Odam evolutsiyasini harakatlantiruvchi kuchlar
Mavzular
Biologik omillar
Odamning paydo bo‘lishida biologik omillar katta ahamiyatga ega bo‘lsada, biroq ularning o‘zi antropogenezni tushuntirish uchun yetarli emas. Bu jarayonda biologik omillar bilan bir qatorda ijtimoiy omillar ham muhim rol o‘ynagan.
Organik olamning evolutsiyasining biologik omillari – irsiy o‘zgaruvchanlik, yashash uchun kurash, populatsiya to‘lqini, genlar dreyfi, alohidalanish va tabiiy tanlanish odam evolutsiyasiga ham tegishli ekanligini Ch. Darvin ko‘rsatib bergan edi. Odam evolutsiyasining ilk bosqichida atrof-muhitning o‘zgaruvchan sharoitiga yaxshi moslashishga qaratilgan tanlanish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.
Biologik omillar tufayli odam ajdodlari organizmida bir qancha morfofiziologik o‘zgarishlar yuzaga kelgan. Mutatsion o‘zgaruvchanlik, yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish tufayli mehnat operatsiyalari uchun foydali bo‘lgan qo‘llari o‘zgargan individlar saqlanib borgan.
Ijtimoiy omillar: mehnat
Antropogenez uchun ijtimoiy omillar: mehnat faoliyati, jamoa bo‘lib yashash, nutq va tafakkur xarakterlidir.
Odam evolutsiyasida qomatning tiklanishi bilan qo‘lning mehnat vositasiga aylanishi muhim omil bo‘lgan. Mehnat qurollarini yasash odam qo‘lining tobora o‘zgarib borishiga sabab bo‘lgan.
Jamoa, nutq va ovqatlanish
Odam evolutsiyasida jamoa bo‘lib yashash ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Ular birgalashib, yirtqich hayvonlardan himoyalanganlar, ov qilishgan va bolalarini tarbiyalashgan. Jamoa bo‘lib yashash, qadimgi odamlarni bir-birlari bilan tovush, imo-ishora va mimika orqali munosabatda bo‘lishga ehtiyoj tug‘dirgan.
Irsiy o‘zgaruvchanlik va tabiiy tanlanish natijasida hiqildoq o‘zgarib odamning nutq organiga aylangan. Bosh miya va tafakkurning rivojlanishi mehnat va nutqning takomillashuviga olib kelgan. Yuksak hayvonlardan farqli ravishda odamda ikkinchi signal sistemasi rivojlangan.
Ovchilik bilan shug‘ullanish, baliq ovlash faqat o‘simliklar bilangina emas, balki aralash ovqatlanishga ham imkon bergan. Bu esa o‘z-o‘zidan ichaklarning qisqarishiga sababchi bo‘lgan. Olovda pishirilgan oziqni ming yillar mobaynida iste’mol qilish bora-bora chaynash apparatiga bo‘lgan og‘irlikni yengillashtirgan. Oqibatda baquvvat chaynash muskullari birikadigan tepa suyagining qirrasi o‘zining biologik ahamiyatini yo‘qotgan.
Xulosa va odam irqlari
Xulosa qilib aytganda, tik yurishga o‘tish, qo‘lning yurishdan ozod bo‘lishi, mehnat qurollarini yasash, go‘sht iste’mol qilish, olovdan foydalanish, jamoa bo‘lib yashash, ong va nutqning rivojlanishi odam evolutsiyasida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Odam irqlari. Zamonaviy odamlarning hammasi bitta «homo sapiens» turiga mansub. Insoniyatning birligi, uning kelib chiqishining umumiyligi, tuzilishining o‘xshashligi turli xalqlar orasidagi nikohdan sog‘lom avlod tug‘ilishi bilan tasdiqlanadi.
Homo sapiens sapiens turining ichida yirik sistematik guruhlar – irqlar mavjud. Irqlar bir-birlaridan, terisining rangi, ko‘zining, burnining, labining shakli, tanasining proporsiyasi, ba’zi biokimyoviy ko‘rsatkichlari, ekologik, xulq-atvor va boshqa biologik xususiyatlari bilan farq qiladilar. Hozirda odamlarning 3 ta katta irqlari farqlanadi.
Uch katta irq
Yevropoid irqqa mansub odamlar terisi och rangda (oq tanli), sochlari tekis yoki to‘lqinsimon, rangi sarg‘ish yoki qo‘ng‘ir, ko‘zlari ko‘k yoki kulrang-yashil, lablari yupqa, burni ingichka, erkaklarida soqol-mo‘ylovlari yaxshi o‘sadi.
Mongoloid irqqa mansub odamlarning terisi qora mag‘iz, sarg‘ish, ko‘zlari qo‘y ko‘z, sochlari tekis, qattiq va qora, yuqorigi qovog‘i osilgan. Mongoloid irq vakillari asosan Osiyoda tarqalgan, lekin migratsiya natijasida ular Yer shari bo‘ylab tarqalib ketganlar.
Negroid irq – terisi qora, sochlari jingalak, qora, burni keng va yassi, qo‘y ko‘z. Ko‘pchilik vakillarida qalin lablari bo‘rtib chiqqan bo‘ladi.
Irqlarning kelib chiqishi
Olimlar fikriga ko‘ra, hozirgi zamon odami shakllanish jarayonida uning dastlabki vatani hisoblangan Janubiy-Sharqiy Osiyo va unga qo‘shni Shimoliy Afrikada ikki irq – janubi-g‘arbiy va shimoliy-sharqiy irqlar paydo bo‘lgan. Birinchi tarmoq keyinchalik yevropeoid va negroid irqlari, ikkinchisi esa mongoloid irqining kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Irqlarning kelib chiqishi, tabiiy tanlanish, mutatsiya, alohidalanish, populatsiyalarning aralashib ketishi kabi omillarga bog‘liq.
Irqlar shakllanishining ilk bosqichida tabiiy tanlanish muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Tabiiy tanlanish, muayyan sharoitda hayot faoliyatini yuksaltiradigan, adaptiv belgilarning populatsiyada saqlanishi va ko‘payishiga sabab bo‘lgan.
Bilimingizni sinang
Quyidagilardan qaysi biri antropogenezning ijtimoiy omillariga kiradi?
- Jamoa bo‘lib yashash
- Genlar dreyfi
- Alohidalanish
- Populatsiya to‘lqini
To‘g‘ri javob: Jamoa bo‘lib yashash. Mehnat, jamoa bo‘lib yashash, nutq va tafakkur ijtimoiy omillar; qolganlari biologik omillar.
Hozirgi vaqtda odamlarning nechta katta irqi farqlanadi?
- 4 ta
- 2 ta
- 3 ta
- 5 ta
To‘g‘ri javob: 3 ta. Odamlarning 3 ta katta irqi farqlanadi: yevropoid, mongoloid, negroid.
Zamonaviy odamlarning hammasi qaysi turga mansub?
- Homo sapiens
- Homo habilis
- Homo neanderthalensis
- Homo erectus
To‘g‘ri javob: Homo sapiens. Zamonaviy odamlarning hammasi bitta «homo sapiens» turiga mansub.
Quyidagi belgilardan qaysi biri yevropoid irqiga xos?
- Burni keng va yassi, lablari qalin
- Sochlari jingalak, terisi qora
- Yuqorigi qovog‘i osilgan, sochlari qora va qattiq
- Lablari yupqa, burni ingichka
To‘g‘ri javob: Lablari yupqa, burni ingichka. Yevropoidlarning lablari yupqa, burni ingichka; boshqa belgilar negroid va mongoloidlarga xos.
Insoniyatning birligi, uning kelib chiqishining umumiyligi nima bilan tasdiqlanadi?
- Barcha xalqlarning teri rangi bir xilligi bilan
- Turli xalqlar orasidagi nikohdan sog‘lom avlod tug‘ilishi bilan
- Barcha irqlarning bir hududda yashashi bilan
- Barcha odamlarning bo‘yi bir xilligi bilan
To‘g‘ri javob: Turli xalqlar orasidagi nikohdan sog‘lom avlod tug‘ilishi bilan. Birlik turli xalqlar orasidagi nikohdan sog‘lom avlod tug‘ilishi bilan tasdiqlanadi.
Mongoloid irqining kelib chiqishiga dastlabki ikki irqdan qaysi biri sabab bo‘lgan?
- Janubiy-sharqiy irq
- Shimoliy-sharqiy irq
- Janubi-g‘arbiy irq
- Shimoliy-g‘arbiy irq
To‘g‘ri javob: Shimoliy-sharqiy irq. Janubi-g‘arbiy irqdan yevropoid va negroid, shimoliy-sharqiydan mongoloid irqi kelib chiqqan.
Odam ajdodlarida ichaklarning qisqarishiga nima sababchi bo‘lgan?
- Faqat o‘simlikli oziq bilan oziqlanish
- Ovchilik va baliq ovlash tufayli aralash ovqatlanishga o‘tish
- Yirtqich hayvonlardan himoyalanish
- Olovda oziqni pishirib iste’mol qilish
To‘g‘ri javob: Ovchilik va baliq ovlash tufayli aralash ovqatlanishga o‘tish. Ovchilik va baliq ovlash aralash ovqatlanishga imkon bergan, bu ichaklarning qisqarishiga olib kelgan.
Chaynash muskullari birikadigan tepa suyagi qirrasi nima uchun o‘zining biologik ahamiyatini yo‘qotgan?
- Olovda pishirilgan oziq chaynash apparatiga og‘irlikni yengillashtirgani uchun
- Ming yillar davomida faqat xom o‘simliklar iste’mol qilingani uchun
- Hiqildoq nutq organiga aylangani uchun
- Bosh miya hajmi ortgani uchun
To‘g‘ri javob: Olovda pishirilgan oziq chaynash apparatiga og‘irlikni yengillashtirgani uchun. Pishirilgan oziq chaynash apparatiga og‘irlikni yengillashtirgan, qirra esa ahamiyatini yo‘qotgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash