XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 1-§.

Biologik tizimlar

Mavzular

Ilmiy bilishning paydo bo‘lishi

Insoniyat paydo bo‘lgandan boshlab atrof-muhit, o‘simliklar va hayvonot olami, tabiatda sodir bo‘ladigan hodisa va jarayonlarning sirli tomonlarini o‘rgangan. Ulardan kelgusi hayotda foydalanish yuzasidan dastlabki tajribalarga ega bo‘la boshlagan. Dastlab tabiatda sodir bo‘ladigan hodisa va jarayonlarning o‘ziga xos tomonlari bo‘yicha alohida ma’lumotlar to‘plangan. Shu tariqa inson tafakkuri rivojlangan, mantiqiy fikr yuritish orqali tabiatdagi hayotning mohiyati, o‘simliklar va hayvonlar hayotidagi mavsumiy moslanishlar, tabiatda sodir bo‘ladigan hodisa va jarayonlarni tushunish imkoniyati yuzaga kelgan.

Odamning tabiat va uning tarkibiy qismlariga bo‘lgan munosabati va tabiatdagi hodisa, jarayonlarning mohiyatini o‘rganishi ilmiy bilishning asosini tashkil qilgan. Ilmiy bilish inson tafakkurining oliy darajasi bo‘lib, ilmiy yangiliklar, kashfiyotlar avval ma’lum bo‘lmagan o‘simliklar va hayvonlarning tuzilishi hayotiy jarayonlar, qonunlar va qonuniyatlarni yaratishga yo‘nalgan bo‘ladi. Shu tariqa inson o‘zini o‘rab turgan atrof-muhitni o‘rganishi natijasida yerda yashaydigan organizmlar, ularning hayotiga ta’sir qiladigan omillar haqida dastlabki ilmiy ma’lumotlar yuzaga kelgan.

Tabiat falsafasidan biologiyagacha

Antik davrda ilmiy bilimlarning birinchi shakli tabiat falsafasi edi. Tabiat falsafasining obyekti tabiatda sodir bo‘ladigan hodisalarni o‘rganish sanalgan. Tabiat falsafasi tabiat haqidagi ma’lumotlarni to‘plab, XVI–XVII asrlarda tirik va anorganik tabiat haqidagi mustaqil fan – tabiiyotshunoslikning shakllanishiga imkon yaratdi. Tabiiyotshunoslik fani negizida o‘rganish obyekti, maxsus tadqiqot metodlariga ko‘ra fanlarning ixtisoslashishi vujudga keldi.

Biologiyaning o‘rganish obyektlari tabiatning tirik materiyasi yoki organizmlardir. Biologiya tirik materiyaning tuzilishi, ularning hayot faoliyati, anorganik tabiat bilan o‘zaro aloqasini o‘rganadi.

Biologik sistema (biosistema)

Tirik materiyaning sistemali tuzilishi. Tirik tabiat dunyosi turli xildagi, tuzilishi jihatidan turli murakkablik darajasiga ega biosistemalarni o‘zida mujassamlashtiradi.

Biologik sistema (biosistema) – o‘zaro aloqador va o‘zaro ta’sir ko‘rsatadigan, muayyan funksiyani bajaradigan, rivojlanish, o‘z-o‘zini barpo etish va atrof-muhitga moslanish qobiliyatiga ega biologik obyektlarni o‘zida birlashtiradi.

Masalan, gulli o‘simliklar ildiz, poya, barg, gul va meva kabi organlardan tashkil topgan biologik sistema. O‘simlik – yaxlit organizm, uning barcha vegetativ va generativ organlari o‘zaro aloqada bo‘lib, o‘simlikning ko‘payishi va tashqi muhitga moslanishini ta’minlaydi. Bu organizm darajasidagi biologik sistema sanaladi.

Cho‘l turli bakteriya, zamburug‘, o‘simlik va hayvonlar populatsiyalaridan iborat biologik sistemaga misol bo‘la oladi. Cho‘lda yashaydigan har xil turlarning populatsiyalari ham bir-biriga ta’sir ko‘rsatib, ularning muhitdagi barqarorligi va rivojlanishini ta’minlaydi.

Hayotning iyerarxik darajalari

Biologik sistemalarning iyerarxik tuzilishi. Tirik sistemalarning turli xil bir-biriga bog‘liq, o‘zaro aloqada bo‘lgan darajalari iyerarxik tuzilishdan iborat. Hayot tuzilishining yirik darajalari o‘zida kichik darajalarni tarkibiy qism sifatida mujassamlashtiradi va har bir tuzilish darajasining o‘zaro ta’siri ko‘lamiga qaram holda umumiy qonuniyatlarga bo‘ysunadi, ularning o‘zaro ta’siri tufayli umumiy xossalari paydo bo‘ladi.

Biosfera o‘zida yerning tirik organizm tarqalgan qobig‘i sifatida sayyoramizdagi barcha biogeotsenozlarni qamrab oladi. Biogeotsenoz o‘z navbatida ekologik jihatdan bir-birini to‘ldiradigan turli populatsiyalardan tashkil topgan. Populatsiyalar esa, avlodlari doimo almashinib turadigan individlardan tuzilgan. Individlar yaxlit organizm bo‘lib, ular organlar sistemalaridan, organlar sistemalari organlardan, organlar to‘qimalardan, to‘qimalar hujayralardan iborat.

Hujayra – eng kichik birlik

Tirik organizmlarning eng kichik birligi hujayra sanaladi. Hujayra alohida bir hujayrali organizm sifatida ham, shuningdek, ko‘p hujayrali organizmning bir qismi sifatida barcha hayotiy xossalarni namoyon etadi. Hujayra doimiy bo‘lishi shart bo‘lgan organoidlardan, tarkibi esa anorganik moddalar va makromolekulalardan tashkil topgan. Hujayrada boradigan hayotiy jarayonlar ularning tarkibidagi makromolekulalarning o‘zaro ta’siriga bog‘liq.

Hayot darajalari biri ikkinchisiga asos bo‘lib, keyingi darajani vujudga keltirganligi sababli, iyerarxik (zinapoya ko‘rinishiga o‘xshash) tuzilish nomini olgan.

Biosistemalarning xossalari

Shunday qilib, tabiiy obyektlar va ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik ko‘lami va ta’sir doirasiga ko‘ra juda xilma-xil. Ularni o‘rganish uchun biologiyaning turli bo‘limlari alohida yondashuvlar va tadqiqot metodlarini ishlab chiqqan.

Biologik sistemalar bir-biri bilan nafaqat kelib chiqishi jihatidan, balki ular o‘rtasida o‘zaro ta’sir orqali vujudga keladigan, shuningdek, tashqi muhit bilan munosabatlari orqali ham uzviy bog‘langan.

Biologik sistemalar tabiatning tarixiy rivojlanish natijasi sanaladi. Ular o‘z-o‘zini boshqarish, rivojlanish, ko‘payish, tarkibiy qismlar o‘rtasida o‘zaro ta’siri barqarorligi va muvozanatning paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi.

Tabiatda tarixiy taraqqiyot natijasida vujudga kelgan biosistema muvozanatining buzilishi ekologik sistemalar strukturasining o‘zgarishiga, ba’zi hollarda ularning nobud bo‘lishiga olib keladi.

Tabiat va jamiyat hamkorligi

Tabiat va jamiyatning barqaror hamkorligi uchun atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik boshqarish, jamiyat va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish muammosi paydo bo‘ldiki, bu insoniyat kelajagi uchun muhim hisoblanadi. Insoniyat jamiyatining mavjudligi va rivojlanishi hayot va tabiatning, tabiiy jamoa va tizimlarning rivojlanish qonunlarini chuqur anglash asosida shakllanishi kerak.

Ekologiya fan sifatida

Ekologiya fan sifatida. XX asrning boshlarida biologiya fanining yangi tarmog‘i – ekologiya vujudga keldi. Bu fan yuqorida keltirilgan muammolarni hal etishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. «Ekologiya» (yunoncha «oikos» – uy, boshpana, «logos» – fan, ta’lim berish) atamasi birinchi marta fanga 1866-yilda nemis olimi Ernest Gekkel tomonidan kiritilgan.

Ekologiya ayrim individlarning rivojlanishi, ko‘payishi, yashashini, populatsiya va jamoalarining tarkibi hamda o‘zgarishlarini yashash muhitiga bog‘liq holda o‘rganadi.

Ekologiya – organizmlarning o‘zaro va atrof-muhit bilan munosabatlari haqidagi fan. Dastlabki bosqichda ekologiya organizmlarning o‘zaro ta’sirini o‘rganadigan fan bo‘lgan. Hozirgi vaqtda uning vakolat doirasi sezilarli darajada kengaydi. Organizmlardan tashqari, populatsiya, biotsenoz (jamoa), biogeotsenoz (ekotizimlar) va biosferani o‘z ichiga oladi.

Ekologiyaning zamonaviy roli

So‘nggi yillar davomida u ma’lumotlarni maqsadli yig‘ib, insoniyat, inson faoliyatining barcha sohalari – qishloq xo‘jaligi, sanoat, iqtisodiyot va siyosat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyatga nisbatan o‘z ta’sirini kuchaytirmoqda. Ekologik bilimlar asosida tabiatni muhofaza qilishning samarali tizimi va tabiatni oqilona boshqarishni shakllantirish mumkin.

Ekologiya fani zimmasiga qator vazifalar yuklangan:

Ekologiyaning boshqa vazifalari

Ekologik madaniyat inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarga nisbatan mas’uliyatli yondashuv asosida paydo bo‘ladi.

Ekologik madaniyat

Ekologik madaniyatga jamiyat va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan ekologik ta’lim, ekologik ong va ekologik faoliyatning birligi sifatida qaraladi. Sayyoramizning hozirgi ekologik holati tabiatga yanada oqilona munosabatda bo‘lishni talab etadi. Bu esa jamiyatimizning har bir a’zosidan nafaqat keng ekologik bilim, balki tabiatga yangicha munosabatni rivojlantirish, tabiat va jamiyatning barqarorligini ta’minlovchi omillarni izlashga asoslangan ekologik dunyoqarashni shakllantirishni taqozo qiladi.

Bilimingizni sinang

Antik davrda ilmiy bilimlarning birinchi shakli nima bo‘lgan?
  1. Ekologiya
  2. Tabiat falsafasi
  3. Biologiya
  4. Tabiiyotshunoslik

To‘g‘ri javob: Tabiat falsafasi. Antik davrda ilmiy bilimlarning birinchi shakli tabiat falsafasi edi.

«Ekologiya» atamasini 1866-yilda fanga birinchi bo‘lib kim kiritgan?
  1. Rus olimi V.N.Sukachev
  2. Nemis olimi Aleksandr Gumbold
  3. Nemis olimi Ernest Gekkel
  4. Ingliz olimi A.Tensli

To‘g‘ri javob: Nemis olimi Ernest Gekkel. Atamani 1866-yilda nemis olimi Ernest Gekkel kiritgan.

«Ekologiya» atamasidagi yunoncha «oikos» so‘zi nimani bildiradi?
  1. Hayot, organizm
  2. Fan, ta’lim berish
  3. Tabiat, muhit
  4. Uy, boshpana

To‘g‘ri javob: Uy, boshpana. «Oikos» – uy, boshpana; «logos» – fan, ta’lim berish.

Inson tafakkurining oliy darajasi qaysi bilish turi hisoblanadi?
  1. Tabiiyotshunoslik
  2. Ilmiy bilish
  3. Tabiat falsafasi
  4. Ekologik madaniyat

To‘g‘ri javob: Ilmiy bilish. Ilmiy bilish inson tafakkurining oliy darajasidir.

Populatsiyalar qanday individlardan tuzilgan?
  1. Sayyoramizdagi barcha biogeotsenozlardan
  2. Avlodlari doimo almashinib turadigan individlardan
  3. Organlar sistemalaridan iborat yaxlit hujayralardan
  4. Ekologik jihatdan bir-birini to‘ldiradigan turli individlardan

To‘g‘ri javob: Avlodlari doimo almashinib turadigan individlardan. Populatsiyalar avlodlari doimo almashinib turadigan individlardan tuzilgan.

Bir hujayrali organizm sifatida ham, ko‘p hujayrali organizmning qismi sifatida ham barcha hayotiy xossalarni namoyon etadigan tirik organizmlarning eng kichik birligi nima?
  1. Organoid
  2. Hujayra
  3. Makromolekula
  4. To‘qima

To‘g‘ri javob: Hujayra. Tirik organizmlarning eng kichik birligi hujayradir.

Cho‘l qanday tarkibli biologik sistemaga misol bo‘ladi?
  1. Turli bakteriya, zamburug‘, o‘simlik va hayvon populatsiyalaridan iborat sistemaga
  2. Yaxlit organizm darajasidagi sistemaga
  3. Faqat hayvon individlaridan iborat sistemaga
  4. Faqat o‘simlik populatsiyalaridan iborat sistemaga

To‘g‘ri javob: Turli bakteriya, zamburug‘, o‘simlik va hayvon populatsiyalaridan iborat sistemaga. Cho‘l bakteriya, zamburug‘, o‘simlik va hayvonlar populatsiyalaridan iborat biologik sistema.

Yerning tirik organizm tarqalgan qobig‘i bo‘lib, sayyoramizdagi barcha biogeotsenozlarni qamrab oluvchi tizim qaysi?
  1. Individ
  2. Biosfera
  3. Populatsiya
  4. Biogeotsenoz

To‘g‘ri javob: Biosfera. Biosfera yerning tirik organizm tarqalgan qobig‘i bo‘lib, barcha biogeotsenozlarni qamrab oladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
Keyingi →Ekologiyaning rivojlanishi, bo‘limlari va metodlari