XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 51-§.

YERDA HAYOTNING PAYDO BO‘LISHI HAQIDAGI NAZARIYALAR

Mavzular

Hayotning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi

Hayotning ta’rifi. Hayotning mohiyati, uning xilma-xilligi, kelib chiqishi va rivojlanishini o‘rganish biologiya fanining eng murakkab muammolaridan biridir.

Hayotning paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi nazariyalar. Hayotning paydo bo‘lishi insoniyatni juda qadim zamonlardan beri qiziqtirib kelmoqda. Hayotning paydo bo‘lishi to‘g‘risida bir qancha farazlar mavjud.

Hayotning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi haqidagi tushunchalar qadimgi Xitoy, Vavilon va Misrda keng tarqalgan edi. Mashhur Aristotel ham bu farazning tarafdori bo‘lgan. Bu faraz tarafdorlari tirik organizmlar o‘z-o‘zidan notirik tabiatdan paydo bo‘ldi deb hisoblaydilar.

Redi tajribasi

1688-yilda Italiya olimi F. Redi tajribada hayotning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini isbotlab berdi. F. Redi go‘shtni yopiq idishga solib qo‘yganida pashshalar kira olmaganligi uchun unda lichinkalar paydo bo‘lmadi. Lekin hayotning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi tarafdorlari idishga havo kirmagani uchun shunday bo‘ldi, deb uni tanqid qildilar. Shunda F. Redi go‘sht solingan idishlarning ayrimlarini ochiq qoldirib, boshqalarini doka bilan yopib qo‘ydi (119-rasm).

119-rasm. Redi tajribasi.
119-rasm. Redi tajribasi.

Doka bilan yopilgan idishlarda lichinkalar paydo bo‘lmadi, ochiq idishlardagi go‘shtda esa son-sanoqsiz lichinkalar paydo bo‘ldi. Shunday qilib, mohirlik bilan o‘tkazilgan oddiy tajriba yordamida pashshaning lichinkalari chirigan go‘shtda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligi, pashshaning tuxumlaridan chiqib ko‘payishi isbotlab berildi. F. Redi hayotning hozirgi zamonda faqat mavjud hayot shakllaridan biogenez yo‘li bilan rivojlanishi mumkinligini tajribada tasdiqladi.

Paster tajribasi

XIX asr o‘rtalarida fransuz olimi Lui Paster o‘zining mohirona o‘tkazgan tajribalari yordamida mikroorganizmlarning ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini isbotladi.

Lui Paster kolbada mikroorganizmlar ko‘payadigan oziqa suyuqligini uzoq vaqt qaynatdi. Kolba ochiq qoldirilganda unda bir necha kundan keyin unga bakteriyalar va ularning sporalari tushishi natijasida mikroorganizmlar ko‘payishi kuzatildi. Keyingi tajribasida L. Paster suyuqlikka mikroorganizmlar va uning sporalari kirmasligi uchun kolbaning og‘ziga S simon shakldagi shisha naychani biriktirib qo‘ydi (120-rasm).

120-rasm. L. Paster tajribasi.
120-rasm. L. Paster tajribasi.

Mikroorganizmlar sporalari ingichka egilgan naycha devorida o‘tirib qoladi va kolba ichiga o‘ta olmaydi. Yaxshi qaynatilgan suyuqlikda mikroorganizmlar o‘lganligi, unga tashqaridan yangilarining kira olmaganligi natijasida suyuqlik steril (toza) holatda qoladi, unda mikroorganizmlar paydo bo‘lmaydi.

Paster kashfiyotlarining ahamiyati

Shunday qilib, hayotning har xil shakllarining hozirgi zamonda o‘z-o‘zidan paydo bo‘la olmasligi F. Redi va L. Paster tadqiqotlarida uzil-kesil tasdiqlandi.

L. Pasterning tajribalari amaliyot uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Oziqa mahsulotlarini konservatsiyalash, sut mahsulotlarini pasterizatsiyalash, tibbiyotda yaralarni va jarrohlik asboblarini sterilizatsiyalash L. Paster kashfiyotlaridan keyin keng qo‘llanila boshlandi.

Panspermiya nazariyasi

Panspermiya nazariyasiga ko‘ra, hayot mangu mavjuddir va u bir sayyoradan ikkinchi sayyoraga ko‘chib yuradi. Bu nazariyaning tarafdorlari shved fizik olimi S. Arrenius, rus olimi V. I. Vernadskiy, Amerika biofizigi va genetigi F. Krik va boshqalardir. Bu olimlarning fikriga ko‘ra, hayot Yerda paydo bo‘lmagan, boshqa sayyoralardan Yerga meteoritlar orqali yoki yorug‘lik nurlarining bosimi ta’sirida kelib qolib, qulay sharoitda, oddiy organizmlardan murakkab organizmlargacha rivojlangan.

Biokimyoviy evolutsiya nazariyasi

Hayotning biokimyoviy evolutsiyasi to‘g‘risidagi nazariya XX asrning 20–30-yillarida shakllana boshladi. Bu nazariyaga ko‘ra Yerning ilk rivojlanishi davrlarida undagi iqlim sharoitlari hozirgi zamondagiga nisbatan juda katta farq qilgan. Bunday sharoitda avval oddiy organik birikmalar abiogen usulda sintezlangan va asta-sekin kimyoviy evolutsiya natijasida murakkablashib, eng oddiy hayot shakllariga aylangan va undan keyin biologik evolutsiya boshlangan.

Ch. Darvin fikriga ko‘ra, hayot faqat hayot bo‘lmagan sharoitlardagina kelib chiqishi mumkin. Geterotrof mikroorganizmlar yangi hosil bo‘lgan organik moddalarni darrov parchalab tashlaydi. Shuning uchun ham hozirgi davrda hayot yangidan kelib chiqishi mumkin emas. Yerda hayotning kelib chiqishi uchun zarur bo‘lgan ikkinchi sharoit birlamchi atmosfera tarkibida kislorod bo‘lmasligidir. Chunki kislorod bo‘lsa, u yangi hosil bo‘lgan organik moddalarni parchalab tashlagan bo‘lar edi. Biokimyoviy evolutsiya nazariyasi bilan keyingi mashg‘ulotda batafsil tanishamiz.

Bilimingizni sinang

Qadimgi Xitoy, Vavilon va Misrda keng tarqalgan hayotning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi farazining tarafdori bo‘lgan mashhur qadimgi olim kim?
  1. F. Redi
  2. L. Paster
  3. S. Arrenius
  4. Aristotel

To‘g‘ri javob: Aristotel. Hayotning o‘z-o‘zidan notirik tabiatdan paydo bo‘lishi farazini Aristotel ham qo‘llab-quvvatlagan; Redi va Paster esa uni rad etgan.

Go‘shtli idishlar bilan o‘tkazilgan tajribada hayotning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini kim va qachon isbotlab bergan?
  1. 1924-yilda rus olimi A. I. Oparin
  2. 1688-yilda italiyalik olim F. Redi
  3. XIX asr o‘rtalarida italiyalik olim F. Redi
  4. 1688-yilda fransuz olimi L. Paster

To‘g‘ri javob: 1688-yilda italiyalik olim F. Redi. Go‘shtli idishlar bilan tajribani 1688-yilda Italiya olimi F. Redi o‘tkazgan; Paster XIX asr o‘rtalarida mikroorganizmlar bilan ishlagan.

F. Redi tanqidlarga javoban go‘sht solingan idishlarning ayrimini doka bilan yopib qo‘ydi. Bunday qilishdan maqsad nima edi?
  1. Go‘shtning tez chirib ketishining oldini olish uchun uni havodan to‘sish
  2. Go‘shtni quyosh nuridan va namlikdan saqlash
  3. Pashshalar tuxumini idish ichiga ko‘proq to‘plash
  4. Havo kirishini ta’minlab, pashshalarning idishga kirishini to‘sish

To‘g‘ri javob: Havo kirishini ta’minlab, pashshalarning idishga kirishini to‘sish. Tanqidchilar idishga havo kirmagani sababli lichinka chiqmadi degan edi; doka havoni o‘tkazadi, pashshani esa kiritmaydi.

F. Redi tajribasida doka bilan yopilgan va ochiq idishlardagi go‘shtda qanday natija kuzatildi?
  1. Dokali idishlarda lichinka paydo bo‘lmadi, ochiq idishlarda son-sanoqsiz lichinka paydo bo‘ldi
  2. Dokali idishlarda lichinkalar ko‘p, ochiq idishlarda esa umuman bo‘lmadi
  3. Ikkala turdagi idishda ham lichinkalar paydo bo‘ldi
  4. Ikkala turdagi idishda ham lichinkalar paydo bo‘lmadi

To‘g‘ri javob: Dokali idishlarda lichinka paydo bo‘lmadi, ochiq idishlarda son-sanoqsiz lichinka paydo bo‘ldi. Pashsha kira olmagan dokali idishlarda lichinka bo‘lmadi, pashsha tuxum qo‘ygan ochiq idishlarda lichinkalar ko‘payib ketdi.

L. Paster mikroorganizmlar va ularning sporalari suyuqlikka kirmasligi uchun kolbaning og‘ziga nimani biriktirib qo‘ydi?
  1. Rezina qopqoq
  2. Metall to‘r
  3. S simon shakldagi shisha naycha
  4. Doka bilan o‘ralgan paxta tiqin

To‘g‘ri javob: S simon shakldagi shisha naycha. Pasterning keyingi tajribasida kolba og‘ziga S simon shisha naycha biriktirilgan, shu tufayli sporalar ichkariga o‘ta olmagan.

Pasterning S simon naychali kolbasida yaxshi qaynatilgan oziqa suyuqligi nima sababdan steril holatda qoladi?
  1. Naychadagi havo mikroorganizmlarni o‘ldirib turadi
  2. Suyuqlikdagi mikroorganizmlar o‘lgan, yangilari esa sporalari naycha devorida qolgani uchun kira olmagan
  3. Qaynatishdan keyin suyuqlikda oziq moddalar butunlay yo‘qoladi
  4. Mikroorganizmlar qaynatilganda ham tirik qolib, kolbada uyquga ketadi

To‘g‘ri javob: Suyuqlikdagi mikroorganizmlar o‘lgan, yangilari esa sporalari naycha devorida qolgani uchun kira olmagan. Qaynatishda mikroorganizmlar o‘ladi, sporalar esa egilgan naycha devorida qolib kolbaga o‘ta olmaydi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. F. Redi tajribasi pashsha lichinkalarining chirigan go‘shtda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini isbotladi; II. L. Paster tajribalari XIX asr o‘rtalarida o‘tkazilgan; III. Paster oziqa suyuqligini qaynatmay, faqat sovutib ishlatgan.
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I va II
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. I va II matnga mos; III noto‘g‘ri, chunki Paster suyuqlikni uzoq vaqt qaynatgan.

F. Redi va L. Paster tajribalari ular isbotlagan holatga ko‘ra qanday farqlanadi?
  1. Ikkalasi ham faqat pashsha lichinkalarining o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini isbotlagan
  2. Redi mikroorganizmlarning, Paster esa pashsha lichinkalarining o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini isbotlagan
  3. Redi hayotning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishini, Paster esa paydo bo‘lmasligini isbotlagan
  4. Redi pashsha lichinkalarining, Paster esa mikroorganizmlarning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini isbotlagan

To‘g‘ri javob: Redi pashsha lichinkalarining, Paster esa mikroorganizmlarning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini isbotlagan. Redi tajribasi pashsha lichinkalariga, Paster tajribasi mikroorganizmlarga tegishli.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiORGANIK OLAM EVOLUTSIYASINING ASOSIY YO‘NALISHLARIKeyingi →BIOKIMYOVIY EVOLUTSIYA NAZARIYASI