Turlarning paydo bo‘lishi
Mavzular
Tur paydo bo‘lish usullari
Tabiatda yangi turlarning hosil bo‘lish jarayoni mutatsiyalarga boy bo‘lgan populatsiyalarda boshlanadi. Olimlar tur paydo bo‘lishini uchta asosiy usulini farq qiladilar. Birinchi usulda turlar soni oshmagan holda bir tur o‘rnini ikkinchi yangi tur egallaydi. Ikkinchi usulda ikki xil turga oid organizmlar chatishishi natijasida uchinchi turning kelib chiqishi kuzatiladi. Uchinchi usul belgilarining ajralishi – divergensiya bilan bog‘liq (105-rasm).

Individlar bir tur doirasida har xil populatsiyalarga mansub bo‘lsa va erkin chatishib, nasl bersa, tur yaxlit va butun hisoblanadi. Yangi tur hosil bo‘lishi uchun esa populatsiyalar orasida alohidalanish yuzaga chiqishi kerak. Alohidalashgan populatsiyalarning belgi va xossalari orasidagi farqlar kuchayib boradi, yangi turlarning paydo bo‘lishiga olib keladi.
Qiyinchiliklar va tabiiy tanlanish
Turlarning paydo bo‘lishini tushuntirishda ikkita qiyinchilik uchraydi: ulardan biri tur paydo bo‘lishining uzoq muddatli ekanligi va tajribada o‘rganishning qiyinligi bo‘lsa, ikkinchisi – tur paydo bo‘lishining har xil organizmlarda turlicha bo‘lishi bilan izohlanadi.
Yashash sharoitining o‘zgarishi bilan tabiiy tanlanish tufayli bir turga mansub populatsiyalar o‘rtasidagi farqlar tobora ortib boradi. Oqibatda bir tur doirasida bir-biridan belgi-xossalari bilan farq qiluvchi bir necha guruhlar hosil bo‘ladi.
Yashash uchun kurash ko‘pgina hollarda oraliq formalarining sekin-asta kamayib, qirilib ketishiga, o‘zgargan muhitga moslashganlarining esa yashab qolishiga sababchi bo‘ladi.
Darvin ta’limoti bo‘yicha
Buning oqibatida tarixiy jarayonda bitta ajdod tur bir necha yangi turlarni vujudga keltirishi mumkin. Darvin ta’limotiga binoan yangi turlar tabiatda organizmlarda paydo bo‘lgan kichik o‘zgarishlarning bo‘g‘indan bo‘g‘inga irsiylanib, to‘planib borishi hisobiga vujudga keladi. Bir tur doirasidagi organizmning har xil sharoitga muvofiqlashuvi natijasida bir necha turlar hosil bo‘ladi, 106-rasmda siz A turdan vaqt o‘tishi bilan uchta, B turdan ikkita yangi tur kelib chiqqanligini ko‘rib turibsiz. Bu yangi turlardagi o‘zgarishlar o‘z navbatida 14 ta yangi turni hosil qilganligi ifodalangan. Ayrim hollarda bir tur asta-sekin o‘zgarib, boshqa turga aylanadi. Turlarning son jihatdan ko‘paymay o‘zgarib, E, F turlarning E10, F10 turlariga aylanganligi bunga misol bo‘la oladi.

Politipik tur va genofond
Darvindan so‘ng klassik darvinizm bilan genetika, ekologiya, sistematika va boshqa tabiiy fanlarning birlashishi natijasida biologik tur, uning tarkibi, yangi turlarning paydo bo‘lishi to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlar to‘plandi. Bu ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, har qanday biologik tur politipik tuzilishga ega ekanligi, ya’ni bir-biridan ozmi-ko‘pmi morfologik, fiziologik, ekologik, genetik jihatdan farq qilgan individlardan tashkil topganligi yanada oydinlashdi. Yangi turning paydo bo‘lishi ajdod turning yagona, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan genlar, xromosomalar majmuasini buzib, yangi genofondini vujudga keltirish orqali amalga oshadi.
Tur paydo bo‘lish tiplari
Tur paydo bo‘lishining tiplari ikki xil yo‘nalishda kechadi (107-rasm).

- 1. Allopatrik yoki geografik tur paydo bo‘lishi.
- 2. Simpatrik yoki ekologik tur paydo bo‘lishi.
Tur paydo bo‘lishining birinchi turida geografik to‘siqlarning paydo bo‘lishi, ikkinchi turida reproduktiv to‘siqlarning paydo bo‘lishi populatsiyalar o‘rtasida genlar almashinuvining to‘xtashiga sabab bo‘ladi.
Allopatrik yo‘nalish: misollar
Allopatrik yo‘nalish yoki geografik alohidalanish bilan tur paydo bo‘lishi.
Tur areali kengayganda yoki yirik geologik jarayonlar: qit’alarning surilishi, tog‘ hosil bo‘lishi, suv to‘siqlari natijasida bir nechta alohidalashgan populatsiyalar paydo bo‘ladi. Populatsiyalardagi irsiy o‘zgarishlar, yashash uchun kurash va tabiiy tanlanish natijasida asta-sekin populatsiyalardagi gen tarkibida farq paydo bo‘la boshlaydi. Bu jarayon yangi tur hosil bo‘lishiga olib keladi. Qirg‘ovullarning xiva, yettisoy, murg‘ob, kavkaz, manjur, yapon kenja turlari xuddi shu yo‘l bilan kelib chiqqan. Galapagos orollaridagi tog‘ vyuroklari ham har bir orolda o‘ziga xos ko‘rinishga ega ekanligi geografik alohidalanish natijasidir (108-rasm).

Baykal, kurakburun, g‘o‘za
Baykal ko‘lida molluskalar, qisqichbaqasimonlar, baliqlar, chuvalchanglarning boshqa joylarda uchramaydigan juda ko‘p turlari uchraydi. Chunki 20 mln yil ilgari Baykal ko‘li boshqa suv havzalaridan tog‘lar hosil bo‘lishi natijasida ajralib qolgan. Shuningdek, Sirdaryo, Amudaryoda yashovchi soxta kurakburun baliq turi ham geografik alohidalanish natijasi hisoblanadi. U qadimgi osyotrsimon baliqlarga kiradi. Unga yaqin bo‘lgan baliq turlari Shimoliy Amerikaning Missisipi daryosida yashaydi. G‘o‘za avlodi ham geografik alohidalanish yo‘nalishidagi turning paydo bo‘lishiga yorqin misoldir. Bu avlodning turlari bo‘r davridan boshlab bir-biridan alohidalashgan va Amerika, Osiyo, Afrika, Avstraliyaga tarqalgan.
Simpatrik yo‘nalish
Simpatrik yo‘nalishda tur paydo bo‘lishi ajdod tur areali doirasida alohidalanish sodir bo‘lishi bilan bog‘liq. Alohidalashgan populatsiyalar ajdod tur bilan bir arealda tarqalgan bo‘ladi. Odatda alohidalashgan individlar guruhi ajdod tur vakillaridan urchish muddati yoki yashash joyi, yoxud jinsiy jihatdan farq qilishi bilan ajralib turadi. Shunday usulda alohidalashgan populatsiyalardan keyinchalik mutatsion o‘zgaruvchanlik, tabiiy tanlanish tufayli yangi turlar paydo bo‘ladi. Filippinda 10 ming yil oldin paydo bo‘lgan Lanao ko‘lida yagona bitta ajdod baliq turidan simpatrik yo‘nalish bilan 18 ta baliq turi, yonsuzar qisqichbaqa turkumining bir ajdod turidan 250 ta yangi tur paydo bo‘lgani ma’lum. Shu singari simpatrik yo‘nalishdagi yangi turlarning paydo bo‘lishi ekologik alohidalanish natijasi ekanligidan dalolat beradi.
Chittaklar – ekologik alohidalanish
Ekologik alohidalanish natijasida umumiy areal doirasida chittaklarning 5 turi kelib chiqqan. Katta chittak bog‘larda yirik hasharotlar bilan, moskovka chittagi hasharotlar tuxumlari va qurtlari bilan, lazorevka chittagi daraxt, butalar po‘stlog‘i orasidagi mayda hasharotlar bilan, kokilchali chittak esa o‘simlik urug‘lari bilan oziqlanadi.
Poliploidiya orqali tur hosil bo‘lishi
Xromosoma va genom mutatsiyalari, duragaylash natijasida yangi turlarning hosil bo‘lishi ham simpatrik tur hosil bo‘lish yo‘nalishiga misol bo‘ladi. Ba’zi hollarda hujayraning bo‘linish jarayonida tashqi muhitning omillari ta’sirida xromosomalarning tarqalishi buziladi. Xromosoma sonining ortishi yoki kamayishi yangi turlarning kelib chiqishiga asos bo‘ladi. Murakkabguldoshlar oilasiga kiruvchi skerda avlodida 3, 4, 5, 6, 7 xromosomali, iloq avlodida 12 tadan 43 tagacha bo‘lgan xromosomali turlari uchraydi. Hujayraning bo‘linish duki (urchug‘i)da sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar xromosomalarni hujayraning ikki qutbga tarqalmay qolishiga va poliploid turlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Chunonchi, xrizantema avlodiga kiruvchi 18, 36, 90 xromosomali, tamaki avlodiga 24, 48, 72, bug‘doyda 14, 28, 42 xromosomali turlar borligi aniqlangan. Poliploid turlar xromosomasi diploid to‘plamga ega turlarga nisbatan muhitning noqulay sharoitlariga ko‘proq moslashuvchan bo‘ladi.
Duragaylash yo‘li bilan tur hosil bo‘lishi
Ba’zi bir o‘simlik turlari duragaylash yo‘li bilan paydo bo‘lgan. Chunonchi, olxo‘ri olcha bilan tog‘olchaning chatishishidan so‘ng xromosomalar sonining ikki hissa ortishi natijasida kelib chiqqan. Olchada xromosomaning gaploid to‘plami 16, tog‘olchada esa 8, demak, ularda hosil bo‘lgan duragayda xromosomaning gaploid to‘plami 24 ga teng. Olimlarning fikricha, xromosomaning gaploid to‘plami 13 bo‘lgan herbatseum turini boshqa 13 xromosomali turi bilan o‘zaro chatishib, so‘ng duragay xromosoma to‘plamining ikki hissa ortishi hisobiga 52 xromosoma to‘plamga ega bo‘lgan xirzutum, barbadenze g‘o‘za turlari kelib chiqqan deb faraz qilinadi.
Bilimingizni sinang
Tur paydo bo‘lish usullarini moslang: 1) birinchi usul; 2) ikkinchi usul; 3) uchinchi usul. a) belgilarning ajralishi – divergensiya; b) ikki xil tur organizmlari chatishishidan uchinchi tur kelib chiqishi; c) turlar soni oshmay bir tur o‘rnini yangi tur egallashi
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-a, 2-b, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Birinchi usul – bir tur o‘rnini yangisi egallaydi; ikkinchi – chatishish; uchinchi – divergensiya.
Yangi tur hosil bo‘lishi uchun populatsiyalar orasida nima yuzaga chiqishi kerak?
- Belgilar o‘xshashligining ortishi
- Alohidalanish
- Genlar oqimining kuchayishi
- Erkin chatishuv
To‘g‘ri javob: Alohidalanish. Alohidalashgan populatsiyalar orasida farqlar kuchayib, yangi tur paydo bo‘ladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Tur paydo bo‘lishi uzoq muddatli bo‘lgani uchun uni tajribada o‘rganish qiyin. II. Tur paydo bo‘lishi har xil organizmlarda turlicha kechadi. III. Tur paydo bo‘lishi qisqa muddatli bo‘lib, tajribada oson o‘rganiladi.
- Faqat I
- I va II
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Tur paydo bo‘lishini tushuntirishdagi ikki qiyinchilik: uzoq davomiylik va turlicha kechish; III teskarisini aytadi.
Yashash uchun kurash ko‘pgina hollarda qaysi formalarning sekin-asta kamayib, qirilib ketishiga sababchi bo‘ladi?
- Geografik alohidalashgan formalarning
- Eng moslashgan formalarning
- Ajdod turdan farq qilmaydigan formalarning
- Oraliq formalarning
To‘g‘ri javob: Oraliq formalarning. Oraliq formalar qirilib, o‘zgargan muhitga moslashganlari yashab qoladi va farqlar chuqurlashadi.
Yashash sharoiti o‘zgarishi bilan bir tur populatsiyalari o‘rtasidagi farqlar tobora ortib borishiga qaysi omil sabab bo‘ladi?
- Populatsiya to‘lqini
- Tabiiy tanlanish
- Erkin chatishuv
- Modifikatsion o‘zgaruvchanlik
To‘g‘ri javob: Tabiiy tanlanish. Muhit o‘zgarganda tabiiy tanlanish populatsiyalar farqini oshiradi va guruhlar hosil bo‘ladi.
Politipik tuzilishga ega tur qanday individlardan tashkil topgan?
- Faqat bitta populatsiyaga mansub va bir xil genofondli
- Faqat reproduktiv jihatdan to‘liq alohidalashgan
- Morfologik va genetik jihatdan bir-biridan farq qilmaydigan
- Bir-biridan ozmi-ko‘pmi morfologik, fiziologik, ekologik, genetik jihatdan farq qiladigan
To‘g‘ri javob: Bir-biridan ozmi-ko‘pmi morfologik, fiziologik, ekologik, genetik jihatdan farq qiladigan. Har qanday biologik tur politipik: farq qiluvchi individlardan tarkib topadi.
Yangi tur paydo bo‘lishida ajdod tur genofondida qanday o‘zgarish yuz beradi?
- Yangi genofond vujudga kelmay, mavjud genofond kengayadi
- Genlar, xromosomalar majmuasi o‘zgarishsiz saqlanib, sonigina ortadi
- Ajdod turning genofondi barcha populatsiyalarda tenglashadi
- Yagona, o‘zaro bog‘liq genlar, xromosomalar majmuasi buzilib, yangi genofond vujudga keladi
To‘g‘ri javob: Yagona, o‘zaro bog‘liq genlar, xromosomalar majmuasi buzilib, yangi genofond vujudga keladi. Yangi tur ajdod turning genlar, xromosomalar majmuasi buzilib, yangi genofond hosil bo‘lishi orqali paydo bo‘ladi.
Tur paydo bo‘lishi tiplarida genlar almashinuvini to‘xtatuvchi to‘siqlar qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- Ikkalasida ham reproduktiv
- Ikkalasida ham geografik
- Allopatrik – geografik, simpatrik – reproduktiv
- Allopatrik – reproduktiv, simpatrik – geografik
To‘g‘ri javob: Allopatrik – geografik, simpatrik – reproduktiv. Birinchi tipda (allopatrik) geografik, ikkinchisida (simpatrik) reproduktiv to‘siqlar paydo bo‘ladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash