XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 42-§.

Tabiiy tanlanish va uning turlari

Mavzular

Individual o‘zgaruvchanlik

Yashash uchun kurash ko‘pchilik organizmlarning halok bo‘lishi, ba’zilarining esa yashab qolishi bilan bog‘liq holda ro‘y beradi. Individual o‘zgaruvchanlik organizmda uch ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Ularning bir xillari organizm uchun foydali, ikkinchi xillari organizmlar uchun befarq, uchinchilari esa zararli bo‘ladi.

Odatda zararli o‘zgaruvchanlikka ega organizmlar shaxsiy taraqqiyotning turli bosqichlarida halok bo‘ladilar. Organizm uchun befarq o‘zgaruvchanlik ularning yashovchanligiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Foydali o‘zgaruvchanlikka ega individlar tur ichidagi, turlararo yoki abiotik muhitning noqulay sharoitlariga qarshi kurashda birmuncha afzalliklarga ega bo‘lganligi sababli yashab qoladi.

Tabiiy tanlanish ta’rifi

Yashash uchun kurashda foydali belgi, xossalarga ega organizmlarning yashab qolishi, shunday belgi, xossalarga ega bo‘lmaganlarining nobud bo‘lishi tabiiy tanlanish deb ataladi.

Tabiiy tanlanish – organizmlar evolutsiyasining asosiy harakatlantiruvchi omili. Ch. Darvin fikricha, tabiiy tanlanish – yashash uchun kurashning natijasi bo‘lib, foydali individual o‘zgarishlarga ega bo‘lgan organizmlarning yashab, nasl qoldirishi, ya’ni moslashgan formalarning yashab qolishi, foydasiz o‘zgarishlarga ega bo‘lgan organizmlarning qirilib ketishi, ya’ni moslashmagan formalarning nobud bo‘lishidan iborat biologik jarayon. Irsiy o‘zgaruvchanlik tabiiy tanlanish uchun asos hisoblanadi. Tabiiy tanlanish tufayli organizmlar xilma-xilligi ortadi, evolutsiya jarayonida organizmlar tuzilishi murakkablashadi, muhit sharoitlariga yetarli darajada moslasha olmagan turlar nobud bo‘ladi.

Sun’iy va tabiiy tanlanish

Ch. Darvin tabiiy tanlanish jarayonini sun’iy tanlash bilan taqqosladi. Agar sun’iy tanlanishni inson olib borsa, tabiiy tanlanishni tabiat boshqaradi. Sun’iy tanlanishni o‘tkazishda inson doimo o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi. Shu sababli sun’iy tanlash tufayli chiqarilgan nav va zotlarda inson manfaati uchun xizmat qiladigan belgi-xossalar yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Tabiiy tanlanishda esa inson manfaati emas, balki organizm manfaatlari birinchi o‘rinda turadi.

Yashash uchun kurashga moslashgan organizmlar moslashmagan organizmlarga nisbatan kamroq nobud bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan tabiiy tanlanish, organizmning muhitga moslashishida yangi populatsiya, turlarning kelib chiqishida asosiy omil ekanligidan dalolat beradi.

Hozirgi vaqtda tabiiy tanlanishning 3 turi farqlanadi: 1) harakatlantiruvchi; 2) stabillashtiruvchi; 3) dizruptiv.

Stabillashtiruvchi tanlanish

Stabillashtiruvchi tanlanish. Bu tanlanish populatsiyaning o‘zgaruvchanligini kamaytiradi, turg‘unligini oshiradi. Har bir populatsiyaning hayoti muhitga bog‘liq. U yashab qolish uchun doim muhit sharoitiga moslanishi kerak. Agar bir necha bo‘g‘in mobaynida yashash sharoiti o‘zgarmasa, u holda populatsiya – yuqori moslanish darajasiga ega bo‘ladi va tabiiy tanlanish o‘zgaruvchanlikni stabillashtirish tomonga yo‘naltiradi. Muhitga yaxshi moslashgan, o‘rtacha normaga ega formalar saqlanadi, normadan o‘zgargan organizmlar esa nobud bo‘ladi.

Belgilari o‘rtacha darajada yoki unga yaqin darajada bo‘lgan individlarning saqlanishiga qaratilgan tanlanish stabillashtiruvchi tanlanish deyiladi (94-rasm).

94-rasm. Stabillashtiruvchi tanlanish. A – latimeriya; B – gatteriya.
94-rasm. Stabillashtiruvchi tanlanish. A – latimeriya; B – gatteriya.

Bempes tajribasi

Fenotipi keskin o‘zgargan formalarning halokatga uchrashi tabiiy populatsiyalarda bir necha bor kuzatilgan. Masalan, G. Bempes tomonidan chumchuqlar ustida o‘tkazilgan kuzatishni olish mumkin. U qattiq qor bo‘ronidan so‘ng chalajon chumchuqlarning 132 tasini daladan laboratoriyaga olib kelgan. Ularning 72 tasi tirilgan. Bempes o‘lik va tirik qolgan chumchuqlarning qanotini o‘lchab ko‘rgan. Tirik qolgan chumchuqlar qanotining uzunligi o‘rtacha, nobud bo‘lgan chumchuqlarniki esa normadan uzun yoki kalta bo‘lgan, binobarin, qanotlari o‘rtacha uzunlikda bo‘lgan formalar bo‘ron paytida tirik qolganligi, normadan o‘zgargan chumchuqlar nobud bo‘lganligi aniqlangan.

Stabillashtiruvchi tanlanish misollari

Hasharotlar yordamida changlanadigan o‘simliklar gulining yirik-maydaligi va shakli, shamol yordamida changlanadigan o‘simliklar gulinikiga nisbatan o‘zgarmas. Hasharotlar yordamida changlanadigan gullarning tuzilishidagi turg‘unlik o‘simliklar va ularni changlatuvchilarning birgalikdagi evolutsiyasi bilan bog‘liq. Qush bolalarining soni bilan ota-ona keltirgan oziq o‘rtasida bog‘liqlik mavjud bo‘ladi. Chug‘urchuq uyasiga eng ko‘pi bilan 5 ta tuxum qo‘yadi. Agar 5 tadan ortiq qo‘ysa, oziq yetishmasligi bolalarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Stabillashtiruvchi tanlanish ta’siri odamlarda ham uchraydi. Normal odamlar hujayrasida 44 ta autosoma va 2 ta jinsiy xromosoma borligini bilasizlar. Agar ayolning urug‘langan tuxum hujayrasida 44 ta autosoma va bitta Y xromosoma bo‘lsa, boshqacha aytganda X xromosoma yetishmasa, u holda homila ona qornida 2–3 oydan so‘ng rivojlanmay qoladi va tabiiy abort ro‘y beradi.

Tirik qoldiqlar va harakatlantiruvchi tanlanish

Gatteriya, gingko biloba, latimeriya kabi organizmlar o‘zgarmas muhit sharoitida saqlanib qolganligi stabillashtiruvchi tanlanishning natijasidir (95-rasm).

95-rasm. Stabillashtiruvchi tanlanish: A – latimeriya; B – gatteriya.
95-rasm. Stabillashtiruvchi tanlanish: A – latimeriya; B – gatteriya.

Harakatlantiruvchi tanlanish. Tabiiy tanlanishning bu turi populatsiyadagi irsiy o‘zgaruvchanlik chegarasini kengaytiradi. Harakatlantiruvchi tanlanish o‘zgargan muhit sharoitida eski reaksiya normasi o‘rniga yangi reaksiya normasini vujudga keltiradi hamda uni mustahkamlaydi. Buning oqibatida kelgusi bo‘g‘inlarda oldingi bo‘g‘inlarning normadagi fenotipidan keskin farq qilgan yangi fenotipga ega organizmlar saqlana boradi. Tanlanishning bu formasi belgi-xossalar eski individlar o‘rniga yangi muhit sharoitiga moslashgan individlar vujudga kelishi bilan xarakterlanadi.

Darvin va qanotsiz hasharotlar

Darvin besh yillik safar chog‘ida kuchli shamol tez-tez bo‘ladigan okean orollarida uzun qanotli hasharotlar kam, rudiment qanotli va qanotsiz hasharotlarning ko‘pligini uchratgan. Olimning izohlashicha, bunday orollarda qattiq shamol bo‘lishi tufayli normal qanotli hasharotlar unga bardosh bera olmasligi sababli shamol ularni uchirib, halok etgan. Mutatsiyalar oqibatida kelib chiqqan rudiment qanotli va qanotsiz hasharotlar mutlaqo havoga ko‘tarilmay, turli yoriq, kavaklarga yashirinib olganlar. Bu jarayon ko‘p ming yillar davom etishi tufayli irsiy o‘zgaruvchanlik va tabiiy tanlanish okean orollarida hasharotlarning normal qanotlilarning kamayishiga, rudiment qanotli va qanotsiz individlarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan.

Organizmlarning yangi belgi-xossalarining hosil bo‘lishi va rivojlanishini ta’minlaydigan tabiiy tanlanish xili harakatlantiruvchi tanlanish deb ataladi (96-rasm).

96-rasm. Harakatlantiruvchi tanlanish.
96-rasm. Harakatlantiruvchi tanlanish.

Harakatlantiruvchi tanlanish natijalari

Ba’zi bir qushlar, hasharotlar qanotining, tuyoqlilarda yon barmoqlarning, g‘orlarda yashovchi hayvonlarda ko‘zning, parazit o‘simliklarda ildiz va bargning yo‘qolishi harakatlantiruvchi tanlanish ta’siri natijasidir. Muhit sharoitining asta-sekin o‘zgarishi tufayli tabiiy tanlanishning bu turi fenotip va genotip jihatdan yangi formalarni hosil qiladi. U yangi turlarning paydo bo‘lishi va organik olamdagi evolutsiya jarayonining asosiy sababchisi hisoblanadi.

97-rasm. Ot evolutsiyasi – harakatlantiruvchi tanlanish natijasidir.
97-rasm. Ot evolutsiyasi – harakatlantiruvchi tanlanish natijasidir.

Dizruptiv tanlanish

Dizruptiv tanlanish. Ba’zi hollarda muayyan joyda tarqalgan bir turga mansub organizmlar orasida bir-biridan farq qiluvchi ikki va undan ortiq individlar guruhi uchrashi mumkin. Bu tabiiy tanlanishning yana bir alohida shakli bo‘lgan dizruptiv tanlanish natijasidir (98-rasm). Chunonchi, ikki nuqtali tugmachaqo‘ng‘izida mavsumiy polimorfizm hodisasini ko‘rish mumkin. Bu qo‘ng‘izning qoramtir va qizg‘ish, qattiq qanotli formalari uchraydi.

Qizg‘ish qanotlilar qishda haroratning pasayishi tufayli kam nobud bo‘lib, yoz oylarida kam nasl beradi. Aksincha, qoramtir qanotli formalilar qishda past haroratga bardosh berolmay ko‘proq nobud bo‘ladi va yoz oylarida esa ko‘p nasl beradi. Demak, yilning turli fasliga moslashish orqali bu ikki xil tugmachaqo‘ng‘iz guruhlari o‘z naslini saqlab kelmoqda.

98-rasm. Dizruptiv tanlanish.
98-rasm. Dizruptiv tanlanish.

Bilimingizni sinang

Individual o‘zgaruvchanlik organizmda nechta ko‘rinishda namoyon bo‘ladi?
  1. Beshta
  2. To‘rtta
  3. Ikkita
  4. Uchta

To‘g‘ri javob: Uchta. Individual o‘zgaruvchanlik foydali, befarq va zararli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.

Yashash uchun kurashda foydali belgi va xossalarga ega organizmlarning yashab qolishi, bunday belgilarga ega bo‘lmaganlarining nobud bo‘lishi nima deb ataladi?
  1. Sun’iy tanlanish
  2. Tabiiy tanlanish
  3. Moslashish
  4. Irsiy o‘zgaruvchanlik

To‘g‘ri javob: Tabiiy tanlanish. Bu jarayonning ta’rifi tabiiy tanlanishdir.

G. Bempes qattiq qor bo‘ronidan so‘ng nechta chalajon chumchuqni daladan laboratoriyaga olib kelgan?
  1. 60 ta
  2. 100 ta
  3. 72 ta
  4. 132 ta

To‘g‘ri javob: 132 ta. Bempes 132 ta chalajon chumchuqni olib kelgan, ularning 72 tasi tirilgan.

Chug‘urchuq uyasiga eng ko‘pi bilan nechta tuxum qo‘yadi?
  1. 5 ta
  2. 3 ta
  3. 4 ta
  4. 7 ta

To‘g‘ri javob: 5 ta. Chug‘urchuq eng ko‘pi bilan 5 ta tuxum qo‘yadi, ko‘p bo‘lsa oziq yetishmaydi.

Urug‘langan tuxum hujayrada 44 ta autosoma va faqat bitta Y xromosoma bo‘lsa (X xromosoma yetishmasa), homila qachon rivojlanmay qoladi?
  1. 2–3 oydan so‘ng
  2. 6–7 oydan so‘ng
  3. Birinchi haftada
  4. Tug‘ilishdan oldin, 9 oyda

To‘g‘ri javob: 2–3 oydan so‘ng. X xromosoma yetishmasa, homila 2–3 oydan so‘ng rivojlanmay qoladi va tabiiy abort ro‘y beradi.

Ikki nuqtali tugmachaqo‘ng‘izida qoramtir va qizg‘ish formalar uchrashi qaysi hodisaga misol bo‘ladi?
  1. Mavsumiy polimorfizm
  2. Tur ichidagi simbioz
  3. Himoya mimikriyasi
  4. Jinsiy dimorfizm

To‘g‘ri javob: Mavsumiy polimorfizm. Bu qo‘ng‘izda dizruptiv tanlanish natijasida mavsumiy polimorfizm kuzatiladi.

Bempes kuzatishida bo‘ron paytida qanotlari o‘rtacha uzunlikdagi chumchuqlar nima uchun tirik qolgan?
  1. Chunki ularning qanotlari eng uzun bo‘lgan
  2. Chunki o‘rtacha normadagi formalar saqlanadi, normadan o‘zgarganlari esa nobud bo‘ladi
  3. Chunki ular laboratoriyaga olib kelinmagan
  4. Chunki ular normadan o‘zgargan formalar bo‘lgan

To‘g‘ri javob: Chunki o‘rtacha normadagi formalar saqlanadi, normadan o‘zgarganlari esa nobud bo‘ladi. Stabillashtiruvchi tanlanishda o‘rtacha belgili individlar saqlanadi, normadan chetlashganlar nobud bo‘ladi.

Darvin izohlashicha, okean orollarida normal qanotli hasharotlar nima sababdan kamaygan?
  1. Qattiq shamol ularni uchirib, halok etgan
  2. Ularning oziqasi tugab qolgan
  3. Ular rudiment qanotli formalarga aylangan
  4. Ular boshqa orollarga ko‘chib ketgan

To‘g‘ri javob: Qattiq shamol ularni uchirib, halok etgan. Qattiq shamolga bardosh bera olmagan normal qanotli hasharotlar uchirib ketilib, halok bo‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiYashash uchun kurash va uning turlariKeyingi →Organik olamdagi moslanishlar – evolutsiya natijasi