Ch. Darvinning evolutsion g‘oyalari
Mavzular
Seleksiya va «Bigl» safari
XIX asrga kelib Angliya sanoati, qishloq xo‘jaligi rivojlangan yirik kapitalistik mamlakat sanalardi. Sanoatning gurkirab rivojlanishi chorvachilik va qishloq xo‘jaligidan olinadigan xomashyoning tobora ko‘payishini talab qila boshladi. Xomashyoga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida ingliz seleksionerlari ko‘p mahsulot beradigan qo‘y, qoramol, parranda zotlarini, ko‘p hosil beradigan sabzavot va donli ekinlar navlarini chiqara boshladi. Seleksiya natijalari o‘sha davrda hukmron bo‘lgan hayvon, o‘simlik organizmlari o‘zgarmas, degan tushunchalarga xotima berdi. Ch. Darvin o‘simlik va hayvonlarning yangi formalarini chiqarishda seleksiyaning ahamiyatiga yuqori baho berdi, qishloq xo‘jalik amaliyotini nazariy tomondan ishlab chiqdi hamda undan evolutsion ta’limot yaratishda foydalandi.
Darvin 1831-yili universitetni tamomlagandan keyin professor Genslo uni butun jahon bo‘ylab safarga jo‘natilayotgan «Bigl» kemasidagi ekspeditsiya tarkibida tabiatshunos sifatida ishtirok etishga tavsiya etdi (88-rasm).

Galapagoss va qazilma hayvonlar
Darvinni, ayniqsa, Janubiy Amerikaning g‘arbiy qirg‘og‘idan 500 km uzoqlikdagi Galapagoss arxipelagining hayvonot va o‘simliklar olami hayratga soldi. U yerda qushlar, sudralib yuruvchilar ko‘p uchraydi. Sudraluvchilardan toshbaqalar, chumchuqsimonlar turkumiga kiruvchi vyuroklarning har bir orolda o‘ziga xos tuzilishga ega turlarini uchratish mumkin. Vyuroklar boshqa xossalaridan tashqari, tumshug‘ining tuzilishi bilan ham bir-biridan farq qiladi. Qizig‘i shundaki, har xil orolda tumshug‘i turlicha tuzilgan vyuroklar tarqalgan.
Umuman olganda, Galapagoss arxipelagining hayvonot va o‘simliklar olami Janubiy Amerika hayvon va o‘simliklariga o‘xshash, lekin ayrim belgi, xossalari bo‘yicha farq qiladi.
Qirilib ketgan qadimgi oz tishlilarning hozirgi vaqtda yashayotgan yalqov, chumolixo‘r, zirhlilarga o‘xshashligi Darvinni hayratlantirdi. Bu dalillar qirilib ketgan hayvonlar bilan hozirgi davrdagi hayvonlar o‘rtasida o‘zaro qarindoshlik bor, deb taxmin qilishga sabab bo‘ldi.
Hayvonlarning geografik tarqalishi
Hayvonlar geografik tarqalishining ba’zi o‘ziga xos tomonlari ham safar davomida Darvinni ajablantirdi. U Shimoliy va Janubiy Amerika hayvonlarini o‘zaro taqqoslab, ular o‘rtasida katta farq borligini qayd qildi. Chunonchi, Janubiy Amerikada keng burunli maymunlar, lama, tapir, yalqov, chumolixo‘r, zirhli kabi hayvonlar tarqalgan. Ular Shimoliy Amerikada uchramaydi. Uning fikricha, o‘tmishda Amerikaning ikkala qismi bir bo‘lib, faunasi o‘xshash bo‘lgan, keyinchalik esa Meksikaning janubida quruqlik ko‘tarilishi tufayli hayvonlarning bir qit’adan boshqa qit’aga o‘tishi uchun to‘siq hosil bo‘lgan. Oqibatda Shimoliy hamda Janubiy Amerika faunasi o‘rtasida hozirgi farq vujudga kelgan.
Darvin besh yillik safaridan juda boy kolleksiya bilan qaytdi. Bu besh yillik safar organik olam evolutsiyasi haqidagi ta’limotni yaratish uchun asos bo‘lgan dalillarni to‘plash imkoniyatini yaratdi va Darvinning kelajagini belgilab berdi.
Darvinning yirik asarlari
Darvinning yirik asarlari. Darvin dunyo bo‘ylab uyushtirilgan safardan qaytgach, to‘plangan materiallar ustida Angliyaning ko‘zga ko‘ringan tabiatshunos olimlari bilan hamkorlikda shug‘ullana boshladi. Shu bilan bir qatorda yangi hayvon zotlari, o‘simlik navlarini yaratish tajribasini o‘rgandi. U dastlab 1842-yili organik olam evolutsiyasi haqida ilmiy asar yozdi va uni 15 yil davomida kengaytirdi, chuqurlashtirdi, ishonchli dalillar bilan boyitdi. 1859-yili «Turlarning paydo bo‘lishi» nomli mashhur asarni nashr ettirdi. U «Xonakilashtirilgan hayvon, madaniy o‘simliklarning o‘zgaruvchanligi» (1868), «Odamning paydo bo‘lishi va jinsiy tanlanish» (1871), «O‘simliklar dunyosida chetdan va o‘z-o‘zidan changlanishning ta’siri» (1876) kabi asarlarni yozdi. Bu asarlarda olim organik olam evolutsiyasiga oid ko‘plab dalillarni keltirdi va o‘zidan oldin yashab o‘tgan va zamondoshlarining bu sohadagi tadqiqot natijalari, fikr-mulohazalarini bayon etdi. Olim organik olam evolutsiyasining harakatlantiruvchi kuchlari: irsiyat, o‘zgaruvchanlik, yashash uchun kurash va tabiiy tanlanish ekanligini e’tirof etdi. Ch. Darvin 1882-yili vafot etdi.
Sun’iy tanlash va ongsiz tanlash
Sun’iy tanlash. Dunyo bo‘ylab safardan Darvin tashqi muhit ta’sirida turlar o‘zgarishi mumkin ekanligiga ishonch bilan qaytdi. Geologiya, paleontologiya, solishtirma anatomiya, embriologiyaga oid dalillar turlarning turg‘un emas, balki o‘zgaruvchan ekanligidan dalolat beradi. Shunga qaramay, o‘sha davrdagi hukmron dunyoqarash ta’sirida bo‘lgan ko‘p tabiatshunos olimlar bir turning boshqa turga aylanganligini ko‘rmaganliklarini ro‘kach qilib, organik olam evolutsiyasini tan olmas edilar. Shu bois yosh Darvin o‘z faoliyatini evolutsion jarayon mexanizmlarini aniqlashdan boshladi. Avvalo xonaki hayvon, madaniy o‘simlik navlari xilma-xilligining sabablarini o‘rgandi.
Ongsiz tanlash. Arxeologiya ma’lumotlarining ko‘rsatishicha, odam paydo bo‘lmasdan ilgari Yer yuzida madaniy o‘simliklar, xonaki hayvonlar bo‘lmagan. Ibtidoiy odamlar yovvoyi hayvonlarni ovlash, tabiatda yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning urug‘lari, mevalari va boshqa qismlarini iste’mol qilish bilan hayot kechirgan. Bundan 9–10 ming yil oldin yovvoyi hayvon bolalarini qo‘lga o‘rgatish, yovvoyi o‘simliklar orasidan oziqabop xillarini o‘z kulbalari atrofiga ekish rasm-rusum tusini olgan va bu tajriba avloddan avlodga o‘ta boshlagan.
Ongsiz va ongli tanlash
Insonlar har gal qo‘l ostidagi hayvonlar, o‘simliklar orasidan ko‘p mahsulot beradigan xillarini saralab, boshqalarini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan. Bunday saralash ming yillar mobaynida davom etgan. Oqibatda odam xohishidan tashqari yovvoyi o‘simlik, hayvonlardan foydali belgi-xossalari bilan birmuncha farq qilgan mahalliy hayvon zotlari, o‘simlik navlari paydo bo‘lgan.
Insonlar faoliyatida ma’lum belgiga ega yangi nav, zot chiqarish asosiy maqsad qilib olinmaganligini e’tiborga olib, Ch. Darvin bunday ibtidoiy tanlashni ongsiz tanlash deb nomladi. Sun’iy tanlashning ongsiz shakli hozirgi vaqtda ham rivojlanishi qoloq bo‘lgan qabilalarda, dehqon xo‘jaliklarda qo‘llanib kelinmoqda. Masalan Ch. Darvin «Bigl» kemasidagi safari chog‘ida Janubiy Amerikaning Olovli Yerida yashovchi qabilalar ocharchilik paytida vidra ovlashda unchalik ko‘mak bermaydigan it hamda mushuklarni yeb, yordam beruvchi itlarni saqlab qolganlarini ko‘rgan.
Ongli tanlash. Keyinchalik insoniyat ongining o‘sishi, fan va texnikaning rivojlanishi tufayli odamlarning oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmonga bo‘lgan talabining ortishi bilan ongli tanlash nav, zot chiqarish ishida asosiy o‘rinni egallagan. Bunda yaratilmoqchi bo‘lgan o‘simlik navi, hayvon zoti qanday ijobiy belgi-xossalarga ega bo‘lishi oldindan rejalashtirilgan. So‘ngra ana shu reja asosida sun’iy tanlash olib borilgan. Bu esa yangi zot, navlar chiqarish muddatining qisqarishiga va tanlash natijasining ko‘p jihatdan samarali bo‘lishiga imkon bergan.
Tanlash yo‘nalishlari
Insonlar sun’iy tanlash o‘tkazar ekan, birinchi navbatda o‘z ehtiyojlarini qondirishni asosiy maqsad qilib qo‘yadi. Bu ehtiyojlar esa turlicha: iqtisodiy, xo‘jalik, estetik talablarni qondirish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Chunonchi, bir odam tovuqning ko‘p go‘sht beradigan, ikkinchisi ko‘p tuxum beradigan, uchinchisi urishqoq, to‘rtinchisi esa dum patlari uzun, chiroyli zotini yaratishni maqsad qilib qo‘ygan va o‘z maqsadiga asta-sekin erisha borgan. Sun’iy tanlashni turlicha yo‘nalishda olib borish barcha organizmlarga taalluqlidir. Qovunlarning ertapishar (handalaklar) yozgi yupqa va qalin po‘choqli hamda kuzgi, qishki navlarini, qo‘ylarning qorako‘l, hisor, otlarning axaltaka qorabayir zotlari yaratilganligi bunga yorqin misoldir.
Sun’iy tanlash jarayonida inson o‘zi uchun foydali belgi-xossalarini mumkin qadar keskin o‘zgartirishga harakat qilgan. Bo‘rdoqi qo‘y, cho‘chqa zotlari, urug‘ bermaydigan o‘simlik navlari, itlarning junsiz, kaptarlarning shamolga qarshi ucha olmaydigan (tovus kaptar) zotlari chiqarilganligi yuqoridagi fikrni tasdiqlovchi dalillardir.
Zot va navlarning ajdodlari
Ba’zi madaniy o‘simlik navlari, hayvon zotlarining yovvoyi ajdodlari bir tur, boshqalariniki esa ikki-uch tur hisoblanadi. Masalan, it zotlari chiyabo‘ri va bo‘ridan, qo‘ylar arxar, muflon kabi yovvoyi ajdod turlardan, tovuq zotlari esa yovvoyi bankiv tovug‘idan, kaptar zotlari yovvoyi ko‘k qoya kaptar turidan, qoramol zotlari Yevropa turidan, karam navlari yovvoyi karam turidan keltirib chiqarilgan (89–90-rasmlar).

Darvin yuqoridagi mulohazalarning asosli ekanligini bir qancha dalillar bilan isbotlagan. Chunonchi, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo chakalakzorlarida tarqalgan bankiv yovvoyi tur tovuqlari odamdan unchalik hurkmaydi, kechalari daraxt, buta shoxlarida uxlaydi va xonaki tovuqlar bilan chatishib nasl beradi. Bularning hammasi xonaki tovuqlar bankiv yovvoyi tovuqlardan kelib chiqqanligini isbotlovchi dalillar sanaladi. Mana shunday usul bilan Darvin boshqa xonakilashtirilgan hayvon zotlari, madaniy o‘simlik navlari qaysi yovvoyi turlardan kelib chiqqanligini asoslagan.

Belyayev tajribasi
Darvin sun’iy tanlash bilan yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish mumkinligini tajriba orqali isbotlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan. XX asr ikkinchi yarmida akademik K. D. Belyayev sun’iy tanlash yo‘li bilan yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish mumkinligini tajriba orqali isbotlab berdi. U kumushsimon qora tulkilar ustida kuzatish ishlarini olib borib, ularning odamga nisbatan xatti-harakati har xil ekanligini aniqladi. Tulkilarning bir guruhi odamga tashlanuvchan, o‘ta tajovuzkor, ikkinchi guruhi odamga tashlanishga qo‘rqib turadigan, lekin unga tashlanishni xohlaydigan, uchinchi guruhi esa xotirjam instinktli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
K. D. Belyayev uchinchi guruhga mansub erkak va urg‘ochi tulkilarni ajratib, alohida urchita boshladi. Nasllar orasidan olim yana odamga tez ko‘nikuvchi tulkilarni tanlab bordi. Bunday tulkilarning bir necha avlodida sun’iy tanlash o‘tkazish natijasida xuddi xonaki itlarga o‘xshash, ya’ni odamga tez o‘rganadigan, erkalaganda xursand bo‘ladigan tulkilar chiqarildi. Xatti-harakatiga qarab o‘tkazilgan sun’iy tanlash natijasida tulkilarning morfologik va fiziologik belgilari ham o‘zgardi. Tajribada tashqi quloq suprasi osilgan, dumini esa gajak holda egib turadigan tulkilar olindi. Yovvoyi tulkilar odatda yilda bir marta – aprelda urchisa, xonakilashtirilganlari esa ikki marotaba dekabr-yanvar va mart-aprel oylarida urchigan.
Sun’iy tanlash muvaffaqiyati
Darvin sun’iy tanlashning muvaffaqiyatli chiqishi tanlash uchun olingan organizmlarning son jihatdan ko‘pligiga, ulardagi individual o‘zgaruvchanlikka, seleksionerning tajribasi va sinchkovligiga, tanlash olib borilayotgan organizmlarning nazoratsiz chatishmasligiga, tanlash ta’sirini irsiy o‘zgaruvchanlik tufayli to‘planib borishiga bog‘liq deb hisoblagan.
Sun’iy tanlash o‘zida bir-birini to‘ldiruvchi uch hodisani mujassamlashtiradi: ko‘zlangan maqsadga mos organizmlarni tanlash va saqlash; inson talablariga mos bo‘lmagan organizmlarni yaroqsizga chiqarish; chatishtirish uchun zarur bo‘lgan ota-ona formalarini saralash hamda ulardan yangi-yangi nasl olish.
Binobarin, yangi nav va zot chiqarishda irsiy o‘zgaruvchanlik va sun’iy tanlash asosiy omil, ya’ni harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. Darvin zamoniga nisbatan hozirgi vaqtda yangi nav, zot chiqarish metodlari takomillashgan.
Shaxsiy o‘zgaruvchanlik
Darvin sun’iy tanlash yo‘li bilan yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish, yovvoyi o‘simliklarni madaniylashtirish, zot va navlarning belgi-xossalarini o‘zgartirish mumkinligini aniqlagach, tabiiy sharoitda yashaydigan organizmlarda ham shunga o‘xshash jarayon ro‘y berishi mumkin degan fikrga keldi. U har qanday o‘simlik, hayvon nasl qoldirganda yangi avlod ota-onadan, shuningdek, o‘zaro ayrim belgi-xossalari bilan farq qilishini kuzatdi va uni shaxsiy o‘zgaruvchanlik deb nomladi.
Darvin organizmlarda shaxsiy o‘zgaruvchanlik borligini yangi tur bilan tur xilini taqqoslash yo‘li bilan ham isbotladi. «Tur xili» deganda olim turga xos belgi-xossalar yaxshi ifodalanmagan organizmlar guruhini tushungan. Olimlar bir tur bilan ikkinchi tur orasida oraliq formalar uchramaydi, lekin tur bilan tur xili orasida oraliq formalarning uchrashi tabiiy bir hol deb hisoblaganlar. Shu bois tur xillarini Darvin yashagan davrda «shubhali turlar» deb ham atashgan. Tur xillarining tabiatda mavjudligi tufayli olimlar turlar sonini aniqlashda qiyinchilikka duch kelganlar.
Bilimingizni sinang
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- yovvoyi ko‘k qoya kaptari
- tovus kaptar
- turman
- yakobin kaptari
To‘g‘ri javob: yovvoyi ko‘k qoya kaptari. 89-rasm. Kaptar zotlari: 1 – yovvoyi ko‘k qoya kaptari; 2 – bo‘qoq kaptar; 3 – yakobin kaptari; 4 – turman; 5 – pochtachi kaptar; 6 – tovus kaptar.
Rasmda «turman» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 1
- 4
- 6
- 5
To‘g‘ri javob: 4. 89-rasm. Kaptar zotlari: 1 – yovvoyi ko‘k qoya kaptari; 2 – bo‘qoq kaptar; 3 – yakobin kaptari; 4 – turman; 5 – pochtachi kaptar; 6 – tovus kaptar.
Rasmda 5 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- yakobin kaptari
- pochtachi kaptar
- bo‘qoq kaptar
- tovus kaptar
To‘g‘ri javob: pochtachi kaptar. 89-rasm. Kaptar zotlari: 1 – yovvoyi ko‘k qoya kaptari; 2 – bo‘qoq kaptar; 3 – yakobin kaptari; 4 – turman; 5 – pochtachi kaptar; 6 – tovus kaptar.
Darvinni 1831-yili universitetni tamomlagach, «Bigl» kemasidagi ekspeditsiyada tabiatshunos sifatida qatnashishga kim tavsiya etgan?
- Professor Shleyden
- Professor Genslo
- Professor Kyuve
- Professor Ber
To‘g‘ri javob: Professor Genslo. Darvinni ekspeditsiyaga professor Genslo tavsiya etgan.
Nima sababdan XIX asrda ingliz seleksionerlari ko‘p mahsulot beradigan zot va navlarni chiqara boshladi?
- Cherkov seleksiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun
- Hayvonlar soni keskin kamayib ketgani uchun
- Tabiiy tanlanish nazariyasi e’lon qilingani uchun
- Sanoat rivoji xomashyoga talabni oshirgani uchun
To‘g‘ri javob: Sanoat rivoji xomashyoga talabni oshirgani uchun. Sanoat rivoji chorvachilik va qishloq xo‘jaligi xomashyosiga talabni oshirgan.
Galapagoss orollarida har bir orolda o‘ziga xos turlari uchraydigan, tumshug‘i turlicha tuzilgan vyuroklar qaysi turkumga kiradi?
- Tovuqsimonlar
- Kaptarsimonlar
- Chumchuqsimonlar
- Yirtqich qushlar
To‘g‘ri javob: Chumchuqsimonlar. Vyuroklar chumchuqsimonlar turkumiga kiradi.
Galapagoss arxipelagi Janubiy Amerikaning g‘arbiy qirg‘og‘idan qancha uzoqlikda joylashgan?
- 1000 km
- 1500 km
- 300 km
- 500 km
To‘g‘ri javob: 500 km. Arxipelag Janubiy Amerika g‘arbiy qirg‘og‘idan 500 km uzoqlikda joylashgan.
Qirilib ketgan oz tishlilarning hozirgi yalqov, chumolixo‘r, zirhlilarga o‘xshashligi Darvinni qanday taxminga olib keldi?
- Bu o‘xshashlik tasodifiy bo‘lib, ma’noga ega emas
- Qirilib ketgan va hozirgi hayvonlar o‘rtasida qarindoshlik bor
- Qirilib ketgan hayvonlar yangidan paydo bo‘lgan
- Hozirgi hayvonlar qadimgi hayvonlardan butunlay mustaqil paydo bo‘lgan
To‘g‘ri javob: Qirilib ketgan va hozirgi hayvonlar o‘rtasida qarindoshlik bor. Bu dalillar qirilib ketgan va hozirgi hayvonlar o‘rtasida qarindoshlik borligini taxmin qilishga sabab bo‘lgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash