Soliq bazasi
Maxsus Qism
247-modda. Soliq bazasini aniqlashning umumiy qoidalari
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda soliq bazasi soliq to‘lovchi tomonidan ushbu bobga muvofiq o‘zi ishlab chiqargan yoki olgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishning o‘ziga xos xususiyatlariga qarab aniqlanadi.
Tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda soliq bazasi soliq to‘lovchi tomonidan ushbu bobga va bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi.
Soliq bazasini aniqlash chog‘ida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum soliq to‘lovchining ushbu tovarlarga (xizmatlarga) pulda va (yoki) natura shakllaridagi to‘lov, shu jumladan qimmatli qog‘ozlar bilan haq to‘lash sifatida olingan barcha daromadlaridan kelib chiqqan holda hisobga olinadi.
Soliq bazasini aniqlash chog‘ida soliq to‘lovchining chet el valyutasida ifodalangan tushumi (xarajatlari) ushbu Kodeksning 242-moddasida belgilangan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma amalga oshirilgan sanada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha milliy valyutada qayta hisoblab chiqiladi.
Agar sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi shartnomada tovarlarga (xizmatlarga) chet el valyutasida belgilangan summaga teng bo‘lgan summadagi milliy valyutada haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa hamda bunda realizatsiya qilingan tovarlarga (xizmatlarga) haq to‘langan sana ularni realizatsiya qilish bo‘yicha ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq aniqlanadigan aylanma amalga oshirilgan sanaga to‘g‘ri kelmasa, mazkur sanalarda chet el valyutasi kurslaridagi farq tufayli yuzaga kelgan tushum summasidagi ijobiy yoki salbiy farq soliq bazasini belgilashda hisobga olinmaydi. Bunday ijobiy yoki salbiy farq ushbu Kodeksning XII bo‘limiga muvofiq boshqa daromadlar yoki boshqa xarajatlar tarkibida sotuvchi tomonidan hisobga olinishi lozim.
247-modda. Soliq bazasini aniqlashning umumiy qoidalari (davomi)
Ushbu Kodeksning 239-moddasiga muvofiq o‘z ehtiyojlari uchun soliq solish obyekti deb e’tirof etiladigan tovarlar berilgan (xizmatlar ko‘rsatilgan) taqdirda, soliq bazasi soliq to‘lovchi tomonidan ushbu bobga muvofiq aniqlanadi.
248-modda. Soliq bazasini aniqlash tartibi
Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq bazasi ushbu Kodeksning 176-moddasi talablarini hisobga olgan holda, aksiz solig‘ini (aksiz to‘lanadigan tovarlar, xizmatlar uchun) hisobga olib, unga soliqni kiritmagan holda, bitim taraflari tomonidan qo‘llanilgan narxdan (tarifdan) kelib chiqqan holda realizatsiya qilinadigan tovarlarning (xizmatlarning) qiymati sifatida aniqlanadi.
Xaridorlarga realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani amalga oshirish sanasida chegirmalar (boshqa tijorat bonuslari) bergan soliq to‘lovchi soliq bazasini bunday chegirmalar (tijorat bonuslari) chegirib tashlangan holdagi narxdan (tarifdan) kelib chiqqan holda aniqlaydi.
Soliq bazasi quyidagi hollarda tovarlarning (xizmatlarning) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq aniqlanadigan bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi:
- 1) tovarlarni (xizmatlarni) boshqa tovarlarga (xizmatlarga) ayirboshlab realizatsiya qilishda;
- 2) agar ushbu Kodeksning 239-moddasi birinchi qismi 2-bandida yoki ikkinchi qismining 2-bandida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tovarlarni (xizmatlarni) bepul berishda (ko‘rsatishda);
- 3) yuridik shaxsning mol-mulkidan ushbu Kodeksning 239-moddasi to‘rtinchi qismi 6-bandiga muvofiq shaxsiy maqsadlarda foydalanishda.
Agar bitimning narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan past yoki yuqori bo‘lsa, soliq organlari soliq bazasiga tuzatish kiritishga haqli. Soliq to‘lovchi bunday qaror yuzasidan bitimning narxi bozor narxlariga muvofiqligini va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga qaratilmaganligining asoslarini taqdim etish yo‘li bilan nizolashishga haqli.
248-modda. Soliq bazasini aniqlash tartibi (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan (import qilingan) tovarlarni realizatsiya qilish chog‘ida soliq bazasi ushbu tovarlarni olib kirish (import qilish) chog‘ida budjetga haqiqatda to‘langan soliq hisoblab chiqarilgan qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas.
Qaytarib berish sharti bilan qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallardan tovarlar ishlab chiqarish bo‘yicha xizmatlar realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi ularni qayta ishlashga doir xizmatlarning qiymati asosida, unga soliqni kiritmagan holda, aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha esa ularni qayta ishlashga doir xizmatlarning qiymati asosida, ushbu Kodeksga muvofiq hisoblab chiqarilgan aksiz solig‘i hisobga olingan holda aniqlanadi.
Obyektlarni qurishda, shu jumladan obyektlarni foydalanish uchun tayyor qilib qurishda, qurilish-montaj, ta’mirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy ishlarni, shuningdek uzoq texnologik (bir hisobot davridan ortiq) davriylikdagi boshqa uzoq muddatli shartnomalarni bajarishda soliq bazasi har bir kalendar oyning oxirida haqiqatda bajarilgan ishlar hajmining ushbu Kodeksning 303-moddasiga muvofiq soliq bazasi kiritilmagan holda aniqlanadigan qiymati asosida aniqlanadi. Agar shartnomaga binoan bu ishlarni materiallar bilan ta’minlash majburiyati buyurtmachining zimmasida bo‘lsa, ushbu materiallarga bo‘lgan mulk huquqi buyurtmachining o‘zida saqlanib qolgan taqdirda, soliq bazasi bajarilgan hamda tasdiqlangan ishlarning qiymatidan kelib chiqqan va buyurtmachi materiallarining qiymatini soliq bazasiga kiritmagan holda aniqlanadi.
248-modda. Soliq bazasini aniqlash tartibi (davomi)
Jismoniy shaxslarga mehnat haqi hisobiga yoki dividendlar to‘lovlari hisobiga tovarlar berilganda (xizmatlar ko‘rsatilganda), shuningdek ushbu Kodeksning 239-moddasi to‘rtinchi qismi 3-bandida belgilangan hollarda soliq bazasi tovarlarning (xizmatlarning) ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq aniqlanadigan qiymatidan kelib chiqqan va soliqni hisobga olgan holda aniqlanadi.
Erkin bojxona hududining bojxona rejimiga soliq to‘lamasdan joylashtirilgan tovar yo‘qotilganda soliq bazasi ushbu Kodeksning 254-moddasi birinchi qismiga muvofiq aniqlanadi.
Tovarlarni (xizmatlarni) olishga bo‘lgan huquqni beruvchi vaucherni realizatsiya qilish chog‘ida vaucherning soliq hisobga olingan holdagi qiymati soliq bazasi bo‘ladi.
Olib sotish uchun jismoniy shaxslardan olingan avtomobillar va uy-joy ko‘chmas mulk obyektlari realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi soliq summasini o‘z ichiga oladigan, realizatsiya qilish narxi va sotib olish qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
Foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda ushbu Kodeksning 317-moddasiga muvofiq xarajatlari chegirilmaydigan soliq to‘lovchining o‘z ehtiyojlari uchun o‘zi ishlab chiqargan tovarlardan foydalanilganda (o‘z kuchi bilan xizmatlar ko‘rsatilganda), soliq bazasi ushbu tovarlarning (xizmatlarning) bunday soliq to‘lovchi tomonidan o‘tgan 90 kun davomida realizatsiya qilingan aynan shunday (ular mavjud bo‘lmaganda shunga o‘xshash) tovarlarning (xizmatlarning) o‘rtacha o‘lchangan narxidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan qiymati sifatida, ko‘rsatilgan davrda bunday realizatsiya mavjud bo‘lmaganda esa aksizlar hisobga olingan (aksizosti tovarlar uchun) va soliq qo‘shilmagan bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
248-modda. Soliq bazasini aniqlash tartibi (davomi)
Ushbu bo‘limga muvofiq realizatsiya qilishga doir aylanmalari soliq solinmaydigan aylanmalar bo‘lgan chiptalar, abonementlar, yo‘llanmalar (joysiz davolanish uchun berilgan hujjatlar) va xizmatlarni olish huquqini beruvchi boshqa hujjatlar realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi soliq summasini o‘z ichiga oladigan, realizatsiya qilish narxi va ularni sotib olish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
Agar garov bilan ta’minlangan majburiyatni bajarish uchun kreditor tomonidan olingan mol-mulk bo‘yicha ushbu Kodeksning 266-moddasiga muvofiq soliq hisobga olinmagan bo‘lsa, ushbu mol-mulk realizatsiya qilinganda soliq solinadigan baza soliq summasini o‘z ichiga oladigan, mol-mulkni realizatsiya qilish narxi va mazkur mol-mulkning majburiyatni bajarish uchun kredit tashkiloti balansiga olish chog‘idagi qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
Ushbu Kodeks 46-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda soliq bazasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan, undirilgan jarimalar taqsimoti tarzida olingan, soliqni o‘z ichiga olgan holda haq summasidan aniqlanadi.
Soliq bazasini aniqlashning boshqa shartlar va holatlarni hisobga oladigan o‘ziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning 249 — 256-moddalarida belgilanadi.
249-modda. Moliyaviy ijara (lizing) shartnomalari bo‘yicha operatsiyalar amalga oshirilganda soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
Mol-mulk moliyaviy ijaraga (lizingga) berilgan taqdirda, ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) soliq bazasi barcha davriy ijara (lizing) to‘lovlari summasi (shu jumladan, qaytarib sotib olish summasi, agar shartnomada shunday summa nazarda tutilgan bo‘lsa) sifatida, ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) foiz hisobidagi daromadi chegirib tashlangan va soliq hisobga olinmagan holda aniqlanadi.
Ijaraga oluvchi (lizingga oluvchi) tomonidan moliyaviy ijara (lizing) shartnomasining shartlari bajarilmaganligi sababli moliyaviy ijara (lizing) obyekti qaytarilgan taqdirda, soliq bazasi ijaraga oluvchi (lizingga oluvchi) tomonidan obyekt qaytarilgan sanada bunday obyekt uchun o‘zi to‘lamagan ijara (lizing) to‘lovlarining summasi miqdorida foiz hisobidagi xarajat chegirib tashlangan va soliq hisobga olinmagan holda aniqlanadi.
Ushbu Kodeksning 246-moddasiga muvofiq soliq solishdan ozod etilgan, olib kirilgan texnologik asbob-uskunalar moliyaviy ijaraga (lizingga) berilganda soliq bazasi mazkur asbob-uskunalarni sotib olish narxi va realizatsiya qilish narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlanadi.
250-modda. Vositachilik (topshiriq), transport ekspeditsiyasi shartnomalari bo‘yicha operatsiyalar amalga oshirilganda soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
Komitentning (ishonch bildiruvchining) topshirig‘iga ko‘ra komitentga (ishonch bildiruvchiga) tegishli bo‘lgan tovarlar realizatsiya qilingan taqdirda, vositachilik (topshiriq) shartnomasining shartlariga muvofiq bo‘lgan shartlar asosida vositachi (ishonchli vakil) tomonidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim bo‘yicha komitent (ishonch bildiruvchi) bunday uchinchi shaxsga xizmatlar ko‘rsatganda soliq bazasi quyidagicha aniqlanadi:
- 1) vositachining (ishonchli vakilning) soliq bazasi – uning soliqni o‘z ichiga oladigan vositachilik haqi miqdorida;
- 2) komitentning (ishonch bildiruvchining) soliq bazasi – komitentning (ishonch bildiruvchining) topshirig‘iga ko‘ra vositachi (ishonchli vakil) tomonidan realizatsiya qilingan tovarlarning qiymati, shuningdek soliqni kiritmagan holda vositachi (ishonchli vakil) tomonidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim bo‘yicha komitent (ishonch bildiruvchi) bunday uchinchi shaxsga ko‘rsatgan xizmatlarning qiymati miqdorida.
Soliq solishdan ozod etish soliq solishdan ozod etiladigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan vositachilik (topshiriq), transport ekspeditsiyasi shartnomalari asosida xizmatlar ko‘rsatishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Vositachilik (topshiriq) shartnomasi shartlariga muvofiq bo‘lgan shartlar asosida komitent (ishonch bildiruvchi) uchun uning topshirig‘iga ko‘ra olingan tovarlar vositachi (ishonchli vakil) tomonidan komitentga (ishonch bildiruvchiga) berilgan taqdirda, uchinchi shaxs tomonidan vositachi (ishonchli vakil) bilan tuzilgan bitim bo‘yicha bunday uchinchi shaxs komitent (ishonch bildiruvchi) uchun xizmatlar ko‘rsatganda vositachining (ishonchli vakilning) soliq bazasi uning soliqni o‘z ichiga oladigan vositachilik haqi miqdorida aniqlanadi.
250-modda. Vositachilik (topshiriq), transport ekspeditsiyasi shartnomalari bo‘yicha operatsiyalar amalga oshirilganda soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Transport ekspeditsiyasi shartnomasida belgilangan, transport ekspeditsiyasi shartnomasi bo‘yicha mijoz bo‘lgan taraf uchun tashuvchi va (yoki) boshqa yetkazib beruvchilar tomonidan xizmatlar ko‘rsatilgan taqdirda, ekspeditorning soliq bazasi transport ekspeditsiyasi shartnomasida nazarda tutilgan, uning soliqni o‘z ichiga oladigan haqi miqdorida aniqlanadi.
251-modda. Korxona mol-mulk majmuasi sifatida realizatsiya qilinganda soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
Korxona mol-mulk majmuasi sifatida realizatsiya qilinganda, soliq bazasi ushbu moddada belgilangan tartibda, uni realizatsiya qilishning soliqni o‘z ichiga oladigan narxi miqdorida, ushbu korxona mol-mulkining har bir soliq obyekti bo‘yicha alohida aniqlanadi.
Agar korxonani realizatsiya qilish narxi uning tarkibiga kiradigan jami mol-mulkning balans qiymatidan past bo‘lsa, korxonani realizatsiya qilish narxining mazkur mol-mulkning balans qiymatiga nisbati sifatida aniqlanadigan tuzatish koeffitsiyenti qo‘llaniladi.
Agar korxonani realizatsiya qilish narxi uning tarkibiga kiradigan jami mol-mulkning balans qiymatidan yuqori bo‘lsa, korxonani realizatsiya qilishning debitorlik qarzi summasiga va qimmatli qog‘ozlar qiymatiga kamaytirilgan narxining realizatsiya qilingan korxona tarkibiga kiradigan mol-mulkning debitorlik qarzi summasiga va qimmatli qog‘ozlarning qiymatiga kamaytirilgan balans qiymatiga nisbati sifatida aniqlanadigan tuzatish koeffitsiyenti qo‘llaniladi. Ushbu qismga muvofiq tuzatish koeffitsiyentini hisob-kitob qilishda qimmatli qog‘ozlarning qiymati, agar u faqat bozor qiymati bo‘yicha qayta baholangan bo‘lsa, chiqarib tashlanadi.
Mol-mulkning har bir turini realizatsiya qilish narxi uning balans qiymatining ushbu moddaning ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda belgilanadigan tuzatish koeffitsiyentiga ko‘paytmasi sifatida aniqlanadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan holatda, debitorlik qarzining summasiga doir tuzatish koeffitsiyenti qo‘llanilmaydi. Agar bunday holda qimmatli qog‘ozlarning qiymati qayta baholangan bo‘lsa, mazkur koeffitsiyent ularning qiymatiga nisbatan ham qo‘llanilmaydi.
251-modda. Korxona mol-mulk majmuasi sifatida realizatsiya qilinganda soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Korxona sotuvchisi tomonidan korxona sotilgan narxni ko‘rsatgan holda jamlama hisobvaraq-faktura tuziladi.
Jamlama hisobvaraq-fakturada asosiy mablag‘lar, nomoddiy aktivlar, ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallanmagan mol-mulkning boshqa turlari, debitorlik qarzining summalari, qimmatli qog‘ozlarning qiymati hamda balans aktivlarining boshqa pozitsiyalari mustaqil pozitsiyalarga ajratiladi. Jamlama hisobvaraq-fakturaga inventarizatsiya dalolatnomasi ilova qilinadi.
Jamlama hisobvaraq-fakturada har bir mol-mulk turining narxi ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda balans qiymatining tuzatish koeffitsiyentiga ko‘paytmasiga teng deb qabul qilinadi.
Realizatsiya qilinishiga soliq solinadigan mol-mulkning har bir turi bo‘yicha tegishli ravishda soliq stavkasi va tegishli soliq summasi ko‘rsatiladi.
252-modda. Transportda tashishni amalga oshirishda soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
Yo‘lovchilarni, bagajni, yuklarni yoki pochtani temir yo‘l, avtomobil, havo yoki daryo transportida tashishlar amalga oshirilganda soliq bazasi soliqni qo‘shmagan holdagi tashish qiymati sifatida aniqlanadi.
Imtiyozli tariflar bo‘yicha yo‘l hujjatlari realizatsiya qilinganda soliq bazasi ushbu imtiyozli tariflardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Safar boshlanguniga qadar xaridorlarga ishlatilmagan yo‘l hujjatlari uchun pullar qaytarilgan taqdirda, qaytarilishi lozim bo‘lgan summaga soliqning barcha summasi kiritiladi.
Safar tugatilganligi sababli yo‘l davomida yo‘lovchilarga yo‘l hujjatlari qaytarilgan taqdirda, qaytarilishi lozim bo‘lgan summaga yo‘lovchilar yurishi kerak bo‘lgan qolgan masofaga tegishli miqdordagi soliq summasi kiritiladi. Bunday holda soliq bazasini aniqlashda yo‘lovchilarga haqiqatda qaytarilgan summalar hisobga olinmaydi.
253-modda. Muddatli bitimlar bo‘yicha tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganda soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
Muddatli bitim deganda shartnomada belgilangan muddat tugagach bevosita ushbu shartnomada ko‘rsatilgan narx bo‘yicha tovarlar yetkazib berilishini (xizmatlar ko‘rsatilishini) taqozo etadigan bitim tushuniladi.
Muddatli bitimlar bo‘yicha tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganda soliq bazasi ushbu tovarlarning (xizmatlarning) bevosita shartnomada ko‘rsatilgan, lekin realizatsiya qilingan sanadagi bozor narxlaridan kelib chiqqan holda hisoblangan qiymatdan past bo‘lmagan qiymati sifatida aniqlanadi.
Uyushgan bozorda muomalada bo‘lmagan hosila moliyaviy vositalar realizatsiya qilinganda soliq bazasi asos aktivning bevosita shartnomada ko‘rsatilgan, lekin realizatsiya qilingan sanadagi bozor narxlaridan kelib chiqqan holda hisoblangan qiymatdan past bo‘lmagan qiymati sifatida aniqlanadi.
Uyushgan bozorda muomalada bo‘lgan va asos aktiv yetkazib berilishini nazarda tutuvchi hosila moliyaviy vositalarning asos aktivi realizatsiya qilinganda, soliq bazasi, agar ushbu moddaning beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, asos aktivni realizatsiya qilish amalga oshirilishi kerak bo‘lgan hamda ushbu hosila moliyaviy vositani birja tasdiqlagan tasniflash shartlariga muvofiq belgilangan qiymat sifatida aniqlanadi.
Uyushgan bozorda muomalada bo‘lgan va asos aktiv yetkazib berilishini nazarda tutuvchi opsion kontraktlarning asos aktivi realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi ushbu asos aktivni realizatsiya qilish amalga oshirilishi kerak bo‘lgan va hosila moliyaviy vositani birja tasdiqlagan tasniflash shartlariga muvofiq belgilangan qiymat sifatida, lekin realizatsiya qilish sanasidagi bozor narxlaridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilganidan past bo‘lmagan qiymatda aniqlanadi.
253-modda. Muddatli bitimlar bo‘yicha tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganda soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Ushbu bo‘limni qo‘llash maqsadida opsion kontrakt (opsion) deganda bir taraf (opsion xaridori) boshqa tarafdan (opsionni sotuvchidan) oldindan belgilangan narx bo‘yicha asos aktivning muayyan sonini sotib olish (“koll” opsioni) yoki sotish (“put” opsioni) huquqini oladigan bitim tushuniladi.
Ushbu moddaning ikkinchi — beshinchi qismlarini qo‘llash maqsadida tovarning, xizmatning yoki asos aktivning narxi aksizlar hisobga olingan (aksiz to‘lanadigan tovarlar uchun) va soliq hisobga olinmagan holda aniqlanadi.
Tovarlarning, xizmatlarning yoki asos aktivning bozor qiymati — ushbu Kodeksning VI bo‘limiga muvofiq, ularni realizatsiya qilish sanasi esa ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq aniqlanadi.
Ushbu bo‘limni qo‘llash maqsadida uyushgan bozorda muomalada bo‘lgan hosila moliyaviy vositaning tasniflanishi deganda hosila moliyaviy vositaning shartlarini belgilovchi birja hujjati tushuniladi.
254-modda. Tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda soliq bazasini aniqlash tartibi
Tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda soliq bazasi quyidagilarni qo‘shgan holda hisoblab chiqarilgan ushbu tovarlarning qiymati sifatida aniqlanadi:
- 1) tovarlarning bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadigan bojxona qiymatini;
- 2) tovarlar O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotganda to‘lanishi lozim bo‘lgan aksiz solig‘i va bojxona bojini.
O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona tartib-taomiliga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududidan ilgari olib chiqilgan tovarlarning qayta ishlash mahsulotlari ushbu hududga olib kirilayotganda soliq bazasi bunday qayta ishlashning qiymati sifatida aniqlanadi.
Soliq bazasi O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan bir nomdagi, turdagi va markadagi tovarlarning har bir guruhi bo‘yicha alohida aniqlanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarning bir turkumi tarkibida bir vaqtning o‘zida ham aksiz to‘lanadigan, ham aksiz to‘lanmaydigan tovarlar mavjud bo‘lsa, soliq bazasi mazkur tovarlarning har bir guruhiga nisbatan alohida aniqlanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar turkumi tarkibida bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona tartib-taomiliga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududidan ilgari olib chiqilgan tovarlarning qayta ishlash mahsulotlari mavjud bo‘lsa, soliq bazasi xuddi shunday tartibda aniqlanadi.
255-modda. Tovarlar (xizmatlar) chet ellik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinganda soliq agentlari tomonidan soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
O‘zbekiston Respublikasining hududi realizatsiya qilish joyi bo‘lgan tovarlar (xizmatlar) soliq to‘lovchilar sifatida soliq organlarida hisobda turmagan chet ellik shaxslar tomonidan realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi soliq agentlari tomonidan ushbu tovarlarni (xizmatlarni) aksizlar (aksiz to‘lanadigan tovarlar uchun) va soliq hisobga olingan holda realizatsiya qilishdan olingan daromadning summasi sifatida aniqlanadi.
Soliq agentlari deb ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan tovarlarning (xizmatlarning) xaridorlari (ularni oluvchilar) bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, yakka tartibdagi tadbirkorlar (ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari e’tirof etiladi.
Agar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan chet ellik shaxslar bilan hisob-kitoblarda O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki chet el yuridik shaxslarining doimiy muassasalari topshiriq, vositachilik shartnomalari yoki boshqa vositachilik shartnomalari asosida ishtirok etsa, bunday shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladi. Mazkur hollarda soliq bazasi soliq to‘lovchi tomonidan bunday tovarlarning aksizlar (aksiz to‘lanadigan tovarlar uchun) va soliq hisobga olingan holdagi qiymati sifatida aniqlanadi.
255-modda. Tovarlar (xizmatlar) chet ellik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinganda soliq agentlari tomonidan soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Ushbu Kodeksning 282-moddasi birinchi qismida ko‘rsatilgan chet el yuridik shaxslari realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi deb e’tirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni ko‘rsatgan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga yoki O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslariga topshiriq, vositachilik shartnomalari yoki shunga o‘xshash shartnomalar asosida elektron shakldagi xizmatlar ko‘rsatgan taqdirda, bunday xizmatlarning mazkur xaridorlari soliq agentlari deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir har bir operatsiya amalga oshirilganda soliq bazasi ushbu bo‘limning qoidalari hisobga olingan holda alohida aniqlanadi.
Ushbu moddaga muvofiq soliq agentlari deb e’tirof etiladigan shaxslar tegishli soliq summasini hisoblab chiqarishi, soliq to‘lovchidan, u soliq to‘lovchi ekanligidan yoki soliq to‘lovchi emasligidan qat’i nazar, uni ushlab qolishi va budjetga o‘tkazishi shart.
Agar kontraktlarning shartlariga muvofiq xizmatlar chet ellik shaxslar tomonidan soliqni hisobga olmasdan taqdim etilsa, ushbu xizmatlar bo‘yicha soliq bazasi soliq agentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning qiymatidan kelib chiqqan holda, soliqni hisobga olmasdan aniqlanadi. Bunday holda soliq agenti tegishli soliq summasini mustaqil tarzda hisoblab chiqarishi va budjetga o‘tkazishi shart.
255-modda. Tovarlar (xizmatlar) chet ellik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinganda soliq agentlari tomonidan soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Ushbu moddaning qoidalari mazkur Kodeksning 243 — 245-moddalarida ko‘rsatilgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda qo‘llanilmaydi.
Ushbu moddaga muvofiq soliqning to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjati ushbu Kodeksning 37-bobiga muvofiq to‘langan soliq summasini hisobga kiritish huquqini beradi.
256-modda. Davlat mol-mulki bilan operatsiyalar amalga oshirilganda soliq agentlari tomonidan soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat mol-mulki ijaraga berilganda, davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha vakolatli organ soliq agenti deb e’tirof etiladi. Bunday hollarda soliq bazasi bunday mol-mulkning soliq hisobga olingan holdagi ijara shartnomasida belgilangan ijara to‘lovi miqdorida soliq agenti tomonidan aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat mol-mulki realizatsiya qilinganda (berilganda) soliq bazasi soliq agenti tomonidan aniqlanadi. Bunday hollarda ushbu mol-mulkning xaridorlari (uni oluvchilar) soliq agenti deb e’tirof etiladi, bundan yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxslar mustasno. Bunday hollarda soliq bazasi sotib olinayotgan (olinayotgan) davlat mol-mulkining soliq hisobga olinmasdan shartnomada belgilangan qiymati miqdorida soliq agenti tomonidan aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida musodara qilingan mol-mulk, sudning qaroriga binoan realizatsiya qilinadigan mol-mulk, egasiz qimmatliklar, xazinalar va sotib olingan qimmatliklar, shuningdek meros olish huquqi asosida davlatga o‘tkazilgan qimmatliklar realizatsiya qilingan taqdirda, soliq bazasi ushbu mol-mulkni (qimmatliklarni) aksiz solig‘ini (aksiz to‘lanadigan tovarlar uchun) va soliqni hisobga olgan holda realizatsiya qilishdan olingan daromad summasi sifatida soliq agenti tomonidan aniqlanadi. Bunday hollarda ushbu mol-mulkni realizatsiya qilishni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan organ, tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor soliq agenti deb e’tirof etiladi.
256-modda. Davlat mol-mulki bilan operatsiyalar amalga oshirilganda soliq agentlari tomonidan soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Soliq bazasi ushbu moddada nazarda tutilgan har bir operatsiyani amalga oshirish chog‘ida soliq agentlari tomonidan alohida aniqlanadi.
Ushbu moddaga muvofiq soliq agenti deb e’tirof etiladigan shaxslar soliq to‘lovchidan tegishli soliq summasini, u soliq to‘lovchi ekanligidan yoki soliq to‘lovchi emasligidan qat’i nazar, hisoblab chiqarishi, ushlab qolishi va budjetga to‘lashi shart.
Ushbu moddaning qoidalari ushbu Kodeks 243-moddasi birinchi qismining 26¹-bandida nazarda tutilgan tovarlarni realizatsiya qilishda qo‘llanilmaydi.
Ushbu moddaga muvofiq soliq to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjati xaridorga to‘langan soliq summasini ushbu Kodeksning 37-bobiga muvofiq hisobga olish huquqini beradi.
257-modda. Soliq bazasiga tuzatish kiritish
Soliq to‘lovchida soliq bazasiga tuzatish kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
- 1) tovarlar to‘liq yoki qisman qaytarilganda;
- 2) ko‘rsatilgan xizmatlardan voz kechilganda;
- 3) bitim shartlari o‘zgarganda, shu jumladan jo‘natilgan tovarlarning, ko‘rsatilgan xizmatlarning narxi va (yoki) soni (hajmi) o‘zgarganda;
- 4) tovarlarni (xizmatlarni) sotuvchi tomonidan chegirmalar berilganda. Ushbu bandda nazarda tutilgan tuzatish kiritish, agar siylovlar berish shartlari shartnoma shartlarida yoki soliq to‘lovchining narx (tarif) siyosatida nazarda tutilgan bo‘lsa, ilgari amalga oshirilgan tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib berish bo‘yicha soliq bazasini kamaytiradi. Bunday shartlar tovarlar yetkazib berish (xizmatlar ko‘rsatish) shartnomasining muayyan shartlarini xaridor tomonidan bajarishni, shu jumladan tovarlarning (xizmatlarning) muayyan hajmini olishni va muddatidan oldin haq to‘lashni nazarda tutishi mumkin.
Soliq bazasiga uni kamaytirish yoki ko‘paytirish tarafga tuzatish kiritish bir yillik muddat doirasida, kafolat muddati belgilangan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha esa kafolat muddati doirasida amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchida soliq bazasiga tuzatish kiritish tovarlarga (xizmatlarga) haq to‘lash bo‘yicha majburiyat ushbu Kodeksning 313-moddasiga muvofiq umid qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik deb e’tirof etilganda va uni hisobdan chiqarish lozim bo‘lgan hollarda ham amalga oshiriladi. Bunday holda tuzatish kiritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
257-modda. Soliq bazasiga tuzatish kiritish (davomi)
Soliq bazasiga tuzatish kiritish (salbiy yoki ijobiy) qo‘shimcha hisobvaraq-faktura yoki ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida va ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollar ro‘y bergan soliq davrida amalga oshiriladi.
Soliq bazasi xatolarni tuzatish natijasida o‘zgartirilgan taqdirda, shuningdek ilgari yozib berilgan hisobvaraq-fakturaga o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish zarur bo‘lganda ushbu moddaning qoidalari qo‘llanilmaydi. Bunday holda ilgari yozib berilgan hisobvaraq-faktura bekor qilinadi va uning o‘rniga qonunchilikda belgilangan tartibda tuzatilgan hisobvaraq-faktura rasmiylashtiriladi.
Tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchi tomonidan soliq bazasiga tuzatish kiritish amalga oshirilayotganda, xaridor yetkazib beruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan qo‘shimcha hisobvaraq-faktura asosida ilgari o‘zi hisobga olish uchun qabul qilgan soliq summasiga tegishli tarzda tuzatish kiritadi (ko‘paytiradi yoki kamaytiradi).
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq to‘lovchining chet el valyutasida ifodalangan tushumi soliq bazasini aniqlashda qaysi kurs bo‘yicha milliy valyutaga qayta hisoblanadi?
- Aylanma amalga oshirilgan sanada Markaziy bank belgilagan kurs bo‘yicha
- Shartnoma tuzilgan sanada tijorat banklari belgilagan o‘rtacha kurs bo‘yicha
- To‘lov amalga oshirilgan sanada bozor kursi bo‘yicha, Markaziy bankka qaramasdan
- Yil boshida Markaziy bank belgilagan kurs bo‘yicha barcha aylanmalar uchun
To‘g‘ri javob: Aylanma amalga oshirilgan sanada Markaziy bank belgilagan kurs bo‘yicha. 247-modda: aylanma amalga oshirilgan sanada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan kurs bo‘yicha.
Shartnomada chet el valyutasidagi summaga teng milliy valyutada to‘lov nazarda tutilgan va to‘lov sanasi aylanma sanasiga to‘g‘ri kelmasa, kurs farqi tufayli yuzaga kelgan ijobiy yoki salbiy farq soliq bazasiga qanday ta’sir qiladi?
- Soliq bazasini kurs farqiga qarab o‘zgartiradi
- Soliq bazasini faqat ijobiy farqqa ko‘paytiradi
- Soliq bazasini belgilashda hisobga olinmaydi
- Soliq bazasiga ikki baravar miqdorda kiritiladi
To‘g‘ri javob: Soliq bazasini belgilashda hisobga olinmaydi. 247-modda: kurs farqi soliq bazasini belgilashda hisobga olinmaydi, boshqa daromad yoki xarajat tarkibida hisobga olinadi.
Boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, realizatsiya qilinadigan tovarlar (xizmatlar) soliq bazasi qanday narxdan kelib chiqib aniqlanadi?
- Soliqni qo‘shgan holda, bitim taraflari qo‘llagan narxdan (tarifdan)
- Tannarxga belgilangan ustama qo‘shilgan, davlat tasdiqlagan narxdan
- Soliqni kiritmagan holda, bitim taraflari qo‘llagan narxdan (tarifdan)
- Soliqni kiritmagan holda, eng yuqori bozor narxidan kelib chiqib
To‘g‘ri javob: Soliqni kiritmagan holda, bitim taraflari qo‘llagan narxdan (tarifdan). 248-modda birinchi qismi.
Xaridorlarga realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani amalga oshirish sanasida chegirmalar (tijorat bonuslari) bergan soliq to‘lovchi soliq bazasini qanday aniqlaydi?
- Chegirmalar qo‘shilgan holdagi narxdan kelib chiqqan holda
- Chegirmalarni e’tiborga olmasdan, bitim narxidan kelib chiqib
- Faqat bozor qiymatidan, chegirmalarni hisobga olmasdan
- Chegirmalar chegirib tashlangan holdagi narxdan kelib chiqib
To‘g‘ri javob: Chegirmalar chegirib tashlangan holdagi narxdan kelib chiqib. 248-modda ikkinchi qismi.
Kazus: “Orzu” MChJ ofis mebelini “Baraka” MChJning kompyuterlariga ayirboshlab realizatsiya qildi (pul to‘lovi bo‘lmagan). Soliq bazasi qanday aniqlanadi?
- Kompyuterlarning tannarxidan kelib chiqib, ayirboshlash narxi va tovarlar bozor qiymatidan qat’i nazar
- Mebelning balans qiymatidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan bozor qiymati tartibidan qat’i nazar
- Nol deb olinadi, chunki pul to‘lovi amalga oshirilmagan va ayirboshlash realizatsiya hisoblanmaydi
- Tovarlarning Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tartib bo‘yicha aniqlanadigan bozor qiymatidan kelib chiqib
To‘g‘ri javob: Tovarlarning Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tartib bo‘yicha aniqlanadigan bozor qiymatidan kelib chiqib. 248-modda: tovarlarni ayirboshlab realizatsiya qilishda baza bozor qiymatidan aniqlanadi.
O‘zbekiston hududiga olib kirilgan (import qilingan) tovarlarni realizatsiya qilishda soliq bazasi nimadan past bo‘lishi mumkin emas?
- Tovarning olib kirish paytidagi tannarxi bo‘yicha aniqlangan qiymatdan
- Olib kirishda budjetga haqiqatda to‘langan soliq hisoblab chiqarilgan qiymatdan
- Bojxona qiymatining yarmidan hisoblab chiqarilgan soliq asosidagi qiymatdan
- Realizatsiya qilishdan oldingi oy narxlari bo‘yicha aniqlangan qiymatdan
To‘g‘ri javob: Olib kirishda budjetga haqiqatda to‘langan soliq hisoblab chiqarilgan qiymatdan. 248-modda: baza olib kirishda budjetga haqiqatda to‘langan soliq hisoblab chiqarilgan qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas.
Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq to‘lovchi o‘z ehtiyojlari uchun o‘zi ishlab chiqargan tovarlardan foydalanganda soliq bazasi o‘tgan necha kun davomidagi realizatsiyaning o‘rtacha o‘lchangan narxidan kelib chiqib aniqlanadi?
- 180 kun
- 60 kun
- 90 kun
- 30 kun
To‘g‘ri javob: 90 kun. Soliq bazasi tovarlarning bunday soliq to‘lovchi tomonidan o‘tgan 90 kun davomida realizatsiya qilingan o‘xshash tovarlarning o‘rtacha o‘lchangan narxidan hisoblanadi.
Kazus: “Avto-Plyus” MChJ jismoniy shaxsdan avtomobilni 100 mln so‘mga sotib olib, 112 mln so‘mga qayta sotdi (olib sotish uchun). Soliq bazasi qanday aniqlanadi?
- Faqat sotib olish qiymati, ya’ni 100 million so‘m, soliq summasini hisobga olmagan holda soliq bazasi sifatida
- Realizatsiya narxining to‘liq summasi, ya’ni 112 million so‘m, soliq summasini o‘z ichiga olmagan holda
- Realizatsiya narxi va sotib olish qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida (soliq summasini o‘z ichiga oladigan)
- Soliq bazasi bo‘lmaydi, chunki jismoniy shaxsdan sotib olingan avtomobil realizatsiyasi soliqqa tortilmaydi
To‘g‘ri javob: Realizatsiya narxi va sotib olish qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida (soliq summasini o‘z ichiga oladigan). 248-modda: olib sotish uchun jismoniy shaxslardan olingan avtomobillar bo‘yicha baza — ijobiy farq.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash