XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 15-§.

Turning populatsion strukturasi (davomi)

Mavzular

Biotsenozning tur tarkibi

Biotsenozning tur tarkibi. Har qaysi biotsenoz turlarning xilma-xilligi bilan xarakterlanadi. Biotsenoz turlarining xilma-xilligi haqida amalda to‘liq tasavvur hosil qilish mumkin emas, chunki mikroorganizmlarning barcha turlarini hisobga olib bo‘lmaydi. Biotsenozning tur tarkibi biotopda yashovchi turlarning umumiy soni bilan belgilanadi. Ignabargli o‘rmon, cho‘l, baland tog‘ biotsenozlari tur tarkibiga ko‘ra boy emas, chunki ularning tur boyligi o‘nlab yoki yuzlab turlardan tashkil topgan. Tropik o‘rmonlarda esa bir necha minglab turlar yashaydi.

Turlar xilma-xilligi yuqori bo‘lgan biotsenoz turg‘un hisoblanadi. Biotsenozning turlar xilma-xilligi biotopdagi muhit sharoitiga bog‘liq bo‘ladi. Muhit sharoiti qanchalik qulay bo‘lsa, biotsenozda turlar xilma-xilligi shunchalik ortadi yoki aksincha. Masalan, tropik o‘rmonlar flora va faunasi nihoyatda xilma-xil, o‘rta mintaqalarning turlar boyligi, asosan, yopiq urug‘li va ochiq urug‘li o‘simliklar, hayvonot olami, kam hollarda zamburug‘ turlari bilan belgilanadi. Issiqlik doimo tanqis bo‘lgan tundrada turlar xilma-xilligini, asosan, yo‘sinlar va lishayniklar tashkil etadi.

Dominant, subdominant va noyob turlar

Har qaysi biotsenozda son jihatdan eng ko‘p bo‘lgan va biotopning katta qismini egallagan turlar bo‘ladi. Bunday turlar dominant turlar deyiladi. Ular biotsenoz xilini belgilaydi. Masalan, qarag‘ay – qarag‘ayzorda, archa – archazorda va h.k. Har qanday biotsenozda dominant turlardan tashqari kam sonli boshqa turlar ham uchraydi. Biotsenozdagi jami individlar umumiy sonining qancha qismini tashkil etishiga ko‘ra (dominantlik darajasi) quyidagilar farqlanadi:

Inson dominant yoki subdominant turlardan xo‘jalik faoliyati jarayonida biotsenozga zarar yetkazmagan holda foydalanishi mumkin. Kam sonli va noyob turlar muayyan biotsenoz doirasida himoyaga olinishi zarur. Ko‘pgina biotsenozlarning areali doirasida noyob turlar soni juda kamayganda, odatda, ular Xalqaro yoki milliy Qizil kitobga kiritiladi.

Fazoviy struktura va yaruslilik

Turning fazoviy strukturasi – populatsiya individlarining o‘zlari egallagan hududda tarqalishi. Turlarning biotopda ham gorizontal, ham vertikal yo‘nalishlarda ma’lum qonuniyat asosida taqsimlanishi biotsenozning fazoviy strukturasini belgilaydi. Biotsenozga vertikal yaruslilik va gorizontal mozaik struktura xosdir.

Quruqlik biotsenozlarida vertikal strukturaning shakllanishida bo‘yi turlicha balandlikdagi o‘simliklar asosiy rol o‘ynaydi. Yarus – biotsenozda birgalikda o‘sadigan, bir-biridan balandligi bilan farqlanadigan turli guruhlarga mansub bo‘lgan o‘simlik turlaridir. Turli yaruslar o‘simliklarning xilma-xil hayotiy shakllaridan hosil bo‘ladi. Yuqori yarusni yorug‘sevar o‘simliklar tashkil etadi. Pastki yarusda soyaga chidamlilari, eng quyida esa soyasevar o‘simlik turlari o‘sadi.

O‘simliklarning bunday joylashishi quyosh energiyasini to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlaydi. Birinchi yarusni baland daraxtlar (eman, terak, shumtol, jo‘ka), ikkinchi yarusni unchalik baland bo‘lmagan daraxtlar (yovvoyi olma, nok, chetan) tashkil qiladi. Uchinchi yarus butalar (o‘rmon yong‘og‘i, kalina), to‘rtinchisi baland o‘tlar va chala butalardan, beshinchi yarus baland bo‘lmagan o‘tlar (yertut, yo‘sinlar)dan tashkil topgan (19-rasm).

19-rasm. Bargli o‘rmonning vertikal strukturasi (yarusliligi). 87
19-rasm. Bargli o‘rmonning vertikal strukturasi (yarusliligi). 87

Hayvonlar yarusliligi va uning ahamiyati

Biotsenozdagi hayvon turlarining tarqalishi fitosenozning muayyan yaruslariga bog‘liq bo‘ladi. Birinchi yarusda daraxtlarning barglari bilan oziqlanadigan hasharotlar uchraydi. Ikkinchi yarusni qushlar va daraxtlarning tanasidagi zararkunandalar – po‘stloqxo‘r va mo‘ylovdor qo‘ng‘izlar egallaydi. Keyingi pog‘onalarda yirtqich va tuyoqli hayvonlar, qushlar, kemiruvchilar yashaydi. Beshinchi yarus kanalar, ko‘poyoqlilar va boshqa mayda hayvonlarga boy bo‘ladi.

Yaruslilikning paydo bo‘lishi har xil turlarning bir-biriga uzoq muddat davomida moslanishlari va turlararo munosabatlarning shakllanishi natijasidir. Yaruslilik turlarning yashash joyi, yorug‘lik va oziq manbayiga bo‘lgan raqobatini sezilarli darajada pasaytiradi. Natijada maydon birligidagi organizmlar soni ortadi, biotopning resurslaridan to‘liq va ratsional foydalaniladi.

Gorizontal struktura (mozaiklik)

Biotsenozning gorizontal strukturasi (mozaiklik). Tabiiy populatsiyalar individlari bir tekis, tasodifiy va guruhli tarzda taqsimlanadi (20-rasm).

Oziq zaxiralari va hudud uchun kurash keskin kechadigan turlarning individlari arealda bir tekis taqsimlanadi. Masalan, quyuq o‘rmonda qo‘shni daraxtlar bir-biridan taxminan shox-shabbasining hajmiga teng masofada uzoqlikda o‘sadi. Ekologik shart-sharoitlarga ko‘ra yashash muhiti bir xil bo‘lgan arealda individlar tasodifiy taqsimlanadi.

Guruhli taqsimlanish tabiatda eng ko‘p uchraydi.

Guruhli taqsimlanish ahamiyati

Organizmlar arealning ma’lum hududlarida to‘plangan bo‘lib, bunday hududlar orasida foydalanilmagan maydonlar bo‘ladi. O‘simliklarning guruhli taqsimlanishi ularning ko‘payish usulining mevasi va urug‘larning tarqalishi bilan bog‘liqdir. Masalan, ayrim o‘simliklarning mevalari yirik, og‘ir (o‘rmon yong‘og‘i, eman yong‘og‘i) bo‘lib, ular daraxt yoniga tushadi, guruh hosil qilgan holda shu yerdan unib chiqadi. Ildizpoyalari yordamida vegetativ yo‘l bilan ko‘payishda ham o‘simliklar guruhlari shakllanadi (sudraluvchi bug‘doyiq, marvaridgul, sudraluvchi beda).

Ko‘pchilik hayvonlar guruh bo‘lib koloniyalar, gala, poda, oilalarni tashkil qiladi. Guruhlarda dushmandan himoyalanish, oziq topish imkoniyatlarining ko‘payishi tufayli individlarning yashovchanligi ortadi. Masalan, o‘simliklar guruh bo‘lib o‘sganda shamolga yaxshiroq qarshi tura oladi, suvdan samaraliroq foydalanadi. Chug‘urchuq galasi qirg‘iydan, mayda baliqlar galasi yirik yirtqichlardan osonroq qutula oladi. Bo‘ri galasi oson ov qilsa, otlar podasi bo‘rilardan himoyalanishi oson. Pingvinlar koloniya hosil qilib, qahraton sovuqdan himoyalanadi. Sutemizuvchilar va qushlar oilasida ota-onalarning g‘amxo‘rligi sababli avlodning yashovchanligi ortadi.

Etologik struktura: yakka va oila

Etologik (xulq-atvor) struktura – populatsiya individlari o‘rtasida tarkib topadigan munosabatlar tizimi. Bunday struktura hayvonlargagina xosdir. 7-sinfda biologiyani o‘rganish chog‘ida hayvonlarda xulq-atvor reaksiyalarining xilma-xilligi bilan tanishgansiz. Ayrim populatsiyalarda individlar yakka holda yashaydi. Ko‘p hollarda organizmlar guruhlar (oila, koloniya, to‘da, poda va b.) ga birlashadi (21-rasm).

21-rasm. Etologik tuzilmalar.
21-rasm. Etologik tuzilmalar.

Oilaviy yashash tarzi ota-ona va bolalar o‘rtasidagi munosabatlarni vujudga keltiradi. Masalan, sherlar oilasi katta erkak sher, bir necha urg‘ochi va ularning bolalaridan tashkil topadi. Oilaning katta a’zolari birgalikda ov qiladi, naslini himoyalaydi va tarbiyalaydi. Oilaviy hayot kechiradigan hayvonlarda hududiylik xulq-atvori namoyon bo‘ladi. Oila hududiga egalik qilish ovoz signallari yoki hidli belgi qo‘yish, tahdid ko‘rinishini namoyish qilish, shuningdek, hududga oyoq bosgan begonaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tajovuz qilish orqali ta’minlanadi.

To‘da va poda

Ayrim hayvonlar, masalan, bo‘rilar va giyena itlari to‘da bo‘lib yashaydi. To‘dada taqlid qilish reaksiyalari rivojlangan va qat’iy tartibga bo‘ysunish bo‘ladi. To‘da a’zolarining xatti-harakatlari ovoz, ko‘rish yoki kimyoviy signallar yordamida amalga oshiriladi. To‘da ko‘payish davrida nasl qoldirish va uni tarbiyalash uchun alohida juftlarga ajralishi mumkin. Nasl qoldirgach, to‘da qaytadan shakllanadi.

Hayvonlar podasi to‘daga nisbatan doimiy bo‘lgan tuzilmadir. Eng kuchli hayvon podaga boshchilik qiladi. Boshliq podani boshqaradi, maxsus signallar, tahdidlar yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri tajovuz orqali a’zolar o‘rtasida qat’iy intizomni ta’minlaydi. Poda bo‘lib yashovchi hayvonlar ma’lum qonuniyat asosida bir joydan boshqa joyga migratsiya qiladilar, himoyalanadilar. Dam olish joylarida joylashish ham qat’iy qonuniyat asosida tashkil etiladi. Zebralarning podasida har doim oldinda qari urg‘ochi, uning ortida avval eng yosh, keyin kattaroq yoshdagi, ulardan keyin katta yoshdagi zebralar, eng oxirida esa poda boshchisi bo‘lgan erkak zebra harakatlanadi.

Pavian maymunlar podasining markazida, eng xavfsiz joyda bolali yoki homilador urg‘ochilar, chetlarida boshchilari, yosh erkak va urg‘ochilari bo‘ladi. Podaning old va orqa tomonlarida hujumni qaytarishga tayyor yirik erkaklari harakatlanadi (21-rasm).

22-rasm. Pavianlar to‘dasida individlarning harakatlanishi: birinchi halqada erkak pa vianlar, ikkinchi halqada urg‘ochilar, ichki halqada yosh pavianlar. А – ovqatlanish joyi tomon harakatlanish; B – yirtqich hayvon hujum qilgan vaqtda harakatlanish.
22-rasm. Pavianlar to‘dasida individlarning harakatlanishi: birinchi halqada erkak pa vianlar, ikkinchi halqada urg‘ochilar, ichki halqada yosh pavianlar. А – ovqatlanish joyi tomon harakatlanish; B – yirtqich hayvon hujum qilgan vaqtda harakatlanish.

Koloniyalar

Koloniyalar – o‘troq hayot kechiradigan hayvonlar hosil qiladigan guruhlar. Ular uzoq vaqt davomida mavjud bo‘lishi yoki ko‘payish davridagina shakllanishi mumkin. Individlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning murakkablik darajasiga ko‘ra koloniyalar har xil bo‘ladi. Ba’zi koloniyalar bir hududda yashovchi ayrim individlarning oddiy yig‘indisi bo‘lsa, ba’zi koloniyalar yaxlit organizmni tashkil etuvchi organlar singari turli funksiyalarni bajarishga moslashgan individlar yig‘indisidan tashkil topadi.

Shunday qilib, populatsiyaning ekologik tuzilishi uni tashkil etuvchi organizmlarning yashash muhiti resurslaridan to‘laroq foydalanishi, birgalikda hayot kechirishiga yaxshiroq moslashishini ta’minlaydi.

Bilimingizni sinang

Biotsenozning tur tarkibi nima bilan belgilanadi?
  1. biotopning umumiy maydoni bilan
  2. biotopda yashovchi turlarning umumiy soni bilan
  3. dominant turlar individlari soni bilan
  4. yaruslar soni bilan

To‘g‘ri javob: biotopda yashovchi turlarning umumiy soni bilan. Tur tarkibi biotopda yashovchi turlarning umumiy soniga qarab aniqlanadi.

Qaysi biotsenozda bir necha minglab turlar yashaydi?
  1. cho‘l
  2. tropik o‘rmon
  3. baland tog‘
  4. ignabargli o‘rmon

To‘g‘ri javob: tropik o‘rmon. Tropik o‘rmonlarda bir necha minglab turlar yashaydi.

Biotsenozda son jihatdan eng ko‘p bo‘lgan, biotopning katta qismini egallagan va biotsenoz xilini belgilaydigan turlar qanday ataladi?
  1. kam sonli turlar
  2. noyob turlar
  3. subdominant turlar
  4. dominant turlar

To‘g‘ri javob: dominant turlar. Son jihatdan eng ko‘p, biotopning katta qismini egallagan turlar dominant turlar deyiladi.

Soni juda kam bo‘lib, biotopning faqat ayrim bir qismidagina uchraydigan turlar qanday ataladi?
  1. dominant turlar
  2. subdominant turlar
  3. noyob turlar
  4. kam sonli turlar

To‘g‘ri javob: noyob turlar. Soni juda kam, biotopning faqat ayrim qismida uchraydigan turlar noyob turlardir.

Biotsenozda birgalikda o‘sadigan, bir-biridan balandligi bilan farqlanadigan turli guruhlarga mansub o‘simlik turlari nima deyiladi?
  1. biotop
  2. areal
  3. yarus
  4. mozaiklik

To‘g‘ri javob: yarus. Balandligi bilan farqlanadigan birga o‘sadigan o‘simlik turlari yarus deyiladi.

Fitosenozning ikkinchi yarusini qaysi hayvonlar egallaydi?
  1. qushlar hamda po‘stloqxo‘r va mo‘ylovdor qo‘ng‘izlar
  2. barglar bilan oziqlanadigan hasharotlar
  3. kanalar va ko‘poyoqlilar
  4. yirtqich va tuyoqli hayvonlar

To‘g‘ri javob: qushlar hamda po‘stloqxo‘r va mo‘ylovdor qo‘ng‘izlar. Ikkinchi yarusda qushlar hamda daraxt tanasi zararkunandalari – po‘stloqxo‘r va mo‘ylovdor qo‘ng‘izlar uchraydi.

Tabiiy populatsiyalar individlarining arealda taqsimlanish turlaridan qaysi biri tabiatda eng ko‘p uchraydi?
  1. bir tekis
  2. guruhli
  3. chiziqli
  4. tasodifiy

To‘g‘ri javob: guruhli. Guruhli taqsimlanish tabiatda eng ko‘p uchraydi.

Populatsiya individlari o‘rtasida tarkib topadigan munosabatlar tizimi qanday struktura deyiladi?
  1. fazoviy struktura
  2. gorizontal struktura
  3. yosh tarkibi
  4. etologik (xulq-atvor) struktura

To‘g‘ri javob: etologik (xulq-atvor) struktura. Individlar o‘rtasidagi munosabatlar tizimi etologik struktura deyiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTurning populatsion strukturasiKeyingi →Ekotizimlarning trofik strukturasi