XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 1-§.

Biologiya – hayot haqidagi fan

Mavzular

Biologiya nimani o‘rganadi

Biologiya Yerdagi hayotning barcha ko‘rinishlarini, uning turli darajadagi: molekula, hujayra, organizm, populatsiya (tur), biogeosenoz (ekosistema), biosfera darajasidagi tizimlarning barcha xossalarini o‘rganadi.

Biologiyaning asosiy maqsadi tirik mavjudotlarning tuzilishi, o‘ziga xos xususiyatlari, ko‘payishi, rivojlanishi, kelib chiqishi, tabiiy jamoalarda va yashash muhiti bilan o‘zaro munosabatlarini o‘rganishdir.

Biologiya atamasi fransuz olimi J. B. Lamark va nemis olimi G. R. Treviranus tomonidan fanga kiritilgan bo‘lib, «bios» – hayot, «logos» – fan degan ma’noni bildiradi.

Biologiya nimaga bog‘liq

Insonlar salomatligini saqlash, turli kasalliklarni davolash va ularning oldini olish, inson umrini uzaytirish, tabiatdagi noyob o‘simliklar va hayvon turlarini muhofaza qilish, hosildor o‘simlik navlari, mahsuldor hayvon zotlari, yangi xususiyatli mikroorganizm shtammlarini yaratish, insoniyatni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash kabi muhim muammolarni hal etish biologiyaning rivojiga bog‘liq.

Hozirgi kunda insoniyat jamiyatining taraqqiyot darajasi biologiya fani rivojiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Biologiya fanining tarmoqlari

Biologiya fanining tarmoqlari. Biologiya fundamental va kompleks fan hisoblanadi. Fundamental fan deyilishiga sabab, biologiya tibbiyot, psixologiya, agronomiya, oziq-ovqat sanoati, farmokologiya uchun nazariy asos bo‘lsa, kompleks fan sifatida esa ko‘plab tarmoq fanlarni o‘z ichiga oladi.

Tekshirish obyektiga ko‘ra biologiya fani bir qancha sohalarga bo‘linadi. Botanika – o‘simliklar, zoologiya – hayvonlar, mikrobiologiya – mikroorganizmlar, mikologiya – zamburug‘lar, gidrobiologiya – suv muhitidagi organizmlar, paleontologiya – qazilma holdagi organizmlar, ekologiya esa organizm va muhit orasidagi munosabat to‘g‘risidagi fan hisoblanadi.

Tarmoq va chegaradosh fanlar

Biologiya tirik organizmlarning ayrim jihatlarini tekshirish bo‘yicha ham turli fanlarga ajraladi. Anatomiya – organizmlar organlari tuzilishini, fiziologiya esa funksiyasini, embriologiya – murtak (embrion) rivojlanishini, sistematika – organizmlarning sistematik guruhlarini, o‘zaro qarindoshlik munosabatlarini, etologiya – hayvonot olamining xulq-atvorini tadqiq etadi.

Biologiyaning ba’zi sohalari boshqa tabiiy fanlar hamkorligida paydo bo‘lgan. Biologik sistemalarda ro‘y beradigan fizik jarayonlarni biofizika, organizmlarning kimyoviy tarkibi, ulardagi kimyoviy jarayonlarni biokimyo, tirik organizmlarning yer yuzida tarqalish qonuniyatlarini biogeografiya fani o‘rganadi. Bionika organizmlar hayot faoliyatining o‘ziga xos jihatlari va tuzilishini asos qilib texnik sistemalar yaratishni, biotexnologiya esa tirik organizmlardagi biologik jarayonlarni ishlab chiqarish korxonalarida qo‘llashni maqsad qilib qo‘yadi.

Kuzatish metodi

Biologiya fanining ilmiy tadqiqot metodlari. Biologiyada tirik organizmlarning hayotiy xossalarini o‘rganish uchun quyidagi metodlardan foydalaniladi.

Kuzatish metodi. Organizmlar va ularni o‘rab turgan atrof-muhitda ro‘y beradigan hodisalarni kuzatish, tasvirlash va tahlil qilish imkonini beradi. Bu metod qadim zamonlardan boshlab olimlar tomonidan daliliy materiallar yig‘ish va uni tavsiflash uchun keng qo‘llanilgan. XVIII asrda bu metod yordamida biolog olimlar hayvonlar va o‘simliklarni ta’riflash, tasvirlash va to‘plangan materiallarni tartibga solish bilan shug‘ullangan.

Taqqoslash metodi

Taqqoslash metodi. Turli biologik tizimlarning tuzilishi, funksiyasi, tarkibiy qismlardagi o‘xshashlik va farqlar taqqoslash metodi yordamida o‘rganiladi. Mazkur metoddan sistematika, morfologiya, anatomiya, paleontologiya, embriologiya fanlarida foydalaniladi. Taqqoslash metodi yordamida hujayra nazariyasi, biogenetik qonun, irsiy o‘zgaruvchanlikning gomologik qatorlar qonuni kashf etilgan.

XVIII asrdan boshlab keng qo‘llanila boshlangan bu metod biologik obyektlar, hodisa va jarayonlar o‘rtasidagi o‘xshashlik hamda farqlarni aniqlash orqali ularning mohiyatini ochishga imkon yaratdi.

Tarixiy va eksperimental metod

Tarixiy metod. Mazkur metod turli sistematik guruhlarning evolutsion jarayonda paydo bo‘lishi, takomillashishini dalillar yordamida tushunish va ularni avvaldan mavjud bo‘lgan dalillar bilan qiyoslash, organizmlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, ularning tuzilishi va funksiyalarining murakkablashib borish qonuniyatlarini bilib olishga imkon beradi. Shu orqali organizmlarning paydo bo‘lishi va tarixiy taraqqiyoti qonuniyatlarini asoslab berish mumkin. Tarixiy metod turli era va davrlarda organizmlarning paydo bo‘lishi va organik olam evolutsiyasini o‘rganishda qo‘llaniladi.

Eksperimental (tajriba) metodi. Maxsus tashkil etilgan sharoitda tirik organizmlar tuzilishi, hayot jarayonlarini o‘rganish eksperimental metod orqali amalga oshiriladi. Bu metod organizmlar xatti-harakati, tuzilishi, xossalari mohiyatini tajribalar yordamida chuqurroq tadqiq qilish imkonini beradi. G. Mendelning irsiylanish qonuniyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ishlari fanda tajriba usulini qo‘llashning yorqin namunasidir. Biologik tadqiqotlar uchun zamonaviy asbob-uskunalarning paydo bo‘lishi bu usuldan keng foydalanish imkonini berdi.

Modellashtirish va muammolar

Modellashtirish metodi. Biologik tadqiqotlarda tobora keng qo‘llanilayotgan modellashtirish metodining mohiyati tirik tabiatdagi hodisalar va ularning jihatlarini matematik belgilarga aylantirib, model tarzida qayta tiklab o‘rganishdan iborat. Biologik jarayonlarni, evolutsiyaning turli yo‘nalishlarini, ekosistemalar hamda biosferaning rivojlanishini kompyuterda modellashtirish orqali ro‘y berishi mumkin bo‘lgan voqea-hodisalarni oldindan bilish imkoni yaratildi.

Biologiya fanining muammolari. Biologiya fanida hali o‘z yechimini topmagan bir qancha muammolar mavjud. Hayotning, odamning paydo bo‘lishi, bosh miya faoliyati mexanizmlarini o‘rganish orqali tafakkur va xotira qonuniyatlarini anglash, embrional taraqqiyotda genetik axborot asosida to‘qima, organlar va organizm rivojlanishini o‘rganish shular jumlasidan.

Oziq-ovqat va irsiy kasalliklar

Dunyo aholisining soni yildan yilga ortib bormoqda. Binobarin, biologiya fani oldida turgan muhim vazifalardan biri insonlarning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan nazariy va amaliy muammolarni hal etishdan iborat. Bu sohada seleksiyada ko‘p yillardan beri qo‘llanib kelinayotgan duragaylash, tanlash metodlaridan tashqari, gen muhandisligi – genlarni sintez qilish, ko‘chirib o‘tkazish, somatik hujayralarni duragaylash, allofen – organizmlar yetishtirish va boshqa metodlardan foydalanish nihoyatda samarali bo‘ladi.

Insonlardagi irsiy kasalliklarni o‘rganish, ularning oldini olish choralarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish nihoyatda muhim sanaladi. Bu muammoni ijobiy hal etish gen muhandisligi va biotexnologiya sohalarining rivoji bilan uzviy bog‘liq.

Ekologiya va chiqindilar

Hozirgi vaqtda eng xavfli hodisalardan biri ekologik muhitning yomonlashayotganligi hisoblanadi. Bu ayniqsa, inson uchun nihoyatda foydali bo‘lgan o‘simlik va hayvon turlarining yildan yilga kamayib ketayotganligida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Biologiya fani oldida turgan muammolardan biri hayvonlar, o‘simliklar genofondini saqlash usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishdan iborat.

Ilmiy-texnika taraqqiyoti, qishloq xo‘jaligi va shaxsiy hayotda turli kimyoviy moddalardan foydalanish natijasida tobora ortib borayotgan sanoat, transport va maishiy chiqindilarni qayta ishlash, tabiat ifloslanishining oldini olish muhim vazifa hisoblanadi.

Bilimingizni sinang

Biologiya atamasini fanga qaysi olimlar kiritgan?
  1. K. Linney va J. Kyuve
  2. J. B. Lamark va G. R. Treviranus
  3. Ch. Darvin va A. Uolles
  4. G. Mendel va T. Morgan

To‘g‘ri javob: J. B. Lamark va G. R. Treviranus. Atamani fransuz olimi J. B. Lamark va nemis olimi G. R. Treviranus fanga kiritgan.

Biologiya atamasidagi «bios» va «logos» so‘zlari mos ravishda nimani anglatadi?
  1. hayot – fan
  2. tabiat – fan
  3. tana – ta’limot
  4. hayot – tabiat

To‘g‘ri javob: hayot – fan. «bios» – hayot, «logos» – fan degan ma’noni bildiradi.

Mikologiya fani qaysi organizmlarni o‘rganadi?
  1. Suv muhitidagi organizmlarni
  2. Zamburug‘larni
  3. Mikroorganizmlarni
  4. Qazilma holdagi organizmlarni

To‘g‘ri javob: Zamburug‘larni. Mikologiya zamburug‘larni, mikrobiologiya mikroorganizmlarni, gidrobiologiya suv organizmlarini o‘rganadi.

Hayvonot olamining xulq-atvorini tadqiq etuvchi fan qaysi?
  1. Etologiya
  2. Fiziologiya
  3. Embriologiya
  4. Sistematika

To‘g‘ri javob: Etologiya. Hayvonlar xulq-atvorini etologiya o‘rganadi.

Biologik sistemalarda ro‘y beradigan fizik jarayonlarni qaysi fan o‘rganadi?
  1. Biogeografiya
  2. Biofizika
  3. Biokimyo
  4. Bionika

To‘g‘ri javob: Biofizika. Fizik jarayonlarni biofizika, kimyoviy jarayonlarni biokimyo o‘rganadi.

XVIII asrda kuzatish metodi yordamida biolog olimlar nima bilan shug‘ullangan?
  1. Evolutsiyani kompyuterda modellashtirish va bashorat qilish bilan
  2. Hayvonlar va o‘simliklarni ta’riflash, tasvirlash va materiallarni tartibga solish bilan
  3. Hujayra nazariyasi va biogenetik qonunni kashf etish bilan
  4. Irsiylanish qonuniyatlarini maxsus tajribalar orqali aniqlash bilan

To‘g‘ri javob: Hayvonlar va o‘simliklarni ta’riflash, tasvirlash va materiallarni tartibga solish bilan. Kuzatish metodi XVIII asrda hayvonlar va o‘simliklarni tasvirlash hamda materiallarni tartibga solish uchun qo‘llangan.

Quyidagi kashfiyotlardan qaysi biri taqqoslash metodi yordamida qilingan?
  1. Biologiya atamasining fanga kiritilishi
  2. Mendelning irsiylanish qonuniyatlari
  3. Hujayra nazariyasi
  4. Fotosintez jarayonining ochilishi

To‘g‘ri javob: Hujayra nazariyasi. Taqqoslash metodi yordamida hujayra nazariyasi, biogenetik qonun va gomologik qatorlar qonuni kashf etilgan.

Tarixiy metod qaysi masalani o‘rganishda qo‘llaniladi?
  1. Turli era va davrlarda organik olam evolutsiyasini
  2. Hayvonlarning xulq-atvori mexanizmlarini
  3. Ekosistemalarning matematik modelini
  4. Hujayralarning kimyoviy tarkibini

To‘g‘ri javob: Turli era va davrlarda organik olam evolutsiyasini. Tarixiy metod organizmlarning turli era va davrlarda paydo bo‘lishi hamda evolutsiyasini o‘rganishga xizmat qiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
Keyingi →Hayot mohiyati va tiriklikning xususiyatlari