Evolutsion g‘oyalarning paydo bo‘lishi
Mavzular
Qadimgi Sharq va Avesto
Qadimgi Sharq mamlakatlarida tabiat haqidagi qarashlar. Tabiatning tuzilishi, unda ro‘y beradigan voqea-hodisalar haqidagi tushunchalar eramizdan bir necha ming yillar ilgari qadimgi sharq mamlakatlari – Misr, Xitoy, Hindistonda paydo bo‘lgan. Xususan, qadimgi Misrda donli, sabzavot, mevali daraxtlar ekib o‘stirilgan. Bir o‘rkachli tuya, mushuk, g‘oz, o‘rdak, kaptar, oqqush turlari xonakilashtirilgan.
Qadimgi hindistonliklar olam 5 ta element (yer, suv, olov, havo, efir)dan iborat deb hisoblaganlar. Qadimgi Xitoyda ham tabiatshunoslik birmuncha rivojlangan. Qishloq xo‘jaligida almashlab ekish, yerlarni o‘g‘itlash joriy etilgan.
Markaziy Osiyoda yashagan odamlar dunyoqarashi, turmush kechirish tarzi, atrofdagi o‘lik va tirik tabiat to‘g‘risidagi tushunchalari «Avesto» kitobida o‘z ifodasini topgan. Avestoda dunyoning yaratilishi, tabiat va voqea-hodisalar, odamlarning hayot kechirish tarzi tasvirlangan. Avestoning tibbiyotga doir bo‘limida odam tanasining, uy-joylarning tozaligiga e’tibor berish, toza suvni ehtiyot qilish, nopok narsalarni quduq, buloqlarga yaqinlashtirmaslik, tozalik va poklikka rioya qilish, tirnoq va sochlarga pokiza munosabatda bo‘lish lozimligi ta’kidlanadi. Shuningdek, tuproq, yer muqaddas sanalgan, dunyo va hayotning yaratilishi, tibbiyotga oid ma’lumotlardan tashqari, ekin yerlarini ko‘paytirish, shudgor qilish, ularga sara urug‘ ekish tavsiya etilgan, uy hayvonlarini ko‘paytirish, ularga ozor bermaslik, asrab-avaylash lozimligi uqtirilgan.
Aristotel ta’limoti
Qadimgi Yunonistonda tabiat haqida qarashlar. Qadimgi Yunonistonda tabiatshunoslikning rivojlanishi birinchi muallim nomini olgan Aristotel (eramizgacha bo‘lgan 384–322-yillar) hayvonlar klassifikatsiyasining asosini tuzgan, solishtirma anatomiya, embriologiya sohasida dastlabki fikrlarni bayon etgan hamda organlar korrelatsiyasi va tabiatdagi asta-sekin rivojlanish to‘g‘risida ba’zi fikrlarni ilgari surgan. Uning fikricha, tabiat sekin-asta jonsiz narsalardan rivojlanadi. Aristotel – hayvonlarning 500 ga yaqin turini bilgan hamda hayvonot olamining klassifikatsiyasiga asos solgan olim. U hayvonlarni tasniflashda ularning ayrim xossalariga emas, balki ko‘p belgilariga e’tibor berish kerakligini e’tirof etgan. U barcha hayvonlarni 2 ta guruhga – «qonlilar» va «qonsizlar»ga bo‘lgan. Bu guruhlar hozirgi «umurtqali» va «umurtqasiz» hayvonlarga to‘g‘ri keladi. «Qonlilar»ni 5 ta «katta avlod»ga ajratgan. Aristotelning katta avlodlari umurtqali hayvonlarning hozirgi sinflariga to‘g‘ri keladi.
Olimning uqtirishicha, meduza, aktiniya, bulutlar tuzilishi jihatidan bir tomondan hayvonlarga, ikkinchi tomondan o‘simliklarga o‘xshash. Shuning uchun ularni Aristotel «zoofitlar» deb atagan. «Hayvonlarning paydo bo‘lishi» asarida uqtirilishicha, embrion ma’lum izchillikda rivojlanadi. U oldin zoofitlar, keyin umuman hayvonlar, so‘ng o‘z turiga xos tuzilishga va nihoyat shaxsiy xossalarga ega bo‘ladi. Uning fikricha, qonli hayvonlarning barchasida ichki organlar o‘zaro o‘xshash va bir xil joylashgan.
Teofrast, Lukretsiy, Galen
Aristotelning shogirdlaridan biri Teofrast o‘simliklarning 400 dan ortiq turini o‘rgangan. Ularning tuzilishini, fiziologiyasini, amaliy ahamiyatini tasvirlab bergan. U bir o‘simlik turi boshqa turga aylanishi mumkin degan fikrni quvvatlagan.
Rim olimi Lukretsiy Kar (er.av. 99–55) olam o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, hayvonlar nam yerdan kelib chiqqan, dastlab ularning mayib-majruh xillari, keyinchalik harakatlanadigan, oziqlanadigan, urchiydigan, dushmandan o‘zini himoya qiladigan normal hayvonlar paydo bo‘lgan deb hisoblagan. Klavdiy Galen (130–200) tibbiyot asoschilaridan biri bo‘lgan. U qo‘y, it, ayiq va boshqa umurtqali hayvonlar tuzilishini o‘rgangan. Maymun va odam tana tuzilishi o‘xshashligini e’tirof etgan.
Jayxoniy va Farobiy
Markaziy Osiyoda evolutsion g‘oyalarning paydo bo‘lishi. Markaziy Osiyo xalqlarining hayotida dehqonchilik, chorvachilik, tibbiyot va boshqa sohalardagi faoliyatni, tabiat hodisalarini tasvirlovchi kitoblar juda qadimdan mavjud bo‘lgan. Chunonchi, Ahmad ibn Nasr Jayxoniy (870–912) Hindiston, Markaziy Osiyo, Xitoy o‘simliklari va hayvonot dunyosi haqida qimmatli ma’lumotlar to‘plagan. U o‘simlik va hayvonlarning tarqalishi, mahalliy xalqlar foydalanadigan o‘simlik va hayvonlar, ularning tabiatdagi ahamiyati haqidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
Abu Nasr Farobiy (873–950) botanika, zoologiya, odam anatomiyasi va tabiatshunoslikning boshqa sohalarida mushohada yuritgan. U inson organizmi yaxlit sistema ekanligini, turli kasalliklar oziqlanish tartibining o‘zgarishi bilan bog‘liqligini ko‘rsatib bergan (81-rasm). Farobiy inson dastavval hayvonot dunyosidan ajralib chiqqanligi, shu sababli odamda, hayvonlarda ba’zi o‘xshashliklar saqlanib qolganligi haqidagi fikrni ilgari surgan. U tabiiy tanlanish, sun’iy tanlashni e’tirof etgan.

Beruniy va Yer harakati
O‘rta asrlardagi tabiat fani rivojiga Beruniy va ibn Sino katta hissa qo‘shganlar. Abu Rayhon Beruniy (973–1048) ko‘rsatishicha, tabiat beshta elementdan: bo‘shliq, havo, olov, suv va tuproqdan hosil bo‘lgan. Beruniy qadimgi yunon olimi Ptolomeyning «Yer olamning markazi bo‘lib, u harakatlanmaydigan sayyoradir», – degan ta’limotiga tanqidiy ko‘z bilan qaragan va Yer Quyosh atrofida harakatlansa ajab emas, u yumaloq shaklda, deb ta’kidlagan. Binobarin, Beruniy polyak astronomi Kopernikdan 500 yil avval Quyosh sistemasining tuzilish asoslarini to‘g‘ri tasavvur qilgan. Uning fikricha, Yer yuzasida doimo o‘zgarishlar sodir bo‘lib turadi: suvsiz joylarda asta-sekin daryolar, dengizlar paydo bo‘ladi, ular ham o‘z navbatida joylarini o‘zgartiradi (82-rasm).

Beruniy: yashash uchun kurash
Beruniyning qayd qilishicha, Yer yuzida hayvonlar, o‘simliklar rivojlanishi uchun sharoit cheklangan. Shu sababdan tirik mavjudotlar orasida yashash uchun kurash boradi. Bu kurash ular hayotining mohiyatini tashkil etadi.
«Agar atrofdagi tabiat o‘simlik va hayvonlar biror turining urchishiga monelik ko‘rsatmaganda edi, – deb ta’kidlaydi olim, – bu tur butun Yer yuzasini egallagan bo‘lardi. Biroq bunday urchishga boshqa organizmlar qarshilik ko‘rsatadi va ular orasidagi kurash ko‘proq moslashgan organizmlarni ro‘yobga chiqaradi.» Beruniyning yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish haqidagi fikrlariga asoslanib, vatandoshimiz evolutsiyaning harakatlantiruvchi omillarini ingliz tabiatshunosi Charlz Darvindan 800 yil ilgari ta’kidlab o‘tganligini ko‘ramiz.
Beruniyning uqtirishicha, tabiatda hamma jonzotlar tabiat qonunlariga muvofiq yashaydi va o‘zgaradi. U tirik tabiatning tarixiy taraqqiyotini e’tirof etmasa-da, asalarilar o‘simliklardan, qurtlar go‘shtdan, chayonlar anjirdan paydo bo‘ladi, deb faraz qilgan. Olimning qayd etishicha, Yer yuzining o‘zgarishi o‘simlik va hayvonlarning o‘zgarishiga olib keladi. Beruniy odamlarning rangi, qiyofasi, tabiati, axloqi turlicha bo‘lishiga irsiyatgina emas, balki tuproq, suv, havo, muhit sharoiti sababchi, deb e’tirof etadi. Beruniyning fikricha, odam o‘z rivojlanishi bilan hayvonlardan juda uzoqlashib ketgan.
Ibn Sino qarashlari
Markaziy Osiyoning mashhur tabiatshunos olimi Abu Ali ibn Sino (980–1037) tabiatning obyektiv borligiga ishonch hosil qiladi. Tog‘lar, uning fikricha, suv ta’siri yoki yerning ko‘tarilishi natijasida paydo bo‘lgan (83-rasm).

Ibn Sino o‘z asarlarida o‘simliklar, hayvonlar va odam o‘zaro o‘xshash, chunki ularning barchasi oziqlanadi, ko‘payadi, o‘sadi deb uqtiradi. O‘simliklar rivojlanishning quyi bosqichida, hayvonlar o‘rta bosqichida, odam esa eng yuqori bosqichida turadi.
Odam tanasining tuzilishini o‘rganish taqiqlangan o‘rta asrlarda Ibn Sino odam anatomiyasi bilan shug‘ullangan. Olim ko‘p ilmiy asarlar yozgan.
«Tib qonunlari»
Ulardan bizlargacha 242 tasi yetib kelgan. Olim tibbiyot asoschilaridan biri sifatida katta shuhrat qozongan. U o‘rta asr Sharq tibbiyot bilimlarining qomusi bo‘lgan dunyoga mashhur «Tib qonunlari»ning muallifidir. «Tib qonunlari» beshta kitobdan iborat.
- Birinchi kitob – odam tanasi organlarining tuzilishi va funksiyalari, turli kasalliklarning kelib chiqish sabablari, davolash usullari.
- Ikkinchi kitob – o‘simlik, ma’dan va hayvonlardan olinadigan dorilar va har bir dorining qaysi kasallikka davo ekanligi.
- Uchinchi kitob – insonning har bir organida bo‘ladigan kasalliklar, ularni aniqlash va davolash usullari.
- To‘rtinchi kitob – jarrohlik, ya’ni suyaklarning chiqishi, sinishini davolash.
- Beshinchi kitob – murakkab dorilar, ularni tayyorlash to‘g‘risida ma’lumotlar.
Ibn Sinoning «Tib qonunlari» asari 500 yil mobaynida Yevropa universitetlarida asosiy tabobat qo‘llanmasi sifatida o‘qitilib kelindi. Olim odamdagi ba’zi kasalliklar (chechak, vabo, sil) ko‘zga ko‘rinmas organizmlar orqali paydo bo‘ladi, deb qayd qiladi. Binobarin, mikroskop kashf qilinmasdan, mikrobiologiya fani hali shakllanmasdan 600–700 yil oldin Ibn Sino yuqumli kasalliklar suv va havo orqali tarqalishini e’tirof etdi.
Bobur tabiatshunos
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530) buyuk davlat arbobi, shoir bo‘lib qolmasdan, tabiatshunos olim hamdir (84-rasm).

Bobur tomonidan yozilgan «Boburnoma»da Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston kabi mamlakatlarning tarixi, geografiyasi, xalqlarning turmush kechirish tarzi, madaniyati bilan birga, o‘simlik va hayvonot olami to‘g‘risida qiziqarli ma’lumot berilgan. U o‘zi ko‘rgan, kuzatganlariga asoslangan holda hayvon va o‘simliklarning tuzilishi, hayot tarzi, ularning o‘zaro o‘xshashligi yoki farqlari haqida ma’lumotlarni bayon etgan.
Bobur hayvonlarni to‘rt guruhga ajratgan: quruqlik hayvonlari, parrandalar, suv yaqinida yashaydigan hayvonlar va suv hayvonlariga ajratgan.
Bilimingizni sinang
Qadimgi hindistonliklar olamni qaysi beshta elementdan iborat deb hisoblagan?
- Yer, suv, olov, havo, efir
- Bo‘shliq, havo, olov, suv, tuproq
- Yer, suv, olov, havo, metall
- Yer, suv, havo, yog‘och, efir
To‘g‘ri javob: Yer, suv, olov, havo, efir. Hindistonliklar elementlar sifatida yer, suv, olov, havo va efirni olgan.
Bobur hayvonlarni qaysi guruhlarga ajratgan?
- Quruqlik hayvonlari, parrandalar, suv yaqinida yashaydigan va suv hayvonlari
- Sutemizuvchilar, qushlar, baliqlar va hasharotlar
- Yirtqichlar, o‘txo‘rlar, hasharotxo‘rlar va hamma narsa yeguvchilar
- Umurtqalilar va umurtqasizlar
To‘g‘ri javob: Quruqlik hayvonlari, parrandalar, suv yaqinida yashaydigan va suv hayvonlari. Bobur hayvonlarni quruqlik, parranda, suv yaqinidagi va suv hayvonlariga ajratgan.
Markaziy Osiyoda yashagan odamlarning dunyoqarashi, turmush tarzi va tabiat haqidagi tushunchalari qaysi kitobda o‘z ifodasini topgan?
- «Avesto»
- «Hayvonlarning paydo bo‘lishi»
- «Boburnoma»
- «Tib qonunlari»
To‘g‘ri javob: «Avesto». Bunday tushunchalar «Avesto» kitobida o‘z ifodasini topgan.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. «Avesto»da tuproq, yer muqaddas sanalgan; II. «Avesto»da nopok narsalarni quduq, buloqlarga yaqinlashtirmaslik lozimligi aytilgan; III. «Avesto»da uy hayvonlarini ko‘paytirish emas, ularni kamaytirish tavsiya etilgan.
- I va II
- II va III
- I va III
- Faqat III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: «Avesto»da uy hayvonlarini ko‘paytirish, asrab-avaylash lozimligi uqtirilgan.
Qaysi qadimgi yunon olimi «birinchi muallim» nomini olgan?
- Aristotel
- Teofrast
- Galen
- Lukretsiy Kar
To‘g‘ri javob: Aristotel. Aristotel (er.av. 384–322) «birinchi muallim» nomini olgan.
Aristotel hayvonlarning taxminan nechta turini bilgan?
- 1000 ga yaqin
- 500 ga yaqin
- 300 ga yaqin
- 100 ga yaqin
To‘g‘ri javob: 500 ga yaqin. Aristotel hayvonlarning 500 ga yaqin turini bilgan.
Aristotelning «qonlilar» va «qonsizlar» guruhlari hozirgi qaysi hayvonlarga to‘g‘ri keladi?
- Qonlilar – umurtqasiz, qonsizlar – umurtqali
- Qonlilar – umurtqali, qonsizlar – umurtqasiz
- Qonlilar – quruqlik hayvonlari, qonsizlar – suv hayvonlari
- Qonlilar – sutemizuvchi, qonsizlar – qolgan barcha hayvonlar
To‘g‘ri javob: Qonlilar – umurtqali, qonsizlar – umurtqasiz. «Qonlilar» umurtqali, «qonsizlar» umurtqasiz hayvonlarga to‘g‘ri keladi.
Aristotel «qonlilar»ni nechta «katta avlod»ga ajratgan?
- 3 ta
- 5 ta
- 7 ta
- 4 ta
To‘g‘ri javob: 5 ta. «Qonlilar» 5 ta «katta avlod»ga ajratilgan; ular umurtqalilarning hozirgi sinflariga to‘g‘ri keladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash