XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 14-§.

Turning populatsion strukturasi

Mavzular

Populatsiya tushunchasi

Tabiatda har bir biologik tur bir-biridan nisbatan alohidalashgan populatsiyalardan tashkil topadi.

Populatsiya kelib chiqishi umumiy bo‘lgan, o‘zaro erkin chatishib, nasldor avlod beradigan arealning ma’lum qismida uzoq muddat mavjud bo‘lgan, shu turning boshqa populatsiyalaridan nisbatan alohidalashgan individlarning yig‘indisidir. «Populatsiya» so‘zi lotincha «populus» so‘zidan olingan bo‘lib «xalq», «aholi» degan ma’noni anglatadi.

Populatsiyalar nisbatan turg‘un biologik sistemalar bo‘lib, quyidagi ko‘rsatkichlar:

Gomeostaz va populatsiya xususiyatlari

Populatsiyaning muhim xususiyatlaridan biri o‘z-o‘zini boshqarishi, ya’ni uzoq muddat individlar sonini bir xilda saqlab turishidir. Bu xususiyat populatsiya gomeostazi (yunoncha «homoios» – o‘xshash, «stasis» – turg‘in) deyiladi.

Populatsiya guruhli uyushma bo‘lib, alohida olingan individlarga ega bo‘lmagan xususiyatlar bilan tavsiflanadi. Bu xususiyatlar insonlarga populatsiyalarning kelajakdagi rivojlanishini oldindan bilish hamda populatsiyalar bilan o‘zaro ongli munosabatlarni tashkil etishda muhim ahamiyatga ega.

Aksariyat hollarda populatsiyadagi individlarning umumiy sonini aniqlashning imkoni bo‘lmaydi. Bunda populatsiyadagi individlar soni muayyan muhitdagi zichlikni aniqlash orqali topiladi.

Populatsiya individlarining soni

Populatsiya individlarining soni – mazkur populatsiyadagi individlarning ma’lum maydondagi umumiy sonini aks ettiradi. Tabiatda populatsiyalardagi individlar sonini aniqlash juda mushkul. Populatsiyaning bu ko‘rsatkichini aniqlash, ayniqsa muhofazaga muhtoj va «Qizil kitob»ga kiritilgan turlar uchun juda muhim. Populatsiya sonini aniqlashda individlarga tamg‘a qo‘yish usulidan foydalaniladi.

Populatsiyadagi individlar soni har doim ham bir xil bo‘lavermaydi va u organizmlarning ko‘payish tezligi, o‘lim, migratsiya kabi ko‘rsatkichlarga ham bog‘liq. Individlar sonining vaqt oralig‘ida o‘zgarishi populatsiya soni dinamikasi deyiladi. Populatsiya soni dinamikasini o‘rganish katta ahamiyatga ega, masalan, zararkunandalar soni yoki ovlanadigan hayvonlar sonining ko‘payishi va kamayishini oldindan bilish mumkin.

Me’yor chegaralari

Populatsiya individlarining soni doim o‘zgarib tursa-da, bu ko‘rsatkich yuqori va quyi me’yor chegarasiga ega. Populatsiya sonining yuqori me’yor chegarasi arealning ma’lum qismida yashashi mumkin bo‘lgan individlarning maksimal sonidir. Ushbu ko‘rsatkich oziq miqdori, egallangan maydonning kengligi va boshqa ekologik omillarning ta’sir kuchiga bog‘liq. Populatsiya soni eng yuqori me’yor chegarasiga yetgach, oziq yetishmasligi, yuqumli kasalliklarning tarqalishi natijasida individlarning nobud bo‘lishi boshlanadi.

Populatsiya sonining quyi me’yor chegarasi populatsiyaning uzoq muddat mavjudligini ta’minlashi mumkin bo‘lgan individlarning minimal sonidir. Populatsiya sonining quyi me’yor chegarasidan kamayishi natijasida individlarning ko‘payish imkoniyati pasayadi. Bu esa populatsiyadagi individlarning qirilib ketishiga olib keladi.

Demak, kam sonli populatsiyalar uzoq vaqt saqlanib qola olmaydi. Soni quyi me’yor chegarasiga yaqinlashgan populatsiyalar himoyaga muhtoj populatsiyalar hisoblanadi.

Populatsiya to‘lqinlari: davriy o‘zgarish

Barcha populatsiyalar soni biotik va abiotik omillar ta’sirida o‘zgarib turadi. Har qanday populatsiya sonining o‘zgarishi populatsiya to‘lqini deb yuritiladi.

Tabiiy populatsiyalar soni davriy (muntazam) va nodavriy (ahyonahyonda) ravishda o‘zgarishi mumkin. Populatsiyalar sonining davriy o‘zgarishi har mavsumda yoki bir necha yilda sodir bo‘ladi. Populatsiyalar sonining mavsumiy o‘zgarishi Yer sharining yil fasllari almashinib turadigan mintaqalarida kuzatiladi. Hayot sikli qisqa, ya’ni bir necha oy davom etadigan organizmlarda – mayda qisqichbaqasimonlar, pashsha va chivin kabi hasharotlar, sichqonsimon kemiruvchilar populatsiyalarida individlar sonining mavsumiy dinamikasi kuzatiladi. Hayot uchun qulay bahor va yoz mavsumlarida ular bir necha marta ko‘payib nasl qoldiradi, natijada populatsiyadagi individlar soni keskin ortadi. Ko‘payish uchun noqulay bo‘lgan qishki mavsumda esa individlar soni kamayib, bahorgacha avvalgi yildagi me’yoriga qaytadi. Populatsiya sonining bunday davriy ravishda o‘zgarishi har yili takrorlanadi.

Individlar sonining har bir necha yildan so‘ng davriy ravishda o‘zgarishi ayrim hayvonlar (masalan, tulki, boyqush) populatsiyalarida kuzatiladi. Bog‘larimizda o‘sadigan mevali daraxtlar (masalan, olma, o‘rik) har ikki yilda ko‘p meva beradi, o‘rmonlarda o‘sadigan kedr daraxti har to‘rt yilda mevalaydi.

Nodavriy o‘zgarishlar

Populatsiyalar sonining nodavriy o‘zgarishi muhit sharoitlarining turli sabablarga ko‘ra buzilishi (qurg‘oqchilikda, qish mavsumi odatdagidan sovuq yoki iliq kelganda, bahorgi yog‘ingarchilik haddan tashqari ko‘p bo‘lganda) favqulodda yuz beradigan yangi yashash joylariga migratsiyalar oqibatida yuz beradi. Masalan, yuqoridagi sabablar tufayli ba’zi yillarda zararkunanda hasharotlar haddan ziyod ko‘payib ketib, hosildorlikka ziyon yetkazadi.

Populatsiya zichligi

Populatsiya zichligi. Zichlik – maydon yoki hudud birligidagi organizmlar soni. Populatsiya zichligi maydon yoki hudud birligidagi organizmlar soni yoki biomassa bilan o‘lchanadi. Masalan, 1 ga da 100 ta daraxt, 1 ga basseyn hududida 10 000 bosh yoki 1000 kg baliq, 1 m3 suvda 5 million xlorella yashashi mumkin.

Zichlik organizmlar soni (miqdor)ga bog‘liq bo‘lib, ma’lum optimumga ega. Miqdorning optimum doirasidan har qanday chetlashishlarida populatsiya ichidagi boshqaruv mexanizmlari kuchga kiradi. Arealning kengayishi va organizmlarning tarqalishiga imkon bo‘lsa-da, bunda miqdor oshgan sari populatsiya zichligi ortmaydi. Populatsiya zichligining ortishi nasl qoldirishning pasayishi, o‘limning ko‘payishi, rivojlanish tezligining o‘zgarishi bilan kechadi.

Populatsiya zichligining haddan tashqari ortishi ko‘p hollarda kannibalizm (o‘z turiga mansub organizmlarni yeb qo‘yishi) hodisalarini keltirib chiqaradi. Miqdorni boshqarishning populatsiya ichidagi muhim mexanizmlaridan biri emigratsiya – populatsiya bir qismi arealning boshqa joylariga ko‘chib o‘tishi sanaladi.

Jinsiy tarkib

Jinsiy tarkibi. Ko‘pgina turlarda jinsni aniqlashning genetik mexanizmi jinslarning birlamchi nisbati – avlodda jins bo‘yicha 1:1 nisbatda ajralishni ta’minlaydi. Erkak va urg‘ochi organizmlar yashovchanligining farq qilishi evolutsiya jarayonida shakllangan belgi bo‘lib, shu sababli populatsiyada bunday nisbat har doim ham kuzatilmaydi. Birlamchi nisbat yoshi katta individlarga xos bo‘lgan nisbatdan farq qiladi.

Populatsiyada jinslar nisbati, ayniqsa, urchiyotgan urg‘ochilar hissasi populatsiya miqdorining keyingi o‘sishida katta ahamiyatga ega. Jinsiy tarkib tahlili asosida populatsiya miqdorining keyingi o‘zgarishlarini bashorat qilish mumkin.

Masalan, jinslar nisbati: A populatsiyada 75% urg‘ochilar, 25% erkaklar; B populatsiyada 50% urg‘ochilar, 50% erkaklar; C populatsiyada 25% urg‘ochilar, 75% erkaklar bo‘lsa, A populatsiyada kelajakda organizmlar soni ortishi, B populatsiyada barqarorlik, C populatsiyada esa organizmlar soni kamayishi kuzatiladi. Demak, C populatsiyadan foydalanish mumkin emas, balki uni himoya qilish kerak.

Yosh tarkibi

Yosh tarkibi – turli yoshdagi organizmlar guruhlarining nisbati sanaladi. Hayvonlarning tabiiy populatsiyalarida uch xil yoshdagi guruhlar farqlanadi: jinsiy jihatdan yetilmagan va hali nasl qoldira olmaydigan yosh organizmlar (predreproduktiv), jinsiy voyaga yetgan (reproduktiv) organizmlar, ko‘payish xususiyatini yo‘qotgan, nasl bermaydigan qari organizmlar (postreproduktiv). Hayvonlarning populatsiyalaridagi turli yoshdagi guruhlarning miqdor nisbatini yosh piramidasi yordamida ifodalash mumkin (18-rasm).

18-rasm. Populatsiyaning yosh tarkibi: A – o‘sib borayotgan populatsiya; B – barqaror populatsiya; C – kamayib borayotgan populatsiya.
18-rasm. Populatsiyaning yosh tarkibi: A – o‘sib borayotgan populatsiya; B – barqaror populatsiya; C – kamayib borayotgan populatsiya.

Tug‘iluvchanlik va o‘lim ko‘rsatkichi

Tug‘iluvchanlik – organizmlarning ko‘payishi hisobiga populatsiyada vaqt birligida paydo bo‘lgan organizmlar soni. Tug‘iluvchanlik individlar soni o‘zgarishining muhim demografik xususiyatidir. Odatda, tug‘iluvchanlik oshgan sari populatsiyada organizmlar soni ortadi. Ba’zan populatsiyada tug‘iluvchanlik yuqori bo‘lsa-da, organizmlar soni o‘zgarmasdan qoladi yoki kamayib boradi. Bu o‘lim ko‘rsatkichining yuqoriligi yoki qandaydir boshqa sabablar, masalan, organizmlarning yangi hududlarni egallashlari bilan bog‘liq.

O‘lim ko‘rsatkichi – vaqt birligida nobud bo‘lgan organizmlar soni. Bu demografik jarayonlarning xususiyatlaridan biridir. Tug‘iluvchanlikka qarama-qarshi xususiyat bo‘lgan o‘lim tabiiy populatsiyalardagi organizmlar soniga ta’sir ko‘rsatadi. Tug‘iluvchanlik normal kechayotgan sharoitda o‘lim ko‘rsatkichiga qarab populatsiyadagi organizmlar sonining kelajakda o‘zgarishini bashorat qilish mumkin. Agar o‘lim ko‘rsatkichi ortsa, organizmlar soni kamayib boradi. Agar o‘lim ko‘rsatkichi o‘zgarmasa, organizmlar soni doimiyligicha qoladi. Agar o‘lim kamaysa, organizmlar soni ortadi.

Populatsiya turlari: barqaror, o‘sayotgan, qisqarayotgan

Populatsiyadagi individlar sonining ortish tezligini tug‘iluvchanlik va o‘lim ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi nisbat belgilab beradi. Tug‘iluvchanlik va o‘lim ko‘rsatkichlari nisbatiga ko‘ra quyidagi populatsiyalar farqlanadi:

Bilimingizni sinang

«Populatsiya» atamasi qaysi so‘zdan olingan va qanday ma’noni anglatadi?
  1. yunoncha «populos» – tur, jins
  2. lotincha «popula» – guruh, to‘da
  3. lotincha «populare» – ko‘paymoq
  4. lotincha «populus» – xalq, aholi

To‘g‘ri javob: lotincha «populus» – xalq, aholi. Atama lotincha «populus» so‘zidan olingan bo‘lib, «xalq», «aholi» degan ma’noni bildiradi.

Populatsiyaning uzoq muddat individlar sonini bir xilda saqlab turish xususiyati qanday ataladi?
  1. populatsiya zichligi
  2. populatsiya to‘lqini
  3. populatsiya gomeostazi
  4. populatsiya dinamikasi

To‘g‘ri javob: populatsiya gomeostazi. O‘z-o‘zini boshqarish orqali sonni bir xilda saqlash populatsiya gomeostazi deyiladi.

Populatsiyadagi individlarning umumiy sonini aniqlash imkoni bo‘lmaganda, uning soni qaysi ko‘rsatkich orqali topiladi?
  1. jinslar nisbati
  2. tug‘iluvchanlik koeffitsienti
  3. muhitdagi zichlik
  4. yosh piramidasi shakli

To‘g‘ri javob: muhitdagi zichlik. Umumiy sonni aniqlab bo‘lmasa, individlar soni muayyan muhitdagi zichlikni aniqlash orqali topiladi.

Tabiiy populatsiyalardagi individlar sonini aniqlashda qaysi usuldan foydalaniladi?
  1. jinslar nisbatini hisoblash
  2. genofondni tahlil qilish
  3. individlarga tamg‘a qo‘yish
  4. yosh piramidasini tuzish

To‘g‘ri javob: individlarga tamg‘a qo‘yish. Populatsiya sonini aniqlashda individlarga tamg‘a qo‘yish usuli qo‘llaniladi.

Individlar sonining vaqt oralig‘ida o‘zgarishi qanday ataladi?
  1. populatsiyaning me’yor chegarasi
  2. populatsiya soni dinamikasi
  3. populatsiya gomeostazi
  4. populatsiya zichligi

To‘g‘ri javob: populatsiya soni dinamikasi. Sonning vaqt davomida o‘zgarishi populatsiya soni dinamikasi deb ataladi.

Miqdorni boshqarishning populatsiya ichidagi muhim mexanizmlaridan biri bo‘lgan emigratsiya nima?
  1. populatsiyaga boshqa joydan individlarning kirib kelishi
  2. populatsiya individlari o‘rtasida genlar almashinuvi
  3. populatsiyada individlarning ommaviy nobud bo‘lishi
  4. populatsiya bir qismining arealning boshqa joylariga ko‘chib o‘tishi

To‘g‘ri javob: populatsiya bir qismining arealning boshqa joylariga ko‘chib o‘tishi. Emigratsiya – populatsiya bir qismining arealning boshqa joylariga ko‘chib o‘tishi.

Hayvonlar populatsiyasida jinsiy jihatdan yetilmagan va hali nasl qoldira olmaydigan yosh organizmlar guruhi qanday ataladi?
  1. postreproduktiv
  2. subreproduktiv
  3. predreproduktiv
  4. reproduktiv

To‘g‘ri javob: predreproduktiv. Nasl qoldira olmaydigan yosh organizmlar predreproduktiv guruhni tashkil etadi.

Organizmlarning ko‘payishi hisobiga populatsiyada vaqt birligida paydo bo‘lgan organizmlar soni qanday ko‘rsatkich hisoblanadi?
  1. populatsiya zichligi
  2. tug‘iluvchanlik
  3. o‘lim ko‘rsatkichi
  4. emigratsiya

To‘g‘ri javob: tug‘iluvchanlik. Vaqt birligida ko‘payish hisobiga paydo bo‘lgan organizmlar soni tug‘iluvchanlikdir.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAntropogen omillarKeyingi →Turning populatsion strukturasi (davomi)