XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 25-§.

Odamda uchraydigan irsiy kasalliklar

Mavzular

Reproduktiv salomatlik tushunchasi

Reproduktiv salomatlikka inson salomatligini asrash va mustahkamlashning asosiy tarkibiy qismi sifatida e’tibor qaratiladi. Respublikamizda reproduktiv salomatlikni asrash bo‘yicha qator me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. Reproduktiv (lot. re – tiklanish, takrorlanish ma’nosida, produco – yarataman).

Reproduktiv salomatlik deganda insonning o‘zidagi mavjud irsiy axborotni keyingi avlodga yaxlit, genlarni mutatsiyalarga uchratmagan holda o‘tkazish natijasida o‘zidan sog‘lom nasl qoldirib, avlodlarning bardavomligini ta’minlash tushuniladi.

Reproduktiv salomatlik – bu reproduktiv tizim va uning faoliyatiga bog‘liq barcha masalalar borasida faqat kasallik va kamchiliklar yo‘qligi bo‘libgina qolmay, balki to‘liq jismoniy, aqliy va ijtimoiy muvaffaqiyatlar holati hamdir.

Reproduktiv huquq va tamoyillar

Reproduktiv huquq – bu barcha er-xotin juftliklar va alohida shaxslarning farzandlar soni, ular orasidagi oraliq va ularning tug‘ilish vaqti haqida erkin hamda to‘liq mas’uliyat hissi bilan qaror qabul qilishi va buning uchun shart bo‘lgan ma’lumot va vositalarga ega bo‘lishi borasidagi asosiy huquqlarni tan olish sanaladi.

Reproduktiv salomatlikka erishish uchun quyidagi tamoyillar: jinsiy yo‘l orqali yuqadigan kasalliklarni oldini olish, tashxislash va davolash (OITSning oldini olish), bepushtlikning oldini olish, o‘sma kasalliklari va o‘sma oldi kasalliklarining oldini olish, farzandlarni ona suti bilan boqish, onalik va bolalikning muhofazasi, o‘smirlar reproduktiv salomatligi va jinsiy tarbiyasiga amal qilinishi lozim.

Respublikamizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimi rivojlanib, har bir viloyat va yirik shaharlarda perinatal va skrining markazlari tashkil etilgan.

Salbiy omillar va oila muhiti

Har bir o‘quvchi reproduktiv salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bilishi, ularni e’tibordan chetda qoldirmasligi lozim. Qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikoh, erta homiladorlik, alkogol, narkotik moddalarni iste’mol qilish, chekish va uning homilaga ta’siri, ekologiya va ijtimoiy holat reproduktiv salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sirasiga kiradi.

Reproduktiv salomatlik nafaqat ayolning, balki erkakning ham o‘zidan sog‘lom zurriyot qoldira olish davridagi salomatligidir. Ayniqsa, bu borada o‘smir yigit-qizlarning salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Notinch, ichuvchi, giyohvand moddalarni iste’mol qilish kabi zararli odatlari mavjud oilalarda tug‘ilgan farzandlar, ayniqsa, bo‘lajak onalarning tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, giyohvandlik kabi zararli odatlari reproduktiv salomatligiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Ko‘rsatib o‘tilgan xavf omillari keyinchalik ularning oilalarida irsiy kasalliklarga chalingan farzandlarning dunyoga kelishi, homilada fiziologik jarayonlarning normal kechishining buzilishida kuzatiladi.

Irsiy va tug‘ma kasalliklar

Reproduktiv salomatlikka kuchli tahdid soladigan omillardan biri irsiy kasalliklar sanaladi. Naslda irsiy kasalliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida nikohlanadigan yoshlar tibbiy-genetik konsultatsiyadan o‘tishi qonun bilan belgilangan.

Tug‘ma kasalliklarni irsiy kasalliklardan farq etish zarur. Tug‘ma kasalliklar homilaning rivojlanishidagi buzilishlar, masalan, onaning homiladorlik davrida og‘ir infeksiya kasalliklariga chalinishi, chekish va alkogol ichimliklarini qabul qilinishi, oiladagi notinchlik, asab buzilishi, ichki va tashqi muhitning zararli omillari ta’sirida vujudga keladi, aksari hollarda nasldan naslga o‘tmaydi.

Odam irsiyatining molekular darajada o‘rganilishi, odamdagi belgi va xususiyatlarning irsiylanish qonuniyatlarini tahlil qilish, mazkur belgilarning populatsiyada tarqalishi, mutatsiyani keltirib chiqaradigan omillarning irsiyatga ta’sirini aniqlash imkonini beradi.

Genetikaning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan tibbiyot genetikasi, genetikaning umumiy qonuniyatlariga asoslangan holda irsiy kasalliklarni aniqlash, oldini olish va davolash yo‘llarini ishlab chiqadi.

Autosoma gen kasalliklari

Gen kasalliklari va ularning kelib chiqish sabablari. Odam hujayrasidagi xromosomalar: autosom va jinsiy xromosomalarga ajratiladi. Autosoma xromosomalaridagi genlar mutatsiyasi oqibatida quyidagi kasalliklar vujudga keladi:

Ba’zi odamlarda qo‘l va oyoq panjalarining tutashib ketishi – sindaktiliya, panjalarda qo‘shimcha barmoqlarning hosil bo‘lishi – polidaktiliya gen kasalliklari sanalib, dominant holda irsiylanadi. Odamda retsessiv mutatsiya oqibatida vujudga keladigan gen kasalliklari aniqlangan. Masalan, albinizm kasalligi teri, soch, ko‘zning kamalak pardasida pigmentlarning bo‘lmasligi bilan xarakterlanadi.

Daun sindromi

Sizga ma’lumki, meyoz jarayonining normal o‘tishi normal gametalar hosil bo‘lishini ta’minlaydi (63-rasm). Kariotipdagi ayrim juft xromosomalar sonining o‘zgarishi (me’yordan ortishi yoki kamayishi) oqibatida vujudga keladigan kasalliklar genom mutatsiyalari aniqlangan.

63-rasm. Erkak va ayollarda meyoz jarayonida xromosomalarning hujayralarga normal taqsimlanishi.
63-rasm. Erkak va ayollarda meyoz jarayonida xromosomalarning hujayralarga normal taqsimlanishi.

Autosoma xromosomalar sonining o‘zgarishi tufayli chiqadigan kasallikka misol qilib, «Daun sindromi»ni olish mumkin. «Daun sindromi»ning kelib chiqishiga 21-juft gomologik xromosomaning bittaga ortib ketishi, ya’ni trisomik holatda bo‘lishi sababchidir. «Daun sindromi»ga uchragan shaxslar kariotipida xromosomalar soni 47 ta bo‘ladi. Bu kasallik autosoma xromosomalarning o‘zgarishi natijasida vujudga kelganligi sababli ayol va erkaklarda uchraydi.

Daun sindromi belgilari va sababi

Bu kasallikka chalingan bemorlarga xos belgilar quyidagilardan iborat: Bemorning boshi nisbatan kichik, yuzi va peshonasi keng, ko‘zlari kichik, bir-biriga yaqin joylashgan, og‘zi yarim ochiq, aqli zaif, bepusht bo‘ladi.

«Daun sindromi»ning kelib chiqishiga asosiy sabab ota-onaning chekishi, alkogol yoki narkotik moddalarning iste’mol qilishi natijasida, boshlang‘ich jinsiy hujayralarning meyoz bo‘linishida 21-juft xromosomalarning o‘z juftidan to‘liq ajralishi sodir bo‘lmaganligi sababli yo tuxum hujayra, yo spermatozoidda 23 ta xromosoma o‘rniga 24 ta xromosoma bo‘ladi. Mazkur jinsiy hujayra urug‘lanishi natijasida kariotipida 47 ta xromosoma bo‘lgan zigota, undan kelgusida «Daun sindromi»ga xos belgi xususiyatlarga ega organizm rivojlanadi.

Klaynfelter sindromi

Klaynfelter sindromi kasalligi faqat erkaklarda uchraydi. Sitogenetik tahlil natijasida ularning jinsiy «X» xromosomalar soni normaga nisbatan bittaga ko‘payganligi aniqlandi. Oqibatda Klaynfelter sindromi kasalligiga duchor bo‘lgan shaxslar jinsiy xromosomalar bo‘yicha XXY genotipiga ega bo‘ladilar. Shuning hisobiga ulardagi diploid xromosomalar soni odatdagicha 46 ta emas, balki 47 ta bo‘ladi.

64-rasm. Erkaklarda meyoz jarayonida xromosomalarning hujayralarga taqsimlanishi buzilishining oqibatlari: 1,2 – Klaynfelter sindromi; 3,4 – Shereshevckiy-Terner sindromi.
64-rasm. Erkaklarda meyoz jarayonida xromosomalarning hujayralarga taqsimlanishi buzilishining oqibatlari: 1,2 – Klaynfelter sindromi; 3,4 – Shereshevckiy-Terner sindromi.

Klaynfelter sindromi kasalligiga duchor bo‘lgan shaxslarda jismoniy, aqliy jihatdan o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Ularda qo‘l va oyoqlar haddan tashqari uzun bo‘ladi. Yelka chanoqqa nisbatan tor bo‘lib jinsiy bezlarning rivojlanishi buziladi. Balog‘atga yetish davridan boshlab, bir qadar aqliy qoloqlik yuzaga keladi. Bu kasallik o‘rta hisobda yangi tug‘ilgan 500 ta o‘g‘il boladan bittasida uchraydi.

Shereshevskiy-Terner sindromi

Ayollarda jinsiy xromosomalar mutatsiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan, «Shereshevskiy-Terner sindromi» kasalligi uchraydi. Bu kasallikka duchor bo‘lgan ayollarda juft gomologik jinsiy xromosomalar soni bittaga kamayadi. Ularda xromosoma soni 46 ta emas, balki 45 ta bo‘lib qoladi. Bunday ayollarning bo‘yi juda past, bo‘yni juda qisqa bo‘ladi. Ularda tuxumdon rivojlanmagan, ikkilamchi jinsiy belgilar ham juda sust namoyon bo‘ladi. «Shereshevskiy-Terner sindromi» kasalligi o‘rta hisobda yangi tug‘ilgan 5000 qizdan bittasida uchraydi (64–65-rasmlar).

65-rasm. Ayollarda meyoz jarayonida xromosomalarning hujayralarga taqsimlanishi buzilishining oqibatlari: 1 – X trisomiyasi; 2 – Klaynfelter sindromi; 3 – Shereshevskiy-Terner sindromi; 4 – hayotchan emas.
65-rasm. Ayollarda meyoz jarayonida xromosomalarning hujayralarga taqsimlanishi buzilishining oqibatlari: 1 – X trisomiyasi; 2 – Klaynfelter sindromi; 3 – Shereshevskiy-Terner sindromi; 4 – hayotchan emas.

Ona va bola skrining markazi

Yurtimizda onalar va bolalar salomatligiga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Zero, mustahkam sog‘liqqa ega avlod istiqbolimizning metin poydevori, davlat va jamiyat ravnaqining tayanchi sanaladi.

Respublika «Ona va bola skrining» markazi faoliyatining asosiy vazifasi «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» tamoyilini amalga oshirishga xizmat qilishdir. Bola tug‘ilishidan avval uning sog‘lig‘i haqida bilish mumkin. Bularning barchasi skrining (inglizcha screening – tanlab olish, saralash), ya’ni sog‘liqni saqlashni tashkil etishda klinik belgilarsiz kechadigan kasalliklarni aniqlashga qaratilgan strategiyani amalga oshirish imkonini beradi. Ushbu strategiyaning maqsadi kasalliklarni imkoni boricha erta aniqlashdan iborat bo‘lib, bu nogironlikning oldini olish uchun davolashni o‘z vaqtida boshlashda muhim ahamiyatga ega.

Skrining tizimi va tekshiruvlar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda chaqaloqlarning 5 foizi tug‘ma va irsiy xastaliklar bilan tug‘ilmoqda. Homiladorlik davrida turli o‘tkir yuqumli kasalliklarni boshdan kechirish, endokrin va surunkali xastaliklar, bo‘lajak onalarning noto‘g‘ri ovqatlanishi, ayollar organizmida yod, foliy kislotasi, tuz tanqisligi, ekologik omillar, jumladan, ayrim dori preparatlarini qabul qilish buning asosiy sabablaridir.

Bugungi kunda skrining tizimi barcha viloyatlardagi hududiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridagi Respublika skrining markazidan iborat bo‘lib, ular homilador ayollar va chaqaloqlar skrining tekshiruvlaridan o‘tkazmoqda. Genetik, nevropatolog, endokrinolog, ginekolog shifokorlarning maslahatlari, shuningdek, bemorni maxsus usullar yordamida tekshirish irsiy kasallikka tashxis qo‘yish va kasallik alomatlariga qarab davolash, oilada irsiy kasallik bilan bola dunyoga kelishining oldini olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Respublika «Ona va bola skrining» markazida faoliyat ko‘rsatayotgan genetika laboratoriyasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriya kasalligi bo‘yicha hamda boshqa xromosoma sindromlarini aniqlash uchun tekshiruvlar o‘tkazilib tashxis qo‘yiladi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. Shereshevskiy-Terner sindromi
  2. X trisomiyasi
  3. hayotchan emas
  4. Klaynfelter sindromi

To‘g‘ri javob: X trisomiyasi. 65-rasm. Ayollarda meyoz jarayonida xromosomalarning hujayralarga taqsimlanishi buzilishining oqibatlari: 1 – X trisomiyasi; 2 – Klaynfelter sindromi; 3 – Shereshevskiy-Terner sindromi; 4 – hayotchan

Rasmda «Klaynfelter sindromi» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 2
  2. 4
  3. 3
  4. 1

To‘g‘ri javob: 2. 65-rasm. Ayollarda meyoz jarayonida xromosomalarning hujayralarga taqsimlanishi buzilishining oqibatlari: 1 – X trisomiyasi; 2 – Klaynfelter sindromi; 3 – Shereshevskiy-Terner sindromi; 4 – hayotchan

Reproduktiv huquq barcha er-xotin juftliklar va alohida shaxslarning qaysi masalada erkin qaror qabul qilishini tan olishdir?
  1. Farzandlar soni, ular orasidagi oraliq va tug‘ilish vaqti
  2. Reproduktiv tizim kasalliklarini davolash usulini tanlash
  3. Farzandlarning ta’lim olish yo‘nalishini tanlash masalasida
  4. Nikohlanish yoshi va yashash joyini tanlash masalasida

To‘g‘ri javob: Farzandlar soni, ular orasidagi oraliq va tug‘ilish vaqti. Reproduktiv huquq farzandlar soni, oraliq va tug‘ilish vaqti haqida erkin va mas’uliyat bilan qaror qabul qilishni tan olishdir.

Quyidagilardan qaysi biri reproduktiv salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar qatoriga kiradi?
  1. Farzandlarni ona suti bilan boqish
  2. Qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikoh
  3. Tibbiy-genetik konsultatsiyadan o‘tish
  4. Perinatal markazlarda kuzatuvdan o‘tish

To‘g‘ri javob: Qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikoh. Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh salbiy omil; qolganlari salomatlikni asrashga xizmat qiladi.

Naslda irsiy kasalliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida nikohlanadigan yoshlar uchun qonun bilan nima belgilangan?
  1. Nikohdan oldin ekologik monitoringdan o‘tish
  2. Tibbiy-genetik konsultatsiyadan o‘tish
  3. Nikohdan so‘ng skrining tekshiruviga yozilish
  4. Majburiy tarzda bepushtlik testidan o‘tish

To‘g‘ri javob: Tibbiy-genetik konsultatsiyadan o‘tish. Nikohlanuvchi yoshlarning tibbiy-genetik konsultatsiyadan o‘tishi qonun bilan belgilangan.

Tug‘ma kasalliklar irsiy kasalliklardan qanday farq qiladi?
  1. Faqat autosomalar o‘zgarishidan kelib chiqadi va albatta nasldan naslga o‘tadi
  2. Faqat jinsiy xromosomalar o‘zgarishidan kelib chiqadi va faqat erkaklarda uchraydi
  3. Homila rivojlanishidagi buzilishlardan kelib chiqadi va aksari hollarda nasldan naslga o‘tmaydi
  4. Faqat genlar mutatsiyasi tufayli kelib chiqadi va har doim nasldan naslga o‘tadi

To‘g‘ri javob: Homila rivojlanishidagi buzilishlardan kelib chiqadi va aksari hollarda nasldan naslga o‘tmaydi. Tug‘ma kasalliklar homila rivojlanishidagi buzilishlardan paydo bo‘ladi va aksari nasldan naslga o‘tmaydi.

Tibbiyot genetikasi genetikaning umumiy qonuniyatlariga asoslanib qanday vazifani bajaradi?
  1. Faqat tug‘ma nuqsonlarni jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etadi
  2. Faqat o‘simliklarning irsiy belgilarini o‘rganadi
  3. Yangi tur hosil bo‘lish tezligini hisoblab chiqadi
  4. Irsiy kasalliklarni aniqlash, oldini olish va davolash yo‘llarini ishlab chiqadi

To‘g‘ri javob: Irsiy kasalliklarni aniqlash, oldini olish va davolash yo‘llarini ishlab chiqadi. Tibbiyot genetikasi irsiy kasalliklarni aniqlash, oldini olish va davolash yo‘llarini ishlab chiqadi.

Odamda qo‘l va oyoq panjalarining tutashib ketishi qanday nomlanadi va qanday holda irsiylanadi?
  1. Polidaktiliya, dominant holda
  2. Sindaktiliya, dominant holda
  3. Polidaktiliya, retsessiv holda
  4. Sindaktiliya, retsessiv holda

To‘g‘ri javob: Sindaktiliya, dominant holda. Panjalarning tutashishi sindaktiliya bo‘lib, dominant holda irsiylanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiGenetika va inson salomatligiKeyingi →Gen muhandisligi tadqiqot obyektlari va rivojlanish tarixi