XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 35-§.

Tur tushunchasi. Tur mezonlari

Mavzular

Tur — sistematik birlik

Siz avvalgi sinflarda o‘simlik va hayvonlar sistematikasi bilan tanishgansiz. Sistematikada eng kichik birlik tur ekanligi, tur binar nomenklaturaga binoan, qo‘shaloq nom bilan nomlanishidan xabardorsiz. Masalan, Gossypium Hirzitium g‘o‘za turi bo‘lib, muayyan belgi-xususiyatlarga egaligini bilasiz.

Insoniyatni qiziqtirib kelayotgan turlar tabiatda qanday yo‘nalishlarda paydo bo‘lgan va rivojlangan degan masalalar sizni ham qiziqtirishi tabiiy.

Tur ta’rifi

Biologiya fanining rivojlanishida juda ko‘p olimlar o‘zlarining tadqiqotlari bilan bu muammoni hal etishga harakat qilgan. Keyingi paragraflarda mazkur olimlarning ilmiy izlanishlari natijalari bilan tanishasiz. Organik olamning rivojlanishi yuzasidan olib borilgan tadqiqotlarning barchasi biologiya fanining rivojlanishiga qo‘shilgan hissa ekanligi nuqtayi nazaridan o‘rganiladi. Organik olam juda uzoq muddat davomida tarixiy rivojlangan. Paleontologik qazilma qoldiqlarni o‘rganish va hozirda mavjud organizmlarning tuzilishi bilan taqqoslash orqali shunday xulosalar chiqarilgan.

Shuni qayd etish kerakki, organik olam evolutsiyasi haqidagi fikrlar ko‘plab biolog olimlarning tadqiqotlari natijasida olingan xulosa sanaladi.

Tur deganda morfologik, fiziologik, etologik, genetik, biokimyoviy xossalari bilan o‘xshash, erkin chatishib nasl beradigan, ma’lum yashash sharoitiga moslashgan hamda tabiatda o‘z arealiga ega bo‘lgan organizmlardan iborat populatsiyalar yig‘indisi tushuniladi.

Populatsiya, areal, politipik tur

Populatsiya shu turning boshqa populatsiyalaridan ayrim belgi va xossalari bilan farq qiladigan, nisbatan alohidalashgan tizimdir. Har bir tur tabiatda ma’lum maydonni ishg‘ol qiladi va bu maydon turning areali deyiladi. Odatda turning areali katta maydondan iborat bo‘ladi. Shu sababli tur arealining turli qismlarida yashash muhiti turlicha bo‘ladi.

Arealning turli qismlarida yashovchi individlar bir turga kirsa ham o‘z xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Demak, har qanday tur bir-biridan ozmi-ko‘pmi tafovut qilgan individlardan tarkib topgan. Shuning uchun har qanday biologik tur politipik hisoblanadi. Politipik turlar bir-biridan nisbatan alohidalashgan, erkin chatishib nasl beradigan kenja turlar va populatsiyalardan tashkil topadi. Tor arealda yashovchi turlarga nisbatan keng arealda yashovchi turlar politipik sanaladi. Chunki areal qanchalik keng bo‘lsa, areal chekkalaridagi muhit o‘rtasida tafovut ko‘p bo‘ladi.

Tur haqidagi dastlabki qarashlar

Tur muammosi evolutsion ta’limotda markaziy o‘rinda turadi. Tabiatda mavjud xilma-xil o‘simlik, hayvonlarni tizimga solishda, ya’ni klassifikatsiyalashda tur tushunchasi sistematik birlik sifatida qo‘llaniladi.

«Tur» atamasini sistematik birlik sifatida fanga birinchi marta ingliz botanigi Djon Rey kiritgan. Tur haqida ko‘plab olimlar turlicha fikr bildirganlar. K. Linney tabiatda turning real mavjudligini tan olgan, lekin tur o‘zgarmas deb hisoblagan. J. B. Lamark turning realligini tan olmagan holda tabiatda faqat individlar mavjud deb hisoblagan. Ch. Darvinning fikriga ko‘ra, tabiatda turlar paydo bo‘ladi, yo‘qoladi, o‘zgaradi, bir tur yangi turning paydo bo‘lishiga asos bo‘ladi.

Tur mezonlari nima?

Turga berilgan ta’rifning ijobiy tomoni shundaki, u o‘zaro chatishib ko‘payadigan alohida organizmlar majmuasini tur sifatida talqin qiladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, hamma organizmlar ham jinsiy yo‘l bilan ko‘payavermaydilar. Tabiatda jinssiz yo‘l bilan ham ko‘payadigan organizmlar mavjud. Bundan tashqari qadimgi eralarda yashab qirilib ketgan turlar bor.

Bulardan ma’lum bo‘ladiki, barcha turlarining o‘ziga xos belgi-xossalarini qamrab olgan tur ta’rifi biologiya fanida hali yaratilmagan. Shuning uchun amaliyotda organizm turlarini bir-biridan farqlashda tur mezonlaridan foydalaniladi. Turlar ko‘p belgilari bilan bir-birlari bilan farq qiladi. Tur uchun xos bo‘lgan belgi-xossalar yig‘indisi tur mezonlari deb ataladi.

Morfologik mezon

Morfologik mezon bir turga kiruvchi individlarning tashqi va ichki tuzilishining o‘xshashligini ifodalaydi. Qora qarg‘a va ola qarg‘a, karam kapalagi va qichitqio‘t kapalagi har xil turlarga mansub (75-rasm).

75-rasm. 1 – karam kapalagi; 2 – qichitqio‘t kapalagi.
75-rasm. 1 – karam kapalagi; 2 – qichitqio‘t kapalagi.

Ularni siz morfologik xususiyatlari asosida farqlay olasiz. Chittaklar oilasiga mansub turlarni ham morfologik mezon asosida aniqlash mumkin (76-rasm).

76-rasm. 1 – tojdor chittak; 2 – katta chittak; 3 – lazorevka chittagi; 4 – moskovka chittagi.
76-rasm. 1 – tojdor chittak; 2 – katta chittak; 3 – lazorevka chittagi; 4 – moskovka chittagi.

Morfologik mezonning nisbiyligi

Lekin birgina morfologik mezonning o‘zi bir turni boshqa turdan farq qilish uchun yetarli emas. Bir turga kiruvchi organizmlar ham ba’zi morfologik belgi-xossalari bilan o‘zaro farq qiladi. Bir turga mansub erkak va urg‘ochi jinsli organizmlar o‘rtasidagi jinsiy dimorfizm hodisasini ko‘rish mumkin (77-rasm).

77-rasm. 1 – qushlarda; 2 – sutemizuvchilarda; 3 – hasharotlarda jinsiy dimorfizm.
77-rasm. 1 – qushlarda; 2 – sutemizuvchilarda; 3 – hasharotlarda jinsiy dimorfizm.

Shu bilan bir qatorda morfologik jihatdan bir-biriga juda o‘xshash, lekin o‘zaro chatishmaydigan turlar ham uchraydi. Ular qiyofadosh turlar deyiladi. Chunonchi, drozofilada 2 ta, bezgak chivinida va qora kalamushda ham 2 ta qiyofadosh turlar ma’lum. Qiyofadosh turlar suvda hamda quruqlikda yashovchilar, reptiliyalar, qushlar, hatto sutemizuvchilarda ham aniqlangan. Morfologik mezon turlarni aniqlashda uzoq vaqt asosiy va yagona o‘lchov hisoblangan.

Fiziologik va biokimyoviy mezon

Fiziologik mezon bir turga mansub individlarda hayotiy jarayonlar: oziqlanish, nafas olish, ayirish, o‘sish, ko‘payish, rivojlanishning o‘xshashligini aks ettiradi. Aslida har xil tur vakillari bir-biri bilan chatishmaydi, chatishsa ham nasl bermaydi yoki nasli bepusht bo‘ladi. Turlarning chatishmasligi jinsiy organlar tuzilishidagi farqlar, ko‘payish muddatlarining turlicha bo‘lishi va boshqa xossalari bilan izohlanadi. Lekin tabiatda ayrim turlar, masalan, kanareykalarning har xil turlari, terak va tollar, it va bo‘ri o‘zaro chatishishi hamda nasl berishi mumkin. Bu o‘z-o‘zidan fiziologik mezon ham turlarning bir-biridan farq qilishi uchun yetarli emasligini ko‘rsatadi.

Biokimyoviy mezon. Har xil turga kiruvchi organizmlar o‘zining kimyoviy tarkibi, oqsil, uglevod, nuklein kislotalar va boshqa organik moddalari bilan farq qiladi. Lekin asosiy farq har bir tur uchun xos irsiy material (DNK, RNK) va hujayradagi oqsillarning sifati va miqdorining o‘ziga xosligidadir. Organizmlarning qaysi turga mansubligini aniqlash uchun ulardagi nuklein kislotalari farqini belgilash hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Geografik va ekologik mezon

Geografik mezon. Har bir tur tabiatda o‘z arealiga ega. Tur tarqalgan hudud katta yoki kichik, har joyda yoki yoppasiga bo‘lishi mumkin. Ba’zan esa ikki, uch turning areali umumiy bo‘lishi yoki ba’zi turlarning ishg‘ol qilgan areali nihoyatda keng maydonni egallashi mumkin. Bu esa o‘z navbatida geografik mezon boshqa mezonlar kabi nisbiyligidan dalolat beradi.

Ekologik mezon. Bir turga kiruvchi organizmlar ma’lum muhit sharoitiga moslashgan, biogeosenozda o‘zining ekologik o‘rniga ega va o‘zining aniq funksiyasini bajaradi. Masalan, dalalar, yaylovlarda zaharli ayiqtovon, daryo qirg‘oqlari va ariq chetlarida sudraluvchi ayiqtovon, botqoqliklarda achishtiradigan ayiqtovon turlari uchraydi (78-rasm).

78-rasm. 1 – zaharli ayiqtovon; 2 – achishtiruv- chi ayiqtovon; 3 – sudraluvchi ayiqtovon.
78-rasm. 1 – zaharli ayiqtovon; 2 – achishtiruv- chi ayiqtovon; 3 – sudraluvchi ayiqtovon.

Genetik va etologik mezon

Genetik mezon. Har bir tur o‘ziga xos kariotipga ega bo‘lib, bu mezon xromosomalar soni, shakli, tuzilishi, maxsus bo‘yoqlar bilan bo‘yalishi bilan ifodalanadi. Qora kalamushning ikkita qiyofadosh turining birida 38 ta, ikkinchisida 42 ta xromosoma bor (79-rasm).

79-rasm. Qora kalamushning qiyo- fadosh turlari.
79-rasm. Qora kalamushning qiyo- fadosh turlari.

Genetik mezon ham nisbiy sanaladi. Chunki bir turga mansub organizmlarning xromosomalar soni va tuzilishi, farqlanishi har xil turga mansub organizmlarda esa xromosomalar soni teng bo‘lishi mumkin. Masalan, karam va turpda 18 tadan xromosoma bor.

Etologik mezon. Bir turga mansub individlar boshqa turga mansub individlardan xulq-atvori va xatti-harakati bilan farq qiladi.

Yuqorida qayd qilingan mezonlardan birontasi ham har yoqlama mutlaq hisoblanmaydi. Shu bois turlarni aniqlashda ularning hammasidan yoki ko‘pchiligidan foydalanish talab qilinadi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. tojdor chittak
  2. katta chittak
  3. lazorevka chittagi
  4. moskovka chittagi

To‘g‘ri javob: lazorevka chittagi. 76-rasm. 1 – tojdor chittak; 2 – katta chittak; 3 – lazorevka chittagi; 4 – moskovka chittagi.

Rasmda «katta chittak» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 1
  2. 4
  3. 2
  4. 3

To‘g‘ri javob: 2. 76-rasm. 1 – tojdor chittak; 2 – katta chittak; 3 – lazorevka chittagi; 4 – moskovka chittagi.

O‘simlik va hayvonlar sistematikasida eng kichik sistematik birlik nima hisoblanadi?
  1. Turkum
  2. Oila
  3. Tur
  4. Avlod

To‘g‘ri javob: Tur. Sistematikada eng kichik birlik turdir.

Binar nomenklaturaga binoan tur qanday nom bilan nomlanadi?
  1. Bir so‘zli nom
  2. Qo‘shaloq nom
  3. Raqamli kod
  4. Uch so‘zli nom

To‘g‘ri javob: Qo‘shaloq nom. Binar nomenklaturada tur qo‘shaloq nom bilan ataladi.

«Tur» atamasini sistematik birlik sifatida fanga birinchi marta kim kiritgan?
  1. Djon Rey
  2. J. B. Lamark
  3. Ch. Darvin
  4. K. Linney

To‘g‘ri javob: Djon Rey. Atamani ingliz botanigi Djon Rey kiritgan.

Har bir tur tabiatda ma’lum maydonni ishg‘ol qiladi. Bu maydon nima deb ataladi?
  1. Biogeosenoz
  2. Populatsiya
  3. Kenja tur
  4. Areal

To‘g‘ri javob: Areal. Turning tabiatda egallagan maydoni areal deyiladi.

Qaysi mezon bir turga kiruvchi individlarning tashqi va ichki tuzilishi o‘xshashligini ifodalaydi?
  1. Morfologik mezon
  2. Etologik mezon
  3. Geografik mezon
  4. Fiziologik mezon

To‘g‘ri javob: Morfologik mezon. Tashqi va ichki tuzilish o‘xshashligini morfologik mezon ifodalaydi.

Har bir turga xos kariotip genetik mezonda nimalar bilan ifodalanadi?
  1. Tarqalgan hududi va ekologik o‘rni
  2. Oziqlanish, nafas olish va ayirish jarayonlari
  3. Xromosomalar soni, shakli, tuzilishi va bo‘yoqlar bilan bo‘yalishi
  4. Xulq-atvori va xatti-harakati

To‘g‘ri javob: Xromosomalar soni, shakli, tuzilishi va bo‘yoqlar bilan bo‘yalishi. Kariotip xromosomalar soni, shakli, tuzilishi va bo‘yalishi bilan ifodalanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘zbekistonda gen muhandisligi va biotexnologiya fani yutuqlariKeyingi →Populatsiya – turning tuzilish va evolutsiyaning boshlang‘ich birligi