Evolutsiyani isbotlashda solishtirma anatomiya, paleontologiya fanlari dalillari
Mavzular
Gomologik organlar
Solishtirma anatomiya. Makroevolutsiyani isbotlashda gomologik, analogik, rudiment organlar, shuningdek, atavizm hodisasining ahamiyati benihoya katta.
Gomologik organlar. Bajaradigan funksiyasidan qat’i nazar tuzilishi va kelib chiqishi jihatidan bir-biriga o‘xshash organlar gomologik organlar deb ataladi. Umurtqali hayvonlarning quruqlikda, suvda, havoda tarqalgan vakillarida oldingi oyoq yurish, yer qazish, uchish, suzish vazifasini bajaradi. Lekin ularning hammasida oldingi oyoq yelka, bilak, tirsak, kaft usti, kaft va barmoq suyaklaridan iborat (110-rasm). Gomologik organlar o‘simliklarda ham uchraydi. Chunonchi, no‘xat gajaklari, zirk va kaktus tikanlari shakli o‘zgargan bargdir.

Analogik organlar
Analogik organlar deyilganda bajaradigan funksiyasi jihatidan o‘xshash, ammo kelib chiqishi jihatidan har xil organlar tushuniladi. Kaktusning tikanlari barg, do‘lananing tikanlari poya, atirgul, malinaning tikanlari esa epidermis o‘simtalarining o‘zgarishidan hosil bo‘lgan (111-rasm). Boshoyoqli molluskalar ko‘zi bilan umurtqali hayvonlarning ko‘zi ham analogik organlarga misoldir. Boshoyoqli molluskalarda ko‘z ektoderma qavatining cho‘zilishidan, umurtqalilarda bosh miya yon o‘simtasidan rivojlanadi.

Rudiment organlar va atavizm
Rudiment va atavizmlar. Evolutsion jarayonda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan organlar rudiment organlar deb ataladi. Rudiment organlar qadimgi ajdodlarda normal rivojlangan va ma’lum funksiyani bajargan. Evolutsion jarayonda ular o‘zining biologik ahamiyatini yo‘qotib, qoldiq shaklida saqlanib qolgan (112-rasm).

O‘simliklar ildiz poyasidagi qobiqlar rudiment holdagi barg hisoblanadi. Rudiment organlar o‘simliklarda ham, hayvonlarda ham uchraydi. Otning ikkinchi va to‘rtinchi barmoqlari, kitning dumg‘aza va orqa oyoq suyaklari, pashshalarda bir juft kichik qanotlar ham rudiment organlardir. O‘simlik, hayvon va odamlardagi rudiment organlar muhim evolutsion dalil hisoblanadi.
Organik olamning tarixiy rivojlanishini atavizm hodisasi ham tasdiqlaydi. Atavizm ayrim individlarda ajdod belgilarining takrorlanish hodisasidir. Masalan, ahyon-ahyonda toychalar orqasida xira yo‘l chiziqlari paydo bo‘lish hollari ham uchraydi. Bular xonaki otning yovvoyi ajdodlari yo‘l-yo‘l terili bo‘lganligidan dalolat beradi.
Paleontologik dalillar
Paleontologiya. Paleontologik ma’lumotlar qadimgi o‘simlik va hayvonot dunyosini bilib olishga, tashqi qiyofasini tiklashga, fauna va floraning qadimgi va hozirgi vakillari orasidagi aloqani ko‘rsatib berishga imkon beradi. Biologiya fanida to‘plangan ma’lumotlar organik olam hozirgi ko‘rinishda birdaniga paydo bo‘lmay, balki uzoq davom etgan tarixiy rivojlanish natijasi ekanligidan guvohlik beradi. O‘simliklar va hayvonlar o‘zgarib organik olamning hozirgi vakillarini hosil etgan bo‘lsalar, aksariyat ko‘pchiligi yashash uchun kurash, tabiiy tanlanishda qirilib ketgan va qazilma holda Yerning turli qatlamlarida saqlanmoqda.
Toshga aylanish
Qattiq skeletga ega bo‘lmagan ko‘pchilik umurtqasizlar, tuban o‘simliklar, zamburug‘lar mikroorganizmlar tomonidan parchalanib yuborilgan va o‘zlaridan keyin nom-nishon qoldirmagan. Organizmlarning qattiq qismlari ancha sekin parchalanib, ular ichiga kirgan mineral moddalar kremnezem bilan o‘rin almashgan. Bunday hollarda toshga aylanish hodisasi ro‘y bergan. Yer qatlamlarida qadim zamonlarda o‘lib ketgan hayvon, o‘simlik ildizlari, skelet, suyaklar, jag‘lar, tishlar, shoxlar, tangachalar, chig‘anoqlar, o‘simlik poyalari birmuncha to‘liq holda hozirgi vaqtgacha saqlanib qolgan. Cho‘kindi jinslarni tekshirish uchun yupqa, shaffof shliflarni mikroskop ostida kuzatib bakteriyalar va boshqa mayda organizmlar qoldig‘ini ko‘rish mumkin.
Rekonstruksiya metodi
Paleontolog olimlar hayvonlarning qazilma holdagi qoldiqlariga qarab organizmlar hayot davrida qanday bo‘lsa, xuddi shunday tashqi qiyofasini va tuzilishini tiklamoqdalar. Tiklashda mashhur fransuz biologi Jorj Kyuvening korrelatsiya qonuniga muvofiq kashf etgan rekonstruksiya (lotincha rekonstruktio – qayta tiklash) metodidan foydalaniladi. Rekonstruksiya metodi kalla, qo‘l, oyoq va tanadagi boshqa suyaklar, muskullarni o‘zaro taqqoslab, nisbatini aniqlashga asoslanadi. Rekonstruksiya metodi yordamida qadimgi davrlarda yashagan bir qancha umurtqali hayvonlar, odam ajdodlarining tashqi qiyofasini tiklashga muvaffaq bo‘lindi. Ch. Darvin o‘z vaqtida paleontologik solnoma chala deb ko‘rsatib o‘tgan edi. Lekin shunga qaramay fan sohasida to‘plangan paleontologik dalillar qadim vaqtlarda hayvonot va o‘simliklar olami qanday bo‘lganligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilishga imkon beradi.
Tayanch so‘zlar: gomologik, analogik, rudiment va atavizmlar.
Bilimingizni sinang
Umurtqali hayvonlarning oldingi oyog‘i qaysi suyaklardan tashkil topgan?
- Yelka, bilak, tirsak, kaft usti, kaft va barmoq suyaklaridan
- Son, boldir, tovon, kaft va barmoq suyaklaridan
- Yelka, bilak, tirsak, tovon va barmoq suyaklaridan
- Son, bilak, tirsak, kaft va panja suyaklaridan
To‘g‘ri javob: Yelka, bilak, tirsak, kaft usti, kaft va barmoq suyaklaridan. Barcha umurtqalilarda oldingi oyoq yelka, bilak, tirsak, kaft usti, kaft va barmoq suyaklaridan iborat.
Do‘lananing tikanlari qaysi organning o‘zgarishidan hosil bo‘lgan?
- Barg
- Ildiz
- Epidermis o‘simtalari
- Poya
To‘g‘ri javob: Poya. Do‘lana tikani poya o‘zgarishidan, kaktus tikani bargdan, atirgul tikani epidermis o‘simtasidan hosil bo‘lgan.
Qazilma qoldiqlar asosida organizmlarning tashqi qiyofasini tiklovchi rekonstruksiya metodini qaysi olim kashf etgan?
- Ch. Darvin
- G. Mendel
- Jorj Kyuve
- N. I. Vavilov
To‘g‘ri javob: Jorj Kyuve. Rekonstruksiya metodini fransuz biologi Jorj Kyuve korrelatsiya qonuniga muvofiq kashf etgan.
Quyidagilardan qaysi biri rudiment organga misol bo‘ladi?
- Zirk tikanlari
- Boshoyoqli molluskalar ko‘zi
- Otning ikkinchi va to‘rtinchi barmoqlari
- No‘xat gajaklari
To‘g‘ri javob: Otning ikkinchi va to‘rtinchi barmoqlari. Otning ikkinchi va to‘rtinchi barmoqlari rudiment organ; gajak va tikanlar gomologik, ko‘zlar analogik.
Toychalar orqasida ahyon-ahyonda xira yo‘l chiziqlari paydo bo‘lishi nimadan dalolat beradi?
- Toychalarning kasallikka chalinganidan
- Xonaki otning sutemizuvchi bo‘lmagan ajdodidan
- Xonaki otning yovvoyi ajdodlari yo‘l-yo‘l terili bo‘lganidan
- Otlarning bir rangli ajdodidan
To‘g‘ri javob: Xonaki otning yovvoyi ajdodlari yo‘l-yo‘l terili bo‘lganidan. Bu atavizm: ajdod belgisining takrorlanishi xonaki otning yovvoyi ajdodlari yo‘l-yo‘l terili bo‘lganini ko‘rsatadi.
Nima uchun qattiq skeletga ega bo‘lmagan ko‘pchilik umurtqasizlar qazilma holda deyarli qolmagan?
- Ular cho‘kindi jinslarda to‘liq saqlangan
- Ularning ichiga kremnezem kirib, toshga aylangan
- Ularning mineral moddalari kremnezemga almashgan
- Mikroorganizmlar ularni parchalab yuborgan
To‘g‘ri javob: Mikroorganizmlar ularni parchalab yuborgan. Yumshoq tanali organizmlarni mikroorganizmlar parchalab yuborgan va ular nom-nishon qoldirmagan; toshga aylanish qattiq qismlarga xos.
Biologiyada to‘plangan ma’lumotlar organik olamning hozirgi ko‘rinishi qanday paydo bo‘lganidan guvohlik beradi?
- Birdaniga, tayyor holda paydo bo‘lgan
- Uzoq davom etgan tarixiy rivojlanish natijasida
- Jonsiz tabiatning o‘zgarishi tufayli
- Faqat bitta bosqichli sakrash orqali
To‘g‘ri javob: Uzoq davom etgan tarixiy rivojlanish natijasida. Organik olam birdaniga paydo bo‘lmagan, balki uzoq tarixiy rivojlanish natijasidir.
Quyidagi juftliklardan qaysi biri gomologik organlarga misol bo‘ladi?
- Kaktus tikani va do‘lana tikani
- Atirgul tikani va kaktus tikani
- No‘xat gajaklari va zirk tikanlari
- Boshoyoqli molluskalar ko‘zi va umurtqalilar ko‘zi
To‘g‘ri javob: No‘xat gajaklari va zirk tikanlari. No‘xat gajaklari va zirk tikanlari ikkalasi ham shakli o‘zgargan barg – kelib chiqishi bir xil; boshqa juftliklarning kelib chiqishi har xil.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash