias Shleyden hujayra haqida to‘plangan ma’lumotlarga asoslanib hujayra nazariyasini yaratdilar (1838–1839-yillar). O‘simlik va hayvon organizmlari uchun umumiy hisoblangan hujayraviy tuzilish tamoyillarini ko‘rsatib berdilar.

Nazariya qoidalari

Hujayra nazariyasining bundan keyingi rivojlanishi ko‘pgina kashfiyotlarga bog‘liq. Rudolf Virxov hujayrasiz hayot yo‘qligi, hujayra faqat avval mavjud hujayralarning bo‘linishidan paydo bo‘lishi, hujayra hayotning hamma xossalariga ega bo‘lgan eng kichik morfologik element ekanligi va hujayraning asosiy struktura elementi protoplazmasi bilan yadrosi ekanligini isbot qilib berdi. Karl Ber barcha ko‘p hujayrali organizmlarning rivojlanishi bitta tuxum hujayradan boshlanishini isbotladi. Hozirgi vaqtda hujayra nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:

Hujayralar qiyosi: bakteriya, zamburug‘

Tirik organizmlar hujayralarining qiyosiy xarakteristikasi

Hujayralar qiyosi: o‘simlik, hayvon

Hujayra nazariyasining ahamiyati

Hujayra nazariyasining ahamiyati. Hujayra – ko‘p hujayrali organizmlarning asosi bo‘lib, asosiy qurilish materiali hisoblanadi. Organizmlarning rivojlanishi bir hujayradan – zigotadan boshlanadi, shuning uchun hujayra tirik organizmlarning rivojlanish birligidir. Hujayra nazariyasi barcha tirik organizm hujayralarining tuzilishi va kimyoviy jihatdan o‘xshash ekanligini va organik olamning birligini tasdiqlaydi.

Tayanch so‘zlar: Teodor Shvann, Mattias Shleyden, Rudolf Virxov, Karl Ber, aerosomalar, mezosomalar.

Bilimingizni sinang

Zamburug‘ hujayrasining qobig‘i qaysi moddadan tashkil topgan?
  1. Murein
  2. Selluloza
  3. Kraxmal
  4. Xitin

To‘g‘ri javob: Xitin. Zamburug‘ hujayrasining qobig‘i xitin moddasidan iborat; selluloza o‘simlik, murein bakteriya qobig‘ida bo‘ladi.

O‘simlik hujayrasida zaxira modda sifatida qaysi birikma to‘planadi?
  1. Polifosfatlar
  2. Kraxmal
  3. Glikogen
  4. Murein

To‘g‘ri javob: Kraxmal. O‘simlik hujayrasining zaxira moddasi kraxmaldir; glikogen hayvon va zamburug‘ hujayralariga xos.

Barcha ko‘p hujayrali organizmlarning rivojlanishi bitta tuxum hujayradan boshlanishini kim isbotlagan?
  1. Karl Ber
  2. Rudolf Virxov
  3. Mattias Shleyden
  4. Teodor Shvann

To‘g‘ri javob: Karl Ber. Bu qoidani Karl Ber isbotlagan; Virxov esa hujayra faqat avvalgi hujayra bo‘linishidan hosil bo‘lishini isbotlagan.

Bakteriya hujayrasidagi gazli vakuolalar qanday nomlanadi?
  1. Nukleoidlar
  2. Mezosomalar
  3. Plazmidalar
  4. Aerosomalar

To‘g‘ri javob: Aerosomalar. Bakteriyalarning gazli vakuolalari aerosomalar deyiladi; mezosomalarda ATF sintezi sodir bo‘ladi.

Evolutsiya davomida qaysi jarayon to‘qima va organlarning, pirovardida ko‘p hujayrali organizmlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan?
  1. Hujayra qobig‘ining yo‘qolishi
  2. Hujayra bo‘linishining to‘xtashi
  3. DNK reduplikatsiyasining to‘xtashi
  4. Hujayralarning ixtisoslashuvi

To‘g‘ri javob: Hujayralarning ixtisoslashuvi. Hujayralar ixtisoslashgach xilma-xil hujayralar, ulardan to‘qima va organlar, so‘ng ko‘p hujayrali organizmlar kelib chiqqan.

Hujayra nazariyasi yangi hujayra qanday yo‘l bilan hosil bo‘lishini qanday izohlaydi?
  1. Yadroning sitoplazmadan ajralib chiqishi bilan
  2. Hujayrasiz muhitdagi protoplazmadan
  3. Dastlabki hujayraning bo‘linishi natijasida
  4. Noorganik moddalardan o‘z-o‘zidan paydo bo‘lish bilan

To‘g‘ri javob: Dastlabki hujayraning bo‘linishi natijasida. Nazariyaning qoidasiga ko‘ra har bir yangi hujayra faqat dastlabki hujayraning bo‘linishidan hosil bo‘ladi.

Hayotning uzluksizligi va avlodlar davomiyligi hujayra darajasidan boshlab nima orqali ta’minlanadi?
  1. Genetik axborotni nasldan naslga o‘tkazish orqali
  2. Hujayra qobig‘ining mustahkamligi orqali
  3. Organizmlar o‘rtasida moddalar almashinuvi orqali
  4. Hujayralarning ixtisoslashuvi orqali

To‘g‘ri javob: Genetik axborotni nasldan naslga o‘tkazish orqali. Hujayra darajasidan boshlab genetik axborotning nasldan naslga o‘tkazilishi avlodlar davomiyligini ta’minlaydi.

DNK molekulasi hujayrada qanday vazifani bajaradi?
  1. Oqsil sintezining boshqarilishini belgilovchi genetik kodni saqlaydi
  2. Hujayra qobig‘ining asosiy qismini tashkil etadi
  3. Zaxira modda sifatida to‘planadi
  4. Membranalarning lipidlarini hosil qiladi

To‘g‘ri javob: Oqsil sintezining boshqarilishini belgilovchi genetik kodni saqlaydi. DNK oqsillar sintezi boshqarilishini belgilovchi genetik kodni saqlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOqsillar va nuklein kislotalarKeyingi →Moddalar almashinuvi – hujayra hayotiy faoliyatining asosi