XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 34-§.

O‘zbekistonda gen muhandisligi va biotexnologiya fani yutuqlari

Mavzular

Gen muhandisligining boshlanishi

Gen muhandisligiga bag‘ishlangan tadqiqotlar O‘zbekistonda 1980-yillarning boshlarida akademik O. S. Sodiqov tashabbusi bilan boshlangan. O‘zbekistondagi bu tadqiqotlarning bevosita rahbari akademik A. A. Abdukarimov bo‘lib, 1980-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida tashkil qilingan gen muhandisligi va biotexnologiyasi laboratoriyasida transgen g‘o‘za navlari yaratish ustida qator ilmiy fundamental tadqiqotlar olib borildi.

1992-yili Birinchi Prezidentimiz I. A. Karimovning bu laboratoriyaga tashrifi davomida g‘o‘za genlar muhandisligini yanada rivojlantirish va uni dunyo fani darajasiga ko‘tarish hamda sohaga malakali yosh kadrlarni jalb qilish va tayyorlash maqsadida, sohaning maqsadli moliyalashtirishga berilgan bevosita ko‘rsatmalari O‘zbekistonda genlar muhandisligini jadal rivojlanishiga asosiy turtki bo‘ldi.

Geninmar markazi

Respublikamiz Birinchi Prezidenti I. Karimov tashabbusi bilan Fanlar akademiyasi tarkibida Genetika institutining tashkil topishi, hukumat qarori bilan gen muhandisligining taraqqiyotini belgilovchi «Geninmar» ilmiy dasturining tasdiqlanishi, Fan va texnika Davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi birgalikda Gen muhandisligi markazi – «Geninmar» markazining tashkil etilishi mamlakatimizda gen muhandisligiga asoslangan biotexnologiyalar yaratish imkonini berdi.

Paxta tolasi va gepatit B vaksinasi

Ushbu ilmiy markaz xodimi I. Abdurahmonov paxta tolasining uzunligini belgilaydigan va g‘o‘zaning gullashini boshqaradigan genlar oilasini AQSH Texas qishloq xo‘jaligi va mexanika universiteti biotexnologiya markazi olimlari bilan hamkorlikda ilk bor ajratib oldi. Shuning bilan paxta tolasi sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan biotexnologiyaga asos solindi.

Professor Sh. S. Azimova rahbarlik qilayotgan laboratoriya olimlari gen va hujayra muhandisligi usullarini qo‘llab, xalqimizda «sariq kasallik» deb ataluvchi jigar uchun xavfli bo‘lgan gepatit B xastaligini tashxis qilish va bu xastalikning oldini olish uchun zarur vaksina yaratish bo‘yicha ilmiy loyihalarni muvaffaqiyatli yakunladilar.

PCR va gen daktiloskopiya

Biologiya fanlari doktori R. S. Muhamedov, yetakchi ilmiy xodim B. Irisboyevlar rahbarlik qilayotgan ilmiy guruh PCR texnologiyasini qo‘llab, o‘nlab xavfli yuqumli va irsiy kasalliklarning gen muhandisligi tashxisi biotexnologiyasini keng tatbiq qilishdi.

Respublika kardiomarkazi bilan hamkorlikda kardiomiopatiya kasalligining irsiylanish qonuniyatlari o‘rganilmoqda (B. Irisboyev, G. Hamidullayeva). Adliya vazirligining Sud tibbiyoti ekspertizasi instituti «Geninmar» markazi bilan hamkorlikda gen daktiloskopiya (gen daktiloskopiya – genning DNK izchilligi va genlar spektriga binoan noma’lum shaxsni aniqlash) usulini tatbiq etdilar va yanada takomillashtirdilar (R. S. Muhamedov va A. Ikromov).

Pestitsidlarni zararsizlantirish

Professor O. T. Odilova tuproq va yerosti suvlarida to‘planib qolgan pestitsid qoldiqlarini parchalab zararsizlantiruvchi pseudomonas bakteriyasi shtammidan shu funksiyalarini bajaruvchi genlar guruhini g‘o‘za tomiri tolachalari sathida yashovchi rizosfera bakteriyasiga ko‘chirib o‘tkazdi. Bu tajribalardan kutilgan maqsad pirovardida g‘o‘za ekiladigan maydonlarda g‘o‘zaga o‘nlab yillar davomida sepilgan gerbitsid va pestitsidlarning qoldig‘ini zararsizlantirishdir.

Gen-nokaut va kelajak

Mamlakatimiz olimlari tomonidan g‘o‘zada tola sifati, erta gullash, turli stresslarga chidamlilikni beruvchi bir necha o‘nlab genlar ajratib olindi va klonlandi. Olimlarimiz tomonidan bu genlarning faolligini «genni o‘chirib» qo‘yish (gen-nokaut) orqali boshqarish texnologiyasi ishlab chiqilib, g‘o‘zada tola uzunligi va gullashiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi bir necha genlar funksiyasi to‘xtatilishiga erishildi hamda yuqori agronomik ko‘rsatkichli g‘o‘za navlari olindi.

O‘zbekistonda gen muhandisligi asosida suv tanqisligi, sho‘rlanish, kasalliklar va zararkunandalarga chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlarining yuqori sifatli va serhosil navlarini yaratish davr talabidir.

Bilimingizni sinang

O‘zbekistonda gen muhandisligiga bag‘ishlangan tadqiqotlar 1980-yillar boshida qaysi akademik tashabbusi bilan boshlangan?
  1. R. S. Muhamedov
  2. A. A. Abdukarimov
  3. O. S. Sodiqov
  4. Sh. S. Azimova

To‘g‘ri javob: O. S. Sodiqov. Tadqiqotlar akademik O. S. Sodiqov tashabbusi bilan boshlangan; bevosita rahbari A. A. Abdukarimov bo‘lgan.

Olimlar va ularning faoliyatini moslang: 1) A. A. Abdukarimov; 2) I. Abdurahmonov; 3) Sh. S. Azimova. a) paxta tolasi uzunligini belgilovchi genlar oilasini ajratgan; b) gepatit B tashxisi va vaksinasi bo‘yicha laboratoriya rahbari; c) gen muhandisligi tadqiqotlarining bevosita rahbari.
  1. 1-a, 2-c, 3-b
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Abdukarimov tadqiqotlar rahbari, Abdurahmonov tola genlarini ajratgan, Azimova gepatit B vaksinasi ustida ishlagan.

Birinchi Prezident I. A. Karimov gen muhandisligi laboratoriyasiga tashrif buyurib, g‘o‘za genlar muhandisligini rivojlantirishga ko‘rsatma bergan yil qaysi?
  1. 1998-yil
  2. 1985-yil
  3. 1992-yil
  4. 2001-yil

To‘g‘ri javob: 1992-yil. Bu tashrif 1992-yilda bo‘lgan va gen muhandisligi jadal rivojlanishiga turtki bergan.

Fan va texnika Davlat qo‘mitasi va Fanlar akademiyasi birgalikda tashkil etgan Gen muhandisligi markazi qanday nomlanadi?
  1. «Biogen»
  2. «Genom»
  3. «Geninmar»
  4. «Genplast»

To‘g‘ri javob: «Geninmar». Markaz «Geninmar» nomi bilan ataladi; shu nomli ilmiy dastur ham tasdiqlangan.

Paxta tolasi sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan biotexnologiyaga asos solinishiga qaysi ish sabab bo‘lgan?
  1. Tola uzunligi va gullashni boshqaruvchi genlar oilasining ajratilishi
  2. Pestitsidlarni parchalovchi bakteriya shtammining topilishi
  3. Gepatit B vaksinasining yaratilishi
  4. Noma’lum shaxsni aniqlash usulining joriy etilishi

To‘g‘ri javob: Tola uzunligi va gullashni boshqaruvchi genlar oilasining ajratilishi. Tola uzunligini va g‘o‘za gullashini boshqaradigan genlar oilasi ilk bor ajratilgach, shu yo‘nalishga asos solindi.

Gen daktiloskopiya usuli qanday vazifani bajaradi?
  1. Gepatit B vaksinasini ishlab chiqaradi
  2. Genning DNK izchilligi va genlar spektriga ko‘ra noma’lum shaxsni aniqlaydi
  3. G‘o‘za tolasi uzunligini oshiradi
  4. Tuproqdagi pestitsid qoldiqlarini parchalaydi

To‘g‘ri javob: Genning DNK izchilligi va genlar spektriga ko‘ra noma’lum shaxsni aniqlaydi. Gen daktiloskopiya DNK izchilligi va genlar spektri asosida noma’lum shaxsni aniqlash usulidir.

Xalqimizda «sariq kasallik» deb ataluvchi, jigar uchun xavfli xastalik qaysi?
  1. Zotiljam
  2. Kardiomiopatiya
  3. Gepatit B
  4. Qandli diabet

To‘g‘ri javob: Gepatit B. Xalqda «sariq kasallik» deb ataluvchi jigar uchun xavfli xastalik gepatit B hisoblanadi.

Pseudomonas bakteriyasi shtammidagi pestitsidlarni parchalovchi genlar guruhini g‘o‘za tomiri tolachalari sathidagi bakteriyaga ko‘chirishdan maqsad nima?
  1. G‘o‘zani sho‘rlanishga chidamli qilish
  2. G‘o‘za tolasining uzunligini oshirish
  3. G‘o‘za ekiladigan maydonlardagi gerbitsid va pestitsid qoldig‘ini zararsizlantirish
  4. G‘o‘zaning erta gullashini ta’minlash

To‘g‘ri javob: G‘o‘za ekiladigan maydonlardagi gerbitsid va pestitsid qoldig‘ini zararsizlantirish. Maqsad g‘o‘za maydonlarida o‘nlab yillar sepilgan gerbitsid va pestitsid qoldig‘ini zararsizlantirishdir.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiGen va hujayra muhandisligiga asoslangan biotexnologiyaKeyingi →Tur tushunchasi. Tur mezonlari