XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 20-§.

Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning tabiiy ekosistemalari

Mavzular

Cho‘l ekotizimi iqlimi

Markaziy Osiyo region landshaftining fizik-geografik sharoiti xilma-xil. Markaziy Osiyo hududi dasht, chala cho‘l, cho‘l va tog‘ kabi tabiiy geografik zonalardan iborat.

Cho‘l ekotizimi. Cho‘l mintaqasi butun respublikamiz hududining 60% dan ko‘pini tashkil qilib, dengiz sathidan 400–500 m gacha bo‘lgan balandlikda joylashgan. Shimoliy-g‘arbiy hududlar cho‘l va chala cho‘llardan iborat bo‘lib, yozi quruq issiq, qishi sovuq, yog‘ingarchilik miqdorining kamligi bilan xarakterlanadi.

Biologik mahsuldorlikni cheklovchi omili namlikning kamligi hisoblanadi. Yog‘ingarchilikning yillik miqdori 200 mm dan oshmaydi, asosan yog‘ingarchilik qish-bahor faslida kuzatiladi. Harorat yozda +40+45°C ga yetadi. Cho‘l mintaqasida o‘simliklarning tarqalishi yillik yog‘in miqdoriga bog‘liq.

Cho‘l tuproqlari va o‘simliklari

Cho‘l mintaqasi tuprog‘ining xilma-xil bo‘lishi, o‘simliklarning xilma-xilligini belgilaydi.

Tuproqning strukturasiga ko‘ra sho‘rxok tuproqli cho‘l, qumli cho‘l, gipsli cho‘llar farqlanadi.

Cho‘l hayvonot dunyosi

Cho‘llarning hayvonot dunyosi ham o‘ziga xos. Cho‘l hayvonlari ham o‘simliklar kabi suvsizlikka yaxshi moslashgan. Cho‘lda yashovchi sudralib yuruvchilar, mayda kemiruvchilar suvsizlikka fiziologik va etologik jihatdan moslashgan.

Bu hayvonlar ichimlik suviga unchalik muhtoj emas, chunki ular organizmida iste’mol qilingan oziqning parchalanishi natijasida metabolik suv hosil bo‘ladi. Ularning siydigi juda konsentratsiyalashganligi uchun organizmdan suv kam ajraladi. Umurtqasiz hayvonlarning asosiy qismini hasharotlar tashkil qiladi va hayvonlarning ko‘pchiligi tungi hayvonlar hisoblanadi.

28-rasm. Cho‘l va chala cho‘l hayvonlari.
28-rasm. Cho‘l va chala cho‘l hayvonlari.

Cho‘llarda asosiy sutemizuvchilardan qo‘shoyoqlar, barxan mushugi, jayron, oqquyruq, olaqo‘zon, tulki, bo‘ri, chiyabo‘ri, yumronqoziq, qumsichqon, tipratikan; qushlardan xo‘jasavdogar, to‘rg‘ay, tentakqush, yo‘rg‘a tuvaloq, boyo‘g‘li, cho‘l moyqurti, qum chumchug‘i, so‘fito‘rg‘ay, yirtqich qushlardan tasqara, burgut kabilar yashaydi.

Sudralib yuruvchilardan echkemar, qum bo‘g‘ma iloni, kapcha ilon (Turkiston kobrasi), chipor ilon, o‘qilon, charxilon, kaltakesaklar, cho‘l toshbaqasi keng tarqalgan (28–29-rasmlar).

29-rasm. Cho‘l va chala cho‘l hayvonlari. Charxilon Oqquyruq
29-rasm. Cho‘l va chala cho‘l hayvonlari. Charxilon Oqquyruq

To‘qaylar

To‘qaylar daryo bo‘ylaridagi sernam yerlarda joylashgan daraxt, buta va o‘tlardan tashkil topgan chakalakzorlardan iborat. To‘qaylar daryo suvlari bilan chambarchas bog‘langan. O‘zbekistondagi eng katta to‘qaylar Sirdaryo bilan Amudaryo bo‘ylarida joylashgan.

To‘qaylarda o‘tlardan qamish, ro‘vak, shirinmiya, qo‘g‘a, yantoq keng tarqalgan; daraxt va butalardan esa turang‘il, yulg‘un, tol, jiyda kabilarni ko‘rsatish mumkin. Shuni ham aytish kerakki, Sirdaryo bilan Amudaryo suvlari kamayishi bilan uning bo‘yidagi to‘qaylar ham ancha qisqarib ketgan.

To‘qaylar daryo sohillarini (qirg‘oqni) yemirilishdan saqlaydi, cho‘llarning quruq havosini ma’lum darajada yumshatadi va uni kislorod bilan boyitadi. Bulardan tashqari, to‘qaylar turli mo‘ynali va boshqa foydali hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish uchun ham zarur.

To‘qaylarda sutemizuvchilardan to‘ng‘iz, to‘qay mushugi, bo‘rsiq, bo‘ri, chiyabo‘ri, tovushqon; qushlardan o‘rdak, g‘oz, churrak, kakku, baliqchi qush, birqozon, qirg‘ovul, qirg‘iy va boshqalar uchraydi.

Adirlar

Adirlar O‘zbekiston hududining dengiz sathidan 500–1200 m gacha bo‘lgan joylardir (30-rasm). Adirlarning tuprog‘i cho‘lga nisbatan unumdor, o‘simliklarning vegetatsiya davri birmuncha uzoq davom etadi. Bu mintaqada madaniy ekinlar sun’iy sug‘oriladi yoki lalmi ekinlar ekiladi.

30-rasm. Tog‘ tabiiy geografik zonalari.
30-rasm. Tog‘ tabiiy geografik zonalari.

Adir o‘simliklarining ko‘pchiligi chim hosil qilib o‘sadi. Bu xususiyat tuproqni suv, yog‘in, shamol eroziyasidan saqlaydi. Adirlarda bo‘yimodaron, andiz, shirach, lolaqizg‘aldoq, qo‘ziquloq, oqquray, marmarak, kakra kabi o‘simliklar o‘sadi.

Adirlarda kemiruvchilardan sichqon, kalamush, yumronqoziq; tuyoqlilardan: oqquyruq, jayron; sudralib yuruvchilardan: ilonlarning bir qancha turlari uchraydi. Cho‘lga xos bo‘lgan ba’zi turlar (cho‘l toshbaqasi, kaltakesak, sariq ilon, malla yumronqoziq, echkemar va boshqalar) adirning quyi qismida ham yashaydi.

Adirning balandlik mintaqasida qushlardan burgut, miqqiy, qirg‘iy, boltayutar, ilonburgut, ukki, boyo‘g‘li, bedana, kaklik, so‘fito‘rg‘ay uchraydi (31-rasm).

31-rasm. Adir hayvonlari.
31-rasm. Adir hayvonlari.

Tog‘ o‘rmonlari

Dengiz sathidan 1200–1600 metrdan 2700–2800 metrgacha balandlikda tog‘ o‘rmonlari joylashgan. Tog‘ o‘rmonlarida yong‘oq, olma, tog‘olcha, do‘lana, bodom, qatrong‘i, nok, archa, terak, qayin, kamxastak kabi daraxtlar; na’matak, uchqat, zirk, tobulg‘i, irg‘ay kabi butalar o‘sadi. Ko‘p yillik o‘tlar orasida lola, shirach, kavrak kabi muhofazaga molik turlar ham bor.

Tog‘ o‘rmonlarida o‘rmon sichqoni, tog‘ suvsari, qunduz, o‘rmon olmaxoni, qo‘ng‘ir ayiq, chipor sirtlon, silovsin, qoplon, yovvoyi qo‘y, tog‘ echkisi, to‘ng‘iz, bo‘ri, tulki, bo‘rsiq kabilar uchraydi. Qushlardan burgut, yapaloqqush, tasqara, kaklik, zarg‘aldoq kabilar yashaydi.

Yaylovlar

Respublikamiz hududidagi dengiz sathidan 2700–2800 m va undan baland bo‘lgan barcha yerlar – yaylovlardan iborat. Yaylovlarning havosi nihoyatda sovuq, doim kuchli shamol esadi. Shuning uchun bu yerda o‘sadigan daraxt va butalar past bo‘yli bo‘ladi.

Yaylovda yer bag‘irlab o‘sadigan daraxtlardan archa va butalardan irg‘ay, na’matak, uchqat kabilar toron, shuvoq, sutlama, sug‘uro‘t, betaga, sanchiqo‘t, yunona kabi ko‘p yillik o‘tlar, kirpio‘t va zirako‘t kabi yostiq hosil qilib o‘sadigan o‘simliklarni uchratish mumkin (32-rasm).

32-rasm. Qiziltikan.
32-rasm. Qiziltikan.

Yaylov mintaqasida yirik sutemizuvchilardan qo‘ng‘ir ayiq, ilvirs, tog‘ takasi, arxar, muflon, qoplon, bo‘ri; qushlardan boltayutar, tog‘ zog‘chasi kabilar yashaydi. Qishloq xo‘jaligining jadal rivojlanishi, archa o‘rmonlarining kesilishi kabi antropogen ta’sirlar tog‘oldi va tog‘ hududlarida biomlarning sezilarli buzilishlariga sabab bo‘lmoqda.

Bilimingizni sinang

O‘zbekiston hududining qancha qismini cho‘l mintaqasi tashkil qiladi?
  1. Taxminan 40% ini
  2. 60% dan ko‘pini
  3. Taxminan 10% ini
  4. Taxminan 25% ini

To‘g‘ri javob: 60% dan ko‘pini. Cho‘l mintaqasi respublika hududining 60% dan ko‘pini tashkil qiladi.

Cho‘l mintaqasida yillik yog‘ingarchilik miqdori necha mm dan oshmaydi va asosan qaysi faslda kuzatiladi?
  1. 500 mm; qish-bahor faslida
  2. 200 mm; qish-bahor faslida
  3. 500 mm; yoz faslida
  4. 200 mm; yoz-kuz faslida

To‘g‘ri javob: 200 mm; qish-bahor faslida. Yillik yog‘in 200 mm dan oshmaydi va asosan qish-bahor faslida yog‘adi.

Cho‘l mintaqasida biologik mahsuldorlikni cheklovchi asosiy omil qaysi?
  1. Yoritilganlikning pastligi
  2. Tuproqdagi kislorod miqdori
  3. Namlikning kamligi
  4. Yoz haroratining pastligi

To‘g‘ri javob: Namlikning kamligi. Cho‘lda biologik mahsuldorlikni cheklovchi omil namlikning kamligi, o‘simliklar tarqalishi yog‘inga bog‘liq.

Cho‘l turlarini ularga xos o‘simliklar bilan moslang: 1) Sho‘rxok tuproqli cho‘l; 2) Qum tuproqli cho‘l; 3) Gipsli cho‘l. a) saksovul, sag‘an, juzg‘un; b) seret baliqko‘z, qizil sho‘ra; c) qora boyalich, buyurg‘un.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Sho‘rxokda shiraga boy o‘simliklar, qumda kserofitlar (saksovul), gipsli cho‘lda qora boyalich, buyurg‘un o‘sadi.

Cho‘l hayvonlari organizmidan suv nima uchun kam ajraladi?
  1. Ular faqat tunda nafas oladi
  2. Ular terlash orqali ko‘p suv ajratadi
  3. Ularning siydigi juda konsentratsiyalashgan
  4. Ularning a’zolari suvni umuman o‘zlashtirmaydi

To‘g‘ri javob: Ularning siydigi juda konsentratsiyalashgan. Siydigi juda konsentratsiyalashgani sababli organizmdan suv kam ajraladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Cho‘lda umurtqasiz hayvonlarning asosiy qismini hasharotlar tashkil qiladi; II. Cho‘l hayvonlarining ko‘pchiligi kunduzgi hayot kechiradi; III. Sudralib yuruvchilar va mayda kemiruvchilar suvsizlikka fiziologik va etologik moslashgan.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. I va III to‘g‘ri; cho‘l hayvonlarining ko‘pchiligi tungi hisoblanadi, shuning uchun II noto‘g‘ri.

Cho‘llarda keng tarqalgan Turkiston kobrasi qaysi ilon nomi bilan ham ataladi?
  1. O‘qilon
  2. Qum bo‘g‘ma iloni
  3. Chipor ilon
  4. Kapcha ilon

To‘g‘ri javob: Kapcha ilon. Turkiston kobrasi – kapcha ilon.

O‘zbekistondagi eng katta to‘qaylar qaysi daryolar bo‘ylarida joylashgan?
  1. Chirchiq va Ohangaron
  2. Sirdaryo va Amudaryo
  3. Surxondaryo va Sherobod
  4. Zarafshon va Qashqadaryo

To‘g‘ri javob: Sirdaryo va Amudaryo. Eng katta to‘qaylar Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylarida joylashgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTabiiy ekosistemalarKeyingi →Sun’iy ekosistemalar