Organizmlarning jinsiy ko‘payishi
Mavzular
Jinsiy ko‘payish va ahamiyati
Jinsiy ko‘payishda yangi organizm ota va ona organizmlarining jinsiy hujayralari – gametalar ishtirokida hosil bo‘ladi. Erkaklik va urg‘ochilik jinsiy hujayralarining qo‘shilishi natijasida zigota hosil bo‘ladi. Zigotadan yangi organizm rivojlanadi. Yangi organizm genotipi ota-ona genotipidan farq qiladi. Jinsiy ko‘payish asosida kombinativ o‘zgaruvchanlik yotadi.
Jinsiy ko‘payishning ahamiyati. Jinsiy ko‘payish organizmlar evolutsiyasida muhim rol o‘ynaydi. Bu jarayon ota-ona irsiy belgilarining birlashishiga imkon beradi. Hosil bo‘lgan yangi avlod ota-onasiga nisbatan yashovchan va o‘zgargan muhit sharoitiga moslanuvchan bo‘ladi.
Jinsiy ko‘payish shakllari
Jinsiy ko‘payish shakllari.
- Izogamiya – shakli va o‘lchami bir xil, harakatchan erkak va urg‘ochi gametalarning qo‘shilishi bilan boradigan jinsiy ko‘payish shakli (ulotriks).
- Geterogamiya – erkak va urg‘ochi gametalar harakatchan, lekin urg‘ochi gametalar erkak gametalarga nisbatan yirik bo‘lishi bilan xarakterlanadi (xlamidomonada).
- Oogamiya – jinsiy ko‘payishning bir shakli bo‘lib, urg‘ochi gametalar yirik, harakatsiz, tuxum hujayra deb ataladi, erkak gametalar mayda bo‘lib, harakatchan bo‘lsa spermatozoid (hayvonlar, yo‘sinlar, qirqquloqlar), harakatsiz bo‘lsa spermiy (gulli o‘simliklar) deb yuritiladi.
Erkaklik gametalarining rivojlanishi
Gulli o‘simliklarda jinsiy ko‘payish. Gulli o‘simliklarda jinsiy hujayralar – changchining changdonida, urug‘chining urug‘kurtagida yetiladi. Chang xaltasidagi diploid mikrosporotsit hujayra meyoz yo‘li bilan bo‘linib, 4 ta mikrosporani hosil qiladi. So‘ng har bir mikrospora mitoz yo‘li bilan bo‘linib ikkita: yirik vegetativ va mayda generativ hujayralarga ega chang donasiga aylanadi. Generativ hujayra yana mitoz usulida ikkiga bo‘linib ikkita spermiyni hosil qiladi (38-rasm).

Murtak xaltasining hosil bo‘lishi
Tugunchaning urug‘kurtagidagi diploid to‘plamli megasporotsit hujayra meyoz bo‘linishdan so‘ng 3 ta mayda, 1 ta yirik hujayra – megasporani hosil qiladi. Mayda hujayralar tezda nobud bo‘ladi. Megaspora 3 marotaba mitoz yo‘li bilan bo‘linadi va sakkiz yadroli murtak xaltasini hosil qiladi. Murtak xaltaning bir qutbida uchta, ikkinchi qutbida ham uchta, markazida esa ikkita hujayraning o‘zaro qo‘shilishidan hosil bo‘lgan markaziy hujayra joylashadi. Murtak xaltasining mikropile tomonidagi uchta hujayrasining o‘rtadagi yirikrog‘i tuxum hujayra hisoblanadi (39-rasm).

Qo‘sh urug‘lanish
Changlanishdan so‘ng urug‘chi tumshuqchasiga tushgan chang asta-sekin o‘sa boshlaydi. Uning vegetativ hujayrasi o‘sib, uzun va ingichka naycha – chang yo‘lini hosil qiladi. Chang naychasi urug‘chi tugunchasi tomon o‘sib urug‘kurtakka yetib boradi. Hosil bo‘lgan ikkita spermiy chang naychasi orqali urug‘kurtakdagi murtak xaltaga kiradi. Spermiylardan biri tuxum hujayra bilan, ikkinchisi markaziy hujayra bilan qo‘shiladi. Bu jarayon gulli o‘simliklarda qo‘sh urug‘lanish deb ataladi (40-rasm).

Urug‘kurtakning urug‘langan hujayralari ko‘p marta bo‘lina boshlaydi. Urug‘langan tuxum hujayra – zigotadan murtak, urug‘langan markaziy hujayradan esa endosperm rivojlanadi. Murtak bilan endosperm birgalikda urug‘ni hosil qiladi. Shunday qilib, qo‘sh urug‘lanishdan so‘ng urug‘kurtak urug‘ga aylanadi. Uning po‘stidan shu urug‘ni o‘rab turadigan po‘st, tuguncha va gulning boshqa qismlaridan esa meva hosil bo‘ladi.
Bir hujayralilarda kopulatsiya
Hayvonlarda jinsiy ko‘payish. Bir hujayrali organizmlarda jinsiy jarayon – kopulatsiya (lotincha kopulatio – qo‘shilish) jarayoni kuzatiladi. Bunda maxsus jinsiy hujayralar – gametalar qo‘shilib zigotani hosil qiladi. Bu organizmlarda gametalar ona hujayraning ko‘p marta bo‘linishi natijasida hosil bo‘ladi. Gametalarning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan zigotadan tinim davri o‘tgach, yangi yosh organizmlar hosil bo‘ladi.
Ko‘p hujayrali organizmlarda urug‘lanib va urug‘lanmasdan (partenogenez) ko‘payish farqlanadi.
Konyugatsiya
Konyugatsiya jarayonida maxsus jinsiy hujayralar hosil bo‘lmaydi. Konyugatsiya (lotincha konyugatsiya – birikish, bog‘lanish so‘zlaridan olingan) infuzoriyalarda kuzatiladi. Infuzoriya tufelkaning katta yadrosi konyugatsiyadan avval erib ketadi. Kichik yadro bo‘linib ikkita gaploid yadrolarni hosil qiladi. Ikkita tufelka bir-biriga yaqin kelib, ular o‘rtasida qo‘shni hujayralar sitoplazmasini bog‘lovchi ko‘prikcha yuzaga keladi. Har ikki tufelka yadrolarining biri sitoplazma suyuqligi bilan boshqasiga o‘tadi. Har bir tufelkadagi ikkita gaploid yadrolar o‘zaro qo‘shilib, diploid yadroni hosil qiladi. Konyugatsiyada ishtirok etgan tufelkalar tarqalib alohida hayot kechiradi. Konyugatsiya natijasida genetik axborot almashinuvi (rekombinatsiya) sodir bo‘lgani uchun yangi hosil bo‘lgan individlar genotipi dastlabki individlar genotipidan farq qiladi.
Gametogenez
Gametogenez. Hayvonlarda jinsiy hujayralarning hosil bo‘lish jarayoni gametogenez deyiladi. Jinsiy yo‘l bilan ko‘payadigan organizmlarda jinsiy hujayralar jinsiy bezlarda hosil bo‘ladi. Erkaklik jinsiy hujayralar urug‘donda, urg‘ochilik jinsiy hujayralar tuxumdonda rivojlanadi. Urug‘don va tuxumdonda maxsus zonalar bo‘lib, har bir zonada o‘ziga xos jarayonlar sodir bo‘ladi.
- Ko‘payish zonasi – 2n, 2c – MITOZ. Boshlang‘ich hujayralar mitoz usulida bo‘linib, soni ortadi. Ularda xromosomalarning diploid to‘plami saqlanadi.
- O‘sish davri – 2n, 4c – INTERFAZA. Hujayralarning ayrimlari kattalashadi, oziq zaxiralarini to‘playdi, DNK miqdori ikki hissa ortadi.
- Yetilish davri – n, 2c – MEYOZ. Hujayralar meyoz usulida bo‘linib, 4 ta gaploid to‘plamli hujayralarni hosil qiladi.
- Shakllanish davri – n, c – Spermatozoidlarda bosh, bo‘yin, dum qismlari shakllanadi. Yadro bosh qismida mitoxondriyalar dum qismida joylashadi. Tuxum hujayralarda bittadan ortiq spermatozoidning kirishiga yo‘l qo‘ymaydigan qo‘shimcha qobiq hosil bo‘ladi.
Ovogenez va spermatogenez farqi
Ovogenez va spermatogenez jarayonlarining farqi.
Ovogenez spermatogenezga qaraganda uzoq muddat davom etadi. Chunki tuxum hujayralarda spermatozoidlarga qaraganda ko‘proq oziqa to‘planadi. Spermatogenezning meyoz jarayonida sitoplazma hamma hujayralarga teng miqdorda taqsimlanadi. Ovogenezda esa bo‘linayotgan hujayralarning faqat bittasiga sitoplazma ko‘p, boshqalariga juda oz miqdorda o‘tadi. Spermatogenezning oxirida 4 ta bir xil, ovogenezda esa 1 ta yirik, 3 ta mayda hujayralar shakllanadi. Mayda uchta hujayra keyinchalik nobud bo‘ladi. Yirik sitoplazmaga boy hujayra esa tuxum hujayraga aylanadi (41-rasm).

Urug‘lanish deb tuxum hujayra bilan spermatozoidning qo‘shilishi natijasida zigota hosil bo‘lishiga aytiladi. Zigotadan yangi organizm rivojlanadi.
Partenogenez
Partenogenez. Ayrim hayvonlarda, jumladan chuvalchanglar, asalarilar, chumolilar, o‘simlik bitlari, tuban qisqichbaqasimonlarda tuxum hujayra urug‘lanmasdan rivojlanishi mumkin. Bunday rivojlanish partenogenez deb ataladi. Tabiiy partenogenez asalarida kuzatiladi. Asalarida urug‘langan tuxum hujayradan urg‘ochi ari, urug‘lanmagan tuxum hujayradan erkak arilar – trutenlar rivojlanadi.
Hozirgi vaqtda partenogenez faqat tabiiy holda uchrabgina qolmay, balki uni sun’iy olish imkoniyati ham mavjud. Bunda fizik (mexanik ta’sirlar, elektr toki, issiqlik va boshqalar) va kimyoviy omillardan foydalaniladi. Masalan, urug‘lanmagan baqa tuxum hujayrasiga nina bilan ta’sir qilib, undan yetuk baqani rivojlantirish mumkin, ularning hammasi urg‘ochi jinsli bo‘ladi. B. L. Astaurov (1904–1974) sun’iy partenogenez yordamida erkak jinsli ipak qurtlarini yaratish usulini ishlab chiqqan.
Bilimingizni sinang
Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- vegetativ hujayra
- spermiylar
- mikrosporotsit hujayra
- chang donasi
To‘g‘ri javob: mikrosporotsit hujayra. 38-rasm. Urug‘li o‘simliklarda erkaklik gametalarning rivojlanishi. 1 – changchi; 2 – mikrosporotsit hujayra; 3 – mikrosporalar; 4 – chang donasi; 5 – vegetativ hujayra; 6 – generativ hujayra; 7 – spe
Rasmda «generativ hujayra» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 3
- 2
- 6
- 7
To‘g‘ri javob: 6. 38-rasm. Urug‘li o‘simliklarda erkaklik gametalarning rivojlanishi. 1 – changchi; 2 – mikrosporotsit hujayra; 3 – mikrosporalar; 4 – chang donasi; 5 – vegetativ hujayra; 6 – generativ hujayra; 7 – spe
Rasmda 5 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- vegetativ hujayra
- mikrosporotsit hujayra
- changchi
- generativ hujayra
To‘g‘ri javob: vegetativ hujayra. 38-rasm. Urug‘li o‘simliklarda erkaklik gametalarning rivojlanishi. 1 – changchi; 2 – mikrosporotsit hujayra; 3 – mikrosporalar; 4 – chang donasi; 5 – vegetativ hujayra; 6 – generativ hujayra; 7 – spe
Rasmda 8 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- megaspora
- tuxum hujayra
- urug‘chi
- megasporotsit hujayra
To‘g‘ri javob: tuxum hujayra. 39-rasm. 1 – urug‘chi; 2 – megasporotsit hujayra; 3 – megaspora; 4-, 5-, 6 – mitoz bo‘linish; 7 – murtak xalta; 8 – tuxum hujayra; 9 – markaziy hujayra.
Rasmda «urug‘chi» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 8
- 1
- 7
- 6
To‘g‘ri javob: 1. 39-rasm. 1 – urug‘chi; 2 – megasporotsit hujayra; 3 – megaspora; 4-, 5-, 6 – mitoz bo‘linish; 7 – murtak xalta; 8 – tuxum hujayra; 9 – markaziy hujayra.
Rasmda 6 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- markaziy hujayra
- urug‘chi
- mitoz bo‘linish
- megaspora
To‘g‘ri javob: mitoz bo‘linish. 39-rasm. 1 – urug‘chi; 2 – megasporotsit hujayra; 3 – megaspora; 4-, 5-, 6 – mitoz bo‘linish; 7 – murtak xalta; 8 – tuxum hujayra; 9 – markaziy hujayra.
Jinsiy ko‘payish asosida qanday o‘zgaruvchanlik yotadi, shu sababli yangi organizm genotipi ota-ona genotipidan farq qiladi?
- Modifikatsion o‘zgaruvchanlik
- Noirsiy o‘zgaruvchanlik
- Faqat sitoplazmatik o‘zgaruvchanlik
- Kombinativ o‘zgaruvchanlik
To‘g‘ri javob: Kombinativ o‘zgaruvchanlik. Gametalarning qo‘shilishi ota-ona genlarining yangi birikmalarini hosil qiladi, shuning uchun jinsiy ko‘payish asosida kombinativ o‘zgaruvchanlik yotadi.
Izogamiya shaklidagi jinsiy ko‘payish qaysi organizm uchun misol bo‘ladi?
- Ulotriks
- Gulli o‘simliklar
- Qirqquloqlar
- Xlamidomonada
To‘g‘ri javob: Ulotriks. Shakli va o‘lchami bir xil, harakatchan gametalar qo‘shilishi izogamiya bo‘lib, misol – ulotriks.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash