XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 10-§.

Namlik ekologik omil sifatida

Mavzular

Suvning ahamiyati

Namlik. Tirik organizmlar tanasining 2/3 qismi suvdan iborat, shu sababli namlik ularning hayotini belgilovchi muhim omil sanaladi. Suv barcha tirik organizmlar uchun universal eritma, hujayradagi biokimyoviy jarayonlar uchun sharoit, ko‘pchilik tirik organizmlar uchun yashash muhiti hisoblanadi. Suv tirik organizmlarda boradigan moddalar almashinuvida faol ishtirok etadi va muhim o‘rin tutadi. Tirik organizmlar yashaydigan muhitda suv yetishmasligi organizmlarda hayotiy jarayonlarning sekinlashishiga sabab bo‘ladi.

Tirik organizmlarda suv gidroliz va fotosintez reaksiyalarida bevosita ishtirok etadi. Ba’zi tirik organizmlar, masalan, to‘garak va halqasimon chuvalchanglar uchun suv gidrostatik skelet sanaladi va oziq moddalarni tashish vazifasini bajaradi, ya’ni moddaning organizm bo‘ylab harakatlanishida ishtirok etadi. Solishtirma issiqlik sig‘imi, issiqlik o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lgani tufayli suv organizmdagi issiqlik muvozanatini ushlab turadi, hujayra va to‘qimalarning qizib ketishining oldini oladi. Suv yuksak sporali o‘simliklarning urug‘lanishi, spora va urug‘lar unib chiqishi uchun o‘ta zarur.

Quruqlikda yashash joylarining namligi yillik yog‘ingarchilik miqdoriga bog‘liq, shuning uchun turli geografik zonalar o‘zaro farqlanadi. Namlikning yetishmasligi yoki haddan tashqari ortib ketishi quruqlikda yashovchi tirik organizmlar uchun cheklovchi omil hisoblanadi.

Kserofitlar va ularning turlari

O‘simliklarning namlikka nisbatan ekologik guruhlari va ularning moslanishlari. O‘simliklarning quruqlikka chiqishi, namlik yetishmasligiga moslanishi muhim evolutsion o‘zgarish sanaladi. Namlikka bo‘lgan talabiga ko‘ra barcha quruqlik o‘simliklari uchta ekologik guruhga bo‘linadi: kserofitlar, gigrofitlar, mezofitlar. Evolutsiya jarayonida har bir guruhda muhitning suv rejimida o‘ziga xos moslashish vujudga kelgan.

Kserofitlar (yunoncha «xerox» – quruq, «phyton» – o‘simlik) – namlik kam bo‘lgan muhitda o‘sishga moslashgan o‘simliklar sanaladi. Bularga dasht, cho‘l, yarim cho‘l, savanna, baland tog‘ o‘simliklari kiradi. Kserofitlar uzoq vaqt namlik yetishmasligiga chidamli o‘simliklar hisoblanadi. Ularda nam tanqis muhitda yashashga bir qator: transpiratsiyaning kamayishi, tuproqdan suv so‘rilishining kuchayishi, to‘qima va organlarda suvni zaxiralash kabi moslanishlar mavjud.

Moslanish turlariga ko‘ra kserofitlar ikki guruhga ajratiladi: sukkulentlar va sklerofitlar.

Sukkulentlar

Sukkulentlar (lotincha «succulentus» – sersuv) – ularda o‘z to‘qimalari va organlarida suvni zaxirada saqlash va so‘ngra tejab sarflash kuzatiladi.

Agava, aloy, molodilo (barg sukkulentlar) kabi o‘simliklar suvni qalin barglarida saqlaydi, sutlamalar, kaktuslar (poya sukkulentlar)ning poyasida suvni zaxirada saqlovchi to‘qimalar mavjud. Sukkulentlarning epidermis to‘qimasi qalin mum qavat yoki mayda tuklar bilan qoplangan bo‘ladi. Barglardagi barg og‘izchalari kam va kunduzi yopiq bo‘ladi. Poya sukkulentlarda barglar mayda yoki tikanga aylangan (kaktuslar). Fotosintez jarayoni yashil poyalarda amalga oshadi (15-rasm).

15-rasm. Sukkulent o‘simliklar.
15-rasm. Sukkulent o‘simliklar.

Sklerofitlar

Sklerofitlar (yunoncha «scleros» – qattiq, «phyton» – o‘simlik) – tuproqda namlik yetarli bo‘lmagan sharoitda ham o‘sadi. Ular suvni zaxirada saqlab turolmaydi, lekin sklerofitlar sitoplazmasi yuqori yopishqoqlikka ega bo‘lgani uchun suvni ushlab tura oladi. Bu hujayra shirasining yuqori osmotik bosimini yaratadi. Shu bosim tufayli sklerofitlar tuproqdan suvni shimadi. Shuning uchun ularni «nasos o‘simliklar» deb ham atashadi. Sklerofitlar ildizi yerga chuqur kirib boradi (saksovul, yantoq). Sklerofit o‘simliklarda transpiratsiyani kamaytirish hisobiga suvni tejaydigan bir qator morfologik moslanishlar: kichik sathli qattiq barglar (yantoq); mayda bo‘laklarga qirqilgan barglar (shuvoq), tangacha shaklidagi barglar (saksovul, archa); barglarning mum yoki tuklar bilan qoplanishi; barg og‘izchalarining chuqur joylashuvi kabilar paydo bo‘lgan.

Gigrofitlar va mezofitlar

Gigrofitlar (yunoncha «hygros» – nam, «phyton» – o‘simlik) – nam tuproq va yuqori namlikka ega joyda o‘sadigan o‘simliklar. Gigrofit o‘simliklarga sholi, shakarqamish va boshqalar misol bo‘ladi. Gigrofitlar tuproqda namlik kamaygan holda tez so‘lib qoladi. Ularning ayrim turlari (botqoq gigrofitlari)ning ildizi va poyalarida aerenximiya (yunoncha «aeg» – havo, «enchyma» – hujayra) – zaxirada havo saqlovchi hujayralar bo‘ladi. Gigrofitlarda ildiz tizimi kuchsiz, ildiz tukchalari rivojlanmagan, transpiratsiya kuchli bo‘ladi. Barg plastinkalari yupqa va undagi og‘izchalar doim ochiq bo‘ladi.

Mezofit (yunoncha «mesos» – o‘rtacha, «phyton» – o‘simlik) – mo‘tadil nam sharoitda o‘sadigan o‘simliklar sanaladi. Ular qisqa muddat namlik yetishmovchiligiga chiday oladi. Ildiz tizimi o‘rtacha rivojlangan bo‘lib, ildiz tukchalariga ega, barglarida barg og‘izchalari mavjud. O‘simlik tanasidagi namlik miqdoriga qarab og‘izchalar ochilishi yoki yopilishi mumkin. Adir, o‘tloq o‘simliklari, shuningdek, mo‘tadil zonadagi deyarli barcha madaniy o‘simliklar mezofit bo‘lib, ular o‘simliklarning boshqa ekologik guruhlariga nisbatan keng tarqalgan.

Hayvonlarning ekologik guruhlari

Hayvonlarning namlikka moslanishiga ko‘ra ekologik guruhlari. Namlik hayvonlar uchun ham muhim ekologik omil sanaladi. Namlik darajasiga ko‘ra hayvonlarni quyidagi ekologik guruhlarga ajratish mumkin: suv muhitida yashaydigan (korallar, meduzalar, baliqlar, kitlar, delfinlar), suv va quruqlik muhitida yashaydigan (qurbaqalar, timsohlar, pingvinlar), quruqlik muhitida yashaydigan hayvonlar (bo‘g‘imoyoqlilarning vakillari, sudralib yuruvchilar, qushlar va sutemizuvchilar). Quruqlikda yashovchi hayvonlar ham tanasidan ajralib chiqadigan namlik miqdorini qayta to‘ldirish uchun vaqti-vaqti bilan suvga ehtiyoj sezadi. Hayvonlarda suv rejimiga bog‘liq holda moslanish turlari: fiziologik, morfologik va etologik moslanishlar mavjud.

Fiziologik va morfologik moslanish

Fiziologik moslanishlar organizmda namlikka bo‘lgan ehtiyojni qondiruvchi hayotiy jarayonlarning o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalaydi. Qushlar, sutemizuvchilar suv ichadi, suvda hamda quruqlikda yashovchi hayvonlar esa terisi orqali shimadi. Cho‘l hayvonlari uchun esa iste’mol qiladigan oziq-ovqat tarkibidagi suv yetarli hisoblanadi. Organizm tarkibidagi yog‘ zaxirasining oksidlanishi jarayonida hosil bo‘ladigan metabolitik suv hisobiga yashaydigan hayvonlar ham ko‘p. Nam tanqis bo‘lgan joylarda yashovchi organizmlar uchun xos metabolit, ya’ni moddalar almashinuvining oxirgi mahsuloti siydik kislota hisoblanadi. Siydik kislota suvda yomon eriganligi tufayli uni organizmdan chiqarib yuborish uchun suv deyarli talab etilmaydi.

Morfologik moslanishlar hayvon organizmida suvni saqlashga qaratilgan moslanishlar hisoblanadi. Qushlar tanasi pat bilan, sutemizuvchilar tanasi jun bilan, sudralib yuruvchilar tanasi muguz tangachalar bilan qoplangan. Hasharotlar va o‘rgimchaksimonlar qalin xitindan iborat tana qoplamiga ega, quruqlikda yashovchi molluskalarda chig‘anoq bo‘ladi.

Etologik moslanishlar

Etologik moslanishlar – hayvonlar tomonidan suvni qidirib topishga yo‘naltirilgan moslanish. Ko‘pgina hayvonlar vaqti-vaqti bilan suv ichgani suv manbalariga boradi. Hayvonlarning suvga bo‘lgan ehtiyoji qurg‘oqchilik davrida ularning suv mo‘l bo‘lgan joylarga migratsiya qilishiga sabab bo‘ladi. Masalan, antilopalar, sayg‘oqlar uzoq joylarga migratsiya qiladi. Ayrim hayvonlar qurg‘oqchilik davrida tungi hayot tarziga o‘tadi yoki yozgi uyquga ketadi (1-jadval).

Suv bug‘lanishini kamaytirish mexanizmlari

1-jadval. O‘simliklar va hayvonlarning suv tanqisligiga moslashuv mexanizmlari. Suv bug‘lanishini kamaytiruvchi mexanizmlar:

Suv shimish, zaxiralash va chidamlilik

Suv shimilishining kuchayishi:

Suvni zaxiralash:

Suv yo‘qotishga fiziologik chidamlilik:

Suv tanqis davrni anabioz holatida o‘tkazish:

Etologik moslanishlar:

Bilimingizni sinang

Tirik organizmlar tanasining qancha qismi suvdan iborat?
  1. 2/3 qismi
  2. 1/2 qismi
  3. 3/4 qismi
  4. 1/3 qismi

To‘g‘ri javob: 2/3 qismi. Tirik organizmlar tanasining 2/3 qismi suvdan iborat.

Qaysi organizmlar uchun suv gidrostatik skelet vazifasini bajaradi?
  1. Molluskalar
  2. Bo‘g‘imoyoqlilar
  3. Umurtqali hayvonlar
  4. To‘garak va halqasimon chuvalchanglar

To‘g‘ri javob: To‘garak va halqasimon chuvalchanglar. To‘garak va halqasimon chuvalchanglar uchun suv gidrostatik skelet sanaladi.

Suvning solishtirma issiqlik sig‘imi va issiqlik o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lishi organizm uchun qanday ahamiyatga ega?
  1. Oziq moddalarni gidrostatik bosim bilan tashiydi
  2. Transpiratsiyani to‘xtatib, suvni tejaydi
  3. Hujayra shirasining osmotik bosimini oshiradi
  4. Issiqlik muvozanatini ushlab turadi, hujayra va to‘qimalarning qizib ketishini oldini oladi

To‘g‘ri javob: Issiqlik muvozanatini ushlab turadi, hujayra va to‘qimalarning qizib ketishini oldini oladi. Suv issiqlikni yaxshi sig‘dirib va o‘tkazib, organizmdagi issiqlik muvozanatini saqlaydi.

Suv yuksak sporali o‘simliklar hayotida qaysi jarayonlar uchun o‘ta zarur?
  1. Faqat ildiz tukchalarining hosil bo‘lishi uchun
  2. Urug‘lanish hamda spora va urug‘larning unib chiqishi uchun
  3. Tikanlar hosil bo‘lishi va barg og‘izchalarining yopilishi uchun
  4. Tinim davriga o‘tish va anabioz uchun

To‘g‘ri javob: Urug‘lanish hamda spora va urug‘larning unib chiqishi uchun. Suv yuksak sporali o‘simliklarda urug‘lanish va spora, urug‘larning unib chiqishi uchun zarur.

Nima uchun turli geografik zonalarda quruqlik yashash joylarining namligi bir-biridan farqlanadi?
  1. Tuproqdagi organik moddalar miqdoriga bog‘liq bo‘lgani uchun
  2. Yillik yog‘ingarchilik miqdoriga bog‘liq bo‘lgani uchun
  3. Shamolning yo‘nalishiga bog‘liq bo‘lgani uchun
  4. Quyosh nuri miqdoriga bog‘liq bo‘lgani uchun

To‘g‘ri javob: Yillik yog‘ingarchilik miqdoriga bog‘liq bo‘lgani uchun. Quruqlikdagi namlik yillik yog‘ingarchilik miqdoriga bog‘liq, shu sababli zonalar farqlanadi.

Namlikka bo‘lgan talabiga ko‘ra quruqlik o‘simliklari qaysi ekologik guruhlarga bo‘linadi?
  1. Kserofitlar, gigrofitlar, mezofitlar
  2. Issiqsevar, sovuqqa chidamli, mezofitlar
  3. Sukkulentlar, sklerofitlar, gigrofitlar
  4. Efemerlar, efemeroidlar, mezofitlar

To‘g‘ri javob: Kserofitlar, gigrofitlar, mezofitlar. Namlikka talabiga ko‘ra quruqlik o‘simliklari kserofitlar, gigrofitlar va mezofitlarga bo‘linadi.

Yunoncha so‘zlarni ma’nosi bilan moslang: 1) «xerox»; 2) «hygros»; 3) «mesos». a) nam; b) quruq; c) o‘rtacha.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. «Xerox» – quruq, «hygros» – nam, «mesos» – o‘rtacha.

Kserofit o‘simliklar qaysi muhitlarda o‘sadi?
  1. Dasht, cho‘l, yarim cho‘l, savanna va baland tog‘da
  2. Adir va o‘tloqlarda
  3. Botqoq va sernam o‘rmonlarda
  4. Daryo bo‘ylari va ko‘l qirg‘oqlarida

To‘g‘ri javob: Dasht, cho‘l, yarim cho‘l, savanna va baland tog‘da. Kserofitlar namlik kam muhitlarda: dasht, cho‘l, yarim cho‘l, savanna va baland tog‘da o‘sadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHarorat – muhitning abiotik omiliKeyingi →Tuproq va topografik omillar