XotirAI logotipiXotirAI
🧬 10-sinf · Biologiya · 57-§.

Odam evolutsiyasining asosiy bosqichlari

Mavzular

Boshlang‘ich ajdodlar

Odamning tarixiy rivojlanishiga oid paleontologik materiallar uning evolutsiyasida to‘rt bosqich – odamning boshlang‘ich ajdodlari, eng qadimgi odamlar, qadimgi odamlar, hozirgi zamon qiyofasidagi odamlar bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Odamning boshlang‘ich ajdodlari. Bundan taxminan 25 mln yil muqaddam driopiteklar yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish, irsiy o‘zgaruvchanlik tufayli ikki tarmoqqa – hozirgi odamsimon maymunlar va odamlarning dastlabki ajdodlariga ajralganlar. Birinchi tarmoq vakillarining kelgusi rivojlanishidan gorilla, shimpanze kelib chiqqan.

Avstralopiteklar va homo habilis

Sharoitning keskin o‘zgarishi tufayli driopiteklarning ba’zilari ikki oyoqlab yurishga o‘tganlar. Natijada «janubiy maymunlar» – avstralopiteklar paydo bo‘lgan. Ularda ikki oyoqlab yurish tayyor tayoqlar, toshlar, yirik hayvon suyaklaridan qurol sifatida foydalanish imkonini bergan. Ular o‘rmon-dasht, ochiq yerlarda yashagan. Bo‘yi 120–140 sm bo‘lib, tanasining massasi 36–55 kg, kalla suyagining hajmi 500–600 sm3 bo‘lgan. Avstralopiteklar chanoq suyagining tuzilishi ikki oyoqlab harakatlanganligidan dalolat beradi.

Avstralopiteklarning suyak qoldiqlari Keniyaning Rudolf ko‘li atrofidan 5,5 mln yoshda bo‘lgan yer qatlamlaridan topilgan.

Homo habilis

Avstralopiteklarning bir turi rivojlanib, dastlabki odam (homo habilis)ni hosil qilgan. Bosh miyasining hajmi 650–680 sm3 bo‘lgan. Bo‘yi 135–150 sm. Ular tayyor tosh, yog‘och qurollar yordamida yirik hayvonlarni ovlaganlar, o‘simliklarning yer ostidagi piyozlari, tuganaklari, ildizlarini kovlaganlar.

Homo habilis olovdan foydalanishni bilgan hamda yirik toshlardan o‘zlari uchun kulba yasagan. Shu sababli ular «uquvli odam» deb atalgan.

Arxantroplar

Eng qadimgi odamlar – (arxantroplar). Arxantroplar tik yuruvchi odam – homo erectus turiga kiritiladi. 1891-yili gollandiyalik olim Dyubua Yava orolidan pitekantrop (maymun odam)ning suyak qoldiqlarini topgan. Uning bo‘yi 170 sm, miyasining hajmi 800–1100 sm3 bo‘lgan. Pitekantroplar toshdan, suyakdan qurollar yasagan, olovdan foydalanishni bilgan va jamoa bo‘lib yashagan.

1927–1937-yillarda Pekin atrofidagi g‘ordan sinantrop odamning suyak qoldiqlari topilgan. U 500–300 ming yil avval yashagan. Sinantroplar miyasining hajmi 850–1220 sm3, bo‘yi 150–160 sm bo‘lgan. Ular olov yoqishi va uni saqlashni bilganlar. Pitekantroplar, sinantroplar, hozirda homo erectus turiga kiritilib, eng qadimgi odamlar arxantroplar sanaladi. Arxantroplar o‘lgandan keyin yaqinlarini ko‘mganlar, go‘rlarini har xil hayvon shoxlari, tishlari bilan bezaganlar.

Paleoantroplar

Qadimgi odamlar (paleoantroplar). Germaniyaning Neander daryosi yaqinida, shu jumladan, Surxondaryo viloyatining Teshiktosh g‘oridan qadimgi odamning kalla, jag‘ va oyoq suyaklari topilgan. Unga neandertal odam deb nom berilgan. Neandertallar 250–40 ming yil avval yashaganlar.

Uning peshanasi qiyali bo‘lib, iyagi yaxshi rivojlanmagan. Bo‘yi 155–165 sm, miyasining hajmi 1400 sm3 bo‘lgan. Ular jamoa bo‘lib yashaganlar. Ular bolalarga, keksalarga va kasallarga g‘amxo‘rlik qilganlar, o‘lganlarni ko‘mganlar.

Neoantroplar (kromanyonlar)

Hozirgi zamon qiyofasidagi odamlar (neoantroplar).

Dastlabki neoantroplarning skeletlari 1868-yili Fransiyaning janubidagi Kromanyon g‘oridan topilgan. Shuning uchun dastlabki hozirgi zamon odamlari kromanyonlar deb ataladi. Ular 50–60 ming yil avval paydo bo‘lgan. Kromanyonlarning bo‘yi 180 sm, miyasining hajmi 1600 sm3, iyagi bo‘rtib chiqqan va peshanasi keng bo‘lgan.

Ularda ma’noli nutq yaxshi rivojlangan, tanasining tuzilishi bo‘yicha kromanyonlar hozirgi odamlardan farq qilmaganlar. Kromanyonlar murakkab qurollarni yasay olganlar, uy qurganlar, uning devorlariga ov epizodlari, raqslar, hayvonlar va odamlarning tasvirini ishlaganlar. Yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirganlar va dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlaganlar.

Bilimingizni sinang

Driopiteklar taxminan necha million yil muqaddam hozirgi odamsimon maymunlar va odamlarning dastlabki ajdodlariga ajralgan?
  1. 15 mln yil
  2. 40 mln yil
  3. 5 mln yil
  4. 25 mln yil

To‘g‘ri javob: 25 mln yil. Driopiteklar taxminan 25 mln yil muqaddam ikki tarmoqqa ajralgan: odamsimon maymunlar va odamning dastlabki ajdodlari.

Neandertal odamning kalla, jag‘ va oyoq suyaklari topilgan Teshiktosh g‘ori O‘zbekistonning qaysi viloyatida joylashgan?
  1. Qashqadaryo
  2. Samarqand
  3. Surxondaryo
  4. Farg‘ona

To‘g‘ri javob: Surxondaryo. Teshiktosh g‘ori Surxondaryo viloyatida joylashgan.

Dastlabki odam homo habilis nima sababdan «uquvli odam» deb atalgan?
  1. Olovdan foydalanishni bilgani va toshdan kulba yasagani uchun
  2. Dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlagani uchun
  3. O‘liklarini ko‘mib, go‘rlarini bezagani uchun
  4. Ikki oyoqlab yurishga birinchi bo‘lib o‘tgani uchun

To‘g‘ri javob: Olovdan foydalanishni bilgani va toshdan kulba yasagani uchun. Homo habilis olovdan foydalanishni bilgan va yirik toshlardan kulba yasagan, shu sababli «uquvli odam» deyilgan.

Avstralopiteklarda ikki oyoqlab yurish ularga qanday imkoniyat bergan?
  1. Olov yoqish va uni saqlash
  2. G‘or devorlariga ov epizodlarini tasvirlash
  3. Tayoq, tosh va suyaklardan qurol sifatida foydalanish
  4. Yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish

To‘g‘ri javob: Tayoq, tosh va suyaklardan qurol sifatida foydalanish. Ikki oyoqlab yurish qo‘llarni bo‘shatib, tayyor tayoq, tosh va yirik hayvon suyaklaridan qurol sifatida foydalanish imkonini bergan.

Neandertal va kromanyonning belgilarini taqqoslang. Qaysi javob to‘g‘ri?
  1. Neandertalning bo‘yi 180 sm, kromanyonniki 155–165 sm
  2. Neandertalning peshanasi keng, kromanyonniki qiyali
  3. Neandertalning miyasi 1600 sm3, kromanyonniki 1400 sm3
  4. Neandertalning iyagi yaxshi rivojlanmagan, kromanyonniki bo‘rtib chiqqan

To‘g‘ri javob: Neandertalning iyagi yaxshi rivojlanmagan, kromanyonniki bo‘rtib chiqqan. Neandertalning peshanasi qiyali, iyagi rivojlanmagan; kromanyonning iyagi bo‘rtib chiqqan, peshanasi keng, miyasi kattaroq.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Pitekantroplar toshdan, suyakdan qurollar yasagan va olovdan foydalanishni bilgan. II. Sinantrop suyak qoldiqlari Yava orolidan topilgan. III. Arxantroplar o‘lgan yaqinlarini ko‘mgan va go‘rlarini bezagan.
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Sinantrop suyaklari Pekin atrofidagi g‘ordan topilgan, Yava orolidan emas; II noto‘g‘ri.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Neandertallar 250–40 ming yil avval yashagan. II. Neandertallar bolalarga, keksalarga va kasallarga g‘amxo‘rlik qilgan. III. Neandertallarning iyagi yaxshi rivojlangan bo‘lgan.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Neandertalning iyagi yaxshi rivojlanmagan edi; III noto‘g‘ri.

Odam ajdodlarini bosh miya (kalla suyagi) hajmi bilan moslang: 1) Avstralopitek; 2) Homo habilis; 3) Pitekantrop; a) 800–1100 sm3; b) 500–600 sm3; c) 650–680 sm3.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Avstralopitek 500–600, homo habilis 650–680, pitekantrop 800–1100 sm3.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAntropologiya – odam evolutsiyasi haqidagi fanKeyingi →Odam evolutsiyasini harakatlantiruvchi kuchlar