Uglevodlar va lipidlar
Mavzular
Biopolimerlar va ularning turlari
Hayotning molekula darajasi biologik molekulalar – DNK, RNK, ATF, oqsillar, uglevodlar, lipidlar faoliyatida namoyon bo‘ladi. Bu moddalar qaysi turga mansubligidan qat’i nazar barcha tirik organizmlar hujayralari uchun umumiy tuzilishga ega. Yuqori molekular moddalar – oqsillar, nuklein kislotalar, polisaxaridlar biopolimerlar hisoblanadi. Biopolimerlar monomerlarning o‘zaro birikishidan hosil bo‘ladi.
Polimerlar ikki guruhga bo‘linadi. Bir xil tipdagi monomerlardan tuzilgan polimerlar (glikogen, kraxmal, selluloza) gomopolimerlar, har xil tipdagi monomerlardan tuzilgan polimerlar (oqsillar, nuklein kislotalar) geteropolimerlar deyiladi.
Uglevodlar va ularning guruhlari
Uglevodlar. Uglevodlar hujayraning eng muhim organik birikmalari hisoblanadi. Uglevodlarning umumiy formulasi Cn(H2O)n.
O‘simliklar quruq moddasi massasining 80% ga yaqini, hayvonlar quruq moddasi massasining 2% ga yaqinini uglevodlar tashkil etadi. Tarkibiga ko‘ra uglevodlar uchta guruhga bo‘linadi: monosaxaridlar, disaxaridlar va polisaxaridlar (2-sxema).
- Monosaxaridlar – triozalar (glitseraldegid), tetrozalar (eritroza), pentozalar (dezoksiriboza, riboza), geksozalar (glukoza, fruktoza, galaktoza).
- Disaxaridlar – saxaroza, maltoza, laktoza.
- Polisaxaridlar – kraxmal, glikogen, selluloza, xitin, pektin, lixenin, geparin.
Monosaxaridlar
Monosaxaridlar kichik tarkibiy qismlarga gidrolizlanmaydigan biomolekulalardir. Ularning nomi tarkibidagi uglerod atomi soniga bog‘liq.
- Triozalar – uglerod atomi 3 ta (C3H6O3)
- Tetrozalar – 4 ta (C4H8O4)
- Pentozalar – 5 ta (C5H10O5)
- Geksozalar – 6 ta (C6H12O6)
Monosaxaridlarning hammasi suvda yaxshi eriydigan shirin ta’mga ega rangsiz moddalardir. Triozalarga moddalar almashinuvining mahsulotlari bo‘lgan sut kislota (C3H6O3), pirouzum kislota (C3H4O3) kiradi. Eng ko‘p tarqalgan monosaxaridlarga besh uglerod atomli pentozalar – riboza va dezoksiriboza va olti uglerod atomli geksozalar – glukoza, fruktoza misol bo‘ladi. Riboza bilan dezoksiriboza nuklein kislotalar va ATF tarkibiga kiradi.
Glukoza va qon qandi
Turli mevalar, shuningdek, asalning shirin bo‘lishi ularning tarkibidagi glukoza va fruktozaga bog‘liq. Glukoza C6H12O6, molekular massasi 180 ga teng. Erkin holda hujayralarda to‘qima suyuqliklarida, plazmada bo‘ladi. Qon tarkibida glukoza doimo ma’lum konsentratsiyada mavjud bo‘lib, to‘qimalarning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlab turadi. Odamlar qonida glukoza miqdori 4,5–5,5 millimol (80–120 mg%)ga teng. U qon qandi deb yuritiladi. Qonda glukoza miqdori ortib ketishi yoki kamayishi moddalar almashinishining buzilganligidan darak beradi. Glukoza va fruktoza suvda yaxshi eriydi.
Disaxaridlar
Disaxaridlar ikkita monosaxaridning birikishidan hosil bo‘ladi (6-rasm). Ikkita monosaxarid bir-biri bilan glikozid bog‘ orqali birikishi natijasida disaxarid – C12H22O11 hosil bo‘ladi.
C6H12O6 + C6H12O6 = C12H22O11 + H2O

Disaxaridlar ham, xuddi monosaxaridlar singari, suvda yaxshi eriydi, shirin ta’mga ega. Disaxaridlardan saxaroza (lavlagi yoki shakarqamish shakari) bilan laktoza (sut shakari) muhim. Sut shakari sutemizuvchilarda o‘sayotgan organizm uchun muhim.
Maltoza undirilgan don shakari deb ataladi. Chunki u don unib chiqishi davrida kraxmalning parchalanishidan hosil bo‘ladi.
Polisaxaridlar
Polisaxaridlar yuqori molekular birikmalar bo‘lib, molekular massasi bir necha mingga, hatto milliongacha yetadi. Ular ta’msiz bo‘lib, suvda erimaydi. Polisaxaridlar monomeri monosaxaridlardan tashkil topgan gomopolimer moddalardir. Ularning monomerlari o‘zaro glikozid bog‘lar orqali birikkan.
C6H12O6 + C6H12O6 + C6H12O6 ..... + C6H12O6 = (C6H11O5)n + (H2O)n
Polisaxaridlarga kraxmal, kletchatka, selluloza, glikogen, xitin va pektin kiradi. Kraxmal, kletchatka, sellulozaning monomerlari glukozadir. Ba’zi uglevodlar oqsillar bilan glikoproteinlarni, lipidlar bilan esa glikolipidlarni hosil qiladi.
Kraxmal, glikogen va selluloza
Kraxmal o‘simliklar tanasida ko‘p to‘planadigan muhim polisaxaridlardan hisoblanadi. U o‘simlik donida ayniqsa ko‘p bo‘ladi. Masalan, sholi va makkajo‘xori donida 80% gacha, bug‘doy donida 60–70% gacha, kartoshka tuganagida 20% gacha kraxmal bo‘ladi.
Glikogen, ya’ni hayvon kraxmali deb ataladigan polisaxarid odam va hayvon, zamburug‘ organizmida zaxira oziq modda sifatida uchraydi.
Selluloza o‘simliklar tarkibida ko‘p bo‘lib, ular hujayra devorining asosini tashkil qiladi. O‘simliklar bargi to‘qimasining 15–30% i, yog‘ochligining 50% i sellulozadan iborat.
Uglevodlarning energetik funksiyasi
Uglevodlarning organizmda bajaradigan funksiyalari xilma-xil. Energetik funksiya:
- Glitseraldegid – energetik almashinuvning kislorodsiz bosqichi mahsuloti
- Glukoza – hujayraning nafas olish jarayoni uchun energiya manbayi
- Maltoza – unayotgan urug‘ uchun energiya manbayi
- Saxaroza – glukozaning asosiy manbayi
- Fruktoza – organizmda kechadigan ko‘pchilik jarayonlar uchun energiya manbayi
Qurilish, zaxira va himoya vazifalari
Struktura – qurilish materiali (plastik funksiya):
- Selluloza – o‘simlik hujayralari qobig‘iga mustahkamlik beradi.
- Xitin – zamburug‘ hujayrasi qobig‘i va bo‘g‘imoyoqlilar tana qoplamiga mustahkamlik beradi.
- Riboza – ATF va RNK molekulalari strukturasini tuzishda ishtirok etadi.
- Dezoksiriboza – DNK nukleotidlari tarkibiga kiradi.
Zaxira funksiyasi:
- Laktoza – sutemizuvchilarning suti tarkibiga kiradi.
- Kraxmal – o‘simlik to‘qimalarida zaxira modda sifatida to‘planadi.
- Glikogen – hayvonlar to‘qimalarida zaxira modda sifatida to‘planadi.
Himoya funksiyasi:
- Geparin – hayvonlarda qon ivishiga to‘sqinlik qiladi.
Lipidlar guruhlari
Lipidlar. Barcha tirik organizmlar hujayralari tarkibiga kiradi. Lipid qutblanmagan, gidrofob molekulalardir. Tuzilishiga ko‘ra bir necha guruhlarga bo‘linadi.
- Neytral yog‘lar – tabiatda ko‘p tarqalgan lipidlar bo‘lib, 3 ta yog‘ kislota va 3 atomli spirt – glitserinning birikishidan hosil bo‘ladi. Bu guruhga hayvon yog‘lari va o‘simlik moylari kiradi.
- Mumlar – yog‘ kislotalar va ko‘p atomli spirtlarning birikishidan hosil bo‘ladi. Mumlar terini, hayvonlarning junini, qushlarning patlarini qoplab turadi, ularni yumshatadi hamda suvdan himoya qiladi. Mum qoplami barg, poya, mevalarni suv ta’siridan, qurib qolishdan himoya qiladi.
- Fosfolipidlar – hujayraning membranali tuzilmalarini hosil qiladi.
- Glikolipidlar – lipidlarning uglevodlar bilan, lipoprotein – lipidlarning oqsillar bilan hosil qilgan birikmasi.
Steroidlar va yog‘da eruvchi vitaminlar
Steroidlarga mansub – xolesterin hujayra membranasining muhim tarkibiy qismidir. Buyrak usti bezida, jinsiy bezlarda xolesterindan steroid gormonlar sintezlanadi. Ortiqcha xolesterin qon tomirlarda to‘planib, tomirlarni toraytiradi, ateroskleroz kasalligiga sabab bo‘ladi. A, D, E, K vitaminlari ham yog‘simon moddalarga kiradi.
Lipidlarning funksiyalari
Lipidlarning funksiyalari. Lipidlar hujayrada xilma-xil funksiyalarni bajaradi. Plastik (qurilish materiali) funksiyasini bajaradigan lipidlarga hujayralar membranali tuzilmalarining tarkibiga kiruvchi fosfolipidlar, xolesterin, lipoproteinlar, glikolipidlar misol bo‘ladi.
Buyrak usti bezidan ajraladigan kortikosteroid gormonlar va jinsiy bezlarning gormonlari steroidlar qatoriga kiradi va gormonal funksiyani bajaradi. 1 g yog‘ to‘liq oksidlanganda 9,3 kkal yoki 38,9 kJ energiya ajraladi.
Teri osti yog‘ kletchatkasi mexanik ta’sirlardan himoya qiladi. Lipidlar issiqlikni yomon o‘tkazganligi tufayli, organizmda issiqlikni saqlashga yordam beradi. O‘simliklarda va hayvonlarda yog‘ zaxira holda to‘planadi. Cho‘l hayvonlarida va qishda uyquga ketadigan hayvonlarda zaxira yog‘ energiya va suv manbayi bo‘lib xizmat qiladi. Yog‘da eruvchi A, D, E, K vitaminlari fermentlarning koferment qismini tashkil qiladi.
Bilimingizni sinang
Uglevodlarning umumiy formulasi qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Cn(H2O)2n
- CnH2n(OH)n
- C2n(H2O)n
- Cn(H2O)n
To‘g‘ri javob: Cn(H2O)n. Uglevodlarning umumiy formulasi Cn(H2O)n.
Quyidagi qatorlarning qaysi birida keltirilgan moddalarning barchasi gomopolimerlardir (bir xil tipdagi monomerlardan tuzilgan)?
- Selluloza, oqsillar, nuklein kislotalar
- Glikogen, kraxmal, selluloza
- Glikogen, nuklein kislotalar, kraxmal
- Oqsillar, kraxmal, selluloza
To‘g‘ri javob: Glikogen, kraxmal, selluloza. Glikogen, kraxmal, selluloza gomopolimerlar; oqsillar va nuklein kislotalar geteropolimerlar.
Uglevodlar o‘simliklar quruq moddasi massasining taxminan qancha qismini tashkil etadi?
- 2%
- 98%
- 40%
- 80%
To‘g‘ri javob: 80%. O‘simliklar quruq massasining 80% ga yaqinini uglevodlar tashkil etadi; hayvonlarda esa taxminan 2%.
Quyidagi qatorlarning qaysi birida faqat disaxaridlar keltirilgan?
- Maltoza, fruktoza, galaktoza
- Saxaroza, glukoza, laktoza
- Saxaroza, maltoza, laktoza
- Laktoza, riboza, maltoza
To‘g‘ri javob: Saxaroza, maltoza, laktoza. Disaxaridlarga saxaroza, maltoza, laktoza kiradi; glukoza, fruktoza, galaktoza, riboza esa monosaxaridlar.
Odamlar qonida glukoza miqdori (qon qandi) qanchaga teng?
- 1,5–2,5 millimol (20–40 mg%)
- 0,5–1 millimol (5–10 mg%)
- 8,5–9,5 millimol (200–250 mg%)
- 4,5–5,5 millimol (80–120 mg%)
To‘g‘ri javob: 4,5–5,5 millimol (80–120 mg%). Odam qonida glukoza miqdori 4,5–5,5 millimol (80–120 mg%) bo‘lib, qon qandi deyiladi.
Neytral yog‘lar qanday moddalarning birikishidan hosil bo‘ladi?
- 3 ta yog‘ kislota va ko‘p atomli spirtlar
- 2 ta yog‘ kislota va glitserin
- 3 ta aminokislota va glitserin
- 3 ta yog‘ kislota va glitserin
To‘g‘ri javob: 3 ta yog‘ kislota va glitserin. Neytral yog‘lar 3 ta yog‘ kislota va 3 atomli spirt – glitserinning birikishidan hosil bo‘ladi.
Ikkita monosaxarid o‘zaro qanday bog‘ orqali birikib disaxarid hosil qiladi?
- Vodorod bog‘ orqali
- Fosfodiefir bog‘ orqali
- Glikozid bog‘ orqali
- Peptid bog‘ orqali
To‘g‘ri javob: Glikozid bog‘ orqali. Monosaxaridlar glikozid bog‘ orqali birikib, C12H22O11 tarkibli disaxarid hosil qiladi.
Nima uchun maltoza «undirilgan don shakari» deb ataladi?
- Don unib chiqishida kraxmalning parchalanishidan hosil bo‘lgani uchun
- Don unib chiqishida sellulozaning parchalanishidan hosil bo‘lgani uchun
- Unayotgan donda glikogen sintezlanishidan hosil bo‘lgani uchun
- Donni qaynatishda saxaroza parchalanishidan hosil bo‘lgani uchun
To‘g‘ri javob: Don unib chiqishida kraxmalning parchalanishidan hosil bo‘lgani uchun. Maltoza don unib chiqish davrida kraxmalning parchalanishidan hosil bo‘ladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash