K. Linney, J.B. Lamarkning ilmiy ishlari, J. Kyuvening evolutsion g‘oyalari
Mavzular
Linney va sistematika zarurati
XV asr yarmiga kelib, Yevropa mamlakatlarida feodalizm o‘rniga burjuaziya hokimiyati o‘rnatildi. Natijada sanoat markazlari, yirik shaharlar bunyod etildi, fan, texnika birmuncha rivojlandi. Boshqa yerlardan Yevropaga ko‘pgina o‘simlik va hayvon turlari keltirildi. Bularning hammasi o‘simlik va hayvonlarni o‘rganishga katta qiziqish uyg‘otdi.
Buning oqibatida kishilarning o‘simlik va hayvonlar to‘g‘risidagi bilimlari antik dunyoga nisbatan bir necha marta ortdi. Botanika, zoologiya fanlarini yanada rivojlantirish uchun, avvalo, ma’lum bo‘lgan o‘simlik va hayvon turlarini guruhlash ehtiyoji tug‘ildi. Bu masala bilan mashhur shved olimi Karl Linney (1707–1778) shug‘ullandi (85-rasm).

U 10 mingdan ortiq hayvon turlarini tavsiflab beradi.
Turlarni avlodlarga, avlodlarni esa oilalarga, oilalarni turkumlarga, turkumlarni sinflarga birlashtiradi. Sizlar botanika, zoologiya fanlarini o‘qiganingizda suvo‘tlari, sporali o‘simliklar, ochiq va yopiq urug‘lilar, umurtqali va umurtqasiz hayvonlarning bir qancha sistematik guruhlari bilan tanishgansiz.
Linneyning sun’iy sistemasi
K. Linney zamonida esa biologiyaning juda ko‘p sohalari hali rivojlanmagan edi. Shu sababli K. Linney o‘simlik va hayvonlarning ayrim belgilarigagina asoslangan holda sun’iy sistema tuzishga muvaffaq bo‘ldi. U barcha o‘simliklarni changdonlari soniga, changli iplarning uzun-qisqaligiga va birlashishiga qarab 24 sinfga, hayvonlarni tuzilishiga ko‘ra 6 sinfga bo‘ldi. Buning oqibatida kelib chiqishi, qon-qardoshligi yaqin bo‘lgan organizmlar boshqa-boshqa sinflarga, aksincha, kelib chiqishi, qon-qardoshligi har xil organizmlar bir sinfga birlashtirildi. K. Linney o‘simlik va hayvon turlari o‘zgarmaydi, degan fikr bildirgan. Uning tomonidan tuzilgan sistema sun’iy bo‘lsa-da, biroq mazkur faoliyat keyinchalik organik olamni atroflicha o‘rganishga imkon berdi. K. Linney ishlaridan so‘ng botanika, zoologiya fanlari tez sur’atlar bilan rivojlandi.
Lamark: nazariya asoschisi
Organik olam evolutsiyasi haqidagi nazariyani birinchi marta fransuz tabiatshunosi Jan Batist Lamark (1744–1829) yaratdi (86-rasm). U «umurtqasizlar» va «biologiya» atamalarini fanga birinchi bo‘lib kiritdi. Lamarkning evolutsiyaga doir fikrlari «Zoologiyaga kirish», (1801) va «Zoologiya falsafasi», (1809) nomli asarlarida bayon etilgan.

Lamark turlar o‘zgarmaydi, degan g‘oyaga tanqidiy ko‘z bilan qaragan va evolutsion ta’limotni targ‘ib qilgan. Lamark fikricha, sinf, turkum, avlod, tur kabi sistematik kategoriyalar sun’iy, real emas. Tabiatda faqat individlar real deb hisoblagan.
Lamark hayvonot olamining tabiiy sistematikasini yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va shu sababli organizmlarning qon-qarindoshligiga asoslangan klassifikatsiyani ilgari surgan. U barcha hayvonlarni 14 sinfga ajratgan. Ulardan 4 ta sinf umurtqalilarga, 10 ta sinf umurtqasizlarga tegishlidir. Hayvonlarni ovqatlanish, qon aylanish, nafas olish va nerv sistemasiga qarab 6 bosqichga ajratdi.
Lamark: organizmlar guruhlari
Olim hayvonlar quyi bosqichdan yuqori bosqichga ko‘tarilar ekan, qayd etilgan organlar sistemasi murakkablasha borganligini e’tirof etdi. U organizmlarni sistemaga solish ustida ishlar ekan, tuzilishiga qarab ularni tartib bilan joylashtirish mumkinligini aytgan. Lamark fikricha, sodda mavjudotlar o‘z-o‘zidan anorganik tabiatdan paydo bo‘ladi. Keyinchalik tashqi muhit ta’siri ostida o‘zgarib, davrlar o‘tishi bilan murakkablashib, tuzilishi yuksak bo‘lgan organizmlarga aylanadi. Turlar o‘zgarishida vaqt asosiy omil sifatida muhim ahamiyatga ega. Ular muhit sharoitiga muvofiq o‘zgaradi.
Lamark muhit ta’siriga javob reaksiyasiga qarab, barcha organizmlarni 3 guruhga bo‘lgan. Birinchi guruhga o‘simliklar, ikkinchi guruhga sodda hayvonlar, uchinchi guruhga nerv sistemasi rivojlangan hayvonlarni kiritdi. Tashqi muhit organizmlarga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tashqi muhit o‘simliklar va tuban hayvonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Nerv sistemasi rivojlangan hayvonlarga esa muhit bilvosita ta’sir etadi.
Lamark: organlar mashqi
Muhitning uzoq davom etgan o‘zgarishi hayvonlar hayotiga ta’sir etib, avval ularning talabini o‘zgartiradi. Talabning o‘zgarishi esa shu talabni qondirish maqsadida qilingan harakatlarning o‘zgarishiga olib keladi. Bunday sharoit davom etsa hayvonlarning xulq-atvori o‘zgaradi. Bu, o‘z navbatida, hayvonlarning ba’zi organlari mashq qilishiga, boshqalarining mashq qilmasligiga sabab bo‘ladi. Mashq qiladigan organlarga oziq moddalar ko‘p kelib turgani uchun ularning ko‘lami ortadi. Aksincha, mashq qilmaydigan organlarga oziq moddalar kamroq kelishi sababli ular kuchsizlana boradi va rivojlanmaydi. Organlarning mashq qilmasligi ular degradatsiyasi (soddalashuv)ga va yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ladi.
Olim organik olam evolutsiyasi haqidagi nazariyaga asos solgan bo‘lsa-da, lekin evolutsiyaning harakatlantiruvchi kuchlari yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish ekanligini bila olmadi.
Jorj Kyuve ta’limoti
Biologiya fani rivojiga fransuz olimi Jorj Kyuve ham katta hissa qo‘shdi (87-rasm). U morfologiya, anatomiya, sistematika, paleontologiya sohalarida tadqiqot olib borgan. Kyuve mulohazasiga ko‘ra, har qanday tirik mavjudot bir butun sistema bo‘lib, uning organlari bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Shunga ko‘ra, hayvonning bir organi, masalan, ovqat hazm qilish organining o‘zgarishi u bilan aloqador bo‘lgan boshqa organlarning ham o‘zgarishiga olib keladi.

J. Kyuve ilgari surgan mulohazaga binoan har bir hayvon turi o‘zi yashaydigan muhitga muvofiq ravishda yaratilgan va o‘zgarmasdir. Shu bois, hayvonlarda hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmaydi. Kyuve o‘zi kashf qilgan korrelatsiya prinsipini hayvonlar sistematikasiga ham tatbiq etdi. U K. Linneydan farqli ravishda hayvonlarni sistemaga solishda nerv sistemasi tuzilishiga e’tiborni qaratish lozimligini aytdi. Nerv sistemasi tuzilishiga qarab olim barcha hayvonlarni 4 ta guruh (tip)ga ajratdi. Bular: umurtqalilar, molluskalar, bo‘g‘imlilar, shu’lalilar.
Kyuve va paleontologiya
Qazilma holda saqlangan hayvon va o‘simliklar to‘g‘risidagi paleontologiya fani rivojlanishida Jorj Kyuvening xizmatlari nihoyatda katta bo‘ldi. Olim qazilma holdagi sutemizuvchilar, sudralib yuruvchilarning 150 dan ortiq turini o‘rgandi. U korrelatsiya prinsipidan foydalanib, ilgari yashab, qirilib ketgan hayvonlarning topilgan ayrim suyaklariga qarab butun hayvon qiyofasini qayta tiklash metodini kashf etdi va undan amaliyotda foydalandi. Olim turli era va davrlarda hayvonot olamining turli-tuman xillari yashaganligini aniqlagan. Vaqt o‘tishi bilan ular murakkablashganini ko‘rgan bo‘lishiga qaramay, olim ularni halokatlar nazariyasi bilan tushuntirishga intildi.
Ber va hujayra nazariyasi
XVII–XIX asrlarda hayvon va o‘simliklarning shaxsiy taraqqiyotini o‘rganish sohasida ham birmuncha tadqiqotlar olib borildi. Birinchi marta Karl Ber 1827-yili sutemizuvchi hayvonlarda tuxum hujayrasini kashf etdi. Olim jo‘ja taraqqiyotini sinchiklab o‘rganib, uning organlari asta-sekinlik bilan rivojlanishini va umurtqalilarning turli sinflariga mansub hayvonlar embrioni rivojlanishining dastlabki bosqichlarida o‘zaro o‘xshashliklarini aniqladi.
XIX asrning 40-yillariga kelib, hujayra nazariyasini nemis olimlari T. Shvann, M. Shleyden yaratdilar. Hujayra nazariyasining kashf qilinishi XIX asrdagi tabiatshunoslik fanining ulkan yutuqlaridan biri hisoblanadi. Hujayra nazariyasiga ko‘ra, barcha tirik mavjudotlar (o‘simliklar, hayvonlar, odamlar) tanasi hujayralardan tashkil topgan. Mazkur nazariya barcha organizmlar tuzilishi jihatidan o‘zaro o‘xshash, degan tushunchaga asos bo‘lib xizmat qildi.
Bilimingizni sinang
Mashhur shved olimi Karl Linney qaysi yillarda yashagan?
- 1707–1778
- 1744–1829
- 1809–1882
- 1769–1832
To‘g‘ri javob: 1707–1778. Karl Linney 1707–1778 yillarda yashagan; 1744–1829 yillar Lamarkka tegishli.
K. Linney sun’iy sistemasida o‘simliklar va hayvonlar mos ravishda nechta sinfga bo‘lingan?
- 24 ta va 6 ta
- 6 ta va 24 ta
- 10 ta va 14 ta
- 14 ta va 4 ta
To‘g‘ri javob: 24 ta va 6 ta. Linney o‘simliklarni 24 sinfga, hayvonlarni 6 sinfga bo‘lgan.
Karl Linney haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. U 10 mingdan ortiq hayvon turlarini tavsiflab bergan; II. U turlarni avlodlarga, avlodlarni oilalarga, oilalarni turkumlarga, turkumlarni sinflarga birlashtirgan; III. U turlar o‘zgaradi, degan fikrni bildirgan.
- Faqat I
- Faqat III
- I va II
- II va III
To‘g‘ri javob: I va II. I va II matnga mos; III noto‘g‘ri: Linney turlar o‘zgarmaydi, degan fikrda bo‘lgan.
J. B. Lamarkning «Zoologiya falsafasi» asari qaysi yilda yozilgan?
- 1859
- 1827
- 1801
- 1809
To‘g‘ri javob: 1809. «Zoologiya falsafasi» 1809-yilda, «Zoologiyaga kirish» esa 1801-yilda yozilgan.
Lamark fikricha, tabiatda real mavjud bo‘lgan narsa nima?
- Faqat oila va turkumlar
- Faqat tur va avlodlar
- Faqat sinf va turkumlar
- Faqat individlar
To‘g‘ri javob: Faqat individlar. Lamark sistematik kategoriyalarni sun’iy deb hisoblagan, real deb faqat individlarni olgan.
Lamark barcha hayvonlarni 14 sinfga ajratgan. Ulardan nechtasi umurtqasizlarga tegishli?
- 6 ta
- 12 ta
- 10 ta
- 4 ta
To‘g‘ri javob: 10 ta. 14 sinfdan 4 tasi umurtqalilarga, 10 tasi umurtqasizlarga tegishli.
Nima uchun Lamark organizmlarning qon-qarindoshligiga asoslangan klassifikatsiyani ilgari surgan?
- Hayvonlarning sun’iy sistemasini mukammallashtirmoqchi bo‘lgani uchun
- Hayvonot olamining tabiiy sistematikasini yaratmoqchi bo‘lgani uchun
- Qazilma hayvonlarni qayta tiklamoqchi bo‘lgani uchun
- Turlar o‘zgarmasligini isbotlamoqchi bo‘lgani uchun
To‘g‘ri javob: Hayvonot olamining tabiiy sistematikasini yaratmoqchi bo‘lgani uchun. Lamark hayvonot olamining tabiiy sistematikasini yaratishni maqsad qilgan.
Lamark hayvonlarni qaysi belgilariga qarab 6 bosqichga ajratgan?
- Nerv, endokrin, tayanch-harakat va ayirish sistemasiga
- Ovqat hazm qilish, ayirish, ko‘payish va suyak sistemasiga
- Ovqatlanish, qon aylanish, nafas olish va nerv sistemasiga
- Qon aylanish, ko‘payish, mushak va ayirish sistemasiga
To‘g‘ri javob: Ovqatlanish, qon aylanish, nafas olish va nerv sistemasiga. Bosqichlar ovqatlanish, qon aylanish, nafas olish va nerv sistemasiga qarab ajratilgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash