XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 29-§.

Gen muhandisligida qo‘llaniladigan fermentlar

Mavzular

Fermentlar guruhlari

Gen muhandisligida DNK molekulasini spetsifik tarzda bo‘laklarga bo‘luvchi va har qanday DNK bo‘lagini bir-biriga uchma-uch biriktiruvchi enzimlar hamda DNK bo‘laklarini uzunligi bo‘yicha bir-biridan o‘ta aniqlik bilan ajrata oluvchi elektroforez usulidan foydalaniladi.

Gen muhandisligi qo‘llaniladigan fermentlar. Gen muhandisligi fermentlari DNK molekulalari bilan turli xil tajribalarni o‘tkazishga yordam berib, ularni tegishli joyidan qirqish, turli xil bo‘laklarini ulash, tabiatda mavjud bo‘lmagan yangi xildagi ketma-ketliklarni sintez qilishda qo‘llaniladi. Quyida gen muhandisligida foydalaniladigan asosiy fermentlarni ko‘rib chiqamiz. Barcha fermentlarni shartli ravishda quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:

Polimerazalar va revertazalar

Polimerazalar. Gen muhandisligi keng qo‘llaniladigan fermentlardan biri DNK polimeraza fermenti bo‘lib, bu ferment birinchi marta 1958-yilda Korenberg va uning hamkorlari tomonidan Esherichia coli (ichak tayoqchasi bakteriyasi)dan ajratib olingan DNK polimeraza komplementar nukleotidlarni biriktirish yo‘li bilan DNK zanjiri reduplikatsiya jarayonida ishtirok etadi.

DNK polimeraza gen muhandisligida yangi DNK molekulalarini sintezlashda qo‘llaniladi. Viruslarni o‘rganish jarayonida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ayrim viruslarning genomi bitta RNK zanjirdan iborat bo‘lib, hujayra ichida rivojlanayotganda o‘z genomini ikki zanjirli DNK ko‘rinishiga o‘tkazib, xo‘jayin hujayra genomiga kiritadi. RNK matritsa asosida komplementar DNK sintezlay oladigan virusning maxsus fermenti, ya’ni teskari transkriptaza yoki revertaza deb nomlanuvchi maxsus ferment ajratib olingan. Revertazalar matritsa RNKga komplementar DNK zanjirini sintezlay oladi. Revertazalar yordamida mRNKning DNK nusxalarini olish mumkin.

Ligazalar

Ligazalar. Rekombinatsiya jarayoni DNKni bo‘laklarga ajratish va ularni ulashdan iborat ekanligini ko‘rsatdi. Qo‘shni nukleotidlar orasidagi fosfodiefir bog‘larini tiklash orqali DNK bo‘laklarini bog‘lash vazifasini bajaruvchi ferment DNK ligaza deb ataladi. Ligaza yordamida DNKning har qanday bo‘lagining «yopishqoq uchli» yoki «to‘mtoq uchli» qismlari biriktiriladi. Bu eng ko‘p qo‘llaniladigan fermentlardan biridir.

Restriktazalar nima

Restriktazalar. Gen muhandisligida foydaliligi nuqtayi nazaridan maxsus endonukleazalar alohida guruhni tashkil etadi. Tabiatda biror mikroorganizm hujayrasiga tashqaridan yot genetik material kirsa, u darhol hujayra nukleaza fermentlari ishtirokida parchalab tashlanadi. Genlar ustida bevosita muolajalar o‘tkazish usullarining takomillashtirilishi restriksion endonukleazalar (restriktazalar)ning ochilishi bilan bog‘liqdir. Esherichia coli (E.coli)ning alohida shtammi DNKsi boshqa shtamm hujayrasiga kiritilganda, odatda, genetik faollik ko‘rsata olmaydi. Chunki u maxsus fermentlar–restriktazalar bilan tezda bo‘laklarga bo‘lib yuboriladi. Hozirgi vaqtda turli xil mikroorganizmlardan har xil restriktazalar ajratib olingan.

Restriktazalarning ishlashi

Restriktazalar endonukleazalarning DNKni muayyan maxsus ketma-ketliklari restriksiya saytlari (nuqtalari)ni tanib kesadigan, gidroliz qiladigan guruhi hisoblanadi. Yot DNKni parchalaydigan har qanday restriktaza fermenti DNKni o‘ziga mos 4–6 ta nukleotid ketma-ketligini tanib kesadi, natijada to‘mtoq yoki yopishqoq uchli bir nechta DNK bo‘laklari hosil bo‘ladi. Yopishqoq uchli DNK bo‘laklarining qo‘sh zanjiri bir necha nukleotidga siljigan holda bo‘laklarga ajraladi. Xuddi shunday bo‘laklar o‘zaro komplementar juftlar hosil qilib, birikish xususiyatiga ega. Olingan DNK bo‘lagini plazmida yoki bakteriya virusiga kiritish mumkin.

Restriktazalarni nomlashda ferment ajratib olingan bakteriya turining lotincha nomini bosh harflari va qo‘shimcha belgilaridan foydalaniladi. Chunki bir turdagi bakteriyalardan bir necha xil restriktazalar ajratib olingan bo‘lishi mumkin.

EcoRI, HpaI va elektroforez

Shu bilan birga qo‘sh zanjir DNK molekulasini «yopishqoq» uchlar hosil qilib kesuvchi restriktazalar (EcoRI), «to‘mtoq» uchlar hosil qilib kesuvchi restriktazalar (HpaI) ham mavjud. Restriktazalar hosil qilgan «yopishqoq» uchlardan foydalanib, har xil DNK bo‘laklarini bir-biriga bog‘lash soddalashadi. Ana shu xususiyati tufayli bu xil restriktazalar gen muhandisligida keng qo‘llaniladi.

Restriktaza fermentlarining ochilishi DNK molekulasini bo‘laklarga bo‘lib, elektroforez qurilmasida o‘ta aniqlik bilan bir-biridan ajratib olish imkonini berdi. Bu usulda ajratib olingan DNK bo‘laklaridan gen muhandisligida foydalaniladi.

Bilimingizni sinang

Gen muhandisligida DNK bo‘laklarini uzunligi bo‘yicha bir-biridan o‘ta aniqlik bilan ajratish uchun qaysi usul qo‘llaniladi?
  1. Transformatsiya
  2. Elektroforez
  3. Gibridoma olish
  4. Klonlash

To‘g‘ri javob: Elektroforez. DNK bo‘laklarini uzunligi bo‘yicha ajratishda elektroforez usuli ishlatiladi.

DNK polimeraza fermenti birinchi marta kim tomonidan va qaysi bakteriyadan ajratib olingan?
  1. Griffit 1958-yilda pnevmokokklardan
  2. Boyer va Koen 1972-yilda pnevmokokklardan
  3. Korenberg va hamkorlari 1958-yilda ichak tayoqchasi (Esherichia coli)dan
  4. Korenberg va hamkorlari 1944-yilda ichak tayoqchasi (Esherichia coli)dan

To‘g‘ri javob: Korenberg va hamkorlari 1958-yilda ichak tayoqchasi (Esherichia coli)dan. Ferment 1958-yilda Korenberg va hamkorlari tomonidan E. coli dan ajratilgan.

DNK polimeraza va revertaza fermentlari o‘rtasidagi farq qaysi?
  1. Ikkalasi ham DNK bo‘laklarini fosfodiefir bog‘lari orqali ulaydi
  2. Polimeraza DNKni kesadi; revertaza DNK bo‘laklarini ulaydi
  3. Polimeraza DNK zanjirini reduplikatsiyalaydi; revertaza matritsa RNK asosida DNK sintezlaydi
  4. Polimeraza matritsa RNK asosida DNK sintezlaydi; revertaza DNK zanjirini reduplikatsiyalaydi

To‘g‘ri javob: Polimeraza DNK zanjirini reduplikatsiyalaydi; revertaza matritsa RNK asosida DNK sintezlaydi. Polimeraza komplementar nukleotidlarni biriktirib DNK reduplikatsiyasida qatnashadi; revertaza RNKdan DNK sintezlaydi.

DNK ligaza fermenti DNK bo‘laklarini qanday bog‘laydi?
  1. Matritsa RNKdan komplementar DNK sintezlaydi
  2. DNK zanjirini nukleotidlarga parchalaydi
  3. Restriksiya saytlarini tanib, DNKni kesadi
  4. Qo‘shni nukleotidlar orasidagi fosfodiefir bog‘larini tiklaydi

To‘g‘ri javob: Qo‘shni nukleotidlar orasidagi fosfodiefir bog‘larini tiklaydi. Ligaza fosfodiefir bog‘larini tiklab, DNK bo‘laklarini ulaydi.

Restriktaza fermenti DNKda odatda necha nukleotidli ketma-ketlikni tanib kesadi?
  1. 2–3 ta
  2. 4–6 ta
  3. 20–30 ta
  4. 10–12 ta

To‘g‘ri javob: 4–6 ta. Restriktaza DNKni o‘ziga mos 4–6 ta nukleotid ketma-ketligini tanib kesadi.

E. coli ning alohida shtammi DNKsi boshqa shtamm hujayrasiga kiritilganda nima uchun odatda genetik faollik ko‘rsata olmaydi?
  1. U ligazalar bilan boshqa DNKga ulanib ketadi
  2. U hujayrada ribosomalar bilan bog‘lanib qoladi
  3. U revertaza ta’sirida RNKga aylanadi
  4. U restriktazalar bilan tezda bo‘laklarga bo‘lib yuboriladi

To‘g‘ri javob: U restriktazalar bilan tezda bo‘laklarga bo‘lib yuboriladi. Yot DNK hujayradagi restriktazalar tomonidan tez parchalanadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. DNK polimeraza gen muhandisligida yangi DNK molekulalarini sintezlashda qo‘llaniladi; II. Ligaza DNKning faqat «to‘mtoq uchli» qismlarini biriktira oladi; III. Revertazalar yordamida mRNKning DNK nusxalarini olish mumkin.
  1. Faqat II
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. Ligaza «yopishqoq uchli» qismlarni ham biriktiradi, shuning uchun II noto‘g‘ri.

Fermentlarni vazifasi bilan moslang: 1) restriktaza; 2) ligaza; 3) revertaza. a) matritsa RNKga komplementar DNK zanjirini sintezlaydi; b) restriksiya saytlarini tanib, DNKni kesadi; c) fosfodiefir bog‘larini tiklab, DNK bo‘laklarini ulaydi.
  1. 1-c, 2-b, 3-a
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-a, 2-c, 3-b
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Restriktaza kesadi, ligaza ulaydi, revertaza RNKdan DNK sintezlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHujayra irsiyatining o‘zgarishiga olib keladigan jarayonlarKeyingi →Rekombinant DNK olish