XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 19-§.

Tabiiy ekosistemalar

Mavzular

Ekosistemalarning xillari

Sayyoramizdagi ekosistemalar juda xilma-xil. Kelib chiqishiga ko‘ra ekosistemalarning quyidagi xillari farqlanadi.

Tabiiy ekosistemalar antropogen ekosistemalardan turlarining xilma-xilligi bilan farqlanadi. Tabiiy ekosistemalardagi hayotiy jarayonlarni amalga oshishi va ularning shakllanishi inson faoliyatiga bog‘liq emas. Tabiiy ekosistemalar 3 tipga bo‘linadi: 1) quruqlik ekosistemalari; 2) chuchuk suv ekosistemalari; 3) dengiz ekosistemalari.

Quruqlik: abiotik omillar

Quruqlik ekosistemalari. Quruqlik ekosistemalarining Yer yuzida joylashuvini ikkita asosiy abiotik omil: harorat va yog‘in miqdori belgilaydi. Yer sharining turli qismlarida iqlim bir xil emas. Quruqlikdagi ekosistemalarda namlik cheklovchi omil hisoblanadi. Produtsentlar transpiratsiya jarayonida ko‘p suv sarflaydi, shu sababli namlikning miqdori ekosistemalarning mavjudligini belgilovchi omil hisoblanadi.

Harorat ham ekosistemadagi turlar xilma-xilligini belgilaydi, lekin cheklovchi omil sifatida namlik kabi muhim emas, chunki harorat davriy ravishda o‘zgarib turadi. Harorat yil davomida bir xil bo‘lishi (ekvatorda) yoki fasllarga qarab o‘zgarishi mumkin. Barcha organizmlar o‘zi rivojlanadigan muhit haroratiga evolutsiya natijasida moslashgan.

Biomlar va tundra

Quruqlikdagi ekosistemalar juda xilma-xildir. Bir xil iqlim mintaqalarida joylashgan ekosistemalar yig‘indisi biomlar deb nomlanadi. Biomlar faqat quruqlikda mavjud. Biomlarning quyidagi turlari farqlanadi: Arktika tundrasi va alp tundrasi, shimoliy ignabargli o‘rmonlar, mo‘tadil iqlim o‘rmonlari, dashtlar, sahrolar, tropik o‘rmonlar.

Tundra shimoliy yarimsharda taygadan shimolroqda joylashgan. Tundra (iqlim) juda ham sovuq, o‘rtacha yillik harorat 0°C dan ham pastroq. Bir necha haftalik qisqa yoz davomida yerning muzdan erishi bir metrdan oshmaydi. Tundrada daraxtlar uchramaydi, sekin o‘suvchi lishayniklar, yo‘sinlar (sporali o‘simliklar), past bo‘yli butalar hukmronlik qiladi. Hayvonot dunyosi ham boy emas, yirik tuyoqli hayvonlardan – shimol bug‘usi (Yevrosiyo), kichik sutemizuvchilardan yirtqichlar (shimol tulkisi), qushlardan qutb boyqushi va boshqalar uchraydi.

Ignabargli o‘rmon (tayga)

Ignabargli o‘rmon (tayga). U Yevrosiyoning shimoliy qismlari va Shimoliy Amerikani o‘z ichiga oladi. Qishi uzoq va sovuq, yog‘ingarchilik miqdori ko‘p va asosan qor ko‘rinishida bo‘ladi. Doimiy yashil ignabargli daraxtlar hukmronlik qiladi (pixta, kedr, qarag‘ay). Hayvonot olami yirik tuyoqli sutemizuvchi hayvonlar (los, kabarga), mayda o‘simlikxo‘r sutemizuvchilar (qunduz, olmaxon), yirtqich sutemizuvchilar (ayiq, silovsin, tulki, bo‘ri, norka)dan iborat. Bu biomlarda botqoqliklar va ko‘llar uchraydi.

Keng bargli o‘rmonlar

Mo‘tadil iqlim mintaqasining keng bargli o‘rmonlari. Iqlim yil davomida o‘zgarib turadi, qishki harorat 0°C dan past. Yirik bargli daraxtlar (buk, lipa, eman, zarang, shumtol), butalar va o‘tlar o‘sadi. Hayvonot orasida sutemizuvchilar (los, ayiq, silovsin, tulki, bo‘ri), qushlar (qizilishton, boyqush, qorayaloq, lochinlar) asosiy o‘rinni egallaydi. Tirik organizmlar mavsumiy iqlim sharoitiga moslashgan. Ularda qishki uyqu, migratsiya, tinim davri kuzatiladi.

Muzlagan tuproq orqali daraxtlar suvni o‘zlashtirishi qiyin bo‘ladi, suv bug‘latish natijasida yo‘qotilgan suv o‘rnini to‘ldira olmay qoladi, shu sababli ayrim daraxtlar barglarini to‘kadi, ignabargli daraxtlar barglarini to‘kmaydi, ularning barglari qalin mumdan iborat kutikula bilan qoplangan.

Dasht va o‘tloqlar

Dashtlarning iqlimi fasllar davomida o‘zgarib turadi, qish harorati 0°C dan past. Asosan o‘tlar, qisman buta va daraxtlar o‘sadi. Hayvonlar orasida tuyoqli hayvonlardan bizon, antilopa, sayg‘oq, kenguru, jirafa, zebra, oq nosoroglar; mayda sutemizuvchilardan quyonlar, yumronqoziqlar, sichqonlar; yirtqichlardan bo‘ri, sher, qoplon, gepard, giyena itlari hamda turli qushlar uchraydi.

O‘tloqlar – o‘simliklari asosan o‘tlardan iborat ekosistemalar. Bu ekosistemada o‘suvchi o‘simliklar yetarli darajada namlikni talab qiladi. O‘tloqlar namlik yetarli darajada bo‘lgan hududlar: pasttekisliklar, daryo qirg‘og‘idagi yerlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari tog‘ o‘tloqlari – alp o‘tloqlari, yaylovlar mavjud.

Bu biogeotsenozlarda asosan boshoqli va boshqa gulli o‘simliklar o‘sadi. Hayvonlar orasida hasharotlar ko‘p uchraydi. O‘tloqlardan chorvachilik va pichan o‘rish maqsadida foydalaniladi. Hozirgi kunda dasht va o‘tloqlarning ko‘p qismi madaniy o‘simliklar yetishtirish, shaharlar va sanoat korxonalarini qurish tufayli o‘zlashtirilgan.

Sahrolar

Sahrolar iqlimi juda quruq, kunlari issiq, tunlari esa sovuq ekosistemalardir. Ular yog‘ingarchilik miqdorining kamligi, harorat va yoritilganlik darajasining yuqoriligi bilan xarakterlanadi. Kserofitlar o‘t o‘simliklar, qisman butalar, efemerlar ko‘p uchraydi. Hayvonlardan xilma-xil kemiruvchilar (tovushqonlar, yumronqoziqlar); tuyoqli hayvonlar (qulon, jayron, antilopa), yirtqichlar (bo‘ri va sahro tulkisi), ko‘plab sudralib yuruvchilar, o‘rgimchaksimonlar, hasharotlar uchraydi. Ulardan ko‘pchiligi tunda faol bo‘ladi. Cho‘llarning ayrim qismlari inson tomonidan qishloq xo‘jaligida foydalanish maqsadlarida o‘zlashtirilgan, bu yerlarga boshqa hududlardan suv yetkaziladi yoki yerosti suvlaridan foydalaniladi.

Tropik o‘rmonlar: sharoit

Tropik o‘rmonlar turlar soni ko‘pligi bilan ajralib turadi. Bu o‘rmonlarni harorat va yillik yog‘in miqdori yuqori darajada bo‘lgan, o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishi uchun barcha sharoit yetarli bo‘lgan hududlarda (Janubiy Amerika shimoli, Markaziy Amerika, Shimoliy Afrika, Hind va Tinch okeanidagi orollar) uchratish mumkin. O‘rtacha yillik yog‘in miqdori 2000–2500 mm. O‘simlik turlari ham juda ko‘p. Daraxtlar yarus bo‘ylab zich joylashgan.

Tropik o‘rmonlar: hayot

Ildizlari tuproqqa yetib bormaydigan, daraxtlarda o‘sadigan epifitlar, ildizi tuproqlarda bo‘lib, o‘zi daraxtlarga chirmashib to ularning eng yuqori qismlariga yetib boruvchi lianalar ko‘p uchraydi. Tropik o‘rmonlar hayvon turlariga boy bo‘lib, sutemizuvchilar (maymunlar, yalqovlar), qushlar (to‘ti, kolibri), sudralib yuruvchilar, suvda hamda quruqlikda yashovchilar va hasharotlarni ko‘plab uchratish mumkin.

Tropik o‘rmonlarda yonma-yon o‘suvchi bir turga mansub o‘simliklarni uchratish mushkul. Odatda bu o‘rmonlarda har xil turga mansub o‘simliklar yonma-yon o‘sadi.

Hozirgi kunda o‘rmon biogeotsenozlari keskin kamayib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida biosferaga sezilarli ta’sir o‘tkazadi.

Chuchuk suv ekosistemalari

Chuchuk suv ekosistemalari. Chuchuk suv ekosistemalari boshqa ekosistemalarga nisbatan kam hududlarni egallashiga qaramay, ularning ahamiyati juda katta. Chunki ular Yer yuzidagi barcha tirik organizmlar hayot faoliyati uchun zarur bo‘lgan chuchuk suv manbayi hisoblanadi. Suv tarkibida erigan gazlar, kislorod va karbonat angidridning miqdori o‘zgaruvchan va u cheklovchi omil hisoblanadi.

Chuchuk suvda yashaydigan organizmlar hayot shakllariga ko‘ra: bentos, plankton, nekton organizmlarga ajratiladi.

Barcha chuchuk suv havzalari tuzilishiga ko‘ra 3 guruhga bo‘linadi: oqmaydigan suv havzalari – ko‘l, hovuzlar; oqadigan suv havzalari – daryo, soy, buloqlar; botqoqlar.

Dengiz ekosistemalari

Dengiz ekosistemalariga ochiq dengizlar (okean), kontinental shelflar, ko‘rfazlar, bo‘g‘ozlar, daryolarning quyilish joylari (limanlar) kiradi. Dengiz ekosistemalari Yer sharining 70% ini egallaydi. Dengizlarning eng chuqur nuqtalarida ham hayot mavjud. Dengizlar va okeanlarda suvning doimiy aylanishi kuzatiladi, dengiz ekosistemalarida to‘lqinlar vujudga keladi. Dengiz suvining sho‘rlanish darajasi juda yuqori (30% gacha), shu sababli dengizda yashovchi organizmlarda suv yo‘qotilishiga qarshi bir qancha moslanishlar vujudga kelgan. Dengizlarda plankton, nekton va bentos organizmlar yashaydi.

Bilimingizni sinang

Tabiiy ekosistemalar qaysi tiplarga bo‘linadi?
  1. Chuchuk suv, dengiz va agroekosistemalar
  2. Quruqlik, chuchuk suv va dengiz ekosistemalari
  3. Quruqlik, chuchuk suv va agroekosistemalar
  4. Dengiz, urbanoekosistema va kosmik ekosistemalar

To‘g‘ri javob: Quruqlik, chuchuk suv va dengiz ekosistemalari. Tabiiy ekosistemalar 3 tipga bo‘linadi: quruqlik, chuchuk suv va dengiz ekosistemalari; agro- va urbanoekosistemalar sun’iy hisoblanadi.

Quruqlik ekosistemalarining Yer yuzida joylashuvini qaysi ikki asosiy abiotik omil belgilaydi?
  1. Yoritilganlik va shamol tezligi
  2. Havo bosimi va tuproq namligi
  3. Tuproq tarkibi va relyef
  4. Harorat va yog‘in miqdori

To‘g‘ri javob: Harorat va yog‘in miqdori. Quruqlikda ekosistemalar joylashuvini harorat va yog‘in miqdori belgilaydi.

Quruqlik ekosistemalarida namlik nima uchun ekosistemalarning mavjudligini belgilovchi cheklovchi omil hisoblanadi?
  1. Namlik yil davomida davriy ravishda o‘zgarib turadi
  2. Konsumentlar faqat suv bilan oziqlanadi
  3. Produtsentlar transpiratsiyada ko‘p suv sarflaydi
  4. Produtsentlar fotosintezda suvni deyarli sarflamaydi

To‘g‘ri javob: Produtsentlar transpiratsiyada ko‘p suv sarflaydi. Produtsentlar transpiratsiyada ko‘p suv sarflaydi, shu sababli namlik miqdori ekosistema mavjudligini belgilaydi.

Nima uchun harorat quruqlikda namlik kabi muhim cheklovchi omil hisoblanmaydi?
  1. Harorat ekvatordan uzoqlashgan sari doim ortib boradi
  2. Harorat ekosistemaga umuman ta’sir ko‘rsatmaydi
  3. Organizmlar haroratga umuman moslashmagan
  4. Harorat davriy ravishda o‘zgarib turadi

To‘g‘ri javob: Harorat davriy ravishda o‘zgarib turadi. Harorat turlar xilma-xilligini belgilaydi, lekin davriy o‘zgarib turgani uchun namlik kabi cheklovchi emas.

Bir xil iqlim mintaqalarida joylashgan ekosistemalar yig‘indisi nima deb ataladi?
  1. Fitosenoz
  2. Populyatsiya
  3. Biom
  4. Agrosenoz

To‘g‘ri javob: Biom. Bir xil iqlim mintaqalaridagi ekosistemalar yig‘indisi biom deyiladi va biomlar faqat quruqlikda mavjud.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Tundra shimoliy yarimsharda taygadan shimolroqda joylashgan; II. Tundrada yerning muzdan erishi qisqa yoz davomida bir metrdan oshmaydi; III. Tundrada baland bo‘yli daraxtlar hukmronlik qiladi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. I va II matnga mos; tundrada daraxtlar uchramaydi, past bo‘yli butalar, lishayniklar va yo‘sinlar hukmron, shuning uchun III noto‘g‘ri.

Ignabargli daraxtlar qishda barglarini to‘kmasligining sababi nimada?
  1. Barglari qalin mumdan iborat kutikula bilan qoplangan
  2. Ularda suv bug‘latish umuman sodir bo‘lmaydi
  3. Barglari qalin tuklar qatlami bilan qoplangan
  4. Ildizlari muzlagan tuproqdan suvni oson o‘zlashtiradi

To‘g‘ri javob: Barglari qalin mumdan iborat kutikula bilan qoplangan. Ignabargli daraxtlar barglari qalin mumdan iborat kutikula bilan qoplangani uchun ularni to‘kmaydi.

Mo‘tadil iqlim o‘rmonlarida ayrim daraxtlar qishda nima sababdan barglarini to‘kadi?
  1. Tuproqda mineral tuzlar haddan ortiq to‘planadi
  2. Qishda fotosintez uchun yorug‘lik ortiqcha bo‘lib qoladi
  3. Muzlagan tuproqdan suv olish qiyin, yo‘qotilgan suv o‘rni to‘lmaydi
  4. Barglarini qalin kutikula og‘irlashtirib yuboradi

To‘g‘ri javob: Muzlagan tuproqdan suv olish qiyin, yo‘qotilgan suv o‘rni to‘lmaydi. Muzlagan tuproqdan suv o‘zlashtirish qiyin, bug‘latishda yo‘qotilgan suv o‘rni to‘lmaydi, shu sababli ayrim daraxtlar barg to‘kadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEkologik piramida qoidasi. Biomassa va energiya piramidasiKeyingi →Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning tabiiy ekosistemalari