Qaror matni · 1–8-bandlar
Qaror matni
1-band
Belgilansinki:
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi;
Markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi;
Markaz har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi;
Markaz davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalari bo‘yicha ko‘maklashadi;
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
2-band
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashish;
inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish;
O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha milliy ma’ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) ishlab chiqish;
normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlarga maslahat berish funksiyasini amalga oshirish va ularga amaliy ko‘maklashish;
inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
2-band (davomi)
inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish, o‘quv, ilmiy-uslubiy va ommabop nashrlar hamda xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari doimiy chop etilishini ta’minlash;
inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xronologiyasini yuritish, fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish.
3-band
Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol va bevosita ishtirok etish, idoralararo hamkorlik qilish inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari, shu jumladan sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilansin.
4-band
Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishga aloqador vazirliklar, idoralar, boshqa davlat organlari Markaz bilan doimiy hamkorlik qilish, uning so‘roviga ko‘ra inson huquqlari sohasida tegishli axborot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish uchun mas’ul tuzilmalar va mansabdor shaxslarni belgilasin.
5-band
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga:
inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha milliy ma’ruzalar loyihalarining muhokamalarini o‘zlarining qo‘mita va komissiyalarida o‘tkazish;
inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha milliy ma’ruzalarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustav va shartnomaviy organlarida ko‘rib chiqish yakunlarini zaruratga qarab eshitish;
inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) tasdiqlash tavsiya qilinsin.
Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilish va ularni cheklash masalalari bo‘yicha qonun loyihalari Markaz bilan majburiy ravishda kelishiladi.
6-band
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va boshqa tashkilotlar bilan memorandumlar, o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro forumlarda muntazam ishtirok etishni nazarda tutuvchi Markazning xalqaro hamkorligini rivojlantirish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqsin.
7-band
Quyidagilar:
boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 41 nafar kishidan iborat Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining yangilangan tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Markaz xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi bo‘yicha haq to‘lash razryadlari 3-ilovaga muvofiq;
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8-band
Belgilansinki:
Markazni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor boshqaradi;
Markaz direktori uning taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikkita o‘rinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega;
Markaz direktori maqomi, tibbiy va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha vazirga, direktorning birinchi o‘rinbosari vazirning birinchi o‘rinbosariga, direktor o‘rinbosari vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
Markaz xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan maxsus unvon — martaba darajalari beriladi hamda martaba darajalari uchun ustama to‘lanadi;
Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Markaz xodimlari lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 2 baravar ko‘paytirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
Bilimingizni sinang
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi (PQ-4056) qanday maqomga ega?
- Davlat organlari va tashkilotlarning xalqaro majburiyatlarni bajarishdagi hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini ta’minlovchi davlat organi
- Sudlar tizimiga kiruvchi, inson huquqlari bo‘yicha shikoyatlarni apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqadigan va sud hukmlarini qayta tekshiradigan davlat organi
- Faqat nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va ularga grantlar ajratuvchi, davlat boshqaruvidan tashqarida turuvchi jamoat birlashmasi
- Prezident huzuridagi vaqtinchalik ishchi guruh bo‘lib, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun alohida tuzilgan va muddati cheklangan tuzilma
To‘g‘ri javob: Davlat organlari va tashkilotlarning xalqaro majburiyatlarni bajarishdagi hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini ta’minlovchi davlat organi. 1-bandga ko‘ra Markaz xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha hamkorlik, milliy ma’ruzalar va xalqaro hamkorlikni ta’minlovchi davlat organidir.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz o‘z vakolatlarini kimlardan mustaqil ravishda amalga oshiradi?
- Faqat Vazirlar Mahkamasi va uning ijro etuvchi organlaridan mustaqil
- Barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan
- Faqat Oliy Majlis palatalari va ularning qo‘mitalaridan mustaqil
- Faqat Tashqi ishlar vazirligi va uning vakolatxonalaridan mustaqil
To‘g‘ri javob: Barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan. 1-bandga ko‘ra Markaz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Markaz har yili inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborotni kimlarga taqdim etadi?
- Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuraturaga
- Senat, Adliya vazirligi va Ombudsmanga
- Prezident, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustav organlariga
To‘g‘ri javob: Prezident, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga. 1-bandga ko‘ra Markaz har yili Prezident, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etadi.
Markaz qaysi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi?
- Faqat Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, boshqa manbalardan foydalanish taqiqlanadi, shu jumladan grantlardan ham
- Faqat xorijiy tashkilotlarning grantlari hisobidan, davlat budjeti mablag‘lari esa umuman ajratilmaydi va ishlatilmaydi
- Faqat mahalliy budjetlar mablag‘lari va jarima tushumlari hisobidan, boshqa manbalardan foydalanilmaydi hamda ruxsat berilmaydi
- Davlat budjeti, xalqaro tashkilotlar va xorijiy tashkilotlar grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan
To‘g‘ri javob: Davlat budjeti, xalqaro tashkilotlar va xorijiy tashkilotlar grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan. 1-bandga ko‘ra Markaz Davlat budjeti, xalqaro va xorijiy tashkilotlar grantlari hamda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz xalqaro tuzilmalar tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqadigan milliy harakat rejalari qavs ichida qaysi nom bilan yuritiladi?
- yo‘l xaritalari
- harakat dasturlari
- rivojlanish konsepsiyalari
- tavsiya xaritalari
To‘g‘ri javob: yo‘l xaritalari. Markaz milliy harakat rejalarini «yo‘l xaritalari» deb ham yuritilgan holda ishlab chiqadi.
Deputat Aziz fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklash masalasiga oid qonun loyihasini ishlab chiqdi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Loyiha Markaz bilan majburiy ravishda kelishilishi kerak
- Kelishuv faqat huquqlarni kengaytiruvchi loyihalar uchun talab qilinadi
- Loyiha Markaz bilan kelishilishi shart emas, faqat Adliya vazirligi bilan kelishiladi
- Markaz bilan kelishish deputatning ixtiyoriga bog‘liq
To‘g‘ri javob: Loyiha Markaz bilan majburiy ravishda kelishilishi kerak. 5-bandga ko‘ra huquq va erkinliklarga rioya qilish va ularni cheklash masalalari bo‘yicha qonun loyihalari Markaz bilan majburiy kelishiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni nechta kishidan iborat?
- 52 nafar
- 41 nafar
- 35 nafar
- 47 nafar
To‘g‘ri javob: 41 nafar. Markaz boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 41 nafar kishi.
Markazning yangilangan tashkiliy tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni necha nafar kishidan iborat?
- 31 nafar
- 36 nafar
- 51 nafar
- 41 nafar
To‘g‘ri javob: 41 nafar. 7-bandga ko‘ra boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 41 nafar kishidan iborat.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash