XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 43-§.

Organik olamdagi moslanishlar – evolutsiya natijasi

Mavzular

Moslanish tushunchasi

Moslanish bu – organizmlarning ichki va tashqi tuzilishi, organlar funksiyasi, xulq-atvori va hayot tarzining muayyan yashash muhiti sharoitiga mos kelishidir. Barcha tirik organizmlarda mavjud bo‘lgan o‘ziga xos moslanish belgilari ularning o‘zi yashab turgan muhitda yashab qolishi, yashash uchun kurashda g‘olib chiqishi, normal nasl qoldirib o‘z belgilarini kelgusi avlodlariga uzatishlari uchun imkon tug‘diradi. Moslanish organizmlarning yashovchanligi, raqobatchanligi va normal nasl qoldirishi bilan uzviy aloqadordir.

Moslanishning uch komponenti

Yashovchanlik deganda organizmlarning o‘zi tarqalgan muhitda genotipini keskin o‘zgartirmagan holatda normal yashashi tushuniladi. Raqobatchanlik organizmlarning o‘lik va tirik tabiat, shu jumladan, oziq topish, boshqa jins bilan qo‘shilish, yashash joyini egallashdagi qarshiliklarni yengishidir. Nasl qoldirish esa organizmlar urchishining normal kechishi bilan bog‘liq.

Moslanishning bu uch komponenti o‘zaro bog‘liq bo‘lib, tabiiy tanlanish orqali tarkib topgan evolutsion natija hisoblanadi. Tashqi muhit sharoitlari turli-tuman bo‘lganligi sababli, organizmlardagi moslanish belgilari ham xilma-xil bo‘ladi.

Morfologik moslanish va himoya rangi

Morfologik moslanishlar. Tashqi muhit omillari ta’siri natijasida organizmlar tana tuzilishida shu muhitga mos xususiyatlar paydo bo‘ladi. Masalan, qushlarda tana shakli havo muhitida, baliqlarning tana shakli suv muhitida yashashga yordam beradi. Hayvonlardagi morfologik moslanishlarga himoya rangi, maskirovka, mimikriya, ogohlantiruvchi rang, chalg‘ituvchi rang misol bo‘ladi.

Himoya rangi. Ko‘pchilik hollarda hayvonlarning tashqi rangi o‘zi yashayotgan muhit rangiga mos bo‘lgani uchun ko‘zga kam tashlanadi (99-rasm). Odatda cho‘lda yashaydigan toshbaqa, kaltakesak, ilonlar qum rangida, shimoliy o‘lka hayvonlari – ayiq, kuropatka, tulkilar oq rangda, kvaksha, beshik tervatar, ninachilar yashil barglar orasida yashagani, karam kapalagi qurti uning barglari bilan oziqlangani sababli yashil rangda bo‘ladi. Agar muhit rangi fasllarga qarab o‘zgarsa, u holda hayvonlar rangi ham o‘zgaradi.

99-rasm. Hayvonlarda himoya rangi: 1 – yashil chigirtka; 2 – odimchi qurt; 3 – kvaksha baqasi; 4 – kuropatkaning yozgi qiyofasi;
99-rasm. Hayvonlarda himoya rangi: 1 – yashil chigirtka; 2 – odimchi qurt; 3 – kvaksha baqasi; 4 – kuropatkaning yozgi qiyofasi;

Maskirovka

Masalan, Yevropaning o‘rta mintaqasida yashovchi tulki, tovushqon, kuropatka, gornostay qishda bir, yozda ikkinchi xil rangda bo‘ladi.

Maskirovka. Ayrim hollarda hayvonning tana shakli va rangi atrofidagi barg, novda, kurtak, o‘simliklarga o‘xshash bo‘ladi. Chunonchi, chupchik degan hasharot rangi va shakli ingichka novdani, ninabaliq suvo‘tlarini, dengiz paxmoq otchasi deb ataluvchi baliq suv o‘simliklarini eslatadi (100-rasm). Ayrim ikki pallali molluskalar shakli suv o‘simliklarining kurtaklariga o‘xshash bo‘ladi. Malayada tarqalgan kallima kapalagining qanotlari shakli, naqsh va tomirlari bargga o‘xshash bo‘ladi.

100-rasm. Hayvonlarda maskirovka. 1 – beshiktervatar; 2 – chupchik; 3 – ko‘lbuqa; 4 – dengiz toychasi;
100-rasm. Hayvonlarda maskirovka. 1 – beshiktervatar; 2 – chupchik; 3 – ko‘lbuqa; 4 – dengiz toychasi;

Ogohlantiruvchi rang

Ogohlantiruvchi rang. Ba’zi hayvonlarning tashqi ko‘rinishi rang-barang bo‘lib, ko‘zga yaqqol tashlanadi. Tillaqo‘ng‘iz, tugmachaqo‘ng‘iz, qovog‘ari, tukli ari, ko‘pgina kapalaklar, «do‘st-dushman» ko‘ziga yaqqol tashlanib, o‘z ranglari bilan ularni «ogohlantiradilar». Odatda bunday ogohlantiruvchi rangga ega hayvonlarning dushmanlardan himoya qiladigan qo‘shimcha vositalari mavjud. Ularning xususiy himoya vositalariga tanada ishlab chiqariladigan qo‘lansa hidlar, zaharli suyuqliklar, tananing tuklar bilan qoplanganligi, nayzalar va hokazolar kiradi. Masalan, xonqizi qo‘ng‘izi zaharli suyuqlik ajratgani uchun qushlar ularni cho‘qimaydilar.

Mimikriya

Mimikriya. Ba’zi hollarda dushmanlari tomonidan ko‘p qiriladigan hayvonlar tanasining rangi, shakli bilan «ogohlantiruvchi rangli» organizmlarga taqlid qiladi.

Kushandalari tomonidan ko‘p qiriladigan himoyasiz hayvonlarning «ogohlantiruvchi rangli» kam qiriladigan organizmlarga taqlid qilishi mimikriya hodisasi deb ataladi. Ba’zi bir pashshalarning va ayrim kapalak turlarining rang jihatdan arilarga, suvaraklarning tugmachaqo‘ng‘izlarga o‘xshashligi, zaharsiz ilonlarning zaharli ilonlar rangida bo‘lishlari mimikriya hodisasiga misoldir (101-rasm). Shuni qayd qilish lozimki, himoya va ogohlantiruvchi ranglar hayvon xatti-harakati bilan bog‘langan holda yanada samarali natija beradi.

Qamishzorlarda yashovchi ko‘lbuqa qushi patlarining rangi bilan qamishlarni eslatadi. Shunga qaramay biror xavf sezilsa, u darrov bo‘ynini cho‘zib, tumshug‘ini ko‘targan holda qimirlamay turadi. Bunday vaziyatda uni dushmani payqamay qoladi.

101-rasm. Hayvonlarda «ogohlantiruvchi» rang va mimikriya hodisasi. 1 – belyanka; 2 – zaharli gelekonius kapalagi; 3 – oynasimon kapalak; 4 – g‘o‘ng‘illovchi pashsha;
101-rasm. Hayvonlarda «ogohlantiruvchi» rang va mimikriya hodisasi. 1 – belyanka; 2 – zaharli gelekonius kapalagi; 3 – oynasimon kapalak; 4 – g‘o‘ng‘illovchi pashsha;

Tuxum mimikriyasi va chalg‘ituvchi rang

Rang va shakl jihatidan taqlid qilish faqat organizmlargagina emas, hatto tuxumlarga ham xos. Masalan, kakku qush boshqa qushlar singari in qurmaydi va tuxumini mayda qushlar – qorayaloqlar, jiblajibonlar, bulbul, sirchumchuqlarning inlariga qo‘yadi. Eng muhimi shundan iboratki, kakku tuxum qo‘yishdan oldin ana shu qushlarning inlaridagi tuxumlarni ko‘rib ularga taqlid qilib tuxum qo‘yadi va uning qo‘ygan tuxumlarining rangi, hajmi in egalarining tuxumlariga o‘xshash bo‘ladi.

Chalg‘ituvchi rang. Bunday hayvon tanasi dog‘lar va olachipor yo‘llar bilan qoplangan bo‘ladi. Bu dog‘lar, olachipor yo‘llar dushmanning diqqat-e’tiborini chalg‘itadi. Zebra, jirafalar terisining rangini bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Fiziologik moslanishlar

Fiziologik moslanishlar. Ushbu moslanish tana temperaturasi, qonda tuz va qand konsentratsiyasining turg‘un holda saqlanishiga qaratilgan. Organizmlar shaxsiy hayotining turli bosqichlarida atrof-muhitdagi tuz, namlik, haroratning o‘zgarishlariga nisbatan o‘z turg‘unligini saqlaydi.

Masalan, o‘simliklar qishki tinim davridan normal o‘tishi uchun ular hujayrasida suv miqdori kamayib, erigan moddalar konsentratsiyasi ortadi. Uzoq vaqt suv ostida bo‘ladigan tulenlar qonida kislorodni bog‘lab olishda gemoglobindan tashqari mioglobin nisbatan ko‘proq ishtirok etadi. Sahro hayvonlari tanasida ko‘plab yog‘ moddalarining to‘planishi fiziologik moslanishga misol bo‘ladi.

Etologik moslanishlar

Etologik moslanishlar. Bu moslanish turi hayvonlarning xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. O‘ziga xos harakatlar orqali hayvonlar dushmanlaridan himoyalanadi, oziqa topadi va zaxiralaydi, yil mavsumlariga moslashadi, juft tanlaydi va ko‘payadi, naslini himoya qiladi. Hayvonlar dushmandan saqlanish uchun yashirinadi yoki qo‘rqituvchi xatti-harakatlarni amalga oshiradi.

Nasl uchun g‘amxo‘rlik qilish turning yashab qolishida katta ahamiyatga ega. Amerika sombalig‘i chavoqlar rivojlanguncha tuxumlarni qorin tomonga yopishtirgan holda yuradi. Povituxa deb ataluvchi qurbaqa otalangan tuxumlarini to yosh qurbaqalar rivojlanguncha orqa tomonda «opichlab» yuradi. Tuban umurtqalilardan farqli ravishda qushlar tuxumlarini maxsus inlariga qo‘yib o‘z tana harorati bilan ularni isitadilar. Tuxumlarini va jo‘jalarini ota-ona qushlar boqadi va himoya qiladi. Nasl uchun qayg‘urish bilan bog‘liq moslanishlar sutemizuvchilarda, ayniqsa, kuchli bo‘ladi.

O‘simliklarda namlikka moslanish

O‘simliklar olamidagi moslanishlar. Hayvonlar singari o‘simliklarda ham tashqi muhit omillariga nisbatan bir qancha moslanishlar mavjud. Masalan, nam tanqisligiga o‘simliklar turlicha moslashgan bo‘ladi. Bir xil o‘simliklarning bargi ustki tomondan mum qavat (fikus), ikkinchi xillarda qalin tuklar (sigirquyruq) bilan qoplangan. Saksovulda barglar kichik «tangacha»larga aylangan. Yantoqning barglari mayda va qattiq, ko‘pgina shoxchalari tikan shaklida. Kaktus, aloy, agavalar sersuv o‘simliklar hisoblanadi. Ba’zi o‘simliklarning vegetatsiya davri juda qisqa, masalan, ayiqtovon, yaltirbosh erta bahorda o‘sib, rivojlanib, urug‘ berishga ulguradi. Yantoq, shuvoq kabi o‘simliklar qurg‘oqchilik paytida barglarini to‘kish orqali o‘z hayotini saqlaydi.

Changlanish va urug‘ tarqalishiga moslanish

O‘simliklarda chetdan va hasharotlar yordamida changlanish bilan aloqador bo‘lgan bir qancha moslanishlar bor. Hasharotlar orqali changlanadigan o‘simliklarning gultojibarglari yirikligi, rangining xilma-xilligi, xushbo‘y hid tarqatishi, nektar ajratishi bilan hasharotlarni o‘ziga jalb qiladi. Aksincha, shamol yordamida changlanadigan o‘simliklarning gullari mayda, ko‘rimsiz, hidsiz, changlari juda yengil.

O‘simliklarda meva va urug‘larning tarqalishiga nisbatan ham bir qancha moslanishlarni ko‘rish mumkin. Shamol yordamida tarqaladigan qayin, qayrag‘och, aylant, zarang meva va urug‘larida qanotsimon o‘simtalar, g‘o‘za chigitida tuklar bo‘ladi.

Hayvon, qush va suv orqali tarqalish

Ittikanak, sariqchoy, qariqiz, qo‘ytikan mevalarida ilgak, tikan, tuklar bo‘lib, ular hayvonlarning juniga, qushlarning patiga, odamlarning kiyimiga yopishishi orqali uzoq masofalarga tarqaladi (102–103-rasmlar).

103-rasm. Shamol yordamida tarqaluvchi 102-rasrn. Hayvon va odamlar yordamida tarqaluvhchi mevalar. qanotchali mevalar. 1 – repishka me va si; 2 – ilashuvchi beda 1 – qayin; 2 – qayrag‘och; 3 – zarang; dukkagi; 3 – qa ri qizning «qarmoqli» sa vat- 4 – sassiqdaraxt–aylant; 5 – shumtol. chasi; 4 – qo‘ytikanning tikanli mevasi; 5 – ebalakning sanchuvchi mevasi; 6 – temirtikanning sanchuvchi mevasi.
103-rasm. Shamol yordamida tarqaluvchi 102-rasrn. Hayvon va odamlar yordamida tarqaluvhchi mevalar. qanotchali mevalar. 1 – repishka me va si; 2 – ilashuvchi beda 1 – qayin; 2 – qayrag‘och; 3 – zarang; dukkagi; 3 – qa ri qizning «qarmoqli» sa vat- 4 – sassiqdaraxt–aylant; 5 – shumtol. chasi; 4 – qo‘ytikanning tikanli mevasi; 5 – ebalakning sanchuvchi mevasi; 6 – temirtikanning sanchuvchi mevasi.

Etdor, sersuv danakli va danaksiz mevalar qushlar va boshqa hayvonlar tomonidan yeyilib, hazm bo‘lmagan urug‘lar axlat orqali tashqariga chiqarib tashlanadi. Shu yo‘sinda ular boshqa joylarga tarqaladi. Suv orqali tarqaladigan meva va urug‘larda ham ba’zi bir moslanishlar bor.

Bayon etilganlarga xulosa qilib biz moslanish deyilganda tirik organizmlarning ma’lum muhitda yashab, normal nasl qoldirishini tushunish kerakligini qayd qilib o‘tamiz.

Moslanish kelib chiqishi: qayin odimchisi

Moslanishlarning kelib chiqishi. Darvin tashqi muhitning muayyan sharoitida organizmlardagi murakkab va turli-tuman moslanishlar qanday paydo bo‘lganligini ilmiy asosda tushuntirib berdi. Darvin mulohazasi qanchalik to‘g‘ri ekanligini aniqlash maqsadida kapalaklar tana rangining o‘zgarishiga oid ma’lumotlarni tahlil qilib chiqamiz. XVIII–XIX asrdan boshlab tangaqanotlilarning 70 ga yaqin turida tana rangining o‘zgarganligi ma’lum bo‘ldi. Bunday o‘zgarishlarning sababi qayin odimchisi deb nom olgan kapalak turida atroflicha o‘rganildi (104-rasm). Mazkur kapalakning tanasi oq rangda bo‘lib, u oqqayin po‘stlog‘iga o‘tirganda ko‘zga tashlanmaydi. Binobarin, u himoya vazifasini o‘taydi.

104-rasm. Qayin odimchisi kapalagining shahardagi (qoramtir) va daladagi (oqish) formalari.
104-rasm. Qayin odimchisi kapalagining shahardagi (qoramtir) va daladagi (oqish) formalari.

Sanoat melanizmi

Keyingi 200 yil davomida ko‘pgina Yevropa mamlakatlarida zavod-fabrikalarning ko‘payishi va ulardan ajralgan chiqindilar hisobiga shahar, sanoat markazlari ifloslanib, daraxt tanalari, shox-shabbalari, barglari qurum, changlar bilan qoplana bordi. Ma’lumki, muhit omillarining o‘zgarishi u yerda yashayotgan organizmlarga ta’sir etmay qolmaydi. Shunga ko‘ra qishloq joylarda mutatsion o‘zgaruvchanlik natijasida qoramtir kapalaklar paydo bo‘lsa, ular tezda hasharotxo‘r qushlar tomonidan yeb bitirilgan. Sanoatlashgan markazlarda esa bunday kapalaklar rangi qurum bosgan daraxt tanasi, shox-shabbasi rangida bo‘lgani sababli himoya vazifasini o‘tagan.

Shu zaylda shaharda qoramtir, qishloqda oq rangli kapalaklar son jihatdan ko‘paya borgan. Genetiklarning aniqlashicha, qayin odimchisi kapalagida tana rangi xatti-harakatining o‘zgarishi gen mutatsiyasiga aloqador.

Moslanishlarning nisbiyligi

Organizmdagi moslanishlarning nisbiyligi. Organizmlarning muhit sharoitiga moslanishi uzoq muddatli tarixiy jarayonda tabiiy tanlanish ta’siri tufayli paydo bo‘lgan. Shunga qaramay u mutlaq emas, nisbiydir. Moslanishning nisbiy xarakterda ekanligini juda ko‘p dalillar yordamida isbotlash mumkin. Organizmda bir turdan saqlanish uchun paydo bo‘lgan moslanishlar boshqa turdan himoyalanishda samara bermadi.

Masalan, cho‘l toshbaqalarining kosalari ko‘pchilik yirtqich hayvonlardan himoya qilsa ham burgut, boltayutar, sarisor kabi yirtqich qushlardan himoya qila olmaydi. Chunki ular toshbaqalarni osmondan qattiq yerga tashlab parchalab yeydilar. Shunga o‘xshash tipratikanning «tikanli po‘stini» ham uni yirtqich hayvonlardan, xususan, tulkilardan himoya qila olmaydi. Ko‘pchilik hayvonlar va odamlar uchun xavfli hisoblangan zaharli ilonlarni mangustlar, tipratikanlar, cho‘chqalar yeyishi ma’lum. Ari, qovog‘arini aksariyat ko‘pchilik hasharotxo‘r qushlar yemaydi, lekin ular Sirdaryo atrofida uchrovchi qarchig‘aysimon oilasiga kiruvchi arixo‘r qushning asosiy ozig‘i hisoblanadi.

Nisbiylikning boshqa dalillari

Qaldirg‘ochning uzun qanotlari, havo muhitida foydali bo‘lsa-da, yerdagi harakatlanishiga xalaqit beradi. Xuddi shuningdek, tog‘ g‘ozlari barmoqlarining orasidagi parda suvda suzish uchun qulay, lekin quruqlikda harakatlanish uchun noqulay.

Hayvonlardagi yashash uchun kurash tabiiy tanlanish ta’sirida shakllangan instinktlar ba’zan maqsadga nomuvofiq bo‘ladi. Chunonchi, tungi kapalaklar oq gullardan nektar yig‘ish instinktiga ega. Shu bilan tungi kapalaklar yorug‘ beruvchi lampaga yaqinlashib o‘zlarini nobud qilishlarini har bir o‘quvchi ko‘rgan. Bularning hammasi organizmlardagi barcha moslanishlar mutlaq emas, nisbiy ekanligidan dalolat beradi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. kvaksha baqasi
  2. yashil chigirtka
  3. odimchi qurt
  4. kuropatkaning yozgi qiyofasi

To‘g‘ri javob: odimchi qurt. 99-rasm. Hayvonlarda himoya rangi: 1 – yashil chigirtka; 2 – odimchi qurt; 3 – kvaksha baqasi; 4 – kuropatkaning yozgi qiyofasi;

Rasmda «kuropatkaning yozgi qiyofasi» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 1
  2. 4
  3. 3
  4. 2

To‘g‘ri javob: 4. 99-rasm. Hayvonlarda himoya rangi: 1 – yashil chigirtka; 2 – odimchi qurt; 3 – kvaksha baqasi; 4 – kuropatkaning yozgi qiyofasi;

Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. ko‘lbuqa
  2. chupchik
  3. beshiktervatar
  4. dengiz toychasi

To‘g‘ri javob: beshiktervatar. 100-rasm. Hayvonlarda maskirovka. 1 – beshiktervatar; 2 – chupchik; 3 – ko‘lbuqa; 4 – dengiz toychasi;

Rasmda «chupchik» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 4
  2. 2
  3. 3
  4. 1

To‘g‘ri javob: 2. 100-rasm. Hayvonlarda maskirovka. 1 – beshiktervatar; 2 – chupchik; 3 – ko‘lbuqa; 4 – dengiz toychasi;

Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. zaharli gelekonius kapalagi
  2. belyanka
  3. oynasimon kapalak
  4. g‘o‘ng‘illovchi pashsha

To‘g‘ri javob: belyanka. 101-rasm. Hayvonlarda «ogohlantiruvchi» rang va mimikriya hodisasi. 1 – belyanka; 2 – zaharli gelekonius kapalagi; 3 – oynasimon kapalak; 4 – g‘o‘ng‘illovchi pashsha;

Rasmda «oynasimon kapalak» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 2
  2. 3
  3. 4
  4. 1

To‘g‘ri javob: 3. 101-rasm. Hayvonlarda «ogohlantiruvchi» rang va mimikriya hodisasi. 1 – belyanka; 2 – zaharli gelekonius kapalagi; 3 – oynasimon kapalak; 4 – g‘o‘ng‘illovchi pashsha;

Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. zarang
  2. repishka me va si
  3. temirtikanning sanchuvchi mevasi
  4. qo‘ytikanning tikanli mevasi

To‘g‘ri javob: repishka me va si. 103-rasm. Shamol yordamida tarqaluvchi 102-rasrn. Hayvon va odamlar yordamida tarqaluvhchi mevalar. qanotchali mevalar. 1 – repishka me va si; 2 – ilashuvchi beda 1 – qayin; 2 – qayrag‘och; 3 – zarang

Rasmda «shumtol» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 5
  2. 4
  3. 6
  4. 1

To‘g‘ri javob: 5. 103-rasm. Shamol yordamida tarqaluvchi 102-rasrn. Hayvon va odamlar yordamida tarqaluvhchi mevalar. qanotchali mevalar. 1 – repishka me va si; 2 – ilashuvchi beda 1 – qayin; 2 – qayrag‘och; 3 – zarang

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTabiiy tanlanish va uning turlariKeyingi →Evolutsiyaning sintetik nazariyasi