XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 12-§.

Hayotning organizm darajasi va uning o‘ziga xos jihatlari

Mavzular

Organizm – o‘zini idora etuvchi sistema

Hayotning o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq etishning organizm darajasida tirik organizmlarning xilma-xilligi, hayotiy jarayonlarning o‘ziga xos xususiyatlari o‘rganiladi.

Organizm o‘z-o‘zini idora etuvchi biologik sistema. Organizm hayotiy jarayonlarni yuqori darajada tartiblangan tarzda namoyon etish, o‘z-o‘zini idora etish va tiklash xususiyatlariga ega, irsiy axborotni avloddan avlodga barqaror o‘tkazilishini ta’minlovchi yaxlit biologik sistema sanaladi.

O‘simlik organizmi

Botanika o‘quv fanida o‘simlik yaxlit organizm ekanligi haqida ma’lumot berilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda o‘simliklarda hayotiy jarayonlar: nafas olish, fotosintez, suv bug‘latish, harakatlanish, o‘sish, rivojlanish yuqori darajada tartiblangan tarzda namoyon bo‘ladi, o‘z-o‘zini idora etish va tiklash, ko‘payish xususiyatlariga ega, o‘zidagi mavjud irsiy axborotlarni keyingi avlodga barqaror o‘tkazilishini ta’minlovchi biologik sistema ekanligini qayd etish zarur (33-rasm).

33-rasm. O‘simliklarda moddalar almashinuvi.
33-rasm. O‘simliklarda moddalar almashinuvi.

Organizm yoki alohida olingan individ populatsiya tarkibiga muayyan tuzilish va funksional tarkibga ega bir qismi sifatida kiradi va populatsiya – tur jarayonida muhim o‘rin tutadi.

Odam va nerv-gumoral boshqaruv

Odam organizmi o‘z-o‘zini idora etadigan yaxlit biologik sistema ekanligi, organlar sistemalarida sodir bo‘ladigan hayotiy jarayonlarning boshqarilishi, tashqi muhit omillarining ta’siri, sog‘lom turmush tarzi va gigiyena qoidalariga amal qilinmagan holda yuqumli va surunkali kasalliklar kelib chiqishi haqida «Odam va uning salomatligi» o‘quv fani orqali sizga ma’lum (34-rasm).

Evolutsiya jarayonida ko‘p hujayrali organizmlarda dastlab gumoral idora etish paydo bo‘lgan. Yuqori darajada tuzilgan hayvonlar va odamning o‘z-o‘zini idora etishda gumoral boshqarish bilan bir qatorda nerv tizimi ham muhim o‘rin tutadi. U tirik organizmlar hayotiy jarayoni barqarorligi, doimiyligi va davomiyligini amalga oshiradi, zarur hollarda korreksiyalaydi va tashqi muhit hamda organizm o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtiradi. Nerv sistemasi organizmning yaxlitligi va gomeostazning doimiyligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

34-rasm. Organizm va tashqi muhit o‘rtasida moddalar almashinuvi.
34-rasm. Organizm va tashqi muhit o‘rtasida moddalar almashinuvi.

Nerv-gumoral tizim va fitogormonlar

Gumoral boshqarish nerv orqali idora qilishga bo‘ysungan holda yagona nerv-gumoral tizimni hosil qiladi. Organizmdagi nerv-gumoral tizim irsiy axborot asosida vujudga keladi va har bir organizmda o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Har bir organizmning irsiy axboroti organizmning hayotiy jarayonlarini idora etishni ta’minlab, doimiy o‘zgarishda bo‘ladigan tashqi muhitga moslashishga yordam beradi.

Bir hujayrali organizmlar boshqarilishi gumoral-kimyoviy yo‘l bilan amalga oshadi.

O‘simliklarda o‘sish va morfofiziologik rivojlanishini biologik faol moddalar stimulatorlar – fitogormonlar (auksin, gibberellin, sitokinin) boshqaradi.

Barcha organizmlar va bir hujayralilar

Barcha tirik organizmlarda harakatlanish, nafas olish, oziqlanish, ayirish, modda va energiya almashinuvi, ichki va tashqi muhit omillariga qo‘zg‘alish orqali javob qaytarish, himoyalanish, o‘sish, rivojlanish, ko‘payish orqali irsiy axborotni nasldan naslga o‘tkazishi kabi hayotiy jarayonlar kuzatiladi.

Bir hujayrali organizmlar biosferada muhim o‘rin tutadi. Ular orasida fotosintezni amalga oshiradigan avtotroflar (yashil suvo‘tlari, sianobakteriyalar), suvo‘tlari bilan oziqlanadigan fitotroflar, yirtqich va parazitlik qiladigan geterotroflar, o‘simlik va hayvon qoldiqlari bilan oziqlanadigan saprofitlar mavjud. Bir hujayralilarda metabolitik jarayonlar jadal sur’atda sodir bo‘ladi, shu sababli, biogeosenozda modda va energiya almashinuvida, ayniqsa uglerodning davra bo‘ylab aylanishida muhim ahamiyatga ega.

Ko‘p hujayrali organizmlar

Ko‘p hujayrali organizmlarning tanasi muayyan sondagi va aniq vazifani bajarishga ixtisoslashgan to‘qima, organlar va organlar sistemasidan iborat. Ular tanasidagi hujayralar bajaradigan vazifalariga ko‘ra: somatik va jinsiy hujayralarga bo‘linadi. Somatik hujayralar organizmning o‘sishi va rivojlanishini ta’minlasa, jinsiy hujayralar ko‘payish vazifasini bajaradi.

Bir hujayrali organizmlardan farqli ravishda ko‘p hujayralilarda har bir hayotiy jarayonni amalga oshirishga ixtisoslashgan hujayra, to‘qima, organlar va organlar sistemasi mavjud. Ko‘p hujayrali organizmlar hayot faoliyati ixtisoslashgan organlarning tinimsiz o‘zaro aloqadorlikda ishlashiga bog‘liq.

Hujayra, to‘qima va organlarning ixtisoslashuvi tuzilish va funksional birlikka asoslangan, har bir to‘qima va organlarning tuzilishida ularning bajaradigan funksiyasiga mosligini ko‘rish mumkin.

Hayotning organizm darajasini o‘rganishda organizm biologik sistema, irsiyat va o‘zgaruvchanlik, modda va energiya almashinuvi, ko‘payish va rivojlanish kabi umumbiologik qonuniyatlardan foydalaniladi.

Bilimingizni sinang

Evolutsiya jarayonida ko‘p hujayrali organizmlarda dastlab qaysi idora etish turi paydo bo‘lgan?
  1. Instinktiv
  2. Nerv
  3. Reflektor
  4. Gumoral

To‘g‘ri javob: Gumoral. Dastlab gumoral idora etish paydo bo‘lgan, keyinchalik nerv tizimi qo‘shilgan.

Bir hujayrali organizmlardan qaysilari o‘simlik va hayvon qoldiqlari bilan oziqlanadi?
  1. Saprofitlar
  2. Avtotroflar
  3. Yirtqich geterotroflar
  4. Fitotroflar

To‘g‘ri javob: Saprofitlar. O‘simlik va hayvon qoldiqlari bilan oziqlanuvchi bir hujayralilar saprofitlardir.

Bir hujayrali organizmlar biogeosenozda qaysi elementning davra bo‘ylab aylanishida ayniqsa muhim ahamiyatga ega?
  1. Uglerod
  2. Fosfor
  3. Oltingugurt
  4. Azot

To‘g‘ri javob: Uglerod. Bir hujayralilarda metabolizm jadal bo‘lgani uchun uglerod aylanishida ahamiyati katta.

Nima uchun bir hujayrali organizmlar biogeosenozda modda va energiya almashinuvida muhim ahamiyatga ega?
  1. Ular nerv sistemasi orqali boshqariladi
  2. Ular faqat jinsiy yo‘l bilan ko‘payadi
  3. Ularning tanasi organlar sistemasidan iborat
  4. Ularda metabolitik jarayonlar jadal sur’atda sodir bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Ularda metabolitik jarayonlar jadal sur’atda sodir bo‘ladi. Jadal metabolizm tufayli ular modda va energiya almashinuvida muhim o‘rin tutadi.

Organizmning irsiy axboroti tashqi muhit bilan munosabatda qanday ahamiyatga ega?
  1. Organizmni tashqi muhitdan to‘liq ajratadi
  2. Nerv-gumoral tizimni yo‘qotadi
  3. Hayotiy jarayonlarni idora etishni ta’minlab, o‘zgaruvchan muhitga moslashishga yordam beradi
  4. Faqat ko‘payish tezligini belgilaydi

To‘g‘ri javob: Hayotiy jarayonlarni idora etishni ta’minlab, o‘zgaruvchan muhitga moslashishga yordam beradi. Irsiy axborot idora etishni ta’minlab, doimiy o‘zgaruvchi muhitga moslashtiradi.

Hujayra, to‘qima va organlarning ixtisoslashuvi nimaga asoslangan?
  1. Hujayralar sonining kamayishiga
  2. Faqat irsiy axborot miqdoriga
  3. Tashqi muhit haroratiga
  4. Tuzilish va funksional birlikka

To‘g‘ri javob: Tuzilish va funksional birlikka. Har bir to‘qima va organ tuzilishi bajaradigan funksiyasiga mos keladi.

Ko‘p hujayrali organizmlar bir hujayralilardan qaysi belgisi bilan farq qiladi?
  1. Tanasi faqat bitta ixtisoslashmagan hujayradan iborat
  2. Har bir hayotiy jarayon uchun ixtisoslashgan hujayra, to‘qima va organlari bor
  3. Somatik va jinsiy hujayralarga bo‘linish kuzatilmaydi
  4. Boshqarilishi faqat gumoral-kimyoviy yo‘l bilan amalga oshadi

To‘g‘ri javob: Har bir hayotiy jarayon uchun ixtisoslashgan hujayra, to‘qima va organlari bor. Ko‘p hujayralilarda har bir jarayon ixtisoslashgan hujayra, to‘qima va organlar bilan amalga oshadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Gumoral boshqarish nerv orqali idora qilishga bo‘ysungan holda yagona nerv-gumoral tizimni hosil qiladi; II. Nerv-gumoral tizim irsiy axborot asosida vujudga keladi; III. Evolutsiyada ko‘p hujayralilarda dastlab nerv sistemasi paydo bo‘lgan.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: dastlab gumoral idora etish paydo bo‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHujayraning hayot sikliKeyingi →Tirik organizmlarning oziqlanishiga ko‘ra turlari