XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 37-§.

O‘simliklarning generativ organlari filogenezi

Mavzular

Generativ organlar

O‘simliklarning ko‘payishi va kelgusi avlodni shakllantirishda ishtirok etadigan organlari generativ organlar deyiladi.

O‘simliklar sistematikasidan o‘rin olgan bo‘limlarga mansub organizmlar ko‘payish nuqtayi nazaridan tahlil etilganda, ularning vakillarida oddiy bo‘linish, sporalar va urug‘ yordamida ko‘payish uchrashini ko‘rish mumkin.

Yuksak o‘simliklarning generativ organlariga sporangiylar, sporali boshoqlar, g‘uddalar (qubbalar), ochiq urug‘li o‘simliklarda meva va urug‘ hosil qiladigan gul kiradi.

Generativ organlar o‘simliklar hayotining muayyan davrida shakllanadi va tirik organizmlarga xos bo‘lgan muhim jarayon – ko‘payish funksiyasini bajaradi.

Jinsiy ko‘payish turlari

Tirik organizmlarning jinsiy ko‘payishida izogamiya, geterogamiya va oogamiya kuzatiladi. O‘simliklarning jinsiy ko‘payishi jinsiy hujayralarning o‘zaro qo‘shilishi natijasida zigota hosil bo‘lishida ba’zi vakillarida izogamiya, ba’zilarida geterogamiya, ko‘pchiligida esa oogamiya sodir bo‘ladi.

Bir hujayrali suvo‘tlari oddiy bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi, noqulay sharoit vujudga kelganda shu hujayra jinsiy ko‘payishda ishtirok etadi.

Suvo‘tlarining ko‘payishi

Bir hujayrali suvo‘tlari bo‘linish, koloniya bo‘lib yashaydigan suvo‘tlari parchalanish, ko‘p hujayrali suvo‘tlari tallomining bo‘laklarga ajralishi bilan va zoosporalari yordamida jinssiz ko‘payadi. Noqulay sharoitda suvo‘tlarida xivchinli gametalar va ularning qo‘shilishi natijasida zigota hosil bo‘ladi. Zigota pishiq qobiq bilan qoplanib, tinim holatda noqulay sharoitda ham o‘z hayot faoliyatini saqlab qoladi va undan yangi individ rivojlanadi.

Quruqlikka chiqish va nasl gallanishi

Yerda hayotning paydo bo‘lishi va rivojlanishida turli tektonik o‘zgarishlar natijasida suv havzalarining qisqarishi, tog‘larning paydo bo‘lishi suv muhitiga moslashgan suvo‘tlarining quruqlikka chiqib qolishiga olib kelgan. Evolutsiya jarayonida quruqlikka chiqib qolgan suvo‘tlarda yashash uchun kurash va tabiiy tanlanish nafaqat vegetativ tallomning, balki ko‘payish jarayonining ham o‘zgarishlariga olib keldi.

Suvo‘tlardan farq qilib, quruqlikda o‘sadigan o‘simliklarda sporalar yetiladigan organlari (sporangiy) va gametalar yetiladigan organlari (arxegoniy va anteridiy) ko‘p hujayrali bo‘ladi. Sporali yuksak o‘simliklar yo‘sinlar, qirqbo‘g‘imlar va qirqquloqlarda gametofit (gametalarning shakllanishi va urug‘lanish jarayoni sodir bo‘ladigan bo‘g‘in) va sporofit (sporalarning shakllanishi va yetilishi sodir bo‘ladigan bo‘g‘in) nasllar gallanishi kuzatiladi. Yo‘sinlar hayot siklida gametofit ustunlik qiladi. Plaun, qirqbo‘g‘im va qirqquloqlarda tarixiy rivojlanish jarayonida sporofit tuzilishi takomillashgan, ularda sporofit ustunlik qiladi.

Sporali o‘simliklarning tarqalishi

Sporali o‘simliklar sporalari yordamida tarqaladi. Sporalar bir hujayrali bo‘lib, undagi oziq moddalarning miqdori juda kam bo‘ladi. Noqulay muhitga tushgan sporalarning ko‘p qismi nobud bo‘ladi. Qulay sharoitda sporadan gametofit rivojlanadi. Gametofitning rivojlanishi uchun namlik yetarli bo‘lishi zarur. Gametofitda jinsiy organlar, ularda esa jinsiy hujayralar yetiladi. Urug‘lanish jarayoni uchun suv zarur. Urug‘lanish jarayonida hosil bo‘lgan zigotadan rivojlanadigan murtak dastlab gametofit hisobiga oziqlanadi.

Urug‘ning paydo bo‘lishi

Evolutsiya jarayonida dastlabki urug‘li o‘simliklar – urug‘li qirqquloqlar paydo bo‘lgan. Urug‘li o‘simliklar urug‘lari orqali tarqaladi. Urug‘ evolutsiya natijasida paydo bo‘lgan hamda o‘simliklarning tarqalishiga va ko‘payishiga xizmat qiladigan organ. Urug‘ to‘liq yetilmaguncha ona o‘simlikdan ajramaydi. Urug‘ ko‘p hujayrali, murakkab tuzilishga ega bo‘lib, qobiq, murtak va endospermdan iborat. Murtakning rivojlanishi uchun urug‘da zaxira oziq moddalar to‘planishi urug‘li o‘simliklarning noqulay sharoitda ham o‘sishiga zamin yaratadi.

Chang naychasi aromorfozi

Evolutsiya natijasida chang naychasining paydo bo‘lishi urug‘li o‘simliklarning urug‘lanish jarayoni uchun suvga bo‘lgan ehtiyojning yo‘qolishiga olib keldi. O‘simliklarning urug‘lanish davrida suvli muhitga qaram bo‘lmasdan urug‘ning shakllanishi o‘simliklar filogenezidagi muhim aromorfoz bo‘lib, ularning o‘simliklar olamida hukmron bo‘lishiga olib kelgan.

Hozirgi davrda urug‘li o‘simliklar: ochiq urug‘li o‘simliklar, yopiq urug‘li o‘simliklarga ajratiladi.

Ochiq urug‘li o‘simliklar

Ochiq urug‘li o‘simliklar urug‘idan ko‘payadi, urug‘lari urug‘kurtakli qubbalarda ochiq holda yetiladi. Urug‘ hosil bo‘lishi uchun avval changlanish, so‘ngra urug‘lanish jarayoni sodir bo‘lishi kerak. Ochiq urug‘lilar gametofitida tugunchaning bo‘lmasligi, urug‘kurtak ochiq holatda rivojlanishi, endospermaning gaploid ekanligi bilan xarakterlanadi.

Yopiq urug‘li o‘simliklar

Yopiq urug‘li o‘simliklarda mukammal tuzilgan o‘tkazuvchi sistema – o‘tkazuvchi naylar, gul va mevaning paydo bo‘lishi yirik aromorfozlardan bo‘lib, bu o‘simliklarning Yer yuzida keng tarqalishiga imkon berdi. Gulning asosiy qismlari urug‘chi va changchidan iborat bo‘lib, ularda changlanish va qo‘sh urug‘lanish jarayoni sodir bo‘ladi. Urug‘chi tugunchasida joylashgan urug‘kurtak urug‘ga, tuguncha esa mevaga aylanadi. Yopiq urug‘li o‘simliklarda urug‘ meva ichida shakllanishi va rivojlanganligi sababli, tashqi muhitning noqulay sharoitiga moslashgan va Yer sharining barcha geografik mintaqalarida keng tarqalgan.

Yopiq urug‘lilarning hukmronligi

Yopiq urug‘li o‘simliklarning changlanishi shamol, hasharotlar, qushlar yordamida amalga oshishi, urug‘ va mevalari esa shamol, suv, qushlar, sutemizuvchilar vositasida tarqalishi individlar sonining ortishi, arealning kengayishiga olib kelgan.

Yopiq urug‘li o‘simliklarning anatomik, morfologik tuzilishining mukammalligi, hayotiy jarayonlarning jadal borishi, turli hayotiy shaklga ega bo‘lganligi sababli o‘simliklar dunyosida hukmronlikka ega.

Yopiq urug‘li o‘simliklarning bir va ikki urug‘pallalilarga ajralishi, ularga mansub oilalarning o‘ziga xos xususiyatlari bilan botanika o‘quv fanini o‘rganish jarayonida tanishgansiz.

Bilimingizni sinang

Quyidagi qatorlardan qaysi birida yuksak o‘simliklarning generativ organlari berilgan?
  1. Rizoid, tallom, novda
  2. Ildiz, poya, barg
  3. Ildizpoya, piyozbosh, tuganak
  4. Sporangiylar, sporali boshoqlar, g‘uddalar (qubbalar)

To‘g‘ri javob: Sporangiylar, sporali boshoqlar, g‘uddalar (qubbalar). Sporangiy, sporali boshoq va g‘udda generativ organlarga kiradi.

O‘simliklarning ko‘pchiligida jinsiy hujayralar qo‘shilishi jinsiy ko‘payishning qaysi turi bo‘yicha sodir bo‘ladi?
  1. Geterogamiya
  2. Oddiy bo‘linish
  3. Izogamiya
  4. Oogamiya

To‘g‘ri javob: Oogamiya. Ko‘pchilik o‘simliklarda oogamiya kuzatiladi; izogamiya va geterogamiya faqat ba’zilarida.

Bir hujayrali suvo‘tlari qulay sharoitda qanday usulda ko‘payadi?
  1. Gametalar qo‘shilishi orqali
  2. Oddiy bo‘linish yo‘li bilan
  3. Tallomning bo‘laklarga ajralishi bilan
  4. Zoosporalar yordamida

To‘g‘ri javob: Oddiy bo‘linish yo‘li bilan. Bir hujayrali suvo‘tlari oddiy bo‘linadi, jinsiy ko‘payish noqulay sharoitda ishtirok etadi.

Suvo‘tlarining jinssiz ko‘payish usullarini moslang: 1) bir hujayrali suvo‘tlari; 2) koloniya bo‘lib yashaydigan suvo‘tlari; 3) ko‘p hujayrali suvo‘tlari. a) tallomning bo‘laklarga ajralishi; b) bo‘linish; c) parchalanish.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Bir hujayrali – bo‘linish, koloniyali – parchalanish, ko‘p hujayrali – tallom bo‘laklarga ajralishi.

Quruqlikka chiqib qolgan suvo‘tlarida yashash uchun kurash va tabiiy tanlanish qaysi jarayonning o‘zgarishiga ham olib keldi?
  1. Zigotaning tinim holatining yo‘qolishining
  2. Faqat fotosintez jarayonining
  3. Vegetativ tallom bilan birga ko‘payish jarayonining
  4. Faqat nafas olish jarayonining

To‘g‘ri javob: Vegetativ tallom bilan birga ko‘payish jarayonining. Tanlanish nafaqat vegetativ tallomni, balki ko‘payish jarayonini ham o‘zgartirgan.

Suvo‘tlardan farqli ravishda quruqlikda o‘sadigan o‘simliklarda sporangiy, arxegoniy va anteridiy qanday tuzilgan?
  1. Ko‘p hujayrali
  2. Faqat sporangiy ko‘p hujayrali, qolganlari bir hujayrali
  3. Hujayrasiz, plazmodiy shaklida
  4. Bir hujayrali

To‘g‘ri javob: Ko‘p hujayrali. Quruqlik o‘simliklarida spora va gameta yetiladigan organlar ko‘p hujayrali.

Tushunchalarni ta’rifi bilan moslang: 1) gametofit; 2) sporofit; 3) arxegoniy va anteridiy. a) sporalar shakllanadigan va yetiladigan bo‘g‘in; b) gametalar yetiladigan organlar; c) gametalar shakllanadigan va urug‘lanish sodir bo‘ladigan bo‘g‘in.
  1. 1-c, 2-a, 3-b
  2. 1-a, 2-c, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Gametofit – gametalar bo‘g‘ini, sporofit – sporalar bo‘g‘ini, arxegoniy va anteridiy – gameta organlari.

Nasllar gallanishida ustunlik qaysi qatorda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
  1. Yo‘sinlarda sporofit, qirqquloqlarda gametofit
  2. Yo‘sinlarda ham, qirqbo‘g‘imlarda ham gametofit
  3. Yo‘sinlarda gametofit, qirqquloqlarda sporofit
  4. Yo‘sinlarda ham, plaunlarda ham sporofit

To‘g‘ri javob: Yo‘sinlarda gametofit, qirqquloqlarda sporofit. Yo‘sinlarda gametofit, plaun, qirqbo‘g‘im va qirqquloqlarda sporofit ustun.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘simliklar filogenezi. O‘simliklarning vegetativ organlari filogeneziKeyingi →Hayvonot dunyosidagi evolutsion o‘zgarishlar