XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Advokatura to‘g‘risida» qonun · 12¹–17-m.

Advokatlar palatasi (3/3)

Moddalar

12¹-modda. Advokatlar palatasi

Advokatlar palatasi O‘zbekiston Respublikasi barcha advokatlarining majburiy a’zoligiga asoslangan notijorat tashkilotidir.

Advokatlar palatasi o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy boshqarmalari bilan birgalikda advokaturaning yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimini tashkil etadi.

Advokatlar palatasi advokatlarning qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashmaslik prinsipi asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Advokatlar palatasining vazifalari va vakolatlariga o‘xshash vazifalar va vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa tashkilotlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Advokatlar Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, advokatlarning majburiyatlari bo‘yicha esa, Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari javob bermaydi.

Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha advokatlik tuzilmalari va advokatlar uchun majburiydir.

Advokatlar palatasi faoliyatini moliyalashtirish Advokatlar palatasi Konferensiyasi tomonidan miqdori belgilanadigan kirish va a’zolik badallari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

12²-modda. Advokatlar palatasining asosiy vazifalari

Advokatlar palatasining asosiy vazifalari quyidagilardir:

advokatlik tuzilmalarining faoliyatini markazlashtirilgan holda muvofiqlashtirib borish;

advokaturani yanada rivojlantirishga, uning obro‘-e’tiborini oshirishga, advokaturaning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi rolini kuchaytirishga ko‘maklashish;

aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot chora-tadbirlarni amalga oshirish;

qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, huquqiy tartibga solishning yaxlitligini hamda qonunchilik normalarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga doir takliflar kiritish;

advokatura faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, ular yuzasidan takliflar tayyorlash;

advokatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, shu jumladan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan munosabatlarda, shuningdek sudda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;

advokatlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ta’qiblardan, cheklashlar va tajovuzlardan himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;

advokatlarning kasbiy tayyorgarligi va malaka oshirishini tashkil etish;

aholining yuridik yordamdan foydalana olish imkoniyatini tumanlar va shaharlarda yuridik maslahatxonalar tashkil etish orqali ta’minlash;

advokatura faoliyati to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni to‘plash va o‘rganish, advokatlarning ijobiy ish tajribasini ommalashtirish, advokatlik tuzilmalariga uslubiy yordam ko‘rsatish;

12²-modda. Advokatlar palatasining asosiy vazifalari (davomi)

advokatlar tomonidan qonunchilikka, Advokatning kasb etikasi qoidalariga, advokatlik siri va advokat qasamyodiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Advokatlar palatasi qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

12³-modda. Advokatlar palatasining organlari va mansabdor shaxslari

Advokatlar palatasining Konferensiyasi palataning yuqori organi bo‘lib, kamida besh yilda bir marta chaqiriladi.

Advokatlar palatasi Boshqaruvi Advokatlar palatasining advokatlar orasidan saylanadigan ijro etuvchi organi bo‘lib, palataning faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiradi.

Advokatlar palatasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Advokatlar palatasining Konferensiyasi tomonidan ushbu Konferensiya saylagan Advokatlar palatasi Boshqaruvi a’zolari orasidan besh yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq Advokatlar palatasining raisi bo‘lishi mumkin emas.

Advokatlar palatasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini muhokama qilish bo‘yicha majlislarida ishtirok etishga va ular yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishga haqlidir.

Advokatlar palatasining raisini lavozimidan muddatidan oldin chaqirib olish Advokatlar palatasining ustavida belgilangan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Advokatlar palatasining Konferensiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Advokatlar palatasining taftish komissiyasi Advokatlar palatasining moliyaviy nazorat organi hisoblanadi va advokatlar orasidan saylanadi.

12⁴-modda. Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari

Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari yuridik shaxs bo‘lib, Advokatlar palatasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalarining rahbarlari Advokatlar palatasining raisi tomonidan lavozimga (tegishli hududda faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlar orasidan) tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

13-modda. Malaka komissiyalari

Zarur bilimlar va kasbiy malakalarga ega bo‘lgan shaxslarga litsenziyalar berish to‘g‘risidagi masalani hal etish, advokat qasamyodini qabul qilish maqsadida, shuningdek advokatlarga nisbatan intizomiy ish yuritishni olib borish uchun Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzurida malaka komissiyalari tuziladi.

Malaka komissiyalari hamkasblari orasida hurmatga sazovor bo‘lgan advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalarining va adliya organlarining qo‘shma qarorlari bilan tuziladi.

Malaka komissiyalarining qarorlari ustidan keltirilgan apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish, malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun Advokatlar palatasi huzurida Oliy malaka komissiyasi tuziladi. Oliy malaka komissiyasining tarkibi hamkasblari orasida hurmatga sazovor bo‘lgan advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda Advokatlar palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi.

Malaka komissiyalarining vakolatlari va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Advokatlar palatasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

13¹-modda. Advokat maqomini to‘xtatib turish

Advokat maqomini to‘xtatib turish malaka komissiyalarining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

advokat advokatlik faoliyati bilan birga olib borib bo‘lmaydigan doimiy lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda — ish davriga;

ta’lim muassasalariga, shu jumladan kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kurslariga o‘qishga kirganda — o‘qish davriga, biroq ko‘pi bilan uch yilga;

homiladorlik va tug‘ish, uch yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilish bo‘yicha ta’tillar berilganda — ta’til vaqtiga;

advokat yoki uning yaqin qarindoshi og‘ir kasalligi sababli vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik tufayli tibbiy xulosa taqdim etilganda — sog‘ayguncha, biroq ko‘pi bilan bir yilga;

advokat qonunchilikda belgilangan tartibda bedarak yo‘qolgan deb topilganda — bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinguniga qadar bo‘lgan davrga;

advokat harbiy xizmatga chaqirilganda — harbiy xizmatni o‘tash davriga;

sud tomonidan advokatga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, agar sudning mazkur qarori ushbu Qonunning 16-moddasiga muvofiq litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos bo‘lmasa, — tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari sud tomonidan bekor qilinguniga qadar yoki o‘zgartirilguniga qadar bo‘lgan davrga;

ushbu Qonunning 15-moddasiga muvofiq litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilganda — litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan davrga;

13¹-modda. Advokat maqomini to‘xtatib turish (davomi)

advokatlik tuzilmasi tugatilganda yoki advokat undan chiqqanida — advokat tomonidan uch oydan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladigan boshqa advokatlik tuzilmasi tashkil etilguniga qadar yoxud mavjud advokatlik tuzilmalaridan biriga kirguniga qadar bo‘lgan davrga.

Advokatda advokatlik faoliyati bilan bir oydan ortiq muddatga shug‘ullanishdan ozod qilinishiga qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo‘lganda, advokatning maqomi uning arizasiga binoan bunday ozod qilinish muddatiga to‘xtatib turilishi mumkin.

Advokatlik maqomini to‘xtatib turish haqidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran advokat maqomi to‘xtatiladi.

Adliya organi uch kunlik muddat ichida advokatning guvohnomasini olib qo‘yadi, bundan advokat bedarak yo‘qolgan deb topilgan hol mustasno va Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga advokat maqomi to‘xtatilganligi haqida xabar beradi. Advokat maqomining to‘xtatib turilishi advokatning Advokatlar palatasiga a’zoligi to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.

Advokat maqomining to‘xtatib turilishi mazkur advokatga nisbatan qonunda nazarda tutilgan kafolatlarning amal qilishi to‘xtatilishiga olib keladi, ushbu Qonun 10-moddasining uchinchi — beshinchi qismlarida hamda “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan kafolatlar bundan mustasno.

13¹-modda. Advokat maqomini to‘xtatib turish (davomi)

Advokat maqomi to‘xtatib turilgan shaxs advokat maqomini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan hollar tugatilganidan keyin uch oy ichida advokatlik faoliyatiga kirishishi kerak. Mazkur talabni bajarmaslik litsenziyaning amal qilishi ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan tartibda tugatilishiga sabab bo‘ladi.

14-modda. Advokatning intizomiy javobgarligi

Advokat tomonidan advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi buzilganligi unga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Intizomiy ish yuritish malaka komissiyalarining yoki Oliy malaka komissiyasining qarori bilan qo‘zg‘atiladi.

Intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

advokatura to‘g‘risidagi qonunchilikning, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik sirining va advokat qasamyodining advokat tomonidan buzilishi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi yoki adliya organi tomonidan aniqlanganligi;

advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan jismoniy yoki yuridik shaxslarning murojaatlari;

sudning advokatga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi.

Intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha advokatga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin:

ogohlantirish (malaka komissiyasining qaroriga asosan);

litsenziyaning amal qilishini olti oygacha muddatga to‘xtatib turish (ushbu Qonun 15-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilariga muvofiq);

litsenziyaning amal qilishini tugatish (ushbu Qonun 16-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilariga muvofiq).

Malaka komissiyasi tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar advokat intizomiy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan shikoyatni bergan shaxs bilan yarashuv choralarini ko‘rishga haqli.

14-modda. Advokatning intizomiy javobgarligi (davomi)

Advokatlik tuzilmalari mehnat intizomini buzganlik uchun advokatga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli.

Advokatga nisbatan intizomiy jazo nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin, moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijalari bo‘yicha esa, advokat tomonidan nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan e’tiboran ikki yil o‘tganidan keyin qo‘llanilishi mumkin emas.

15-modda. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish

Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish advokat jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan boshlab va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar advokatga guvohnoma bergan adliya organining qarori bilan amalga oshiriladi.

Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish advokatga guvohnoma bergan adliya organining yoki Advokatlar palatasining murojaatiga ko‘ra ma’muriy sudning qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

Advokatlar palatasi hududiy boshqarmasining yoki adliya organining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan, shu jumladan advokatning zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydigan qarorlari advokat tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda;

advokat tomonidan advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi buzilganligi aniqlanganda.

Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish muddati olti oydan oshishi mumkin emas, bundan advokat jinoyat ishida ishtirok etishga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hol mustasno. Litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni, agar ular bartaraf etib bo‘lmaydigan xususiyatga ega bo‘lmasa, ko‘rsatilgan muddatda bartaraf etishi shart.

15-modda. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish (davomi)

Adliya organining litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish advokat maqomining to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.

16-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish

Litsenziyaning amal qilishini tugatish advokatga guvohnoma bergan adliya organining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

advokat litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etganda, agar ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) buni talab qilsa, ilgari qabul qilingan topshiriqni bajarib bo‘lganidan so‘ng;

agar litsenziya berish uchun qaror qabul qilinganligi to‘g‘risida bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan e’tiboran uch oy ichida talabgor litsenziya berganlik uchun davlat boji to‘lovini amalga oshirmagan bo‘lsa;

ushbu Qonun 3¹-moddasining yettinchi qismida va 13¹-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan talablar bajarilmaganda;

advokatning muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

advokat O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda;

advokat vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda.

Litsenziyaning amal qilishini tugatish ma’muriy sud tomonidan Oliy malaka komissiyasining xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining murojaatiga ko‘ra quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

advokat kasbiga doir vazifalarini olti oy mobaynida uzrsiz sabablarga ko‘ra bajarmaganda;

litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda;

16-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish (davomi)

litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorning g‘ayriqonuniy ekanligi aniqlanganda;

litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilishiga olib kelgan holatlarni sud tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;

advokat tomonidan advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzilganda, advokatning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda advokaturaning obro‘sini tushiradigan qilmish sodir etilganda.

Litsenziyaning amal qilishini tugatish qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham ma’muriy sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran amalga oshiriladi.

Adliya organining litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Litsenziyaning amal qilishini tugatish advokat maqomining tugatilishiga sabab bo‘ladi.

Adliya organi uch kunlik muddatda Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasini advokatning maqomi tugatilganligi haqida xabardor qiladi, shuningdek tegishli xabarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi. Advokat maqomining tugatilishi advokatning Advokatlar palatasiga a’zoligi tugatilishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu modda ikkinchi qismining beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra litsenziyasining amal qilishi tugatilgan shaxs uch yil mobaynida talabgor bo‘lishga haqli emas.

17-modda. Advokatura va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida:

advokatlik tuzilmalari va Advokatlar palatasining faoliyatiga ko‘maklashadi;

advokatura faoliyati to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni o‘rganadi;

advokatlarning malakasini oshirishga doir tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi;

advokatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga, shuningdek advokatlik tuzilmalari tomonidan ta’sis hujjatlariga, ustavda belgilangan faoliyatiga, qayta ro‘yxatdan o‘tish va tugatish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;

order shaklini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hammaning foydalanishi uchun ochiq bo‘lgan Advokatlarning yig‘ma davlat reyestrini yuritadi. Adliya organlari advokatlarning tegishli davlat reyestrlarini yuritadi. Advokatlarning yig‘ma davlat reyestrini hamda advokatlarning davlat reyestrini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1996-yil 27-dekabr,

349-I-son

Bilimingizni sinang

«Advokatura to‘g‘risida» qonun — 12¹-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Advokatlar palatasining asosiy vazifalari
  2. Advokatlar palatasining organlari va mansabdor shaxslari
  3. Advokatlar palatasi
  4. Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari

To‘g‘ri javob: Advokatlar palatasi. 12¹-modda: Advokatlar palatasi.

«Advokatura to‘g‘risida» qonun: «Advokatlar palatasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 12³-modda
  2. 12²-modda
  3. 12¹-modda
  4. 12⁴-modda

To‘g‘ri javob: 12¹-modda. 12¹-modda: Advokatlar palatasi.

Advokatlar palatasi qanday tashkilot hisoblanadi?
  1. Advokatlarning ixtiyoriy a’zoligiga asoslangan tijorat tashkiloti
  2. Adliya vazirligi tizimidagi davlat organi
  3. Barcha advokatlarning majburiy a’zoligiga asoslangan notijorat tashkiloti
  4. Faqat advokatlik firmalarining sheriklik birlashmasi

To‘g‘ri javob: Barcha advokatlarning majburiy a’zoligiga asoslangan notijorat tashkiloti. 121-moddaga ko‘ra Palata barcha advokatlarning majburiy a’zoligiga asoslangan notijorat tashkilotidir.

Advokatlar palatasi bank oldidagi qarzini to‘lay olmadi va bank advokat Karimovdan qarzni undirishni talab qildi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Karimov Palata majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javob beradi
  2. Karimov Palata majburiyatlari bo‘yicha javob beradi, chunki u a’zo
  3. Karimov faqat o‘z hududiy boshqarmasi bo‘yicha javob beradi
  4. Karimov Palata majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi

To‘g‘ri javob: Karimov Palata majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi. Advokatlar Palata va uning hududiy boshqarmalarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi (121-modda).

Advokatlar palatasi faoliyatini moliyalashtirish qaysi manbalar hisobidan amalga oshiriladi?
  1. Davlat budjeti mablag‘lari hamda Adliya vazirligi belgilaydigan majburiy badallar va boshqa mablag‘lar
  2. Konferensiya miqdorini belgilaydigan kirish va a’zolik badallari hamda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar
  3. Advokatlik tuzilmalari foydasidan ajratmalar hamda Vazirlar Mahkamasi belgilagan badallar va subsidiyalar
  4. Adliya vazirligi ajratadigan subsidiyalar hamda hokimliklar belgilaydigan a’zolik badallari va grantlar

To‘g‘ri javob: Konferensiya miqdorini belgilaydigan kirish va a’zolik badallari hamda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar. 121-moddaga ko‘ra Palata Konferensiya belgilagan kirish va a’zolik badallari hisobidan moliyalashtiriladi.

Advokatlar palatasi qaysi prinsip asosida faoliyat ko‘rsatadi?
  1. Advokatlarning faoliyatiga aralashmaslik prinsipi
  2. Advokatlarni markazlashgan holda boshqarish prinsipi
  3. Advokatlar daromadini taqsimlash prinsipi
  4. Advokatlarning faoliyatini rejalashtirish prinsipi

To‘g‘ri javob: Advokatlarning faoliyatiga aralashmaslik prinsipi. Palata advokatlarning qonuniy faoliyatiga aralashmaslik prinsipi asosida ishlaydi (121-modda).

«Advokatura to‘g‘risida» qonun — 12²-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Malaka komissiyalari
  2. Advokatning intizomiy javobgarligi
  3. Advokatlar palatasi
  4. Advokatlar palatasining asosiy vazifalari

To‘g‘ri javob: Advokatlar palatasining asosiy vazifalari. 12²-modda: Advokatlar palatasining asosiy vazifalari.

«Advokatura to‘g‘risida» qonun: «Advokatlar palatasining asosiy vazifalari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 12²-modda
  2. 12¹-modda
  3. 14-modda
  4. 13-modda

To‘g‘ri javob: 12²-modda. 12²-modda: Advokatlar palatasining asosiy vazifalari.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAdvokatning huquqlari (2/3)