XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida» qonun · 36–41-m.

Vazirlar Mahkamasining hujjatlari · Vazirlar Mahkamasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligi (1/2)

Moddalar

36-modda. Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining turlari

Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanadi.

Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanguniga qadar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Vazirlar Mahkamasining qarorlarini, farmoyishlarini va Bosh vazirning farmoyishlarini to‘xtatib turishga, bekor qilishga haqli.

Vazirlar Mahkamasi o‘zi qabul qilgan hujjatlarning bajarilishi ustidan nazoratni bevosita yoki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari orqali amalga oshiradi.

37-modda. Vazirlar Mahkamasining qarorlari

Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi hujjatlari qarorlar shaklida qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining qarorlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusga ega qarorlari, agar ularning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusga ega qarorlari “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami”da, “O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik to‘plami”da, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida va O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilinadi, zarur bo‘lgan taqdirda esa boshqa ommaviy axborot vositalari orqali keng omma e’tiboriga yetkaziladi.

38-modda. Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari

Vazirlar Mahkamasining tezkor va boshqa joriy masalalar bo‘yicha hujjatlari Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari, agar ushbu hujjatlarda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ular imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

7-bob. Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda kuch ishlatishga vakolatli bo‘lgan tuzilmalar, boshqa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi

39-modda. Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorligi

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, Davlat budjetining asosiy parametrlarini va unga o‘zgartirishlarni ishlab chiqadi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi.

Navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi loyihasini Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi.

Vazirlar Mahkamasi Qonunchilik palatasiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzalarni taqdim etadi.

Bosh vazir hukumat a’zolari bilan birgalikda har yarim yilda Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

Qonunchilik palatasi zarur bo‘lgan hollarda o‘z majlislarida Bosh vazirning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini qonunga muvofiq parlament so‘rovi tartibida eshitishi mumkin.

Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi a’zosining o‘z faoliyatiga oid masalalar yuzasidan hisobotini eshitishi mumkin hamda Vazirlar Mahkamasi a’zosining hisobotini eshitish yakunlariga ko‘ra Qonunchilik palatasi uni iste’foga chiqarish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqishi uchun taklif kiritishga haqli.

39-modda. Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorligi (davomi)

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati a’zolari Qonunchilik palatasining majlisida Qonunchilik palatasi deputatlarining savollariga javoblarni taqdim etadi (“Hukumat soati”).

Vazirlar Mahkamasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning qo‘mitalari hamda komissiyalari majlislarida ishtirok etishi mumkin.

Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari tomonidan Vazirlar Mahkamasi yoki uning ayrim a’zolari faoliyatiga taalluqli masalalar qo‘yilgan taqdirda, Bosh vazir shu masalalar yuzasidan zarur tushuntirishlar olish va tushuntirishlar berishga haqli.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalari va komissiyalarining O‘zbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati masalalariga doir tavsiyalari va takliflarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi. Tavsiyalar va takliflarni ko‘rib chiqish natijalari haqida hamda ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tegishli qo‘mitalarini va komissiyalarini kelishilgan muddatda xabardor qiladi.

Qonunchilik palatasining, Senatning O‘zbekiston Respublikasi Hukumati yoki unga bo‘ysunuvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga taalluqli bo‘lgan parlament so‘rovi, Qonunchilik palatasi deputatining, Senat a’zosining shunday so‘rovi yuborilgan Vazirlar Mahkamasi yoki uning a’zosi qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda javob taqdim etishi shart.

39-modda. Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorligi (davomi)

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalarini, boshqa hujjatlarni tayyorlash borasida Vazirlar Mahkamasi tarkibiy bo‘linmalarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaqin hamkorligini ta’minlash, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan qonun ijodkorligi faoliyatidagi hamkorligini tashkil etish, shuningdek qonunlarning ijro etilishi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasining ishtirok etishiga ko‘maklashish uchun Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi Vakolatli vakili faoliyat ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi Vakolatli vakilining huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.

40-modda. Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi bilan hamkorligi

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda uning Administratsiyasi hujjatlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasida bayon etilgan topshiriqlarning samarali ijro etilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi.

Bosh vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini lavozimidan ozod etish to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Vazirlar Mahkamasining ayrim masalalarga doir hujjatlari majburiy tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan majburiy tartibda kelishib olinadigan masalalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi bilan hamkorligi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa masalalar bo‘yicha ham amalga oshiriladi.

41-modda. Vazirlar Mahkamasining sud hokimiyati organlari bilan hamkorligi

Vazirlar Mahkamasi sudlar faoliyatini moddiy-texnika va boshqa jihatdan ta’minlashga ko‘maklashadi.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga uning vakolatiga taalluqli masalalarni ko‘rib chiqish uchun kiritishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisida Bosh vazir va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri ishtirok etishi mumkin.

Bilimingizni sinang

«Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida» qonun — 36-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Vazirlar Mahkamasining sud hokimiyati organlari bilan hamkorligi
  2. Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorligi
  3. Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining turlari
  4. Vazirlar Mahkamasining qarorlari

To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining turlari. 36-modda: Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining turlari.

«Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida» qonun: «Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining turlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 41-modda
  2. 43-modda
  3. 36-modda
  4. 37-modda

To‘g‘ri javob: 36-modda. 36-modda: Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining turlari.

Vazirlar Mahkamasi qanday hujjatlar chiqaradi va ular kimlar uchun majburiy bo‘ladi?
  1. Qarorlar va farmoyishlar; ular O‘zbekistonning butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy
  2. Qarorlar va farmoyishlar; ular faqat Hukumat tizimidagi organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiy, fuqarolar uchun esa tavsiyaviy
  3. Farmonlar va qarorlar; ular O‘zbekistonning butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy
  4. Qarorlar va farmoyishlar; ular O‘zbekistonning butun hududidagi faqat davlat organlari va korxonalar uchun majburiy, fuqarolar uchun emas

To‘g‘ri javob: Qarorlar va farmoyishlar; ular O‘zbekistonning butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy. 36-moddaga ko‘ra, Hukumat butun hududdagi barcha uchun majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari kim tomonidan imzolanadi?
  1. Bosh vazir
  2. Prezident
  3. Qonunchilik palatasi Spikeri
  4. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari

To‘g‘ri javob: Bosh vazir. 36-moddaga ko‘ra, qarorlar va farmoyishlar Bosh vazir tomonidan imzolanadi.

Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi qonunchilikda ko‘rsatilgan sohaga tegishli. Bosh vazir uni darhol imzolamoqchi. Konstitutsiyaviy Qonunga ko‘ra qanday tartib kuzatilishi kerak?
  1. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda imzolanguniga qadar Konstitutsiyaviy sud bilan belgilangan tartibda kelishiladi
  2. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda imzolangandan keyin Prezident Administratsiyasiga ma’lumot uchun yuboriladi, kelishuv talab etilmaydi
  3. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda imzolanguniga qadar Prezident Administratsiyasi bilan belgilangan tartibda kelishiladi
  4. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda imzolanguniga qadar Qonunchilik palatasi bilan belgilangan tartibda kelishiladi

To‘g‘ri javob: Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda imzolanguniga qadar Prezident Administratsiyasi bilan belgilangan tartibda kelishiladi. 36-moddaga ko‘ra, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda hujjatlar imzolanguniga qadar Prezident Administratsiyasi bilan kelishiladi.

Quyidagi hukmlardan qaysi biri Prezidentning Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga nisbatan vakolatini to‘g‘ri ifodalaydi?
  1. Prezident qarorlar va farmoyishlarni, Bosh vazir farmoyishlarini to‘xtatib turishga haqli, ammo bekor qilishga haqli emas
  2. Prezident faqat Bosh vazir farmoyishlarini to‘xtatib turishga yoki bekor qilishga haqli, qarorlarni emas
  3. Prezident qarorlar va farmoyishlarni, Bosh vazir farmoyishlarini to‘xtatib turishga yoki bekor qilishga haqli
  4. Prezident qarorlar va farmoyishlarni Senat roziligi bilan to‘xtatib turishga yoki bekor qilishga haqli

To‘g‘ri javob: Prezident qarorlar va farmoyishlarni, Bosh vazir farmoyishlarini to‘xtatib turishga yoki bekor qilishga haqli. 36-moddaga ko‘ra, Prezident Hukumat qarorlari, farmoyishlari va Bosh vazir farmoyishlarini to‘xtatib turishga, bekor qilishga haqli.

Vazirlar Mahkamasi o‘zi qabul qilgan hujjatlarning bajarilishi ustidan nazoratni qanday amalga oshiradi?
  1. Faqat respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari orqali, bevosita emas
  2. Faqat bevosita, ijro etuvchi hokimiyat organlari ishtirokisiz
  3. Bevosita yoki Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va Senat orqali
  4. Bevosita yoki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari orqali

To‘g‘ri javob: Bevosita yoki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari orqali. 36-moddaga ko‘ra, nazorat bevosita yoki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari orqali amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi hujjatlari qaysi shaklda qabul qilinadi?
  1. Qarorlar shaklida
  2. Farmoyishlar shaklida
  3. Farmonlar shaklida
  4. Bayonnomalar shaklida

To‘g‘ri javob: Qarorlar shaklida. 37-moddaga ko‘ra, normativ-huquqiy tusdagi hujjatlar qarorlar shaklida qabul qilinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiVazirlar Mahkamasining RayosatiKeyingi →Vazirlar Mahkamasining hujjatlari · Vazirlar Mahkamasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligi (2/2)