Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (1/2)
Beshinchi Bo‘Lim
260-modda. Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish
Transport vositasining harakat yoki undan foydalanish xavfsizligi qoidalarining temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportini boshqaruvchi shaxs tomonidan buzilishi badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, —
sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) odamlar o‘limiga;
- b) halokatga;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
260¹-modda. O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish
O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, (bundan samoviy hududda uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish hollari mustasno), shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, xuddi shuningdek badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakat odam o‘lishiga sabab bo‘lsa,—
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
- a) odamlar o‘limiga;
- b) halokatga;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
261-modda. Mastlik holatidagi shaxsni transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘yish yoki boshqarishni unga topshirish
Transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul shaxs, uning egasi yoki foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan bila turib mastlik holatidagi yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoxud ularning analoglari yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxsning temir yo‘l, dengiz, daryo, havo, avtomobil transportini yoki boshqa transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘yishi yoki boshqarishni unga topshirishi badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
ikki yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) odam o‘limiga;
- b) halokatga;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
261¹-modda. Transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash
Haydovchilarning transport vositalarini mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarishi, shunday qilmish yoxud mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida ekanligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Transport vositalari haydovchilarining mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida ekanligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi, shunday qilmish yoxud transport vositalarini mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
261²-modda. Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarishi
Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarishi, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
262-modda. Transportni ta’mirlash yoki uni foydalanishga chiqarish qoidalarini buzish
Ta’mirlash ishlarini bajarayotgan yoki transport vositasining texnik holati va undan foydalanilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxsning temir yo‘l, dengiz, daryo, havo, avtomobil yoki boshqa transport vositasini, aloqa yo‘llari, signalizatsiya, aloqa vositalari yoki boshqa transport uskunalarini sifatsiz ta’mirlashi, shuningdek transport vositasining texnika holati jihatidan buzuqligini bila turib, uni foydalanishga chiqarishga ruxsat berishi badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, —
ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) odamlar o‘limiga;
- b) halokatga;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
262¹-modda. Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish
Transport vositalariga gaz balloni uskunalarini o‘rnatishda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi uchun mas’ul shaxs tomonidan siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalarining xavfsizlik qoidalarini buzish yoxud gaz balloni uskunasi o‘rnatilgan transport vositalariga yoqilg‘i quyish talablarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) odam o‘limiga;
- b) halokatga;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
263-modda. Temir yo‘l, dengiz, daryo, havo transporti vositasi yoki aloqa yo‘llarini yaroqsiz holatga keltirish
Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transporti vositalari, aloqa yo‘llari, ulardagi inshootlar, signalizatsiya qurilmalari, aloqa yoki boshqa transport uskunalarini qasddan buzish, ularga shikast yetkazish yoxud ularni boshqa usulda foydalanish uchun yaroqsiz holatga keltirish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
- a) odamlar o‘limiga;
- b) halokatga;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bilimingizni sinang
Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportini boshqaruvchi shaxs harakat xavfsizligi qoidalarini buzib, o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazsa, jarima eng ko‘pi bilan bazaviy hisoblash miqdorining necha baravarigacha bo‘ladi?
- yuz baravarigacha
- o‘n besh baravarigacha
- ellik baravarigacha
- yigirma besh baravarigacha
To‘g‘ri javob: ellik baravarigacha. Jarima bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha belgilanadi.
Jinoyat kodeksi — 260-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish
- O‘ta muhim va toifalangan obyektlarning qo‘riqlanishini ta’minlashga doir majburiyatlarni bajarmaslik
- Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish
- O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish
To‘g‘ri javob: Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish. 260-modda: Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish.
Jinoyat kodeksi: «Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish» qaysi moddada belgilangan?
- 260¹-modda
- 260-modda
- 259¹-modda
- 257-modda
To‘g‘ri javob: 260-modda. 260-modda: Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish.
Jinoyat kodeksining 260-moddasiga ko‘ra transport harakati xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatining sub’ekti kim?
- Faqat yo‘lovchi sifatida transportdan foydalanuvchi har qanday fuqaro
- Faqat transport vositasining egasi yoki uni sotib olgan shaxs
- Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportini boshqaruvchi shaxs
- Faqat yo‘l harakati inspektori yoki transport vositasini tekshiruvchi xodim
To‘g‘ri javob: Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportini boshqaruvchi shaxs. 260-modda: qoidalarni temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportini boshqaruvchi shaxs buzadi.
Transport harakati xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa (260-modda, birinchi qism), jarima qancha miqdorda?
- Ellik baravaridan yuz ellik baravarigacha
- Yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha
- Uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha
- Yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha
To‘g‘ri javob: Yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha. 260-modda birinchi qismi: yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha jarima yoki boshqa jazolar.
Poyezd mashinisti Rustamov harakat xavfsizligi qoidalarini buzdi, natijada bir yo‘lovchi vafot etdi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- 260-moddaning birinchi qismi, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha jarima
- 260-moddaning ikkinchi qismi bo‘yicha sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- 260-moddaning uchinchi qismi bo‘yicha o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Faqat intizomiy javobgarlik, chunki mashinist temir yo‘l xodimi hisoblanadi
To‘g‘ri javob: 260-moddaning ikkinchi qismi bo‘yicha sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 260-modda ikkinchi qismi: qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Transport harakati xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga, halokatga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa (260-modda, uchinchi qism), qanday jazo qo‘llanadi?
- Sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Uch yilgacha axloq tuzatish ishlari
- O‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
To‘g‘ri javob: O‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 260-modda uchinchi qismi: odamlar o‘limiga, halokatga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Transportni ta’mirlash qoidalarini buzish odamlar o‘limiga, halokatga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa (262-modda, uchinchi qism), qanday jazo belgilangan?
- Besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki jarima
- O‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
To‘g‘ri javob: Sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 262-modda uchinchi qismi: sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash