XotirAI logotipiXotirAI
🧬 5-sinf · Biologiya · 11-§.

O‘zbekistonda keng tarqalgan dorivor va zaharli o‘simliklar

Mavzular

Dorivor o‘simliklar: yalpiz

Dorivor o‘simliklar. O‘zbekistonda 4500 dan ortiq yuksak o‘simliklar o‘sadi. Ular orasida dorivor turlari ham ko‘p. Dorivor o‘simliklardan tibbiyotda va xalq tabobatida keng foydalaniladi.

Yalpiz ariq bo‘ylarida o‘sadigan ildizpoyali ko‘p yillik o‘simlik. Barg va poyalari hushbo‘y hidga ega (46-rasm). Chunki bu o‘simlik tarkibida mentol va efir moylari bo‘lib, ular asabni tinchlantirishga yordam beradi. Yalpiz barglari suyuq ovqat yoki somsaga qo‘shib iste’mol qilinadi. Yoz oylarida sharbat yoki kompot tarkibiga yalpiz barglaridan qo‘shib, chanqovbosdi ichimlik tayyorlanadi. Yalpiz balg‘amni ko‘chiradi, nafas yo‘li kasalliklarining oldini olishda, jigar xastaliklarini davolashda keng qo‘llaniladi. Uning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatmasi tish og‘rig‘i, milk yallig‘lanishini davolash uchun tavsiya etiladi.

46-rasm. Yalpiz.
46-rasm. Yalpiz.

Na’matak

Na’matak atirgulning yovvoyi turi bo‘lib, asosan, uning mevasidan ko‘proq foydalaniladi. Odamning quvvati kamayganida, erta bahorda organizmda vitaminlar yetishmaganda na’matak qaynatmasi tavsiya etiladi (47-rasm). Na’matak mevasi odamning immunitetini oshiradi. Qaynatmaga nisbatan termosda damlangan na’matakda vitaminlar ko‘proq saqlanib qoladi. Tarkibidagi C vitamini qonni suyultiradi, arterial bosimni tushiradi, organizmdan mikroblarni chiqarib yuborishga yordam beradi.

47–rasm. Na’matak qaynatmasi va mevali shoxi.
47–rasm. Na’matak qaynatmasi va mevali shoxi.

Isiriq

Isiriq bo‘yi 30–60 sm keladigan ko‘p yillik o‘simlik. Dasht va vodiylarda o‘sadi. Isiriqning dorivorlik xususiyati o‘simlikning meva bergan davrida yuqori bo‘ladi (48-rasm). Uning poya va urug‘idan asabni tinchlantiruvchi vosita sifatida foydalanish mumkin. Quritilgan isiriq kuydirib, biroz hidlansa bosh og‘rig‘i yo‘qoladi, urug‘ining qaynatmasi nafas qisishida davo bo‘ladi. O‘simlikning qaynatmasi bilan yuz yuvilganda ko‘z kasalligi – kataraktani tuzalishiga yordam beradi. Isiriqning dorivor preparatlari uxlatuvchi ta’sirga ham ega. Isiriq tutuni esa uy-joylarni dezinfeksiya qilish bilan birga, xona havosini tozalaydi, kasalliklarning keng tarqalishining oldini oladi.

48-rasm. Isiriqning quritilgan shoxi.
48-rasm. Isiriqning quritilgan shoxi.

Shirinmiya va aloe

Shirinmiya ildizpoyali ko‘p yillik o‘t. Xalq tabobatida ildizpoyasidan tayyorlangan qaynatma quruq yo‘tal, tomoq og‘rig‘iga davo sifatida ishlatiladi (49-rasm). Shirinmiya o‘simligining balg‘am ko‘chiruvchi xususiyati ham bor. Dorixonalarda shirinmiya (qizilmiya) sirop ko‘rinishida sotuvga chiqariladi. Ayniqsa, yosh bolalar shamollaganda ko‘proq tavsiya etiladi.

49-rasm. Shirinmiyaning quritilgan ildizpoyasi.
49-rasm. Shirinmiyaning quritilgan ildizpoyasi.

Aloe xona o‘simligi sifatida o‘stiriladi (50-rasm). Barglari ser et va sersuv, uzib olingach, 10 kun davomida salqin joyda saqlab, keyin dori sifatida ishlatish mumkin. Aloe bargini qirg‘ichda qirib, asal bilan qo‘shib iste’mol qilinsa, shamollash, oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda foyda beradi.

50-rasm. Gullagan aloe.
50-rasm. Gullagan aloe.

Dorivor o‘simliklardan o‘z o‘rnida bilib foydalanilsa, organizmni quvvatlantiradi va organizmdagi turli xil kasalliklarni davolaydi.

Zaharli o‘simliklar: kanakunjut

Tabiatda dorivor o‘simliklar bilan birgalikda zaharli o‘simliklar ham o‘sadi. Ko‘pincha zaharli o‘simliklarning guli chiroyli, hidi yoqimli bo‘ladi. Shuning uchun har qanday o‘simlikni bilmay uzish yaramaydi.

Zaharli o‘simliklar. Quyida O‘zbekistonda uchraydigan ba’zi zaharli o‘simliklar bilan tanishamiz:

Kanakunjut bo‘yi 2–3 metr keladigan bir yillik o‘t (51-rasm). Bargi yirik panjasimon. Palmaga o‘xshab tez o‘suvchi manzarali o‘simlik sifatida o‘stiriladi. Uning urug‘ida zaharli moddalar ko‘p uchraydi. Bu o‘simlikdan zaharlangan odamda ich ketishi, ko‘ngil aynishi, darmonsizlik kabi holatlar kuzatiladi. Urug‘i tarkibida zahardan tashqari, 40–50% moy mavjud bo‘lib, tabobatda undan soch va terini parvarishlashda foydalaniladi. Kanakunjut moyi surtib yurilsa, soch va kipriklarning mustahkamligi ortadi.

51-rasm. Kanakunjut.
51-rasm. Kanakunjut.

Bangidevona

Bangidevona bo‘yi 1 metr keladigan o‘t (52-rasm). Tashlandiq yerlarda, yo‘l yoqalarida o‘sadi. Bargi oddiy, guli oq rangda, yirik voronkasimon shaklda, mevasi tikanli ko‘sak shaklda.

Urug‘i mayda, qoramtir rangda bo‘ladi. O‘simlikning barcha qismlari zaharli, ayniqsa, urug‘i organizmga tushsa, asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yozning issiq kunlarida bangidevona o‘zidan o‘tkir hid ajratadi. Uning hididan ham zaharlanish mumkin. Zaharlanish belgilari: og‘iz qurishi, yurak urishining tezlashishi, qo‘l va oyoq harakatining qiyinlashishi, mo‘ljal olish qobiliyatining susayishi kuzatiladi. Ayrim hollarda odam birdan kulib, birdan yig‘lashi mumkin.

52-rasm. Bangidevonaning guli va ko‘sak mevasi.
52-rasm. Bangidevonaning guli va ko‘sak mevasi.

Mingdevona

Mingdevona o‘simligining yirik guli oqish sariq rangda, bargi oddiy, mevasi tikanli (53-rasm). O‘simlikning hamma qismlari zaharli. Iste’mol qilgandan so‘ng 10–20 daqiqa o‘tib, o‘simlikdan zaharlanish belgilari yuzaga chiqadi. Bunda og‘iz qurishi, ko‘z qorachig‘ining kengayishi, ovoz bo‘g‘ilishi, yuzning qizarishi va yurak ishining susayishi kuzatiladi. Birozdan so‘ng harorat ko‘tariladi, titroq, hushdan ketish holatlari vujudga keladi. Birinchi yordam berish uchun bemorga ko‘p suyuqlik ichirib, qustirish kerak.

53-rasm. Mingdevona o‘simligi.
53-rasm. Mingdevona o‘simligi.

Zaharli ayiqtovon

Zaharli ayiqtovon uzunligi 10–45 sm keladigan o‘t o‘simlik (54-rasm). Gullari yumaloq sariq rangda, bargi zaharli. Agar ayiqtovon o‘simligining bargiga tegib ketsangiz, undan ajralgan suyuqlik ko‘zning yoshlanishiga, og‘iz va tomoqning qurishiga sabab bo‘ladi. Bargdan ajralgan suyuqlik ko‘zga tushsa, odamning vaqtinchalik ko‘rish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Agar o‘simlik iste’mol qilinsa, oshqozon-ichak tizimida og‘riq, ko‘ngil aynishi, ich ketishi kuzatiladi, yurak ishi sekinlashadi. Bunday holatda darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

54-rasm. Zaharli ayiqtovon.
54-rasm. Zaharli ayiqtovon.

Ehtiyotkorlik qoidalari

Tabiat qo‘yniga sayohatga chiqqaningizda, har qanday o‘simlikni ushlab ko‘rish, tatib ko‘rish mumkin emasligini yodingizda saqlang. Chunki ular orasida zaharli o‘simliklar ham bo‘lishi mumkin. Zaharli o‘simliklarni bilib, me’yorida ishlatilsa, ulardan dori sifatida foydalanish mumkin. Dorivor o‘simliklarni me’yoridan ortiq ishlatish natijasida esa zaharlanib qolish mumkin. Shuning uchun o‘simliklardan mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra foydalanish va me’yorga alohida ahamiyat berish zarur.

Bilimingizni sinang

Yalpiz barg va poyalarining hushbo‘y hidga ega bo‘lishiga qaysi moddalar sabab bo‘ladi?
  1. Mentol va kutikula
  2. C vitamini va efir moylari
  3. Mentol va efir moylari
  4. Alkaloidlar va C vitamini

To‘g‘ri javob: Mentol va efir moylari. Yalpiz tarkibidagi mentol va efir moylari hushbo‘y hid beradi hamda asabni tinchlantirishga yordam beradi.

Na’matak qaynatmasi odam organizmida qaysi holatlarda tavsiya etiladi?
  1. Quvvat kamayganda va erta bahorda vitaminlar yetishmaganda
  2. Tish og‘rig‘i va milk yallig‘lanishida
  3. Yozning issiq kunlarida chanqoqni bosish uchun
  4. Quruq yo‘tal va tomoq og‘rig‘ida

To‘g‘ri javob: Quvvat kamayganda va erta bahorda vitaminlar yetishmaganda. Na’matak mevasi vitaminlarga boy bo‘lgani uchun quvvat kamayganda va erta bahorda vitamin yetishmasligida tavsiya etiladi.

Na’matak mevasidan tayyorlangan qaysi ichimlikda vitaminlar ko‘proq saqlanib qoladi?
  1. Termosda damlangan ichimlikda
  2. Uzoq qaynatilgan qaynatmada
  3. Quritib kuydirilgan kukunda
  4. Sovuq suvda ivitilgan damlamada

To‘g‘ri javob: Termosda damlangan ichimlikda. Qaynatmaga nisbatan termosda damlangan na’matakda vitaminlar ko‘proq saqlanadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Na’matak atirgulning yovvoyi turi bo‘lib, asosan mevasidan foydalaniladi; II. Na’matakdagi C vitamini qonni quyultiradi; III. Na’matak mevasi odamning immunitetini oshiradi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. C vitamini qonni quyultirmaydi, balki suyultiradi, shuning uchun II hukm noto‘g‘ri.

O‘simlik va uning qo‘llanishini moslang: 1) Isiriq; 2) Shirinmiya; 3) Aloe. a) ildizpoyasi qaynatmasi quruq yo‘tal va tomoq og‘rig‘iga; b) tutuni xona havosini tozalaydi; c) bargi asal bilan shamollashda ishlatiladi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Isiriq tutuni havoni tozalaydi, shirinmiya ildizpoyasi yo‘talga, aloe bargi asal bilan shamollashga ishlatiladi.

Aloe bargi uzib olingandan keyin dori sifatida ishlatishdan oldin qanday saqlanadi?
  1. 10 kun davomida quyosh nurida quritiladi
  2. 10 kun davomida salqin joyda saqlanadi
  3. 10 kun davomida asalda saqlanadi
  4. 3 kun davomida salqin joyda saqlanadi

To‘g‘ri javob: 10 kun davomida salqin joyda saqlanadi. Aloe barglari uzib olingach, 10 kun salqin joyda saqlanib, so‘ng dori sifatida ishlatiladi.

Bo‘yi 2–3 metr keladigan, bargi yirik panjasimon, palmaga o‘xshab tez o‘suvchi manzarali zaharli o‘simlik qaysi?
  1. Zaharli ayiqtovon
  2. Mingdevona
  3. Kanakunjut
  4. Bangidevona

To‘g‘ri javob: Kanakunjut. Bu belgilar kanakunjutga xos: bir yillik, 2–3 m, yirik panjasimon bargli o‘t.

Kanakunjutdan zaharlangan odamda qanday holatlar kuzatiladi?
  1. Og‘iz qurishi va yurak urishining tezlashishi
  2. Ich ketishi, ko‘ngil aynishi, darmonsizlik
  3. Birdan kulib, birdan yig‘lash
  4. Ko‘z qorachig‘ining kengayishi va ovoz bo‘g‘ilishi

To‘g‘ri javob: Ich ketishi, ko‘ngil aynishi, darmonsizlik. Kanakunjut zaharlanishida ich ketishi, ko‘ngil aynishi va darmonsizlik kuzatiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiYuksak o‘simliklarKeyingi →Hayvonot dunyosi