Tuproq va topografik omillar
Mavzular
Edafik omillar va tuproq
Tuproq – edafik omillar (yunoncha «edaphos» – yer, tuproq) tirik organizmlar hayoti va tarqalishiga ta’sir ko‘rsatuvchi tuproqning xossalaridir. Edafik omillarga asosan tuproqning organik moddalar bilan belgilanadigan xossalari: kimyoviy tarkibi, strukturasi, suv rejimi, havo va harorat me’yori misol bo‘ladi.
Tuproq Yer qobig‘ining o‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar, tog‘ jinslari o‘zaro ta’siri natijasida paydo bo‘ladigan va o‘zgaradigan yuza qismi hisoblanadi. Tuproqning tarkibi, strukturasi, paydo bo‘lishi, o‘zgarishi va rivojlanishi qonuniyatlari, tabiatdagi ahamiyati, melioratsiyasi – tuproqning xususiyatlarini yaxshilash, unumdorligini oshirish usullari, tuproqdan ratsional foydalanish, tuproq ifloslanishining oldini olish choralari kabi muammolarni tuproqshunoslik fani o‘rganadi. Tuproqshunoslik faniga rus olimi V.V. Dokuchayev asos solgan.
Tuproq hosil qiluvchi omillar
V.V. Dokuchayev tuproq hosil qiluvchi beshta asosiy omillarni ko‘rsatib bergan: geologik omillar (tog‘ jinslari); iqlim omillari, topografik omillar (relyef); tirik organizmlar; vaqt (geologik yoshi).
Hozirgi davrda yana bir omil – insonning xo‘jalik faoliyati ham kiritiladi.
Geologik omillarga tuproqni hosil qiluvchi tog‘ jinslari misol bo‘ladi. Yer yuzasiga chiqib turgan tog‘ jinslari yog‘inlar, atmosfera, havo harorati, mexanik kuchlar, suv va unda erigan moddalar, mikroorganizmlar va o‘simliklar ta’sirida yemiriladi, ya’ni nuraydi.
Tirik organizmlarning roli
Tuproqning hosil bo‘lishi va shakllanishida mineral tog‘ jinslarining yemirilishini ta’minlovchi tirik organizmlar – mikroorganizmlar, o‘simliklar, hayvonlar katta rol o‘ynaydi. Evolutsiya jarayonida tirik organizmlar paydo bo‘lgach, ularning faoliyati natijasida tuproq hosil bo‘lgan. Tuproqning hosil bo‘lish jarayoni o‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlarning o‘zaro uzviy va murakkab munosabatlari natijasi sanaladi. Yashil o‘simliklar tuproqni yangi organik birikmalar bilan boyitib boradi. Natijada tog‘ jinslari o‘zgaradi. Yer yuziga yetib kelayotgan quyosh nurlari tuproq hosil bo‘lish jarayonining uzluksizligini ta’minlovchi omildir.
Tuproqda xilma-xil mikroorganizmlar (bakteriyalar, bir hujayrali suvo‘tlar), zamburug‘lar, umurtqasiz hayvonlar (chuvalchanglar, molluskalar, hasharotlar va ularning lichinkalari), umurtqali hayvonlar (yumronqoziq, yerqazar, krot) yashaydi. Tuproqda yashovchi organizmlar tuproq hosil bo‘lishini, uning unumdorligini oshiruvchi omillardan hisoblanadi.
Inson xo‘jalik faoliyati
Insonning xo‘jalik faoliyati tuproq hosil bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omildir. Hozirgi davrda Yer yuzida inson ta’siri bo‘lmagan joy kam qoldi. Yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish, o‘tlarni o‘rish, mollarni boqish, o‘rmonlarni kesish va boshqa inson faoliyati bilan bog‘liq tadbirlar tuproqning hosil bo‘lish jarayonini o‘zgartirib, tuproqning sifatiga ta’sir etadi. Inson tuproq hosil bo‘lish jarayonini ongli ravishda boshqarib, uning unumdorligini oshiradi. Hozirgi ilmiy-texnik taraqqiyot davrida tuproqdan foydalanishga bo‘lgan munosabat ham o‘zgarmoqda. Shuning uchun tirik organizmlarning yashash muhitini tashkil etuvchi omillardan biri bo‘lgan tuproqdan noto‘g‘ri foydalanish tuproq eroziyasiga, uning sho‘rlanishi va botqoqlanishiga olib keladi. Tuproqning ifloslanishini kamaytirish maqsadida undan foydalanish qoidalari joriy qilingan.
Tuproqning organizmlarga ta’siri
Ma’lum hududda o‘sadigan o‘simliklarning xilma-xilligi tuproqning strukturasi, kimyoviy tarkibi, pH kabi bir qancha ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Relyef, yerosti suvlarining joylashuvi kabi omillar ham tuproqning xususiyatlarini belgilaydi, bu esa o‘z navbatida unda o‘sadigan o‘simlik turlari xilma-xilligini ta’minlaydi. Quruqlikda yashovchi hayvonlarga esa tuproqning yuqorida keltirilgan xususiyatlari kamroq ta’sir etadi. Lekin hayvon turlarining Yer yuzi bo‘ylab tarqalishi, xilma-xilligi o‘simliklar bilan bog‘liq. Tuproqning hayvonlar harakatlanishiga ta’sir etuvchi xususiyatlari ahamiyatli. Ochiq joylarda yashovchi va dushmandan katta tezlikda qochib, qutulib qoladigan tuyoqli hayvonlar qattiq va zich tuproq yuzasidan itarilish kuchi hisobiga o‘z tezligini oshiradi.
Topografik omillar va balandlik
Topografik omillar. Abiotik omillarning ta’siri ko‘p jihatdan joyning topografik xususiyatlariga, ya’ni relyefiga bog‘liq, chunki relyef iqlim sharoiti hamda tuproqning xossalarini ham belgilaydi. Topografik omillarga quyidagilar misol bo‘ladi: balandlik (dengiz sathiga nisbatan); qiyalikning tikligi; qiyalikning ekspozitsiyasi (dunyo tomonlariga nisbatan joylashuvi).
Asosiy topografik omillardan biri dengiz sathiga nisbatan balandlikdir. Balandlik ortgan sari havo harorati, atmosfera bosimi pasayadi, yog‘ingarchilik miqdori, shamolning tezligi va radiatsiya kuchi ortadi. Tog‘lik joyda yuqoriga ko‘tarilgan sari o‘simliklar vertikal zonallik bo‘yicha tarqalgan. Tog‘da yuqoriga ko‘tarilgan sari kuzatiladigan vertikal zonallik geografik kengliklardagi ekvatordan qutblarga tomon kuzatiladigan iqlim zonalariga mos keladi.
Tog‘lar yangi turlarning paydo bo‘lish jarayonida geografik alohidalanishga sabab bo‘ladigan evolutsiya omili bo‘lsa, tirik organizmlarning migratsiyasida to‘siq bo‘lib xizmat qiladi.
Qiyalik ekspozitsiyasi va tikligi
Yana bir muhim topografik omil – qiyalik ekspozitsiyasi (16-rasm). Shimoliy yarimsharda tog‘ning janubga qaragan qiyaligiga ko‘proq quyosh nuri tushadi, shuning uchun bu yerda yorug‘likning intensivligi va harorat shimoliy qiyalikka nisbatan yuqori bo‘ladi. Janubiy yarimsharda esa buning aksi kuzatiladi. Bu esa o‘simliklar va hayvonlar jamoalariga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Topografik omillardan yana biri qiyalikning tikligidir. Tog‘ va tepaliklarda qiyalik qancha tik bo‘lsa, unda o‘simliklar shuncha kam o‘sadi, chunki suv ta’sirida tuproq yuvilib ketadi va uning unumdor qatlami kamayadi. Tik qiyaliklarda asosan kserofit o‘simliklar uchraydi.
Bilimingizni sinang
Tirik organizmlar hayoti va tarqalishiga ta’sir ko‘rsatuvchi tuproq xossalari qanday omillar deyiladi?
- Geologik omillar
- Edafik omillar
- Topografik omillar
- Iqlim omillari
To‘g‘ri javob: Edafik omillar. Edafik omillar (yunoncha «edaphos» – yer, tuproq) – tirik organizmlarga ta’sir qiluvchi tuproq xossalari.
Tuproqshunoslik fanining asoschisi bo‘lgan rus olimi kim?
- V.V. Dokuchayev
- I.P. Pavlov
- K.A. Timiryazev
- V.I. Vernadskiy
To‘g‘ri javob: V.V. Dokuchayev. Tuproqshunoslik faniga rus olimi V.V. Dokuchayev asos solgan.
Dokuchayev ko‘rsatgan omillarni ularning ifodasi bilan moslang: 1) geologik omillar; 2) topografik omillar; 3) vaqt. a) relyef; b) tog‘ jinslari; c) geologik yoshi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Geologik omillar – tog‘ jinslari, topografik omillar – relyef, vaqt – geologik yosh.
V.V. Dokuchayev ko‘rsatgan tuproq hosil qiluvchi beshta asosiy omil qaysi qatorda to‘g‘ri berilgan?
- Iqlim, topografik omillar, vaqt, edafik omillar va tirik organizmlar
- Geologik, iqlim, topografik omillar, tirik organizmlar va inson xo‘jalik faoliyati
- Geologik, iqlim, topografik omillar, tirik organizmlar va vaqt
- Geologik, iqlim, tirik organizmlar, vaqt va inson xo‘jalik faoliyati
To‘g‘ri javob: Geologik, iqlim, topografik omillar, tirik organizmlar va vaqt. Dokuchayev omillari: geologik, iqlim, topografik, tirik organizmlar va vaqt; inson faoliyati keyinroq qo‘shilgan.
Yer yuzasiga chiqib turgan tog‘ jinslarining yog‘inlar, harorat, suv va organizmlar ta’sirida yemirilishi qanday ataladi?
- Ekspozitsiya
- Melioratsiya
- Nurash
- Migratsiya
To‘g‘ri javob: Nurash. Tog‘ jinslarining yemirilishi nurash deyiladi.
Yashil o‘simliklar tuproq hosil bo‘lish jarayonida qanday rol o‘ynaydi?
- Tog‘ jinslarining nurashini butunlay to‘xtatadi
- Tuproq tarkibini faqat mineral tuzlar bilan to‘ldiradi
- Tuproqdan barcha organik birikmalarni so‘rib oladi
- Tuproqni yangi organik birikmalar bilan boyitadi
To‘g‘ri javob: Tuproqni yangi organik birikmalar bilan boyitadi. Yashil o‘simliklar tuproqni yangi organik birikmalar bilan boyitib boradi, natijada tog‘ jinslari o‘zgaradi.
Yer yuziga yetib kelayotgan qaysi omil tuproq hosil bo‘lish jarayonining uzluksizligini ta’minlaydi?
- Yog‘inlar
- Shamol
- Quyosh nurlari
- Yerosti suvlari
To‘g‘ri javob: Quyosh nurlari. Quyosh nurlari tuproq hosil bo‘lish jarayonining uzluksizligini ta’minlovchi omildir.
Tuproqda yashovchi umurtqali hayvonlarga qaysilar kiradi?
- Hasharotlar va ularning lichinkalari
- Yumronqoziq, yerqazar, krot
- Chuvalchanglar, molluskalar
- Bakteriyalar va bir hujayrali suvo‘tlar
To‘g‘ri javob: Yumronqoziq, yerqazar, krot. Tuproqdagi umurtqali hayvonlarga yumronqoziq, yerqazar va krot kiradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash