Biosfera chegaralari
Mavzular
Biosfera chegaralari
Biosfera chegaralari. Biosfera ma’lum chegaralarga ega bo‘lib, bu chegaralar hayotni ta’minlovchi shart-sharoitlar bilan belgilanadi. Hayotni ta’minlovchi shart-sharoitlarga tirik organizmlar hayot faoliyati uchun qulay harorat, yorug‘lik, yetarli miqdorda suv, kislorod, karbonat angidrid gazi va boshqa mineral moddalarning mavjudligi kabilar kiradi. Bu shart-sharoitlar Yer sharining uchta qobig‘i: atmosfera, litosfera va gidrosfera tutashgan joyda yuzaga keladi. Biosfera litosferaning yuqori qatlamini, gidrosferaning barcha qatlamlarini va atmosferaning quyi qatlamini o‘z ichiga oladi (37-rasm).

Atmosfera va ozon qatlami
Atmosfera – bu Yer sayyorasining gazsimon qobig‘i (4-jadval). Uning hamma qismida ham hayot mavjud emas, chunki ultrabinafsha nurlari radiatsiyasi bunga to‘sqinlik qiladi. Biosferaning yuqori chegarasi atmosferaning ozon qatlamida joylashgan. U 20–25 km gacha bo‘lib, u yerda 99% ultrabinafsha nurlari yutiladi.
4-jadval Atmosferaning gaz tarkibi
- Azot – 78 %
- Kislorod – 21 %
- Argon – 1 % dan kam
- Karbonat angidrid – 0,04 % ga yaqin
Parnik effekti
Atmosfera tarkibidagi suv bug‘lari, karbonat angidrid, metan, azot oksid gazlari parnik (issiqxona) effektini hosil qilib, atmosferaning quyi qatlamlarining isishiga sabab bo‘ladi. Parnik effekti tufayli atmosfera Yer yuziga quyosh nurlarini o‘tkazadi va undan qaytgan issiqlik nurlari atmosferaga yutiladi. Biosfera tarkibiga atmosferaning eng quyi qatlamlari kiradi. Hayot litosfera va gidrosfera bilan bevosita bog‘liq. Ayrim ulkan daraxtlarning bo‘yi bir necha o‘n metr balandlikkacha yetadi. Ayrim yirtqich qushlar Yer yuzidan 2–3 km balandlikkacha ko‘tarilib o‘z o‘ljasini izlaydi. Bakteriyalar, o‘simliklar, zamburug‘larning sporalari havo oqimlari bilan o‘nlab km balandlikkacha ko‘tariladi. Ammo sanab o‘tilgan organizmlar atmosferada vaqtincha bo‘ladi.
Troposfera
Hayotning atmosferada tarqalish chegarasi atmosferaning quyi qatlami – troposfera bilan chegaralanadi.
Troposferaning balandligi qutblarda 8–10 km, ekvatorda esa 18–20 km ni tashkil etadi.
Troposferada atmosfera massasining 80% i va suv bug‘larining deyarli hammasi jamlangan. Troposferada havo harorati balandlikka ko‘tarilgan sari har 100 m dan keyin 0,6°C ga pasayib, eng yuqori chegarasida esa –45–55°C ni tashkil etadi. Troposferada tuman, yomg‘ir, qor, chaqmoq, dovullar va boshqa tabiat hodisalari sodir bo‘ladi. Tog‘larda 6 km dan balandda karbonat angidrid gazining konsentratsiyasi juda past bo‘lgani va suv yo‘qligi sababli o‘simliklar o‘smaydi.
Stratosfera va yuqori qatlamlar
Troposferadan yuqorida stratosfera qatlami joylashgan bo‘lib, 50–55 km balandlikkacha yetadi. Stratosferada havoning zichligi va bosimi juda past. Stratosferada ozon qatlami joylashgan bo‘lib, u Yerni ultrabinafsha nurlardan himoya qiladi.
Ozon qatlami biosferaning eng yuqori chegarasi hisoblanadi. 20–22 km balandlikda ozonning (O3) konsentratsiyasi maksimal darajada bo‘ladi. Ozon molekulalari sayyoramiz atrofida o‘ziga xos qobiq hosil qilib, tirik organizmlarni ultrabinafsha nurlarining halokatli ta’siridan himoya qiladi. Ozon qatlamidan yuqorida hayot mavjud bo‘lishi mumkin emas.
Stratosferadan so‘ng mezosfera (80 km balandlikkacha), termosfera – ionosfera (80 km dan 800 km gacha) va ekzosfera (800 km dan baland) joylashgan bo‘lib, gazlar konsentratsiyasining pastligi va beqaror harorat bilan farqlanadi. Mezosferada –90°C gacha sovuq, termosferada esa +1000 dan +2000°C gacha issiq.
Gidrosfera
Gidrosfera – Yerning suvli qobig‘i bo‘lib, u sayyoramizdagi barcha suv zaxiralarini o‘zida mujassamlashtirgan va Yer yuzasining 70% ini egallaydi. Yer yuzidagi barcha suvlarning 96,4% ini dunyo okeani, 3% dan ko‘prog‘ini yerusti va yerosti chuchuk suv havzalari tashkil etadi. Chuchuk suvning 2/3 qismi Arktika, Antarktida, shuningdek, turli qit’alarning tog‘ cho‘qqilari muzliklarida to‘plangan.
Biosferada gidrosfera muhim o‘rin tutadi, u Yerda hayotning barqarorligini ta’minlovchi asosiy manba sanaladi. Iqlim sharoitining mo‘tadilligi va suvning davriy aylanishini ta’minlaydi.
Gidrosferada hayot
Gidrosferaning barcha qatlamlarida hayot mavjud. V.I.Vernadskiy biosfera chegarasini okean tubidan sal pastroqdan o‘tkazgan, chunki okean tubi tirik organizmlar hayot faoliyati natijasidir. Plankton, nekton, bentos organizmlaridan tashkil topgan organizmlar jamoalari 10 km chuqurlikkacha tarqalgan. Dunyo okeanining eng chuqur joyi Tinch okeanidagi Mariana botig‘i (11 km) hisoblanadi.
O‘simliklar va o‘simliklar bilan oziqlanadigan hayvonlar okeanning yuqori qatlamlarida – 300 m gacha bo‘lgan chuqurlikda yashaydi. Bu esa avtotrof organizmlar uchun zarur yorug‘likning yetarli miqdorda suv orqali o‘tishi bilan bog‘liq.
Suv muhitida hayvon turlari son jihatdan o‘simliklarga nisbatan ko‘p. O‘simliklar suv muhitining yorug‘lik yetib boradigan qismlarida tarqalgan.
Litosferada hayot
Litosfera – Yerning qattiq qobig‘i. Tirik organizm turlarining ko‘pchiligi litosferaning bir necha o‘n santimetr chuqurlikdagi yuqori qatlamida yashaydi. Ayrim turlar esa bir necha o‘n metr chuqurlikkacha kirib borishlari mumkin (krot, chuvalchanglar, bakteriyalar, o‘simliklarning ildizlari). Litosferaning ayrim bakteriyalar topilgan eng chuqur qismi (yerosti suvlarida va neft quduqlarida) 3–4 km ni tashkil etadi.
Litosferada hayot chuqurlik ortgan sari kamayib boradi. Litosferada yorug‘likning kamligi, yuqori darajadagi harorat va zichlikning kattaligi tirik organizmlarning hayotini cheklovchi omil sanaladi. Har 100 m chuqurlikda harorat +3°С ga ortadi. Chuqurlik ortgan sari harorat ko‘tarilib boradi va +100°C da suv bug‘ga aylanadi. Shuning uchun litosferada tirik organizmlar tarqalishining quyi chegarasi uch kilometr chuqurlikda, harorat +100°C ga yetgan joy bilan belgilanadi. Litosferaning yuqori qatlamida tuproq hosil bo‘ladi. Litosferadagi tirik organizmlarning ko‘pchiligi aynan tuproqda yashaydi.
Shunday qilib, tirik organizmlarning ancha qismi atmosfera va litosfera, atmosfera va gidrosfera chegaralarida yashab, sayyoramizning «hayot qobig‘i»ni hosil qiladi.
Bilimingizni sinang
Biosferada hayot uchun zarur shart-sharoitlar Yerning qaysi qobiqlari tutashgan joyda yuzaga keladi?
- Gidrosfera, litosfera va ekzosfera
- Litosfera, stratosfera va gidrosfera
- Atmosfera, mezosfera va gidrosfera
- Atmosfera, litosfera va gidrosfera
To‘g‘ri javob: Atmosfera, litosfera va gidrosfera. Hayot shart-sharoitlari atmosfera, litosfera va gidrosfera tutashgan joyda yuzaga keladi.
Nima uchun atmosferaning hamma qismida hayot mavjud emas?
- Chunki u yerda suv bug‘lari juda ko‘p
- Chunki u yerda kislorod umuman bo‘lmaydi
- Chunki litosfera bilan chegaradosh emas
- Chunki ultrabinafsha nurlari radiatsiyasi bunga to‘sqinlik qiladi
To‘g‘ri javob: Chunki ultrabinafsha nurlari radiatsiyasi bunga to‘sqinlik qiladi. Atmosferaning yuqori qismlarida ultrabinafsha nurlari radiatsiyasi hayotga to‘sqinlik qiladi.
Biosferaning yuqori chegarasi joylashgan ozon qatlamida ultrabinafsha nurlarning necha foizi yutiladi?
- 90 %
- 99 %
- 75 %
- 50 %
To‘g‘ri javob: 99 %. Ozon qatlamida ultrabinafsha nurlarining 99% i yutiladi.
Qaysi gazlar atmosferada parnik (issiqxona) effektini hosil qilib, quyi qatlamlarning isishiga sabab bo‘ladi?
- Azot, kislorod, argon va vodorod
- Azot, argon, ozon va xlor
- Suv bug‘lari, karbonat angidrid, metan, azot oksid
- Kislorod, argon, geliy va neon
To‘g‘ri javob: Suv bug‘lari, karbonat angidrid, metan, azot oksid. Parnik effektini suv bug‘lari, karbonat angidrid, metan va azot oksid gazlari hosil qiladi.
Troposferaning balandligi qutblarda va ekvatorda mos ravishda qancha?
- 50–55 km va 80 km
- 18–20 km va 8–10 km
- 8–10 km va 18–20 km
- 3–4 km va 10–12 km
To‘g‘ri javob: 8–10 km va 18–20 km. Troposfera qutblarda 8–10 km, ekvatorda 18–20 km balandlikkacha yetadi.
Troposferada havo harorati har 100 m balandlikda 0,6°C ga pasayadi. Yer yuzasida +15°C bo‘lsa, 2000 m balandlikda harorat necha °C bo‘ladi?
- +27°C
- +3°C
- –3°C
- +12°C
To‘g‘ri javob: +3°C. 2000 m = 20 ta 100 m; pasayish 20 · 0,6 = 12°C; harorat 15 – 12 = +3°C.
Atmosfera massasining 80% i va suv bug‘larining deyarli hammasi qaysi qatlamda jamlangan?
- Troposferada
- Termosferada
- Stratosferada
- Mezosferada
To‘g‘ri javob: Troposferada. Atmosfera massasining 80% i va suv bug‘larining deyarli hammasi troposferada jamlangan.
Tog‘larda 6 km dan balandda o‘simliklar nima sababdan o‘smaydi?
- Ultrabinafsha nurlari butunlay yutilib ketadi
- Kislorod ozon qatlamiga aylanib ketadi
- Havo harorati +100°C ga yetadi
- Karbonat angidrid konsentratsiyasi juda past va suv yo‘q
To‘g‘ri javob: Karbonat angidrid konsentratsiyasi juda past va suv yo‘q. Bu balandlikda CO2 konsentratsiyasi juda past va suv yo‘qligi sababli o‘simliklar o‘smaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash