XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Advokatura to‘g‘risida» qonun · 1–5-m.

Advokatura va uning vazifalari (1/3)

Moddalar

1-modda. Advokatura va uning vazifalari

Advokatura — huquqiy institut bo‘lib, u advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar hamda xususiy advokatlik amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi ayrim shaxslarning mustaqil, ko‘ngilli, kasbiy birlashmalarini o‘z ichiga oladi. Advokatura O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yuridik yordam ko‘rsatadi.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasining advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik

O‘zbekiston Respublikasida advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonundan hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.

3-modda. Advokat

Oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) belgilangan tartibda olgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi O‘zbekiston Respublikasida advokat bo‘lishi mumkin.

Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarning advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Advokat quyidagilardan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas:

ilmiy va pedagogik faoliyat;

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasidagi (bundan buyon matnda Advokatlar palatasi deb yuritiladi) va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyat;

patent vakili va mediator sifatidagi faoliyat;

shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyat;

hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatidagi faoliyat;

sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyat (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishni amalga oshirish bo‘yicha advokatlik faoliyati uchun litsenziya olgan advokatlar uchun).

3¹-modda. Advokat maqomiga ega bo‘lish

Litsenziya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya organlari deb yuritiladi) tomonidan tegishli malaka komissiyalarining qarorlari asosida beriladi.

Advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) litsenziya olish uchun advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hay’atida, yuridik maslahatxonada) kamida uch oy muddat stajirovka o‘tashi kerak hamda malaka imtihonini topshirishi shart.

Davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida, sudya, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lgan shaxs advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etishga haqli.

Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida olti oydan keyin qo‘yiladi.

Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun tegishli adliya organiga uch oy ichida murojaat qilishi kerak. Bu muddatni o‘tkazib yuborgan talabgor litsenziya olish uchun adliya organiga malaka imtihonini takroran topshirganidan keyingina murojaat qilishi mumkin.

Advokatlik faoliyatini litsenziyalash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

3¹-modda. Advokat maqomiga ega bo‘lish (davomi)

Belgilangan tartibda litsenziya olgan talabgor uch oy ichida advokat qasamyodini qabul qilishi va yakka tartibda yoki litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa shaxslar bilan birgalikda advokatlik tuzilmasini tuzishi yoxud faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlik tuzilmalaridan biriga kirishi shart.

Talabgorga advokatlik guvohnomasi advokatlik tuzilmasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki talabgorning faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlik tuzilmasiga kirganligini tasdiqlovchi hujjatlar adliya organi tomonidan olingan paytdan e’tiboran ikki ish kuni ichida beriladi.

Talabgor advokatlik guvohnomasi berilgan kundan e’tiboran advokat maqomini oladi, Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi adliya organi tomonidan bu haqda uch kunlik muddatda xabardor qilinadi. Shunday xabarnoma olingan paytdan e’tiboran advokat Advokatlar palatasining a’zosi bo‘ladi.

Advokatlik guvohnomasining shakli va uni berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

4-modda. Advokatura faoliyatining prinsiplari va tashkiliy shakllari

Advokatura o‘z faoliyatini qonun ustuvorligi, mustaqillik va boshqa demokratik prinsiplar asosida amalga oshiradi.

Belgilangan tartibda litsenziya olgan shaxs advokatlik faoliyatini o‘z advokatlik byurosini ochib, yakka tartibda amalga oshirishga yoxud boshqa advokatlar (sheriklar) bilan advokatlik firmasini yoki a’zolikka asoslangan advokatlar hay’atini tuzishga yoxud faoliyat ko‘rsatayotgan shunday advokatlik tuzilmalaridan biriga kirishga yoki yuridik maslahatxonada ishlagan holda advokatlik faoliyatini amalga oshirishga haqli. Advokat o‘z faoliyatini faqat bitta advokatlik tuzilmasida amalga oshirishga haqli.

Advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlar hay’atlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek yuridik maslahatxonalarni hisobga olish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Advokatlik tuzilmalarining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi, tuzilmasi, shtatlari, vazifalari, mablag‘larni sarflash tartibi, rahbar organlarining vakolatlari, ularni saylash tartibi hamda advokatlik tuzilmalari faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar ularning ustavlari (nizomlari), ta’sis shartnomalari bilan tartibga solinadi.

Advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlar hay’atlari ular ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e’tiboran yuridik shaxs maqomini oladi. Yuridik maslahatxona hisobga olingan kundan e’tiboran o‘z faoliyatini amalga oshirishga haqli.

4-modda. Advokatura faoliyatining prinsiplari va tashkiliy shakllari (davomi)

Advokatlik firmasining yoki advokatlar hay’atining joylashgan yeri yashash uchun mo‘ljallanmagan joyda bo‘lishi kerak.

Advokatlik byurolarini ta’sis etgan advokatlar o‘z faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o‘zlariga tegishli bo‘lgan turar joylarda amalga oshirishi mumkin, bunda advokatga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish maqsadida yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish talab qilinmaydi.

Advokatlik tuzilmalari fuqarolar va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatganlik uchun ulardan tushadigan pul mablag‘lari (daromadlar) hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan ta’minot oladi.

Advokatlar advokatlarning jamoat birlashmalarini tuzishi mumkin.

Advokatlik firmasi va advokatlar hay’ati O‘zbekiston Respublikasi hududida hamda chet davlatlarda ushbu davlatlarning qonunchiligiga muvofiq o‘zining alohida bo‘linmalarini (vakolatxonalari va filiallarini) tashkil etishga haqli. Bunda advokatlik firmasi va advokatlar hay’ati alohida bo‘linmani ochish to‘g‘risidagi qarori haqida adliya organini oldindan xabardor qiladi.

4¹-modda. Advokatlik byurosi

Advokatlik byurosi advokatlik faoliyatini yakka tartibda amalga oshirish uchun advokat tomonidan ta’sis etilgan, notijorat tashkiloti bo‘lgan advokatlik tuzilmasidir.

Advokatlik byurosining ta’sis hujjati muassis tomonidan tasdiqlanadigan ustavidir.

4²-modda. Advokatlik firmasi

Advokatlik firmasi sheriklikka asoslangan va advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun advokatlar tomonidan ta’sis etilgan, notijorat tashkiloti bo‘lgan advokatlik tuzilmasidir.

Advokatlik firmasining ta’sis hujjati uning muassislari tomonidan tasdiqlanadigan ustavdir.

Advokatlik firmasini ta’sis etgan advokatlar oddiy yozma shaklda o‘zaro sheriklik shartnomasini tuzadi. Sheriklik shartnomasiga ko‘ra advokatlar — sheriklar barcha sheriklar nomidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirish majburiyatini oladi.

Sheriklik shartnomasida uning amal qilish muddati, sheriklar tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, boshqaruvchi sherikni saylash tartibi, uning vakolatlari va boshqa muhim shartlar ko‘rsatiladi.

Advokatlik firmasining umumiy ishlarini yuritish, agar sheriklik shartnomasida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, boshqaruvchi sherik tomonidan amalga oshiriladi. Ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) bilan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi bitim (shartnoma) boshqaruvchi sherik yoki barcha sheriklar nomidan ular bergan ishonchnomalar asosida boshqa sherik tomonidan tuziladi. Ishonchnomalarda ishonch bildiruvchi shaxslar (himoya ostidagi shaxslar) va uchinchi shaxslar bilan bitimlar (shartnomalar) hamda kelishuvlar tuzayotgan sherik vakolatlarining barcha cheklovlari ko‘rsatiladi. Mazkur cheklovlar ishonch bildiruvchi shaxslar (himoya ostidagi shaxslar) va uchinchi shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

4²-modda. Advokatlik firmasi (davomi)

Sheriklik shartnomasi quyidagi hollarda tugatiladi:

sheriklik shartnomasining amal qilish muddati tugaganda;

sheriklardan biri bo‘lgan advokatning maqomi tugatilganda yoki to‘xtatib turilganda, agar sheriklik shartnomasida boshqa sheriklar o‘rtasidagi munosabatlarda ushbu shartnomaning kuchda qolishi nazarda tutilmagan bo‘lsa;

sheriklardan birining talabiga ko‘ra sheriklik shartnomasi bekor qilinganda, agar sheriklik shartnomasida boshqa sheriklar o‘rtasidagi munosabatlarda ushbu shartnomaning kuchda qolishi nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Sheriklik shartnomasi tugatilgan paytdan e’tiboran uning ishtirokchilari ishonch bildiruvchi shaxslarga (himoya ostidagi shaxslarga) va uchinchi shaxslarga nisbatan ijro etilmagan umumiy majburiyatlar bo‘yicha solidar tartibda javobgar bo‘ladilar.

Sheriklardan biri sheriklik shartnomasidan chiqqanda u o‘zi yuridik yordam ko‘rsatgan barcha ishlar bo‘yicha ish yuritishni boshqaruvchi sherikka topshirishi shart.

Sheriklik shartnomasidan chiqqan advokat sheriklik shartnomasida o‘zi ishtirok etgan davrda yuzaga kelgan umumiy majburiyatlar bo‘yicha ishonch bildiruvchi shaxslar (himoya ostidagi shaxslar) va uchinchi shaxslar oldida javobgar bo‘ladi.

Sheriklik shartnomasi tugatilganidan keyin advokatlar yangi sheriklik shartnomasini tuzishlari shart. Agar yangi sheriklik shartnomasi avvalgi sheriklik shartnomasining amal qilishi tugatilgan kundan e’tiboran bir oy ichida tuzilmasa, advokatlik firmasi advokatlik tuzilmasining boshqa shakliga o‘zgartirilishi yoki tugatilishi kerak.

4²-modda. Advokatlik firmasi (davomi)

Sheriklik shartnomasi tugatilgan paytdan e’tiboran va advokatlik firmasi advokatlik tuzilmasining boshqa shakliga o‘zgartirilguniga qadar yoxud yangi sheriklik shartnomasi tuzilguniga qadar advokatlar yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida bitimlar (shartnomalar) tuzishga haqli emas.

4³-modda. Advokatlar hay’ati

Advokatlar hay’ati a’zolikka asoslangan va advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun advokatlar tomonidan ta’sis etilgan, notijorat tashkiloti bo‘lgan advokatlik tuzilmasidir.

Advokatlar hay’atining ta’sis hujjatlari uning muassislari tomonidan tasdiqlanadigan ustav hamda ular tomonidan tuziladigan ta’sis shartnomasidir.

Ta’sis shartnomasida muassislar advokatlar hay’atiga o‘z mol-mulkini o‘tkazish shartlarini, ushbu hay’at faoliyatida ishtirok etish tartibini, advokatlar hay’atiga yangi a’zolarni qabul qilish, muassislarning (a’zolarning) uning tarkibidan chiqish tartibi va shartlarini, shuningdek advokatlar hay’ati muassislarining (a’zolarining) huquq va majburiyatlarini belgilaydi.

Advokatlar hay’atlari tarkibidagi a’zolar soni o‘ntadan kam bo‘lmasligi kerak.

Advokatlar hay’atida yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimlar (shartnomalar) advokat va ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) o‘rtasida tuziladi hamda advokatlar hay’atining hujjatlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Advokatlar hay’ati yuridik yordam ko‘rsatish uchun o‘zi turgan yerdan tashqarida joylashgan filiallar tuzishga haqli.

4⁴-modda. Yuridik maslahatxona

Yuridik maslahatxona — advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etiladigan va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan advokatlik tuzilmasi.

Yuridik maslahatxona tegishli hududda yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun advokatlik tuzilmalarining soni yetarli bo‘lmagan hollarda Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etiladi.

Tegishli hududlardagi yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyoj O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi tomonidan tasdiqlanadigan normativlarga muvofiq aniqlanadi.

Yuridik maslahatxonaning moddiy-texnika ta’minoti tartibi va shartlari, yuridik maslahatxonalarga ishlash uchun yuborilgan advokatlar uchun xizmat xonalari va zarurat bo‘lganda, turar joylar ajratish bilan bog‘liq masalalar Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan tuman, shahar hokimligi bilan birgalikda hal qilinadi.

Yuridik maslahatxona Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga asosan ish olib boradi.

5-modda. Advokatlik faoliyatining turlari

Jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida advokat:

huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonunchilik yuzasidan og‘zaki va yozma ma’lumotnomalar beradi;

huquqiy xususiyatdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzadi;

fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlari hamda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sudda, boshqa davlat organlarida, jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshiradi;

jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv, dastlabki tergov bosqichida va sudda himoyachi, jabrlanuvchining vakili, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etadi;

tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat ko‘rsatadi.

hakamlik sudida va xalqaro tijorat arbitrajida (sudida) vakillikni amalga oshiradi.

Advokat qonunchilikda man etilmagan boshqa turdagi yuridik yordam ham ko‘rsatishi mumkin.

Bilimingizni sinang

«Advokatura to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, advokatura qanday huquqiy institut sifatida ta’riflanadi?
  1. Tadbirkorlik subyektlarining mustaqil, ixtiyoriy, tijoriy birlashmalarini o‘z ichiga olgan, davlat tomonidan tashkil etiladigan institut
  2. Davlat organlari xodimlarining majburiy kasbiy uyushmalarini o‘z ichiga olgan va Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadigan institut
  3. Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning mustaqil, ko‘ngilli, kasbiy birlashmalarini o‘z ichiga olgan institut
  4. Faqat sudyalar va prokurorlarning mustaqil, ixtiyoriy kasbiy birlashmalarini o‘z ichiga olgan jamoat institutlari tizimi

To‘g‘ri javob: Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning mustaqil, ko‘ngilli, kasbiy birlashmalarini o‘z ichiga olgan institut. 1-moddaga ko‘ra advokatura mustaqil, ko‘ngilli, kasbiy birlashmalarni o‘z ichiga oladi.

Advokatura to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, advokatura kimlarga yuridik yordam ko‘rsatadi?
  1. Faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga hamda ularning korxonalariga va tashkilotlariga
  2. Fuqarolarga, ajnabiy fuqarolarga hamda davlat organlariga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga esa emas
  3. Faqat yuridik shaxslarga, davlat organlariga hamda xorijiy fuqarolarga, ammo fuqarolarga emas
  4. Fuqarolar, ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga hamda korxona, muassasa, tashkilotlarga

To‘g‘ri javob: Fuqarolar, ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga hamda korxona, muassasa, tashkilotlarga. 1-moddada yuridik yordam fuqarolar, ajnabiylar, fuqaroligi bo‘lmaganlar va tashkilotlarga ko‘rsatilishi belgilangan.

«Advokatura to‘g‘risida» qonun — 2-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. O‘zbekiston Respublikasining advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik
  2. Advokatlar hay’ati
  3. Advokatning stajyori
  4. Advokatlik faoliyatining turlari

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasining advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik. 2-modda: O‘zbekiston Respublikasining advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik.

«Advokatura to‘g‘risida» qonun: «O‘zbekiston Respublikasining advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik» qaysi moddada belgilangan?
  1. 5-modda
  2. 4³-modda
  3. 2-modda
  4. 8¹-modda

To‘g‘ri javob: 2-modda. 2-modda: O‘zbekiston Respublikasining advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik.

O‘zbekiston Respublikasida advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik nimalardan iborat?
  1. Faqat Konstitutsiyadan hamda Prezident farmonlaridan
  2. Ushbu Qonundan hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlaridan
  3. Advokatlar palatasining ichki nizomlari va ustavlaridan
  4. Ushbu Qonundan hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan

To‘g‘ri javob: Ushbu Qonundan hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan. 2-moddaga ko‘ra advokatura qonunchiligi shu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.

Quyidagi shaxslardan qaysi birining advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi?
  1. Ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxsning
  2. Mediator sifatida ishlayotgan shaxsning
  3. Advokatlar palatasida ishlayotgan shaxsning
  4. Sudlanganligi olib tashlanmagan shaxsning

To‘g‘ri javob: Sudlanganligi olib tashlanmagan shaxsning. 3-moddaga ko‘ra sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Advokat haq to‘lanadigan qaysi faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli?
  1. Savdo korxonasida direktor lavozimida ishlash
  2. Bank kredit bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlash
  3. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish
  4. Ilmiy va pedagogik faoliyat

To‘g‘ri javob: Ilmiy va pedagogik faoliyat. 3-moddada ilmiy va pedagogik faoliyat istisno sifatida ruxsat etilgan faoliyatlar qatoriga kiradi.

Advokat Karimov litsenziya olgach, universitetda haq evaziga dars berishni ham, xususiy savdo kompaniyasida menejer bo‘lib ishlashni ham rejalashtirmoqda. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Dars berishi mumkin emas, kompaniyada menejer bo‘lib ishlashi mumkin
  2. Ikkala faoliyat bilan ham shug‘ullanishi mumkin, adliya organi ruxsati bilan
  3. Dars berishi mumkin, kompaniyada menejer bo‘lib ishlashi mumkin emas
  4. Ikkala faoliyat bilan ham shug‘ullanishi mumkin emas, faqat advokatlik bilan

To‘g‘ri javob: Dars berishi mumkin, kompaniyada menejer bo‘lib ishlashi mumkin emas. Advokat ilmiy-pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi (3-modda).

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
Keyingi →Advokatning huquqlari (2/3)