Irsiyatning xromosoma nazariyasi
Mavzular
Birikkan irsiylanish kashfi
1906-yilda U. Betson va R. Pennet xushbo‘y hidli no‘xat o‘simliklarini chatishtirib, chang donasining shakli va gulning rangi keyingi avlodda mustaqil holda irsiylanmasligini, duragaylarda ota-ona formalarining belgilari takrorlanishini aniqlashdi. Avlodlarda belgilarning mustaqil holda irsiylanishi va erkin kombinatsiyalanishi barcha belgilar uchun xos emasligi ma’lum bo‘ldi.
Tomas Morgan va uning shogirdlari mustaqil holda irsiylanmaydigan genlar belgilarining avloddan avlodga o‘tishini o‘rgandilar. Agar G. Mendel o‘z tajribalarini no‘xat o‘simligida o‘tkazgan bo‘lsa, Morgan uchun meva pashshasi drozofila asosiy obyekt bo‘lib xizmat qildi. Drozofilalar tajriba o‘tkazish uchun juda qulay obyektdir. Chunki ular laboratoriya sharoitida tez ko‘payadi, xromosomalar soni 8 ga teng.
Birikish guruhi
Genlarning mustaqil kombinatsiyalanishi qonuni o‘rganilayotgan genlar nogomologik xromosomalarda joylashsagina o‘rinli bo‘ladi. Genlar soni xromosomalar sonidan ancha ko‘p bo‘lganligi sababli bitta xromosomada juda ko‘p genlar joylashadi va birikkan holda irsiylanadi. Bir xromosomada joylashgan genlar majmuyi birikish guruhi deyiladi.
Organizmdagi genlarning birikish guruhi shu organizm xromosomalarining gaploid to‘plamiga teng bo‘ladi. Jumladan, makkajo‘xorida (Zea mays) xromosomaning gaploid to‘plami va birikish guruhi 10 ga, no‘xatda (Pisum sativum) 7 ga, drozofila meva pashshasida (Drosophila melanogaster) 4 ga, odamda (Homo sapiens) 23 ga teng.
To‘la birikish
Bu hodisani yaxshi tushunish maqsadida drozofilalarda ikki juft belgilarning nasldan naslga o‘tishi bilan tanishamiz. Drozofilalarda tananing kulrangligini belgilovchi gen (A) qora rang geni (a) ustidan dominantlik qiladi. Normal qanot geni (B) esa kalta qanotni belgilovchi gen (b) dan ustunlik qiladi.
Kulrang va normal qanotli pashshalarni qora va kalta qanotli pashshalar bilan chatishtirsak, birinchi avlod bir xilliligi yuzaga chiqadi, ya’ni kulrang tanali, normal qanotli pashshalar hosil bo‘ladi.
F1 da hosil bo‘lgan kulrang tanali, normal qanotli erkak drozofilalarni qora tanali kalta qanotli urg‘ochi drozofilalar bilan o‘zaro chatishtirilsa, Fb da olingan avlodning ½ qismini kulrang tanali, normal qanotli, ½ qismini qora tanali, kalta qanotli individlar tashkil etadi. Bunday birikishga to‘la birikish deyiladi (46-rasm).

Chala birikish
Agar urg‘ochi digeterozigota pashshani tahliliy duragaylash usulida tekshirsak, avvalgi tajribaga nisbatan boshqacharoq natijani kuzatamiz. Bunda 4 xil variantda belgilarga ega bo‘lgan avlod hosil bo‘ladi. Lekin G. Mendel tajribalarida kuzatilgan 1:1:1:1 nisbatdan farq qilib, ota-onalarinikiga o‘xshagan belgilar ko‘proq (kulrang tanali, uzun qanotli – 41,5%, qora tanali, kalta qanotli – 41,5%), yangi hosil bo‘lgan belgilar esa ancha kam (kulrang tanali, kalta qanotli – 8,5%, qora tanali, normal qanotli – 8,5%) uchraydi. Genlar birikishining bu xili chala birikish deb ataladi (47-rasm).

Krossingover
Genlar chala birikishining sababini tushunish uchun jinsiy hujayralarning yetilishida kuzatiladigan meyoz jarayonini eslash kerak. Meyoz I ning profazasida muhim jarayon – krossingover kuzatiladi. Gomologik xromosomalar konyugatsiyalashib allel genlarning almashinuvi sodir bo‘ladi.
Natijada gametalarning bir qismi yangi genlar kombinatsiyasiga ega bo‘ladi. Shuning uchun yangi avlodda ota-onalarnikidan farq qiluvchi yangi belgilar kombinatsiyasi vujudga keladi. Krossingover natijasida hosil bo‘lgan gametalar hamda shu gametalardan hosil bo‘lgan avlod bir xil nom bilan krossoverlar deb ataladi. Krossingoverga uchramagan gametalar ishtirokida hosil bo‘lgan avlod nokrossoverlar deb ataladi.
Morgan qonuni va morganida
T. Morgan qonuni quyidagicha tavsiflanadi: bitta xromosomada joylashgan genlar birikish guruhlarini hosil qiladi va nasldan naslga birikkan holda o‘tadi. Ularning birikish ehtimoli shu genlar orasidagi masofaga teskari proporsionaldir. Genlar orasidagi masofa morganida deb ataladigan birlik bilan ifodalanadi; 1 morganida 1% krossingover kuzatiladigan genlar orasidagi masofaga teng. Biz yuqorida ko‘rib chiqqan misolimizdagi ikkita gen orasidagi masofa 17 morganidaga teng.
Xromosoma nazariyasi
Belgilarning birikkan holda irsiylanishi, krossingover hodisasiga asoslanib T. Morgan o‘z shogirdlari bilan irsiyatning xromosoma nazariyasini yaratdi. Uning mazmuni quyidagicha:
- genlar xromosomalarda ma’lum bir chiziqli ketma-ketlikda joylashadi;
- har bir gen xromosomada o‘z o‘rni (lokus)ga ega; allel genlar gomologik xromosomalarning aynan bir xil lokuslarida joylashadi;
- bitta xromosomada joylashgan genlar birikish guruhini hosil qilib, birgalikda irsiylanadi; birikish guruhlari soni xromosomalarning gaploid to‘plamiga teng va har bir tur uchun doimiydir;
- krossingover jarayonida genlarning birikishi buzilishi mumkin, bunda rekombinant xromosomalar hosil bo‘ladi; krossingover chastotasi genlar orasidagi masofaga bog‘liq: masofa qanchalik uzoq bo‘lsa, krossingover shuncha ortadi;
- rekombinatsiya foizi asosida genlar orasidagi masofa aniqlanadi, bu esa xromosomalar xaritasini tuzishga imkon beradi.
Genetik xarita
Bu sohadagi tadqiqot natijalari xromosomaning genetik va sitologik xaritasini yaratish imkonini vujudga keltirdi. Ma’lum birikish guruhga kirgan genlarning joylashish tasviri genetik xarita deyiladi. Genetik xaritada organizmning har bir birikish guruhi alohida tasvirlanadi va ularda joylashgan genlarning qisqartirilgan nomi beriladi, genlar orasidagi masofa krossingover foizlari natijalariga qarab belgilanadi.
Bilimingizni sinang
1906-yilda U. Betson va R. Pennet xushbo‘y hidli no‘xatda qaysi belgilarning mustaqil irsiylanmasligini aniqlashdi?
- Chang donasining shakli va gulning rangi
- Urug‘ning shakli va rangi
- Poyaning balandligi va gulning joylashishi
- Mevaning shakli va barg qo‘ltig‘idagi dog‘lar
To‘g‘ri javob: Chang donasining shakli va gulning rangi. Chang donasining shakli va gul rangi mustaqil irsiylanmasligi birikkan irsiylanishni ko‘rsatdi.
T. Morgan tajribalari uchun drozofila meva pashshasi nima uchun qulay obyekt hisoblanadi?
- Laboratoriyada tez ko‘payadi, xromosomalar soni 8 ta
- Laboratoriyada tez ko‘payadi, xromosomalar soni 16 ta
- Faqat chetdan changlanadi, xromosomalar soni 14 ta
- Sekin ko‘payadi, ammo xromosomalari soni 46 ta
To‘g‘ri javob: Laboratoriyada tez ko‘payadi, xromosomalar soni 8 ta. Drozofila laboratoriyada tez ko‘payadi va xromosomalar soni 8 ta.
Nima uchun ko‘p genlar birikkan holda irsiylanadi?
- Genlar xromosomalardan ancha ko‘p, bitta xromosomada ko‘p gen joylashgani uchun
- Har bir xromosomada faqat bitta gen joylashgani uchun
- Gomologik xromosomalar meyozda doimo birlashib ketgani uchun
- Genlar soni xromosomalar sonidan kam bo‘lgani uchun
To‘g‘ri javob: Genlar xromosomalardan ancha ko‘p, bitta xromosomada ko‘p gen joylashgani uchun. Genlar soni xromosomalar sonidan ancha ko‘p, shu sabab bitta xromosomada ko‘p gen birikib irsiylanadi.
Organizmlarni birikish guruhlari soni bilan moslang: 1) drozofila; 2) makkajo‘xori; 3) no‘xat; a) 10 ta; b) 4 ta; c) 7 ta.
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Drozofilada 4, makkajo‘xorida 10, no‘xatda 7 ta birikish guruhi bor.
Drozofilaning xromosomalar soni 8 ta. Uning birikish guruhlari soni nechta bo‘ladi?
- 2
- 4
- 8
- 16
To‘g‘ri javob: 4. Birikish guruhlari soni gaploid to‘plamga teng: 8 : 2 = 4.
Genlarning mustaqil kombinatsiyalanishi qonuni qachon o‘rinli bo‘ladi?
- Genlar nogomologik xromosomalarda joylashganda
- Genlar bir xromosomada joylashganda
- Genlar jinsiy xromosomalarda joylashganda
- Genlar orasidagi masofa 1 morganidaga teng bo‘lganda
To‘g‘ri javob: Genlar nogomologik xromosomalarda joylashganda. Mustaqil kombinatsiyalanish genlar nogomologik xromosomalarda joylashsagina o‘rinli.
Drozofila belgilarining irsiylanishi haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Kulrang, normal qanotli pashshalar qora, kalta qanotlilar bilan chatishtirilsa, F1 da qora, kalta qanotlilar hosil bo‘ladi; II. Kulrang tana geni (A) qora rang geni (a) ustidan dominantlik qiladi; III. Kulrang, normal qanotli F1 erkaklar qora, kalta qanotli urg‘ochilar bilan chatishtirilsa, Fb ning ½ qismi kulrang, normal qanotli, ½ qismi qora, kalta qanotli bo‘ladi.
- Faqat I
- I va II
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: II va III. F1 da hamma pashshalar kulrang tanali, normal qanotli bo‘ladi, shuning uchun I hukm noto‘g‘ri.
Urg‘ochi digeterozigota drozofila tahliliy duragaylanganda krossover individlar 8,5% va 8,5% ni tashkil etdi. Genlar orasidagi masofa necha morganida?
- 8,5
- 17
- 34
- 83
To‘g‘ri javob: 17. Krossingover 8,5% + 8,5% = 17%; 1 morganida = 1% krossingover, demak masofa 17 morganida.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash