Yashash uchun kurash va uning turlari
Mavzular
Nasl va nobud bo‘lish
Sizlar kundalik hayotda qoqio‘t, ituzum, uy pashshasi, baqalar va boshqa hayvonlar, o‘simliklar o‘zidan ko‘p nasl qoldirishini kuzatgansizlar. Ko‘p hollarda qoldirgan naslning barchasi voyaga yetmay nasl berishga ulgurmaydi. Ularning ko‘pchiligi shaxsiy taraqqiyotning turli bosqichlarida nobud bo‘ladi.
Nobud bo‘lish sabablari har xil: oziqaning yetishmasligi, dushmanlarning hujumi, ob-havoning noqulay kelishi. Binobarin, har bir tirik mavjudot yashash uchun va nasl qoldirish uchun doimo kurashadi. Darvin yashash uchun kurash iborasini keng ma’noda, ya’ni organizmlarning o‘zaro hamda anorganik tabiatning noqulay sharoitlari orasidagi murakkab va xilma-xil munosabatlarini, shuningdek, normal nasl qoldirish layoqatini tushungan.
Kurash xillari va turlararo kurash
Yashash uchun kurash xillari. Darvin yashash uchun kurashning uch xil: a) har xil turga kiruvchi organizmlar orasidagi kurash; b) bir turga kiruvchi organizmlar orasidagi kurash; d) organizmlarning organik tabiatning noqulay sharoitlariga qarshi kurashi kabi formalarini farqlagan.
Har xil turlarga mansub organizmlar orasidagi kurash nihoyatda turlituman. Chunonchi, bo‘ri va tulkilar tovushqonlar bilan oziqlanadilar. Shunga ko‘ra bo‘rilar bilan tulkilar, shuningdek, tulkilar bilan tovushqonlar orasida doimo yashash uchun o‘zaro kurash kuzatiladi.

Turlararo kurash misollari
Yirtqich – o‘lja, parazit va xo‘jayin munosabatlari turlararo yashash uchun kurashning yana bir ko‘rinishidir. Markaziy Osiyoda ko‘p tarqalgan hind maynasi chigirtkalar bilan ham oziqlanadi. Chigirtkalar chumchuqlar uchun ham oziqa sanaladi. Binobarin, maynalar bilan chumchuqlar orasida raqobat yuz beradi.
Tuyoqli hayvonlar o‘simliklar bilan oziqlanadi. O‘simliklar bilan chigirtkalar ham oziqlanadi. Chigirtkalarning tez ko‘payishi tuyoqli hayvonlarning och qolib o‘lishiga sabab bo‘ladi. Ikkinchi tomondan tuyoqli hayvonlar hayoti yirtqich hayvonlarga bog‘liq. O‘simliklarning mavjudligi faqat o‘txor hayvonlargagina emas, balki ularning changlatadigan hasharotlar, shuningdek boshqa o‘simlik o‘rtasida bo‘ladigan raqobat bilan ham aloqador.
Joy uchun kurashda kulrang kalamush asta-sekin qora kalamushni siqib chiqara boshlaydi. Avstraliyaga Yevropadan olib kelingan oddiy ari nayzasi yo‘q kichik mahalliy arini siqib chiqardi (91-rasm).
Turlar orasidagi yashash uchun kurash unchalik shiddatli bo‘lmasligi mumkin. Bunga asosiy sabab har turga mansub organizmlarning oziqasi turli xil bo‘lishidir. Tulkilar ham o‘z navbatida faqat tovushqonlar bilan emas, balki sichqon, kirpi va qushlar bilan ham oziqlanadilar.
Tur ichidagi kurash
Bir turga kiruvchi organizmlar o‘rtasidagi kurash. Yuqoridagilardan farqli ravishda bir turga kiruvchi organizmlarning oziqa, yashaydigan hudud va hayot uchun zarur bo‘lgan boshqa omillarga nisbatan talabi o‘xshash bo‘ladi. Bir turga kiruvchi qushlar orasida urchish paytida uya qurish uchun joy tanlash bo‘yicha raqobat ro‘y beradi. Sutemizuvchi hayvonlar, qushlarda erkak organizmlar o‘rtasida urg‘ochi organizmlar bilan qo‘shilish uchun kurash ketadi (92-rasm). G‘o‘za, bug‘doy va boshqa o‘simlik urug‘lari zich ekilganda, ular orasida yorug‘lik, namlik, oziqa uchun raqobat kuzatiladi. Oqibatda ular nimjon bo‘lib o‘sadilar.

Daraxtlar raqobati
Bir turga kiruvchi daraxtlar, butalar orasida ham bunday holat kuzatiladi. Shox-shabbasi keng quloch yozgan eng baland daraxtlar quyosh nurining ko‘p qismini tutib qoladi. Ularning baquvvat ildiz sistemasi tuproqdan ko‘proq suv va unda erigan mineral moddalarni shimib oladi. Buning hisobiga qo‘shni daraxtlar zaif bo‘lib o‘sadi yoki o‘sishdan to‘xtab nobud bo‘ladi (93-rasm). Tur ichidagi kurash eng shiddatli bo‘ladi. Chunki bir tur individlarining hayotiy ehtiyojlari bir xil bo‘ladi.

Noqulay sharoitga qarshi kurash
Organizmlarning anorganik tabiatning noqulay sharoitlariga qarshi kurashi. Anorganik tabiat omillari organizmlarning rivojlanishiga, yashab qolishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Kuz kelishi bilan bir yillik o‘simliklarning hammasi, shuningdek, ko‘p yillik o‘t o‘simliklarning ham yer ustki qismlari nobud bo‘ladi, tuproq ostida ularning urug‘i, ildizi, tugunaklari, piyozlari saqlanib qoladi. Ko‘pchilik hayvonlar, masalan, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar karaxt holatga o‘tadi, qushlar migratsiya qiladi, sutemizuvchilar qishki uyquga kiradi.
Insonning foydalanishi
Organizmlar orasidagi munosabatlardan insonlarning foydalanishi. Bir turga kiruvchi organizmlar orasida yashash uchun kurash shiddatli bo‘lishini e’tiborga olib, yangi bog‘lar tashkil qilinayotganda mevali daraxtlarning turiga qarab ko‘chatlar ma’lum oraliqda ekiladi. Sun’iy yo‘l bilan o‘rmonlar barpo etilayotganda tuproqqa zamburug‘ gifalari solinib, mikoriza hosil qilinadi. Respublikamizdagi ko‘llar, suv havzalarida baliqlarni sun’iy yo‘l bilan urchitish uchun avvalo ular yirtqich (cho‘rtan) va uncha ahamiyati bo‘lmagan (gambuziya) baliqlardan tozalanadi. Shundan keyin suv havzalarida xo‘jalik uchun ahamiyatli hisoblangan baliqlar ko‘paytiriladi.
Ovchilik xo‘jaligini ilmiy asosda olib borish uchun hayvonlar biologiyasi, ya’ni urchish davri, nasl miqdori, ularning voyaga yetish muddati, nimalar bilan oziqlanishi, organizmlar orasidagi munosabatlar diqqat markazida bo‘ladi.
Yirtqich, begona o‘t, zararkunanda
Yirtqich hayvonlar – bo‘ri, tulkilar yo‘qotilayotganda ularning sanitarlik roli, ya’ni o‘ljalar orasida nimjon, kasal individlarni ko‘plab yo‘qotishi hisobga olinadi.
Madaniy o‘simliklarga qaraganda yovvoyi o‘simliklar yashovchan bo‘ladi. Ular madaniy o‘simliklarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun (piyoz, sabzi, rediska va boshqalar) o‘toq qilinib, begona o‘tlardan xalos etiladi. Zararkunanda hasharotlar – xasva, olma qurti, ko‘sak qurti, shira va hokazolarga qarshi kurashda, mikrofanus, tillako‘z, trixogramma, afelinus, tugmachaqong‘izlardan (podoliya), entobakteriyalar tarqatiladi. Zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashishga hasharotxo‘r qushlar, chunonchi, chug‘urchuq, chittak va boshqalar jalb qilinadi. Chetdan changlanuvchi o‘simliklardan yuqori hosil olish uchun asalaridan foydalaniladi.
Bilimingizni sinang
Darvin yashash uchun kurashning nechta asosiy shaklini farqlagan?
- Ikkita
- Uchta
- To‘rtta
- Beshta
To‘g‘ri javob: Uchta. Darvin kurashni uch xilga ajratgan: turlararo, tur ichidagi va noqulay sharoitga qarshi kurash.
Kuz kelishi bilan ko‘p yillik o‘t o‘simliklarning qaysi qismlari nobud bo‘ladi?
- Yer ustki qismlari
- Tuproq ostidagi piyozlari
- Tuproq ostidagi tugunaklari
- Tuproq ostidagi ildizi
To‘g‘ri javob: Yer ustki qismlari. Ko‘p yillik o‘tlarda yer ustki qismi nobud bo‘ladi, ildiz, tugunak va piyozlar tuproq ostida saqlanadi.
Kalamushlar orasida joy uchun kurashda qaysi tur qaysi turni asta-sekin siqib chiqara boshlaydi?
- Qora kalamush kulrang kalamushni
- Sichqon qora kalamushni
- Kulrang kalamush qora kalamushni
- Kulrang kalamush sichqonni
To‘g‘ri javob: Kulrang kalamush qora kalamushni. Kulrang kalamush qora kalamushni siqib chiqaradi.
Sun’iy o‘rmonlar barpo etilayotganda mikoriza hosil qilish uchun tuproqqa nima solinadi?
- Yog‘och kuli
- Zamburug‘ gifalari
- Bakteriya sporalari
- Suvo‘t hujayralari
To‘g‘ri javob: Zamburug‘ gifalari. Mikoriza hosil bo‘lishi uchun tuproqqa zamburug‘ gifalari solinadi.
Bo‘ri va tulkilarni yo‘qotishda ularning sanitarlik roli nimadan iborat?
- O‘simliklar urug‘ini tarqatishdan
- O‘ljalar orasida nimjon, kasal individlarni ko‘plab yo‘qotishdan
- Begona o‘tlarni kamaytirishdan
- Zararkunanda hasharotlarni yeb bitirishdan
To‘g‘ri javob: O‘ljalar orasida nimjon, kasal individlarni ko‘plab yo‘qotishdan. Yirtqichlar o‘ljalar orasidagi nimjon va kasal individlarni yo‘qotib, sanitar vazifasini bajaradi.
Yangi bog‘lar tashkil qilinayotganda mevali daraxt ko‘chatlari nima uchun daraxt turiga qarab ma’lum oraliqda ekiladi?
- Turlararo kurash tur ichidagi kurashdan kuchli bo‘lgani uchun
- Bir turga kiruvchi organizmlar orasida kurash shiddatli bo‘lishi hisobga olinadi
- Ko‘chatlar o‘zaro mikoriza hosil qilishi uchun
- Qo‘shni daraxtlar bir-birini changlatishi uchun
To‘g‘ri javob: Bir turga kiruvchi organizmlar orasida kurash shiddatli bo‘lishi hisobga olinadi. Tur ichida raqobat kuchli bo‘lgani sababli ko‘chatlar orasida oraliq qoldiriladi.
Bir turga kiruvchi eng baland daraxtlar qo‘shni daraxtlarning zaif o‘sishiga qanday sabab bo‘ladi?
- Hasharotlarni o‘ziga jalb qilib, qo‘shnilarni zararlantiradi
- Quyosh nurini tutib qoladi va tuproqdan ko‘proq suv hamda minerallarni shimadi
- Shamolni to‘sib, qo‘shni daraxtlarni changlanishdan mahrum qiladi
- Ildizlari orqali qo‘shni daraxtlarga zararli moddalar o‘tkazadi
To‘g‘ri javob: Quyosh nurini tutib qoladi va tuproqdan ko‘proq suv hamda minerallarni shimadi. Baland daraxt nurni ham, suv va mineral moddalarni ham ko‘proq o‘zlashtiradi, qo‘shnilarga kam qoladi.
Tur ichidagi va turlararo yashash uchun kurash taqqoslanganda qaysi fikr to‘g‘ri?
- Tur ichida talab o‘xshash bo‘lgani uchun kurash shiddatli, turlararo kurashda oziqa turlicha bo‘lgani uchun u susayishi mumkin
- Turlararo kurash doim tur ichidagi kurashdan shiddatliroq bo‘ladi
- Ikkala holatda ham organizmlarning oziqaga talabi bir xil bo‘ladi
- Tur ichida oziqa va hudud talabi turlicha, turlararo kurashda esa o‘xshash bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Tur ichida talab o‘xshash bo‘lgani uchun kurash shiddatli, turlararo kurashda oziqa turlicha bo‘lgani uchun u susayishi mumkin. Bir tur individlari bir xil omillarga muhtoj, shu sabab tur ichida kurash kuchli; turlararo oziqa farqi uni susaytiradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash