Evolutsiyani isbotlashda biogeografiya fani dalillari
Mavzular
Biogeografik viloyatlar
Yer yuzida tarqalgan hayvonot va o‘simliklar olami murakkabligi jihatidan bir xil emas. Ba’zi qit’alarda tuzilishi va funksiyasi bo‘yicha nisbatan oddiy, boshqalarida esa o‘ta murakkab hayvonlar va o‘simliklar tarqalgan. Hayvon va o‘simliklarning quruqlikda tarqalishiga qarab olimlar sayyoramizni 6 ta biogeografik viloyatlarga ajratadilar. Bunda ular sutemizuvchilar, qushlar, ochiq urug‘li, yopiq urug‘li o‘simliklar, sudralib yuruvchilar, suvda va quruqlikdagi yashovchilar hamda quruqlikdagi sporali o‘simliklarning tarqalishini asos qilib oladilar. Quyida olimlar tomonidan e’tirof etilgan Avstraliya, Neotropik, Hindomalay, Habashiston, Neoarktik, Paleoarktik biogeografik viloyatlarning hayvonot va o‘simliklari bilan tanishamiz.
Avstraliya viloyati
Avstraliya biogeografik viloyatiga Avstraliyadan tashqari Yangi Zelandiya, Yangi Gvineya, Polineziya, Tasmaniya orollari kiradi. Bu viloyatda sutemizuvchilar sinfining tuban vakillari tuxum qo‘yib ko‘payuvchi – o‘rdakburun, yexidna, xaltali hayvonlardan kenguru, xaltali krot, xaltali tiyin, xaltali bo‘ri, xaltali ayiq tarqalgan.
Yo‘ldoshli sutemizuvchilar nihoyatda kam. Ular sichqonsimon kemiruvchilar, ko‘rshapalaklar, dingo itidan iborat bo‘lib, bu hayvon turlari o‘zga qit’alardan o‘tgan, deb taxmin qilinadi. Avstraliyadagi qushlar nihoyatda rangbarang: jannat qushlari, xashaki tovuqlar, kapachi qushlar. Lira qushi, qanotsiz kivi, tuyaqushlardan emu tarqalgan. Sudralib yuruvchilar tuzilishi jihatidan paleozoy erasidagi sudralib yuruvchilarga nihoyatda o‘xshash bo‘lgan. O‘rmonlarda evkaliptlar, janubiy qoraqayin, daraxtsimon paporotniklarni ko‘rish mumkin.
Neotropik va Hindomalay
Neotropik biogeografik viloyat. Janubiy va Markaziy Amerika hamda Meksikaning tropik qismi, Karib arxipelagidan iborat. Mazkur viloyatda sutemizuvchilardan gajak dumli maymun, gajak dumli ayiq, pampas mushugi, skuns, dengiz cho‘chqasi, Janubiy Amerika tulkisi, tuban vakillardan opossum, zirhlilar, chumolixo‘r, yalqov, qushlardan kolibri, yapaloq qush, tasqara, nandu, sudralib yuruvchilardan alligatorlar, iguana, ilonlar uchraydi.
Hindomalay biogeografik viloyati. Hindiston, Hindixitoy, Seylon, Yava, Sumatra, Tayvan, Filippin orollaridan tashkil topgan. Barcha orollarda o‘rmonlar juda ko‘p. Faqat Hindistonning g‘arbiy qismi cho‘l zonasidan iborat. Hayvonlar orasida primatlardan – orangutan (odamsimon maymun), gibbon, chala maymunlar – tupaylar, hind fili, yo‘lbars, bambuk ayig‘i, antilopalar, tapir, nosoroglar, qushlardan yovvoyi bankiv tovuqlari, qirg‘ovullar, tovuslar, sudralib yuruvchilardan – zaharli ilonlar, har xil kaltakesaklar, timsohlar ko‘zga tashlanadi. O‘rmonlarda bambuk, banan, qora daraxtlar o‘sadi.
Habashiston viloyati
Habashiston biogeografik viloyati Afrikaning markaziy, janubiy qismini, Madagaskarni egallagan. Bu viloyatning o‘ziga xos hayvonot dunyosi martishka, lemur, arslon, fil, begemot, oq va qora ikki shoxli nosoroglar, jirafa, zebra, giyena itlari, odamsimon maymunlar – gorilla, shimpanze, sudralib yuruvchilardan agama, xameleonlar keng tarqalgan. Afrikaning g‘arbiy va tog‘li joylari tropik o‘rmonlar, qolgan qismi esa savannalardan iborat. Ularda baobab, qizil daraxt, palma, akatsiya, daraxtlarda o‘suvchi o‘simliklar – epifitlar keng o‘rin olgan.
Paleoarktik va Neoarktik
Paleoarktik biogeografik viloyati butun Yevropa, Osiyoning shimoliy, markaziy qismini, Afrikaning shimoliy qismini egallagan. Nihoyatda katta hududga ega bo‘lishiga qaramay, bu viloyatda sutemizuvchi hayvonlarning boshqa viloyatlarda uchramaydigan birorta ham turkumi yo‘q. Bu viloyatda tuyoqli hayvonlardan ot, sayg‘oq, yelik, kabarga, tog‘ echkisi, los, yovvoyi qo‘y, yirtqichlardan – qo‘ng‘ir ayiq, bo‘ri, tulki, qunduz, hasharotxo‘rlardan vixuxol, qalqonqanotlilardan – ko‘rshapalaklar, qushlardan kar, tustovuq, chittaklar uchraydi. O‘simliklardan ignabarglilar – archalar, pixta, qora qarag‘ay, qarag‘ay, yopiq urug‘lilardan – eman, terak, tol, akatsiya, gledichiy kabi o‘simliklar uchradi.
Neoarktik biogeografik viloyatiga Shimoliy Amerika, Grenlandiya, Bermud va Aleut orollari kiradi. Neoarktik biogeografik viloyatining o‘ziga xos hayvonlariga sixshox kiyik, tog‘ echkisi, ilvirs, muskusli qo‘y, badbo‘y kaltadum, yenot, daraxt jayralarini kiritsa bo‘ladi. Mazkur viloyatning hayvonot olami ko‘p jihatdan paleoarktikanikiga o‘xshash. Har ikki viloyatda ham qunduz, bug‘u, los, tulki, suvsar, oq ayiq, oq sichqon, oq tovushqon, yumronqoziq, silovsinlarni ko‘rish mumkin.
Viloyatlar o‘xshashligi va farqi
Biogeografik viloyatlardagi hayvonot va o‘simliklar olamining o‘xshashligi va farqi. Turli viloyatlardagi hayvonot va o‘simliklar olami o‘zaro taqqoslanganda tiplar, sinflar o‘rtasida tafovutni deyarli ko‘rmaymiz. Chunki har bir biogeografik viloyatda xordali hayvonlar tipi, ochiq va yopiq urug‘li o‘simliklar tipi, sutemizuvchilar, qushlar, sudralib yuruvchilar, suvda va quruqlikda yashovchilar, bir pallali, ikki pallali o‘simliklar sinflarini uchratish mumkin. Biogeografik viloyatlardagi hayvon va o‘simliklar orasidagi tafovut turkum, ayniqsa, oila, avlod vakillarini o‘zaro taqqoslaganda namoyon bo‘ladi.
Chunonchi, Habashiston biogeografik viloyatidagi primatlar, xartumlilar, tuyaqushlar, to‘tiqushlar, tovuqsimonlar turkumining vakillari Paleoarktik viloyatda uchramaydi. Yoki primatlar turkumiga kiruvchi gibbonlar oilasining vakillari Hindomalay biogeografik viloyatida tarqalgan bo‘lib, Afrikada uchramaydi. Aksincha, martishkalar oilasi Afrikada tarqalgan bo‘lsa-da, Hindomalay biogeografik viloyatda bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek, Neotropik biogeografik viloyatdagi oz tishlilar turkumiga mansub chumolixo‘r, yalqov, zirhlilar oilasi Neoarktik biogeografik viloyatida tarqalmagan.
Paleoarktik va Neoarktik tafovuti
Paleoarktik va Neoarktik biogeografik viloyatlardagi o‘simliklar va hayvonlar turkumi, tartib, oilalar bilan o‘xshasalar ham, ular o‘rtasidagi tafovut faqat avlod va turlarda ekanligi ma’lum bo‘ladi. Yevropa zubri Shimoliy Amerikadagi bizonga, Sibir bug‘usi – maral, Amerika bug‘usi – vapitiga, Yevropa yovvoyi qo‘yi – muflon Amerika tog‘ qo‘yiga ko‘p jihatdan o‘xshashdir. O‘simliklari ham Paleoarktik biogeografik viloyat o‘simliklarini eslatadi. O‘rmonlarda pixta, qoraqarag‘ay, boshqa ignabargli o‘simliklar, yopiq urug‘lilardan eman, buk, zarang va boshqa oilalarga mansub o‘t o‘simliklar tarqalgan.
Turli biogeografik viloyatlardagi hayvonlar va o‘simliklar orasidagi o‘xshashlik va tafovut sabablarini bir tomondan qit’alarning paydo bo‘lish tarixi, ikkinchi tomondan organik olam evolutsiyasi bilan tushuntirish mumkin.
Vegener va Pangeya
Tabiatshunos olimlarning e’tirof etishicha, bizning ko‘hna sayyoramiz hamma era, davrlarda shunday ko‘rinishda bo‘lmagan. Daniyalik olim A. Vegener «Materiklar dreyfi» nazariyasida qayd etishicha, taxminan bir necha million yillar ilgari Yer yuzida hech qanday qit’alar bo‘lmay, sayyoramiz yagona quruqlik – Pangeya va yagona okeandan iborat bo‘lgan. Bundan 200 mln yil ilgari mezozoy erasining trias davrida yagona quruqlik – Pangeya ikki bo‘lakka, Lavraziya va Gondvanaga ajralgan. Oqibatda yagona quruqlikdagi hayvonot va o‘simliklar olami ham ikki tomonga bo‘lingan (113-rasm).

Qit’alarning ajralishi
Gondvana quruqligining bir qismi janubga tomon siljigan. Keyinchalik yer ostki kuchlarining ta’siri tufayli Gondvana o‘z navbatida bo‘laklarga ajragan. Natijada Antarktida, Avstraliya, Afrika, Janubiy Amerika qit’alari paydo bo‘lgan. Lavraziyaning bo‘linishi tufayli Yevrosiyo, Shimoliy Amerika qit’alari kelib chiqqan. Yevrosiyo bilan Shimoliy Amerikaning yagona qit’a sifatida bo‘lishi kaynozoy erasigacha davom etgan.
Yagona quruqlik Pangeyaning qit’alarga ajralishi tabiiy ravishda o‘simlik va hayvonlar evolutsiyasiga ta’sir etmay qolmagan. Chunonchi, Avstraliya, Gondvanadan ajragan davrda triasning o‘rtalarida sutemizuvchilarning faqat tuxum qo‘yib ko‘payuvchi turlari hamda xaltalililar tarqalgan. Hali sutemizuvchi hayvonlarning yo‘ldoshlilar kenja sinfi vakillari paydo bo‘lmagan edi. Shu sababli tuxum qo‘yuvchi sutemizuvchilar Avstraliya, xaltali sutemizuvchilar Avstraliya va Neotropik (masalan, opossum) biogeografik viloyatida saqlanib hozirgi vaqtgacha yetib kelgan. Boshqa qit’alarda tuxum bilan ko‘payuvchilar, xaltalilar yashash uchun kurashda ularga nisbatan murakkab tuzilishga, ko‘payishga ega bo‘lgan yo‘ldoshlilar kenja sinfi vakillari tomonidan siqib chiqarilgan.
Bilimingizni sinang
Hayvon va o‘simliklarning quruqlikda tarqalishiga qarab olimlar sayyoramizni nechta biogeografik viloyatga ajratadilar?
- 7 ta
- 4 ta
- 5 ta
- 6 ta
To‘g‘ri javob: 6 ta. Sayyora 6 ta biogeografik viloyatga ajratiladi.
Neotropik biogeografik viloyatda sutemizuvchilarning tuban vakillaridan qaysilari uchraydi?
- tupay, tapir, nosorog, gibbon
- opossum, zirhlilar, chumolixo‘r, yalqov
- lemur, martishka, begemot, jirafa
- kenguru, xaltali krot, xaltali bo‘ri, o‘rdakburun
To‘g‘ri javob: opossum, zirhlilar, chumolixo‘r, yalqov. Neotropik viloyatning tuban sutemizuvchilari opossum, zirhlilar, chumolixo‘r va yalqov.
Hindomalay biogeografik viloyatida barcha orollarda o‘rmonlar juda ko‘p. Hindistonning qaysi qismi cho‘l zonasidan iborat?
- g‘arbiy qismi
- janubiy qismi
- sharqiy qismi
- shimoliy qismi
To‘g‘ri javob: g‘arbiy qismi. Faqat Hindistonning g‘arbiy qismi cho‘l zonasidan iborat.
Avstraliya biogeografik viloyatida qushlardan qaysilari tarqalgan?
- lira qushi, qanotsiz kivi, emu
- kar, tustovuq, chittak
- kolibri, nandu, tasqara
- tovus, qirg‘ovul, yovvoyi bankiv tovug‘i
To‘g‘ri javob: lira qushi, qanotsiz kivi, emu. Avstraliyada lira qushi, qanotsiz kivi va tuyaqushlardan emu tarqalgan.
Yer yuzida yagona quruqlik – Pangeya qachon va qaysi bo‘laklarga ajralgan?
- 200 mln yil ilgari, perm davrida Lavraziya va Gondvanaga
- 400 mln yil ilgari, trias davrida Antarktida va Afrikaga
- 200 mln yil ilgari, trias davrida Lavraziya va Gondvanaga
- 70 mln yil ilgari, bo‘r davrida Yevrosiyo va Avstraliyaga
To‘g‘ri javob: 200 mln yil ilgari, trias davrida Lavraziya va Gondvanaga. Pangeya 200 mln yil ilgari mezozoyning trias davrida Lavraziya va Gondvanaga ajralgan.
Nima uchun boshqa qit’alarda tuxum bilan ko‘payuvchilar va xaltali sutemizuvchilar siqib chiqarilgan?
- ularga nisbatan murakkab tuzilishli va ko‘payishli yo‘ldoshlilar yashash uchun kurashda g‘olib kelgan
- yo‘ldoshlilar ularga nisbatan sodda tuzilishga ega bo‘lgan
- ular iqlim o‘zgarishi tufayli butunlay qirilib ketgan
- ular yo‘ldoshlilardan keyin paydo bo‘lgani uchun
To‘g‘ri javob: ularga nisbatan murakkab tuzilishli va ko‘payishli yo‘ldoshlilar yashash uchun kurashda g‘olib kelgan. Murakkabroq tuzilgan yo‘ldoshlilar raqobatda ustun kelib, ularni siqib chiqargan.
Nima uchun turli viloyatlardagi hayvonlar va o‘simliklar taqqoslanganda tiplar va sinflar o‘rtasida tafovut deyarli ko‘rinmaydi?
- har bir viloyatda xordalilar tipi va sutemizuvchilar, qushlar kabi sinflar uchraydi
- har bir viloyatda faqat bitta sinf vakillari yashagani uchun
- viloyatlar orasida turkum va oilalar mutlaqo bir xil bo‘lgani uchun
- faqat yopiq urug‘li o‘simliklar tarqalgani uchun
To‘g‘ri javob: har bir viloyatda xordalilar tipi va sutemizuvchilar, qushlar kabi sinflar uchraydi. Har bir viloyatda bir xil tip va sinflar uchraydi, tafovut esa turkum, oila, avlod darajasida namoyon bo‘ladi.
Turli biogeografik viloyatlardagi hayvonlar va o‘simliklar orasidagi o‘xshashlik va tafovut sabablari nima bilan tushuntiriladi?
- faqat odamning xo‘jalik faoliyati bilan
- faqat o‘simliklarning sporalar orqali tarqalishi bilan
- qit’alarning paydo bo‘lish tarixi va organik olam evolutsiyasi bilan
- faqat zamonaviy iqlim sharoitlarining farqi bilan
To‘g‘ri javob: qit’alarning paydo bo‘lish tarixi va organik olam evolutsiyasi bilan. O‘xshashlik va tafovut qit’alar tarixi hamda organik olam evolutsiyasi bilan izohlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash