Muhit omillari va ularning tasnifi
Mavzular
Ekologik omillar
Tirik organizmlarning yashash muhiti uning tirik va anorganik tarkibiy qismlari hisoblanadigan ekologik omillar bilan tavsiflanadi. Muhitning har bir tarkibiy qismi shu muhitda yashayotgan tirik organizmlarga turlicha ta’sir ko‘rsatadi.
Ekologik omillar. Muhitning tirik organizm, populatsiya, tabiiy jamoalarga ta’sir ko‘rsatadigan fizik-kimyoviy, biologik shart-sharoitlari (elementlari) ekologik omillar deyiladi.
Ekologik omillar abiotik, biotik va antropogen omillarga ajratiladi.
Abiotik omillar
Abiotik omillar – tirik organizmlarning hayot faoliyati va tarqalishiga ta’sir qiladigan anorganik tabiat tarkibiy qismlari sanaladi. Abiotik omillar to‘rt guruhga bo‘linadi:
- iqlim omillari – yashash muhitining iqlimini shakllantiruvchi omillar (yorug‘lik, namlik, harorat, havo tarkibi, atmosfera bosimi, shamol tezligi va b.);
- edafik omillar (yunoncha «edafos» – tuproq) – tuproqning xususiyatlari (namligi, zichligi, mineral tarkibi, organik moddalarning miqdori);
- topografik omillar (relyef omillari) – joy relyefining o‘ziga xos jihatlari. Ularga balandlik (dengiz sathiga nisbatan), qiyalikning tikligi, qiyalikning ekspozitsiyasi (dunyo tomonlariga nisbatan joylashuvi) kabi omillar kiradi;
- fizik omillar – tabiatdagi fizik hodisalar (Yerning tortish kuchi, Yerning magnit maydoni, ionlashtiruvchi va elektromagnit nurlanishlar va b.).
Biotik va antropogen omillar
Biotik omillar – tirik tabiat omillari. Biotik omillar fitogen (o‘simliklarning ta’siri), zoogen (hayvonlarning ta’siri), mikogen (zamburug‘larning ta’siri), mikrobiogen (mikroorganizmlarning ta’siri) omillarga ajratiladi.
Antropogen omillar – inson faoliyati bilan bog‘liq omillar bo‘lib, ularga boshqa tirik organizmlarning yashash muhitlariga va bevosita ularning hayotiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi inson faoliyati turlari (atrof-muhitning ifloslanishi, hayvon hamda baliqlarni ovlash, o‘rmonlarni kesish, yerga ishlov berish, foydali qazilmalarni qazib olish va b.) kiradi.
Omillarning turli ahamiyati
Birga yashayotgan organizmlar hayotida bitta ekologik omil turlicha ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, ochiq yerlarda yashaydigan yirik hayvonlar uchun kuchli shamol salbiy ta’sir ko‘rsatsa, uyalariga va qor ostiga yashirinadigan mayda hayvonlarga bu omil katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Tuproqning mineral tuzlar tarkibi o‘simliklar uchun muhim omil hisoblansada, Yer yuzida yashaydigan hayvonlar uchun bu omil ahamiyatga ega emas.
Muhitning ba’zi ko‘rsatkichlari, turlarning evolutsiyasida uzoq davr mobaynida nisbatan doimiy holatda o‘zgarmasdan qoladi. Masalan, Yerning tortish kuchi, quyosh doimiyligi, okean suvlarining tuz tarkibi, atmosferaning xususiyatlari kabi omillar nisbatan o‘zgarmasdir.
Ko‘pchilik ekologik omillar – harorat, namlik, shamol, yog‘ingarchilik miqdori, oziq miqdori, yirtqichlar va parazitlar soni kabilar o‘zgaruvchan omillar hisoblanadi. Bu omillarning o‘zgaruvchanlik darajasi muhitning xususiyatlari bilan bog‘liq. Masalan, quruqlikda tez-tez o‘zgarib turadigan havo harorati okean qa’rida va g‘orlarning tubida deyarli o‘zgarmaydi. Yirtqich sutemizuvchilar tanasida parazitlik qiladigan organizmlar uchun oziq zaxirasi yetarli bo‘lsa, erkin yashovchi yirtqichlar uchun oziq zaxirasi o‘ljasining soniga bog‘liq bo‘ladi.
Optimum va chidamlilik chegarasi
Muhit omillarining organizmlarga ta’sir etish qonuniyatlari. Ekologik omillar xilma-xil bo‘lishiga qaramay ularning tirik organizmlarga ta’sir etish xarakterida, ekologik omillarning ta’siriga tirik organizmlarning javob reaksiyalarida bir qator umumiy qonuniyatlarni aniqlash mumkin.
Har bir tirik organizm muhit omillariga nisbatan o‘ziga xos moslanishlarga ega bo‘lib, omillarning ma’lum me’yorda o‘zgarishlari doirasida normal hayot kechirishi mumkin (9-rasm).

Muhit omilining yetishmasligi ham, me’yordan ortib ketishi ham tirik organizmlar hayot faoliyatining o‘zgarishiga olib keladi. Ekologik omilning organizm hayot faoliyatiga ko‘rsatadigan ta’sirining eng qulay chegarasi biologik optimum yoki optimum zonasi deyiladi.
Optimum zonasidan og‘ish, ya’ni chetga chiqish noqulay hayot zonasi (pessimum zona)ni belgilaydi. Og‘ish qanchalik kuchli bo‘lsa, omilning organizmga noqulay ta’siri ko‘proq namoyon bo‘ladi. Har qanday organizm ekologik omilning eng yuqori – maksimum va eng quyi – minimum chegaralari doirasi – chidamlilik chegaralari doirasidagina hayot kechira oladi, omilning bu chegaradan og‘ishi organizmning nobud bo‘lishiga olib keladi.
Ekologik omil ko‘rsatkichlarining tirik organizmlar yashashi mumkin bo‘lgan chidamlilik chegaralari doirasi tolerantlik (lot. «tolerantia» – sabr-toqat) zonasi deb ham yuritiladi.
Chidamlilik chegarasi misollari
Har bir tirik organizm uchun ma’lum ekologik omilning muayyan ko‘rsatkichlardan iborat maksimumi, optimumi va minimumi mavjud. Har bir turning muayyan ekologik omilga nisbatan chidamlilik chegarasi mavjud. Masalan, uy pashshasi +7°C dan past va +50°C dan yuqori haroratlarda yashay olmaydi, bu tur uchun +23–+25°C optimal harorat hisoblanadi. Odam askaridasi esa, faqat odam tanasi haroratidagina yashay oladi.
Omilning ma’lum ta’sir kuchi bir tur uchun optimal bo‘lsa, boshqa tur uchun maksimal yoki minimal, uchinchi tur uchun esa, chidamlilik chegarasi doirasidan chetga chiqishi mumkin.
Libixning minimum qonuni
Nemis olimi Yustus fon Libix madaniy o‘simliklarning hosildorligi tuproq tarkibida kam miqdorda bo‘ladigan mineral moddalarga bog‘liqligini aniqladi.
Olim sharafiga ushbu qonun «Libix bochkasi» sifatida ifodalanadi. Bochkaga qancha suv solinsa ham u bochka devorining eng past yeridan (10-rasm) toshib chiqaveradi, ya’ni bochka devori boshqa qismlari balandligining ahamiyati yo‘q.

Libixning minimum qonuni yoki cheklovchi omil qonuni quyidagicha: «organizm (yoki ekosistema)ning yashab qolishini optimum chegarasidan eng ko‘p og‘adigan ekologik omil belgilaydi». Shuning uchun ham tur yoki ekosistemalar holatini ekologik jihatdan tahlil qilish va uning kelajakdagi holatini oldindan aytib berish uchun uning eng nozik va zaif jihatini aniqlash muhim hisoblanadi.
Cheklovchi omil
Tirik organizm, tur, jamoaning hayotiy faoliyati va rivojlanishini susaytirib yoki to‘xtatib qo‘yadigan omil cheklovchi omil deb ataladi. Masalan, tuproqda biron-bir mikroelementning yetishmasligi o‘simlik rivojlanishining susayishiga va hosildorlikning pasayishiga olib keladi. Shu o‘simliklar bilan oziqlanuvchi hasharotlar oziq yetishmasligi tufayli nobud bo‘ladi. Hasharotlar sonining kamayishi esa o‘z navbatida shu hasharotlar bilan oziqlanuvchi entomofag – yirtqich hayvonlar, hasharotlar, suvda hamda quruqlikda yashovchilar (amfibiyalar), sudralib yuruvchilar, qushlar, sutemizuvchilarning yashab qolishi va ko‘payishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Cheklovchi omillar har bir turning tarqalish arealini belgilaydi. Masalan, ko‘pchilik o‘simlik va hayvon turlarining shimol tomonga tarqalishini haroratning pastligi, yorug‘likning yetishmovchiligi cheklasa, janub tomonga tarqalishini esa namlikning tanqisligi cheklaydi.
Tirik organizmlarning hayotiy faoliyati va rivojlanishini ekologik omilning nafaqat minimum chegarasi, balki maksimum chegarasi ham susaytirishi mumkin.
Evribiontlar va stenobiontlar
Turning muayyan ekologik omilga nisbatan chidamlilik chegaralarining kengligi shu omilga «evri» so‘zini qo‘shish orqali ifoda etiladi. Keng ko‘lamda o‘zgaruvchan muhit sharoitida yashashga moslashgan yoki chidamlilik chegaralari doirasi keng bo‘lgan o‘simlik va hayvonlar evribiontlar (yunoncha «eurys» – keng, «biontos» – yashovchi) deyiladi. Masalan, kosmopolit turlar muhitning o‘zgaruvchanligiga keng doirada moslanuvchan bo‘ladi. Kosmopolitlar – keng tarqalgan, ya’ni Yer yuzining juda katta hududlarini egallagan turlardir. Masalan, kalamushlar, suvaraklar, pashshalar, burgalar kosmopolitlar sanaladi.
Muhit omillarining keng doirada o‘zgarishiga turning bardosh bera olmasligi yoki chidamlilik chegaralari doirasi torligi tegishli omilga «steno» so‘zini qo‘shish orqali ifoda etiladi. Nisbatan doimiy muhit sharoitida yashashga moslashgan, harorat, namlik, atmosfera bosimi kabi omillarning tor ko‘lamda o‘zgarishigagina bardosh bera oladigan o‘simlik va hayvonlar stenobiontlar (yunoncha «stenos» – tor, cheklangan, «biontos» – yashovchi) deb yuritiladi. Masalan, Janubiy Amerikada yashovchi kolibrilar ma’lum bir turdagi o‘simlik nektari bilan oziqlanadi. Shuning uchun bu qush turining areali tor bo‘lib, aynan shu o‘simlikning areali bilan belgilanadi. Avstraliyada yashovchi xaltali ayiq – koala faqat evkalipt daraxtida yashab, uning bargi bilan oziqlanadi.
Tirik organizmlar har bir omilga nisbatan alohida moslashadilar. Organizmlarning alohida bir omilga nisbatan chidamlilik darajasining yuqori bo‘lishi, uning boshqa omillarga ham chidamli ekanligini anglatmaydi. Masalan, havo haroratining vaqtinchalik pasayishiga bardoshli, bu vaqtda karaxt holatga o‘tadigan ayrim mayda hasharotlar havo namligining keskin pasayishini ko‘tara olmay, tez nobud bo‘ladi.
Ekologik nisha
Ekologik nisha haqida tushuncha. Muhitning ekologik omillari bilan murakkab munosabatlar tizimida har bir tur o‘zining muayyan ekologik o‘rniga – ekologik nishasiga ega. Turning biotizim sifatida mavjudligini belgilab beruvchi barcha abiotik va biotik omillarning yig‘indisi ekologik nisha deyiladi. Ekologik nisha organizmning hayot tarzi, yashash shart-sharoitlari, oziqlanishi kabilarni o‘z ichiga oladi. Ekologik nisha tushunchasini yashash joyi tushunchasi bilan adashtirmaslik lozim. Ekologik nishadan farq qilib, yashash joyi organizm egallagan hududni anglatadi. Masalan, dasht hayvonlari hisoblanadigan qoramol va kenguruning yashash joylari boshqa bo‘lgani bilan bitta ekologik nishani egallaydi.
Olmaxon va bug‘u bir hududda – o‘rmonda yashaydi, lekin turli ekologik nishalarni egallaydi. Afrika savannalarida bir necha tuyoqli o‘txo‘r hayvon turlari yashaydi. Ularning yashash joyi umumiy, lekin ular shu joydagi mavjud oziq resurslaridan turlicha foydalanadi.
Nishalar bo‘linishi
Jirafalar daraxtlarning barglari va shox-shabbasi bilan oziqlansa, zebralar o‘tlarning yuqori qismini iste’mol qiladi, gnu antilopalari o‘simlik poyalarining o‘rta qismlari va urug‘larini yeydi. G‘izollar o‘tlarning eng pastki qismlari bilan, boshqa bir tur antilopalar butalarning yosh barglari bilan oziqlanadi. Shunday qilib, bir joyda yashovchi har xil turga mansub tuyoqli hayvonlar turli yarusda o‘sadigan o‘simliklarning organlari bilan oziqlanib, boshqa-boshqa ekologik nishalarni egallaydi (11-rasm).

Bir daraxtda yashashiga qaramay, olmaxon daraxtning urug‘lari bilan, qizilishton esa daraxt po‘stlog‘i ostidagi hasharotlar bilan oziqlanadi. Birgalikda yashayotgan turlarning ekologik nishalari bir-birini qoplamaydi, aks holda bir tur ikkinchi turni siqib chiqaradi. Masalan, kulrang kalamush va qora kalamush populatsiyalari birgalikda yashaganda kulrang kalamush populatsiyasi qora kalamush populatsiyasini siqib chiqaradi. Demak, bir biotsenozda hech qachon ikki tur bitta ekologik nishani egallamaydi. Undan tashqari, bir turga mansub organizmlar shaxsiy rivojlanishning turli davrlarida har xil ekologik nishani egallashi mumkin. Masalan, hasharotlarning to‘liq o‘zgarishi bilan rivojlanishini eslang.
Omillarning birgalikdagi ta’siri
Tabiatda organizmlarga ekologik omillar birgalikda, ya’ni kompleks tarzda ta’sir ko‘rsatadi. Muhit omillari nafaqat tirik organizmlarga ta’sir etadi, balki bir-biri bilan ham o‘zaro bog‘liqdir. Bir omilning o‘zi boshqa omillar bilan uyg‘unlashgan holda organizmlarga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunda bir omilning ta’sir kuchi boshqa omil ta’sirida kuchayishi yoki aksincha, susayishi mumkin. Masalan, yozning jazirama issig‘iga bardosh berish atmosfera namligi yuqori bo‘lgan vaqtga nisbatan namlik past bo‘lganda osonroq kechadi.
Tirik organizmlarga ta’sir etuvchi muhit omillari har xil ta’sir kuchiga ega. Lekin organizm bir vaqtning o‘zida har bir omil ta’siriga turlicha javob reaksiyasini namoyon eta olmaydi. Masalan, o‘simlik uchun harorat va yorug‘lik miqdori me’yorida, ya’ni optimum zonasida bo‘lib, namlik yetishmovchiligi kuzatilganda o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi susayadi. Demak, organizm hayot faoliyatini optimum zonasidan eng ko‘p og‘gan omil cheklaydi. Agar o‘simlik sun’iy ravishda sug‘orilsa, yana rivojlanishda davom etadi. Cheklovchi omilning ta’sir kuchi o‘zgartirilsa, organizm hayotiy faoliyati ham o‘zgaradi.
Cheklovchi omilni bilishning ahamiyati
Muhit omillarining organizmlarga ta’sir etish mexanizmlarini bilish orqali tirik organizmlarning tabiatda tarqalish qonuniyatlarini tushunish va ulardan xo‘jalik faoliyatida keng foydalanish mumkin. Tirik organizmlarning hayotiy faoliyatini cheklovchi omilni aniqlash katta amaliy ahamiyatga ega. Cheklovchi omilning ta’sir kuchini o‘zgartirish tabiatda va qishloq xo‘jaligining chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, ipakchilik, bog‘dorchilik va boshqa sohalarida tirik organizmlarning hayotiy jarayonlarini boshqarish, ularning mahsuldorligini oshirish hamda madaniy o‘simliklar va hayvon zotlaridan yuqori hosil olish imkonini beradi.
Ma’lum bir hududdagi muhofazaga muhtoj turni saqlab qolish uchun qaysi ekologik omil chidamlilik chegarasidan tashqariga chiqayotganini aniqlash muhim. Ayniqsa, shu turning ko‘payish va rivojlanish davrida bu tadbirlar o‘ta ahamiyatli bo‘ladi. Cheklovchi omilning ta’sir kuchini maqsadga muvofiq yo‘naltirish bilan muhofazadagi tur individlari sonini ko‘paytirish va turning saqlanib qolishiga erishiladi.
Shunday qilib, ekologik omillar bir-biriga bog‘liq, doimiy o‘zaro munosabatda bo‘ladi va tirik organizmlarning Yer yuzida tarqalishini belgilaydi.
Bilimingizni sinang
Rasmda 5 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- dik-dik antilopa si
- g‘izol
- gnu antilopasi
- zebra
To‘g‘ri javob: g‘izol. 11-rasm. Afrika savannasi o‘txo‘r tuyoqli hayvonlari: 1 – jirafa; 2 – dik-dik antilopa si; 3 – zebra; 4 – gnu antilopasi; 5 – g‘izol. 44
Rasmda «gnu antilopasi» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 1
- 2
- 3
- 4
To‘g‘ri javob: 4. 11-rasm. Afrika savannasi o‘txo‘r tuyoqli hayvonlari: 1 – jirafa; 2 – dik-dik antilopa si; 3 – zebra; 4 – gnu antilopasi; 5 – g‘izol. 44
Abiotik omillarning «edafik» guruhi (yunoncha «edafos» – tuproq) qaysi xususiyatlarni o‘z ichiga oladi?
- Yorug‘lik, harorat, namlik va shamol tezligi
- Yerning tortish kuchi va magnit maydoni
- Joy balandligi, qiyalikning tikligi va ekspozitsiyasi
- Tuproqning namligi, zichligi, mineral tarkibi, organik moddalar miqdori
To‘g‘ri javob: Tuproqning namligi, zichligi, mineral tarkibi, organik moddalar miqdori. Edafik omillar tuproqning namligi, zichligi, mineral tarkibi va organik moddalar miqdorini ifodalaydi.
Qiyalikning ekspozitsiyasi (dunyo tomonlariga nisbatan joylashuvi) abiotik omillarning qaysi guruhiga kiradi?
- Iqlim omillari
- Fizik omillar
- Topografik (relyef) omillar
- Edafik omillar
To‘g‘ri javob: Topografik (relyef) omillar. Balandlik, qiyalikning tikligi va ekspozitsiyasi joy relyefining jihatlari bo‘lib, topografik omillarga kiradi.
Biotik omillarning mikogen turi qaysi tirik guruhning ta’sirini ifodalaydi?
- Zamburug‘larning ta’sirini
- Hayvonlarning ta’sirini
- O‘simliklarning ta’sirini
- Inson faoliyatining ta’sirini
To‘g‘ri javob: Zamburug‘larning ta’sirini. Mikogen omil zamburug‘larning ta’siridir; o‘simliklar ta’siri fitogen, hayvonlar ta’siri zoogen deyiladi.
Uy pashshasi uchun qaysi harorat oralig‘i optimal hisoblanadi?
- +7–+10°C
- +45–+50°C
- +23–+25°C
- +35–+37°C
To‘g‘ri javob: +23–+25°C. Uy pashshasi +7°C dan past va +50°C dan yuqori haroratda yashamaydi, optimal harorati +23–+25°C.
Qaysi qatordagi turlar kosmopolitlar, ya’ni Yer yuzining juda katta hududlarini egallagan keng tarqalgan turlar sanaladi?
- Kalamushlar, suvaraklar, pashshalar, burgalar
- Jirafa, zebra, gnu antilopasi
- Olmaxon, qizilishton, bug‘u
- Koala, Janubiy Amerika kolibrilari, odam askaridasi
To‘g‘ri javob: Kalamushlar, suvaraklar, pashshalar, burgalar. Kalamush, suvarak, pashsha va burgalar keng tarqalgan, muhit o‘zgaruvchanligiga moslanuvchan kosmopolit turlardir.
Qaysi organizm faqat odam tanasi haroratidagina yashay oladi?
- Burga
- Odam askaridasi
- Kulrang kalamush
- Uy pashshasi
To‘g‘ri javob: Odam askaridasi. Odam askaridasi faqat odam tanasi haroratida yashay oladi, uning chidamlilik chegarasi juda tor.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash