XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 5-§.

Organizmlarning yashash muhiti. Suv muhiti

Mavzular

Yashash muhiti tushunchasi

Har qanday tirik organizm tabiatda muayyan yashash muhitiga ega va muhit ularga doimiy ravishda ta’sir etadi. Organizm, populatsiya yoki tur yashaydigan, ularga bevosita yoki bilvosita ta’sir etadigan, muhitning biotik va abiotik sharoitlarining majmuasi yashash muhiti deb ataladi. Yashash muhiti tirik organizm bilan uning butun hayoti davomida o‘zaro munosabatda bo‘ladigan tabiatning bir qismi hisoblanadi.

Har bir tirik organizmning yashash muhiti tabiatning biotik va abiotik tarkibiy qismlari – komponentlaridan tarkib topadi. Ekologiyada tabiatning biotik va abiotik komponentlari omillar deyiladi. Tabiatning tirik organizmlarga ta’sir ko‘rsatadigan va ularda moslanish reaksiyalari – adaptatsiyalarning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan har qanday tarkibiy qismi yoki komponenti ekologik omillar deb ataladi.

Muhit va adaptatsiya

Shunday qilib, muhit – tirik organizmlarni o‘rab turuvchi va ularga bevosita yoki bilvosita ta’sir etuvchi omillar yig‘indisidir. Organizmlar muhitdan hayotiy jarayonlar uchun zarur bo‘lgan barcha mahsulotlarni qabul qiladi hamda muhitga moddalar almashinuvi mahsulotlarini ajratadi. Yashash muhiti organizmlarning nafaqat yashashiga, balki geografik jihatdan tarqalishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Tirik organizmlar uchun har bir ekologik omil turlicha ahamiyatga ega.

Evolutsiya jarayonida barcha tirik organizmlarda yashash muhitiga nisbatan o‘ziga xos morfologik, fiziologik, etologik va boshqa moslanishlar – adaptatsiyalar paydo bo‘lgan. Adaptatsiya (lotincha «adaptatio» – moslanish) – tirik organizmlarning muayyan yashash muhitida yashashi va ko‘payishni ta’minlovchi belgi yoki belgilar yig‘indisi hisoblanadi. Masalan, baliq tanasining suyri shakli ularning suv muhitida harakatlanishini yengillashtirsa, suvsiz muhitda o‘suvchi o‘simliklar barglarida (aloy) yoki poyasida (kaktus) suv to‘plashga moslashgan.

Organizm va muhit birligi

Ekologik omillar uchta guruhga: abiotik, biotik va antropogen omillarga bo‘linadi. Muhit va tirik organizmlarning o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro ta’sirlari «organizm – muhit» sistemasidagi asosiy qonuniyatlardan hisoblanadi. Tirik organizmlar muhitdan o‘zlari uchun kerakli moddalarni oladi va muhitga turli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Natijada muhitning o‘zi ham o‘zgaradi.

«Organizm – muhit» tizimidagi asosiy qonuniyatlar V.I.Vernadskiy tomonidan kashf etilgan bo‘lib, organizm va uning yashash muhiti birligi qonuni deb ataladi. Hayot tirik organizmlar va yashash muhitining bir butunligi asosida ular o‘rtasidagi moddalar va energiya almashinuvi natijasida rivojlanib boradi. Bu qonundan kelib chiqadigan evolutsion-ekologik prinsipga binoan, har bir turning genetik imkoniyatlari o‘zi yashayotgan muhitga muvofiqdir.

Organizmlarning muhitga ta’siri

Tirik organizmlar ham o‘z navbatida muhitga katta ta’sir ko‘rsatadi, bu birinchi navbatda organizmning shu muhitda yashayotgani bilan belgilanadi. Tirik organizmlar oziqlanadi, nafas oladi, atrof-muhitga moddalar almashinuvi qoldiqlarini ajratadi, o‘sadi, rivojlanadi, harakatlanadi. Organizmlarning bu hayotiy faoliyati tufayli yashash joyining havo tarkibi, tuproq strukturasi, suvning tozalik darajasi kabi ko‘rsatkichlari o‘zgaradi.

Har bir organizmning muhitga alohida ta’siri sezilarli bo‘lmasa-da, shu muhitda yashovchi barcha organizmlarning ta’sirlari yig‘indisi juda ulkan. Tirik organizmlarning muhitga ta’siri ularning muhitni shakllantiruvchi faoliyati hisoblanadi.

To‘rt xil yashash muhiti

Yer yuzida tirik organizmlar uchun to‘rt xil yashash muhiti mavjud: suv muhiti, quruqlik-havo muhiti, tuproq muhiti va tirik organizm muhiti (parazit va simbiontlar uchun). Har bir muhit o‘ziga xos shart-sharoitlarga ega (4-rasm).

4-rasm. To‘rt xil yashash muhiti: 1 – suv muhiti; 2 – quruqlik-havo muhiti; 3 – tuproq muhiti; 4 – organizm muhiti.
4-rasm. To‘rt xil yashash muhiti: 1 – suv muhiti; 2 – quruqlik-havo muhiti; 3 – tuproq muhiti; 4 – organizm muhiti.

Tirik organizmlar bir yoki bir nechta muhitda yashashi mumkin. Hayot dastlab paydo bo‘lgan muhit suv muhiti hisoblanadi. Tarixiy rivojlanish jarayonida tirik organizmlar quruqlik-havo muhitida yashashga o‘tgan. Natijada yangi muhit sharoitiga moslashgan o‘simlik va hayvonlar paydo bo‘lgan. Tirik organizmlarning hayotiy faoliyati natijasida tuproq shakllangan va ayrim organizmlar tuproqda hayot kechirishga moslashgan. Organizm muhitini parazit va simbiontlar egallagan.

Har qaysi muhitda o‘ziga xos shart-sharoitlari bilan o‘zaro farq qiladigan ma’lum hududlar, ya’ni biotoplar mavjud. Masalan, suv muhitining suv yuzasida, suv qa’rida, suv tubida, suvo‘tlar orasida yashash hududlari mavjud.

Suv muhiti va uning xususiyatlari

Suv muhiti. Yer yuzida eng keng tarqalgan yashash muhiti bo‘lib, okeanlar, kontinentlarning suv havzalari va yerosti suvlarini o‘z ichiga oladi. Suv muhitida yashovchi organizmlar gidrobiontlar (yunoncha «hydor» – suv, «bios» – hayot) deyiladi.

Yashash muhiti sifatida suv bir qancha xususiyatlarga ega. Suv yuqori zichlik, shaffoflik, katta issiqlik sig‘imi va issiqlik o‘tkazuvchanlik, muzlaganda kengayish kabi xususiyatlar bilan bir qatorda, kislorod miqdorining nisbatan kamligi, yorug‘likni kam o‘tkazishi bilan ham xarakterlanadi. Suv harakatchan, ya’ni oquvchan muhit. Uning harakatlanishi natijasida suv muhitida yashaydigan organizmlar kislorod va oziq moddalar bilan ta’minlanadi. Suv havzasining barcha qismi bo‘ylab harorat deyarli bir xil taqsimlanadi.

Suvda harorat va zichlik

Katta issiqlik sig‘imiga egaligi va issiqlikni o‘tkazuvchanligi tufayli quruqlik muhitiga nisbatan suv muhitida harorat kam darajada o‘zgaradi. Havo harorati 10°C ga ko‘tarilganda, suv harorati faqat 1°C ga ko‘tariladi. Suv qa’rida harorat nisbatan doimiy, +4°C atrofida bo‘ladi. Suv havzasining eng yuza qismida sutkalik va mavsumiy harorat o‘zgarishi 0 dan +36°C gacha bo‘lishi mumkin.

Suvning zichligi katta (havodan 700 marta yuqori) bo‘lgani uchun suv muhitida yashaydigan organizmlar uchun u tayanch vazifasini bajaradi. Bir hujayrali hayvonlar, suvo‘tlar, meduzalar, mayda qisqichbaqasimonlar tanasidagi turli o‘simtalar suv bilan ta’sirlashish yuzasini oshiradi va ularning suzuvchanligini ta’minlaydi. Baliqlarning suv yuzasiga ko‘tarilishi, suvning tubiga tushishi, yoki suvning ma’lum qatlamida muallaq turishi suzgich pufagi bilan bog‘liq. Suvda faol harakatlanuvchi hayvonlar tanasi suyri shaklda bo‘lgani va maxsus suzgichlarga egaligi tufayli suvning qarshiligini oson yenga oladilar.

Suvda yorug‘lik va kislorod

Suv muhitida yorug‘lik havoga nisbatan kam. Quyosh nurining bir qismi suv yuzasidan qaytariladi, bir qismi esa suvga yutiladi. Chuqurlik ortgan sari fotosintez jarayoni uchun zarur yorug‘lik miqdorining kamayib borishi suv o‘simliklarining keng tarqalishini cheklaydi. Yorug‘lik miqdori hayvonlar hayot faoliyati uchun ahamiyat kasb etmaydi.

Suv muhitida yashovchi organizmlar hayotida suvning tuz miqdori katta ahamiyatga ega. Suv havzalaridagi suv bir-biridan kimyoviy tarkibi bo‘yicha farq qiladi. Ular tarkibidagi kislorod miqdori muhim ko‘rsatkichlardan biridir. Suvdagi kislorodning asosiy manbayi suv o‘simliklarining fotosintez jarayoni hisoblanadi, kislorodning bir qismi suvga atmosferadan o‘tadi.

O‘simliklarning suv muhitiga moslanishi

O‘simliklarning suv muhitiga moslanishlari. Sho‘r suvlarda faqat suvo‘tlar uchraydi. Bu o‘simliklar yorug‘lik tanqisligiga qo‘shimcha pigmentlar hosil qilish bilan moslashadi. Ular turli chuqurlikda yashashga moslashgan: suv havzalarining sayoz qismlarida yashil suvo‘tlar, chuqurroq qatlamlarida qo‘ng‘ir suvo‘tlar, eng chuqur qismida qizil suvo‘tlar uchraydi.

Suv muhitida o‘sadigan yuksak o‘simliklar gidrofitlar (yunoncha «hydor» – suv, «phyton» – o‘simlik) deyiladi. Suvda o‘sadigan yuksak o‘simliklarda mexanik to‘qima, o‘tkazuvchi to‘qima va ildiz tizimi kuchsiz rivojlangan, ildizlarida tukchalar bo‘lmaydi. Ba’zi o‘simliklarda ildiz bo‘lmaydi (elodeya), yoki ildiz faqat substratga birikish vazifasinigina bajaradi (qo‘g‘a, o‘qbarg). Suvda kislorod miqdorining tanqisligiga moslashish mexanizmi sifatida o‘simlik organlarida havo bilan to‘lgan to‘qima – aerenxima rivojlangan. Barg yaproqlari yupqa, ba’zi o‘simliklar (suv nilufari, suv yong‘og‘i) barglarining shakli havo va suv muhitida joylashganiga qarab farq qiladi. Suv o‘simliklarining chang donachalari, mevasi va urug‘lari suv o‘tkazmaydigan qobiq bilan qoplangan va suv yordamida tarqaladi.

Plankton va nekton

Hayvonlarning suv muhitiga moslanishlari. Suv muhitining hayvonot dunyosi o‘simliklar dunyosiga nisbatan boy. Suv muhitida yashovchi organizmlar quyidagi ekologik guruhlarga ajratiladi: plankton, nekton, bentos. Bu guruhlar morfologik, fiziologik va etologik moslanishlari bilan farq qiladi (5-rasm).

5-rasm. Suv muhiti organizmlari.
5-rasm. Suv muhiti organizmlari.

Plankton (yunoncha «planktos» – sayyor, ko‘chib yuruvchi) – suv qa’rida yashovchi, mustaqil harakatlana olmaydigan va suv oqimi bilan ko‘chib yuruvchi organizmlar hisoblanadi. Ularga sodda hayvonlar, bo‘shliqichlilar, mayda qisqichbaqasimonlar, baliq tuxumlari va chavoqlari misol bo‘ladi. Bu organizmlarda suv qa’rida sayyor harakatlanishni maxsus moslamalar: uzun o‘simtalar, gazli va yog‘li kiritmalar ta’minlaydi.

Nekton (yunoncha «nektos» – suzuvchi) – suvda faol harakatlanadigan, suv oqimiga qarshilik ko‘rsata oladigan, katta masofalarni suzib o‘ta oladigan organizmlardir. Ularga boshoyoqli molluskalar, baliqlar, kitsimonlar, kurakoyoqlilar misol bo‘ladi. Bu hayvonlarda evolutsiya jarayonida suvda faol harakatlanish va suv qarshiligini yengish uchun bir qancha moslanishlar vujudga kelgan. Muskullarning kuchli rivojlanganligi, tanasining suyri shaklda bo‘lishi, terining tangachalar bilan qoplanganligi va shilimshiq modda ajratishi, suzgich va kurakoyoqlarning mavjudligi shunday moslanishlardan hisoblanadi.

Bentos

Bentos (yunoncha «benthos» – chuqurlik) – suv tubida yoki suv tubidagi qum orasida yashovchi organizmlar. Bentos organizmlarda suzuvchanlikni kamaytiruvchi moslanishlar, masalan, chig‘anoq (molluskalar), xitin qobiq (qisqichbaqa, krab, omar, langustlar), suv tubiga yopishuvchi moslamalar (zuluklar so‘rg‘ichlari) mavjud. Skat, kambala baliqlarining tanasi yassilashgan bo‘lsa, lansetnik va o‘troq dengiz halqali chuvalchanglari qumga ko‘milib oladi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. suv muhiti
  2. organizm muhiti
  3. quruqlik-havo muhiti
  4. tuproq muhiti

To‘g‘ri javob: tuproq muhiti. 4-rasm. To‘rt xil yashash muhiti: 1 – suv muhiti; 2 – quruqlik-havo muhiti; 3 – tuproq muhiti; 4 – organizm muhiti.

Rasmda «suv muhiti» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 1
  2. 4
  3. 3
  4. 2

To‘g‘ri javob: 1. 4-rasm. To‘rt xil yashash muhiti: 1 – suv muhiti; 2 – quruqlik-havo muhiti; 3 – tuproq muhiti; 4 – organizm muhiti.

Tabiatning tirik organizmlarda adaptatsiyalar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan har qanday komponenti nima deyiladi?
  1. Yashash muhiti
  2. Gidrobiont
  3. Ekologik omil
  4. Biotop

To‘g‘ri javob: Ekologik omil. Bunday komponent ekologik omil deb ataladi.

Adaptatsiya (lotincha «adaptatio» – moslanish) qanday ta’riflanadi?
  1. Muayyan muhitda yashash va ko‘payishni ta’minlovchi belgilar yig‘indisi
  2. Muhit omillarining yig‘indisi
  3. Organizmlarning yashash joyini tark etishi
  4. Organizmning muhitga ko‘rsatadigan ta’siri

To‘g‘ri javob: Muayyan muhitda yashash va ko‘payishni ta’minlovchi belgilar yig‘indisi. Adaptatsiya – muayyan yashash muhitida yashash va ko‘payishni ta’minlovchi belgi yoki belgilar yig‘indisi.

Moslanishni misoli bilan moslang: 1) baliq tanasining suyri shakli; 2) aloy; 3) kaktus; a) poyasida suv to‘playdi; b) suv muhitida harakatlanishni yengillashtiradi; c) barglarida suv to‘playdi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Suyri shakl harakatni yengillashtiradi, aloy barglarida, kaktus poyasida suv to‘playdi.

Ekologik omillar qaysi uchta guruhga bo‘linadi?
  1. Klimatik, biotik va antropogen
  2. Abiotik, biotik va antropogen
  3. Abiotik, biotik va edafik
  4. Abiotik, trofik va antropogen

To‘g‘ri javob: Abiotik, biotik va antropogen. Ekologik omillar abiotik, biotik va antropogen guruhlarga bo‘linadi.

Organizm va muhit birligi qonunidan kelib chiqadigan evolutsion-ekologik prinsipga ko‘ra, turning genetik imkoniyatlari qanday?
  1. Faqat antropogen omilga bog‘liq bo‘ladi
  2. Yashayotgan muhitga muvofiq bo‘ladi
  3. Barcha muhitda bir xil bo‘ladi
  4. Muhitga bog‘liq bo‘lmaydi

To‘g‘ri javob: Yashayotgan muhitga muvofiq bo‘ladi. Har bir turning genetik imkoniyatlari o‘zi yashayotgan muhitga muvofiq keladi.

Organizmlarning hayotiy faoliyati tufayli yashash joyining qaysi ko‘rsatkichlari o‘zgaradi?
  1. Havo tarkibi, tuproq strukturasi, suvning tozalik darajasi
  2. Faqat tuproqning mineral tarkibi va tog‘ jinslari qalinligi
  3. Atmosfera bosimi, Oy fazalari, yerosti suvlari sathi
  4. Quyosh nuri intensivligi, Yerning aylanish tezligi

To‘g‘ri javob: Havo tarkibi, tuproq strukturasi, suvning tozalik darajasi. Organizmlar faoliyati havo tarkibi, tuproq strukturasi va suv tozaligini o‘zgartiradi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEkosistemalarning tarkibiy qismlariKeyingi →Quruqlik-havo, tuproq, tirik organizmlar yashash muhitlari sifatida