Hayot mohiyati va tiriklikning xususiyatlari
Mavzular
Hayot mohiyati
Hayot mohiyati. Biologiya fani taraqqiyoti davomida juda ko‘p olimlar hayotga ta’rif berishga harakat qilishgan: hayot – biosferani hosil qiladi va o‘zgartiradi, hayot – tirik organizmlarda hayotiy jarayonlarning sodir bo‘lishi, hayot – bu tirik organizmlarning irsiy axborotni avloddan avlodga o‘tkazish orqali o‘z-o‘zini barpo etadigan jarayon.
Hayotning mohiyati juda keng tushunchadir. M. V. Volkenshteyn ta’rifi bo‘yicha: «Yerda mavjud bo‘lgan tirik organizmlar, biopolimerlar: oqsil va nuklein kislotalardan tuzilgan. Ular o‘z-o‘zini idora etadigan, yarata oladigan ochiq sistemalardir».
Mazkur ta’rifga ko‘ra, tirik organizmlar tashqi muhitdan kerakli oziq moddalarni qabul qiladi, keraksiz mahsulotlarni ayirib chiqaradi, nuklein kislotalarda kodlangan irsiy axborot asosida oqsillar sintezini amalga oshiradi, ekologik muhitda o‘sib rivojlanadi va ko‘payadi.
Birlik: tarkib, hujayra, ochiqlik
Hayotning asosiy xossalari. Har bir tirik organizm bir-biri bilan chambarchas, tartibli munosabatda bo‘lgan tuzilmalardan tashkil topgan yaxlit tizim (sistema) bo‘lib, o‘ziga xos, ya’ni anorganik tabiatdan farq qiluvchi xossa va xususiyatlarga ega.
Kimyoviy tarkibning birligi. Barcha tirik organizmlar tarkibiga kiruvchi kimyoviy elementlarning 90% dan ortig‘i asosan to‘rt xil: uglerod, kislorod, vodorod va azot elementlaridan tashkil topgan. Bu elementlar barcha tirik organizmlar tarkibiga kiruvchi organik birikmalar, masalan, oqsillar, nuklein kislotalar, lipidlar, uglevodlarni hosil qiladi.
Strukturaviy tuzilish birligi. Barcha tirik organizmlar hujayradan tuzilgan bo‘lib, hujayra tiriklikning tuzilish, funksional va rivojlanish birligi hisoblanadi.
Ochiq sistemaligi. Barcha tirik organizmlar muntazam ravishda tashqi muhit bilan energiya va moddalar almashinuviga ega bo‘lgan ochiq sistemadir.
Almashinuv, yangilanish, ko‘payish
Moddalar va energiya almashinuvi. Barcha tirik organizmlar va tashqi muhit o‘rtasida doim moddalar va energiya almashinuvi sodir bo‘ladi. Moddalar va energiya almashinuvi oziqlanish, nafas olish, ayirish kabi jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Moddalar va energiya almashinuvi tufayli o‘zgaruvchan tashqi muhit sharoitida tirik organizmlar kimyoviy tuzilishi va tarkibining doimiyligi ta’minlanadi.
O‘z-o‘zini yangilash. Organizmda sodir bo‘ladigan moddalar almashinuvi jarayonida biomolekulalar, hujayra va to‘qimalarning doimiy yangilanishi sodir bo‘ladi.
O‘ziga o‘xshaganlarni yaratish – ko‘payish xossasi. Tirik organizmlarning ko‘payishi nuklein kislotalarda mujassam bo‘lgan irsiy axborot asosida sodir bo‘ladi.
O‘sish, rivojlanish, gomeostaz
O‘sish va rivojlanish. Ontogenezning ma’lum bosqichlarida tirik organizmlar genetik axborotlar asosida o‘z tuzilishini saqlagan holda miqdoriy jihatdan ortadi, ya’ni o‘sadi hamda ularda yangi belgi va xususiyatlar shakllanishi – rivojlanish kuzatiladi. Rivojlanish tirik organizmlarning ma’lum qonuniyatlar asosida o‘zgarib borishidir. Individual rivojlanish – ontogenez va tarixiy rivojlanish – filogenez kuzatiladi. Organik olamning tarixiy rivojlanishi evolutsiya deb yuritiladi.
O‘z-o‘zini idora qilish. Tashqi muhit sharoitlarining muntazam o‘zgarishiga qaramay, tirik organizmlar tashqi va ichki tuzilishi, kimyoviy tarkibi, fiziologik jarayonlarning doimiyligini saqlash, ya’ni gomeostaz xususiyatiga ega.
Ta’sirlanish, irsiyat, notirik tabiat
Ta’sirlanish. Ushbu xususiyat tirik organizmlarning tashqi muhit ta’sirlariga javob reaksiyalari orqali amalga oshadi.
Irsiyat va o‘zgaruvchanlik. Tirik organizmlarning o‘z belgi va xususiyatlarini nasldan naslga o‘tkazish xossasi irsiyat, yangi belgi-xususiyatlarni namoyon qilishi o‘zgaruvchanlik hisoblanadi. O‘zgaruvchanlik tufayli esa tashqi muhit ta’sirlariga tirik organizmlarning moslanuvchanligi ortadi.
Yuqorida keltirilgan xususiyatlarning ayrimlari notirik tabiat uchun ham xos bo‘lishi mumkin. Masalan, tuzli eritmalarda kristallarning hajmi va massasi ortadi, yonayotgan shamdan energiya ajraladi. Lekin bu jarayonlarda gomeostaz kuzatilmaydi.
Tuzilish darajalari va molekula
Hayotning tuzilish darajalari. Yerdagi hayot molekula, hujayra, to‘qima, organ, organizm, populatsiya, biogeosenoz (ekosistema), biosfera kabi turli biologik sistemalar shaklida mavjud. Ular bir-biridan tarkibiy qismlari – komponentlari hamda jarayonlari bilan farqlanadi.
Hayotning tuzilish darajalari ma’lum bir tarkibiy qismlardan, ya’ni komponentlardan tarkib topgan, quyidan yuqoriga murakkablashib boradigan yaxlit biologik tizimlardir (1-rasm).

Hayotning molekula darajasi. Hayotning molekula darajasini oqsillar, nuklein kislotalar, lipidlar va uglevodlar kabi biomolekulalar tashkil etadi. Hayotning molekula darajasida irsiy axborotning saqlanishi, ko‘payishi, o‘zgarishi hamda moddalar va energiya almashinuvi bilan bog‘liq jarayonlar sodir bo‘ladi.
Hujayra darajasi
Hayotning hujayra darajasi. Hujayra barcha tirik organizmlarning tuzilish, funksional va rivojlanish birligidir. U tiriklikning barcha xossalarini o‘zida mujassam qilgan eng kichik tuzilish darajasi hisoblanadi. Hayotning hujayra darajasi komponentlariga hujayraning tarkibiy qismlari: membrana, sitoplazma va uning organoidlari, yadro kiradi. Bu darajada hujayra organoidlarining tuzilishi, funksiyalari, bo‘linishi, hujayrada kechadigan biokimyoviy jarayonlar, hujayra tomonidan energiyaning o‘zlashtirilishi, to‘planishi va sarflanishi kabilar sodir bo‘ladi.
To‘qima va organ darajasi
Hayotning to‘qima darajasi. To‘qima kelib chiqishi, tuzilishi, bajaradigan vazifasi o‘xshash hujayralar va hujayralararo moddalardan tashkil topgan biotizim hisoblanadi. Hayvonlarda epiteliy, muskul, biriktiruvchi va nerv to‘qimalari mavjud. O‘simliklarda esa hosil qiluvchi, qoplovchi, asosiy, mexanik, o‘tkazuvchi to‘qimalar bo‘ladi. Hayotning to‘qima darajasida hujayralarning ixtisoslashuvi bilan bog‘liq jarayonlar o‘rganiladi.
Hayotning organ darajasi. Organ bu ma’lum tuzilish, shaklga ega, muayyan funksiyani bajaradigan hamda aniq bir joyda joylashgan organizmning bir qismidir. Organlar bir necha xil to‘qimalardan tashkil topgan bo‘lib, organning bajaradigan vazifasi to‘qimalar faoliyati bilan bog‘liq.
Organizm darajasi
Hayotning organizm darajasi. Organizm mustaqil hayot kechiradigan, o‘z-o‘zini idora eta oladigan, o‘z-o‘zini yangilay oladigan bir yoki ko‘p hujayrali yaxlit biologik tizimdir. Organizmlar bir va ko‘p hujayrali bo‘ladi. Hayotning organizm darajasi moddalar va energiya almashinuvi, ta’sirlanish, o‘sish, rivojlanish, ko‘payish, hayotiy jarayonlarning nerv-gumoral boshqarilishi, moslanish, xulq-atvor, umri davomiyligi kabi xususiyatlarni o‘rganadi. Har bir tirik organizm individ hisoblanib, uning evolutsiyaga qo‘shadigan hissasi nasl qoldirish va o‘zgaruvchan muhit sharoitiga moslanishdan iborat.
Populatsiya va tur ta’rifi
Hayotning populatsiya, tur darajasi. Morfofiziologik, genetik, ekologik, etologik jihatdan o‘xshash, kelib chiqishi umumiy bo‘lgan, o‘zaro erkin chatishib, nasldor avlod beradigan tur arealining ma’lum qismida uzoq muddat mavjud bo‘lgan individlarning yig‘indisi populatsiya deyiladi. Tur ma’lum arealga ega o‘zaro erkin chatisha oladigan, ayrim belgi va xossalari bilan shu turning boshqa populatsiyalaridan farq qiladigan, nisbatan alohidalashgan populatsiyalar yig‘indisidir.
Populatsiya darajasi belgilari
Hayotning bu darajasi populatsiya zichligi, individlar soni, ko‘payish tezligi, yashovchanlik, jinsiy va yosh bilan bog‘liq tarkibi kabi belgilar bilan ta’riflanadi. Hayotning bu darajasida tur doirasida individlar o‘rtasidagi munosabatlar, populatsiya dinamikasi, populatsiya genofondining o‘zgarishlari, tur hosil bo‘lish jarayonlari sodir bo‘ladi. Populatsiya evolutsiyaning boshlang‘ich birligi hisoblanadi.
Biogeosenoz (ekosistema) darajasi
Hayotning biogeosenoz (ekosistema) darajasi. Hayotning biogeosenoz darajasining elementar birligi har xil turlarga mansub populatsiyalardir. Bir-biri va atrof-muhit bilan o‘zaro dinamik munosabatda bo‘lgan, ma’lum maydonda tarqalgan o‘simlik, hayvon, zamburug‘, bakteriya turlarining yig‘indisi biogeosenoz yoki ekosistema deyiladi. Hayotning bu darajasi ekosistemalar strukturasi, biotik munosabatlar, oziq zanjiri, trofik darajalar kabi xususiyatlar bilan tavsiflanadi. Bu xususiyatlar moddalar va energiyaning davriy aylanishi, ekosistemalarning o‘z-o‘zini boshqarishi, tirik organizmlarning muhit omillari bilan dinamik muvozanati, mavsumiy o‘zgarishlar kabi jarayonlarda aks etadi.
Biosfera darajasi
Hayotning biosfera darajasi. Biosfera yerdagi hayotning barcha ko‘rinishlarini qamrab olgan, tiriklikning eng yuqori tuzilish darajasidir. Biosfera darajasini tashkil etuvchi komponentlar biogeosenozlar hisoblanadi. Hayotning bu darajasida moddalar va energiyaning global davriy aylanishi, insonning xo‘jalik va madaniy faoliyati kabi jarayonlar kuzatiladi.
Shunday qilib, tiriklikning har bir tuzilish darajasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Shuning uchun har qanday biologik kuzatish, tajribalar va tadqiqotlar hayotning ma’lum bir darajasida olib boriladi.
Bilimingizni sinang
M. V. Volkenshteyn ta’rifi bo‘yicha Yerdagi tirik organizmlar qaysi biopolimerlardan tuzilgan?
- Lipid va uglevodlardan
- Oqsil va lipidlardan
- Oqsil va nuklein kislotalardan
- Nuklein kislota va uglevodlardan
To‘g‘ri javob: Oqsil va nuklein kislotalardan. Volkenshteyn ta’rifiga ko‘ra tirik organizmlar oqsil va nuklein kislotalardan tuzilgan ochiq sistemalardir.
Tirik organizmlar tarkibiga kiruvchi kimyoviy elementlarning 90% dan ortig‘ini qaysi to‘rt element tashkil etadi?
- Uglerod, vodorod, azot, kaliy
- Kislorod, vodorod, azot, oltingugurt
- Uglerod, kislorod, azot, fosfor
- Uglerod, kislorod, vodorod, azot
To‘g‘ri javob: Uglerod, kislorod, vodorod, azot. Asosan uglerod, kislorod, vodorod va azot elementlari 90% dan ortig‘ini tashkil etadi.
Tiriklikning barcha xossalarini o‘zida mujassam qilgan eng kichik tuzilish darajasi qaysi?
- To‘qima darajasi
- Molekula darajasi
- Organ darajasi
- Hujayra darajasi
To‘g‘ri javob: Hujayra darajasi. Hujayra tiriklikning barcha xossalarini o‘zida mujassam qilgan eng kichik tuzilish darajasidir.
Organizmning individual rivojlanishi qanday ataladi?
- Evolutsiya
- Filogenez
- Gomeostaz
- Ontogenez
To‘g‘ri javob: Ontogenez. Individual rivojlanish ontogenez, tarixiy rivojlanish esa filogenez deyiladi.
Tirik organizmlarning tashqi muhit ta’sirlariga javob reaksiyalari orqali amalga oshadigan xususiyati qanday ataladi?
- Irsiyat
- O‘z-o‘zini yangilash
- Ta’sirlanish
- Gomeostaz
To‘g‘ri javob: Ta’sirlanish. Javob reaksiyalari orqali namoyon bo‘ladigan xususiyat ta’sirlanishdir.
Evolutsiyaning boshlang‘ich birligi hisoblangan hayot darajasi qaysi?
- Biogeosenoz darajasi
- Organizm darajasi
- Hujayra darajasi
- Populatsiya darajasi
To‘g‘ri javob: Populatsiya darajasi. Populatsiya evolutsiyaning boshlang‘ich birligi hisoblanadi.
Hayotning hujayra darajasi komponentlariga qaysilar kiradi?
- Oqsillar, nuklein kislotalar, lipidlar va uglevodlar
- Membrana, sitoplazma va uning organoidlari, yadro
- Organlar, to‘qimalar va organlar sistemasi
- Populatsiyalar, turlar va biogeosenozlar
To‘g‘ri javob: Membrana, sitoplazma va uning organoidlari, yadro. Hujayra darajasi komponentlari: membrana, sitoplazma va organoidlar, yadro.
Mustaqil hayot kechiradigan, o‘z-o‘zini idora eta oladigan va yangilay oladigan bir yoki ko‘p hujayrali yaxlit biologik tizim qanday ataladi?
- Populatsiya
- Biogeosenoz
- Organizm
- Organ
To‘g‘ri javob: Organizm. Bu organizmning ta’rifi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash