XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 24-§.

Biosfera darajasining xususiyatlari

Mavzular

Biosfera tushunchasi

Biosfera darajasi sayyoramizdagi barcha tirik organizmlar va ularning yashash muhitini qamrab olgan yaxlit sistema hisoblanadi. Yerda hayotning paydo bo‘lishi va rivojlanishi biosfera tarkibi va strukturasining shakllanishiga olib keldi. Ekologik nuqtayi nazardan biosfera Yer sayyorasidagi barcha ekosistemalarni birlashtiradigan, to‘xtovsiz moddalar va energiya almashinuvi sodir bo‘ladigan global ekosistemadir.

Biosfera ta’limoti tarixi

«Hayot qobig‘i» haqidagi dastlabki fikrlar J.B.Lamark nomi bilan bog‘liq. Biosfera atamasi birinchi bo‘lib fanga 1875-yili avstriyalik olim Eduard Zyuss tomonidan kiritilgan. Akademik V.I.Vernadskiy biosfera haqidagi ta’limotni yaratgan (36-rasm). Bu ta’limotga asosan, biosfera – tabiatdagi barcha tirik organizmlar va ular qoldiqlari, atmosfera, gidrosfera, litosferaning tirik organizmlar yashaydigan yoki ular hayotiy faoliyati izlariga ega qismlarini o‘z ichiga oladi.

36-rasm. Vladimir Ivanovich Vernadskiy (1863–1945), tabiatshunos olim, biosfera va noosfera ta’limoti asoschisi.
36-rasm. Vladimir Ivanovich Vernadskiy (1863–1945), tabiatshunos olim, biosfera va noosfera ta’limoti asoschisi.

Vernadskiy ta’limoti

Biosferani o‘rganish geologik jarayonda hayotning va tirik moddaning ahamiyatini tushunib yetishga sabab bo‘ldi. Yerning hozirgi qiyofasi, uning atmosferasi, cho‘kindi jinslar, landshaftlarning barchasi tirik organizmlar hayot faoliyatining natijasidir. V.I.Vernadskiy: «Biosfera geologik va biologik rivojlanishning hamda biogen va abiogen moddalarning o‘zaro ta’siri natijasidir», deb ta’kidlagan. Biosfera bir tomondan tirik organizmlarning yashash muhiti bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa tirik organizmlarning hayotiy faoliyati mahsulidir.

Yer sayyorasining holati ko‘p jihatdan unda yashaydigan tirik organizmlar hayotiy faoliyati bilan bog‘liq. Tirik organizmlar tomonidan amalga oshiriladigan modda va energiya almashinuvi Yer sayyorasi holatining turg‘unligini ta’minlovchi omil sanaladi. V. I. Vernadskiy biosfera hosil bo‘lishida inson faoliyatining o‘rnini alohida ta’kidlagan.

Biosfera darajasi xususiyatlari

Hayotning har bir darajasi o‘ziga xos tarkibi, xususiyatlari, qonuniyatlari bilan tavsiflanadi. Bu jihatdan biosfera darajasi hayotning eng murakkab tuzilgan, eng yuqori darajasi hisoblanadi. Biosfera darajasining komponentlari, ya’ni tuzilish birligi biogeotsenozlar sanaladi.

Biosfera darajasida modda va energiyaning davriy aylanishi kuzatiladi.

Biosferaning barqarorligi unda kechadigan barcha jarayonlarning tartibliligida, ya’ni biosferani tashkil etuvchi tirik organizmlarning o‘zaro murakkab munosabatlari xilma-xilligida, moddalar davriy aylanishining dinamik muvozanatida namoyon bo‘ladi.

Biosferaning vazifasi va global jarayonlar

Biosferaning asosiy vazifasi Yerdagi hayot shakllarining xilma-xilligini va ularning uzoq davr mobaynida saqlanishini ta’minlashdan iborat. Biosfera darajasining asosiy yo‘nalishi biologik xilma-xillikning saqlanishi orqali biosferaning dinamik barqarorligini ta’minlashdan iborat. Biosfera darajasida Yerdagi hayotiy jarayonlarning davomiyligini ta’minlaydigan muhim global jarayonlar sodir bo‘ladi. Ularga misol qilib, quyosh energiyasining uzluksiz qabul qilinishi, o‘simliklar tomonidan erkin kislorodning hosil bo‘lishi, ozon qatlamining mavjudligi va karbonat angidrid gazi miqdorining doimiy saqlanishi, tirik organizmlarning zarur kimyoviy moddalar bilan ta’minlanishi hamda turlar va ekotizimlar biologik xilma-xilligining rivojlanishi uchun yetarli shart-sharoitlarning mavjudligini olish mumkin.

Biosfera darajasi va zamonaviy muammolar

Biosfera tiriklikning eng yuksak darajasi ekanligini to‘liq tushunish uchun uni tashkil etuvchi komponentlar – biogeotsenozlarning hamda shu biogeotsenozlar tarkibiga kiruvchi xilma-xil turlar va populatsiyalarning xususiyatlarini anglab yetish zarur.

Zamonaviy biologiya biosfera darajasida umumbashariy muammolarni, masalan, Yer sayyorasi o‘simliklar qoplami tomonidan kislorod ajralishi intensivligini aniqlash, atmosfera tarkibidagi karbonat angidrid gazi konsentratsiyasining inson faoliyati bilan bog‘liq holda o‘zgarishi, Yer yuzida biologik xilma-xillikning hamda biosferaning dinamik va barqaror holatini saqlab qolishga qaratilgan muammolarni hal etadi.

Bilimingizni sinang

Biosfera atamasini fanga birinchi bo‘lib kim va qachon kiritgan?
  1. V.I.Vernadskiy, 1875-yil
  2. J.B.Lamark, 1875-yil
  3. Eduard Zyuss, 1665-yil
  4. Eduard Zyuss, 1875-yil

To‘g‘ri javob: Eduard Zyuss, 1875-yil. Atamani 1875-yili avstriyalik olim Eduard Zyuss kiritgan.

«Hayot qobig‘i» haqidagi dastlabki fikrlar qaysi olim nomi bilan bog‘liq?
  1. J.B.Lamark
  2. Ch.Darvin
  3. V.I.Vernadskiy
  4. Eduard Zyuss

To‘g‘ri javob: J.B.Lamark. Dastlabki fikrlar J.B.Lamark nomi bilan bog‘liq.

Biosfera darajasining komponentlari, ya’ni tuzilish birligi nima hisoblanadi?
  1. Organizmlar
  2. Populyatsiyalar
  3. Alohida turlar
  4. Biogeotsenozlar

To‘g‘ri javob: Biogeotsenozlar. Biosfera darajasining tuzilish birligi biogeotsenozlardir.

Hayotning boshqa darajalariga nisbatan biosfera darajasi qanday daraja hisoblanadi?
  1. Eng murakkab tuzilgan, eng yuqori daraja
  2. Populyatsiya darajasidan quyi, lekin turdan yuqori daraja
  3. Eng sodda tuzilgan, eng quyi daraja
  4. Hujayra va to‘qima oralig‘idagi o‘rta daraja

To‘g‘ri javob: Eng murakkab tuzilgan, eng yuqori daraja. Biosfera hayotning eng murakkab, eng yuqori darajasidir.

Vernadskiy ta’limotiga ko‘ra biosferaga qaysi qobiqlarning tirik organizmlar yashaydigan qismlari kiradi?
  1. Atmosfera, gidrosfera va litosfera
  2. Atmosfera, litosfera va mantiya
  3. Gidrosfera, litosfera va magma
  4. Atmosfera, gidrosfera va yer yadrosi

To‘g‘ri javob: Atmosfera, gidrosfera va litosfera. Biosfera atmosfera, gidrosfera, litosferaning tirik organizmlar yashaydigan qismlarini o‘z ichiga oladi.

V.I.Vernadskiy biosferani qanday jarayonlar natijasi deb ta’kidlagan?
  1. Geologik va biologik rivojlanishning hamda biogen va abiogen moddalarning o‘zaro ta’siri natijasi
  2. Faqat tirik organizmlar sonining ortishi natijasi
  3. Quyosh energiyasining atmosferaga ta’siri natijasi
  4. Faqat abiogen moddalar o‘zgarishi natijasi

To‘g‘ri javob: Geologik va biologik rivojlanishning hamda biogen va abiogen moddalarning o‘zaro ta’siri natijasi. Vernadskiy biosferani geologik va biologik rivojlanish, biogen va abiogen moddalar o‘zaro ta’siri natijasi deb bilgan.

Biosferaning asosiy vazifasi nimadan iborat?
  1. Faqat o‘simliklar sonini ko‘paytirish
  2. Hayot shakllari xilma-xilligi va ularning uzoq davr saqlanishini ta’minlash
  3. Atmosfera tarkibini butunlay o‘zgartirib turish
  4. Yer yuzasidagi cho‘kindi jinslarni hosil qilish

To‘g‘ri javob: Hayot shakllari xilma-xilligi va ularning uzoq davr saqlanishini ta’minlash. Asosiy vazifa hayot shakllari xilma-xilligini va uzoq davr saqlanishini ta’minlashdir.

Biosferaning barqarorligi qaysi omillarda namoyon bo‘ladi?
  1. Organizmlar o‘zaro munosabatining yo‘qligida va moddalar aylanishining to‘xtashida
  2. Organizmlarning o‘zaro munosabatlari xilma-xilligida va moddalar davriy aylanishining dinamik muvozanatida
  3. Faqat inson faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan abiogen jarayonlarda
  4. Faqat bitta tur ustunligida va energiya almashinuvining yo‘qligida

To‘g‘ri javob: Organizmlarning o‘zaro munosabatlari xilma-xilligida va moddalar davriy aylanishining dinamik muvozanatida. Barqarorlik tirik organizmlar munosabatlari xilma-xilligida va moddalar aylanishi muvozanatida ko‘rinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiInson ekologiyasiKeyingi →Biosfera chegaralari