Biosferadagi tirik moddaning xususiyatlari va funksiyalari
Mavzular
Tirik modda va harakat
Tirik modda – qaysi sistematik birlikka mansubligidan qat’i nazar biosferaning barcha tirik organizmlari yig‘indisidir.
V.I. Vernadskiyning biosfera haqidagi ta’limotida tirik modda tushunchasi va tirik moddaning biosferadagi roli to‘g‘risidagi g‘oyalar asosiy o‘rin tutadi.
Tirik moddaning xususiyatlari. Tirik modda notirik moddadan farq qilib, bir qancha o‘ziga xos xususiyatlarga ega:
- 1. Tirik organizmlar harakatlanish, o‘sish va ko‘payish orqali muhitda tez tarqalish va muhitning yashash mumkin bo‘lgan barcha bo‘shliqlarini egallash xususiyatiga ega. Harakatlanish orqali tirik organizmlar organik moddalar va energiyaning bir joydan boshqa joyga ko‘chishini ta’minlaydi. V.I.Vernadskiy tirik moddaning faol va passiv harakatini farqlaydi. Organizmlarning energiya sarfi hisobiga mustaqil harakatlanishi faol harakat hisoblanadi. Masalan, baliqlar suv oqimiga qarshi suzadi, qushlar Yerning tortish kuchini yengib uchadi. Tabiiy kuchlar (Yerning tortish kuchi, gravitatsiya) ta’sirida harakatlanish passiv harakat hisoblanadi.
Tirik moddaning boshqa xususiyatlari
- 2. Tirik organizmlarning hayotiy jarayonlari, kimyoviy reaksiyalar tartibli ravishda kechadi, reaksiyalar tezligi katta bo‘lib, bu mazkur jarayonda ishtirok etadigan fermentlarning faolligi bilan bog‘liq.
- 3. Tirik modda evolutsion yuksalish xususiyatiga ega.
- 4. Tirik modda adaptatsiya xususiyatiga ega, ya’ni tashqi muhit sharoitlariga yuksak darajada moslashadi.
- 5. Tirik moddada hosil bo‘ladigan kimyoviy bog‘lar o‘zida katta energiya saqlaydi. Shuning uchun ham tirik modda quyosh energiyasini transformatsiya qiladi va o‘zida to‘playdi.
- 6. Tirik modda morfologik va kimyoviy xilma-xilligi bilan ta’riflanadi, ko‘payish xususiyati tufayli avlodlar almashinadi, ya’ni yangilanadi.
- 7. Tirik modda alohida individlardan iborat, individlar populatsiyalarni, har xil populatsiyalar esa biotsenozlarni hosil qiladi (42-rasm).

Tirik organizmlar biosferani o‘zgartirishga qodir faol kuchdir.
Energetik funksiya
Tirik moddaning funksiyalari. V.I.Vernadskiy tirik modda biosferani o‘zgartiruvchi kuch sifatida asosiy rol bajaradi, deb hisoblaydi. U o‘zining mashhur «Biosfera» asarida tirik moddaning funksiyalarini ko‘rib chiqadi. Hozirgi vaqtda biosferaning quyidagi funksiyalari farqlanadi.
Energetik funksiya tirik organizmlarning quyosh energiyasini o‘zlashtirib, uni organik moddalarning kimyoviy bog‘lar energiyasiga aylantirishi va oziq zanjiri bo‘ylab o‘tkazishida namoyon bo‘ladi. Tirik modda Yer va koinotni fotosintez jarayoni orqali bog‘laydi. Energetik funksiya tufayli ekotizimlarda yo‘qotilgan energiya o‘rnining qoplanishi va biosferada hayot davomiyligi ta’minlanadi. Tirik moddada to‘plangan energiya hisobiga Yer yuzidagi barcha hayotiy jarayonlar amalga oshiriladi. Energiya qisman issiqlik ko‘rinishida tarqalsa, qisman qazilma ko‘rinishida to‘planadi (torf, neft, toshko‘mir va h.k).
Konsentratsiyalash funksiyasi
Konsentratsiyalash funksiyasi tirik organizmlarning hayotiy jarayonlarida ayrim moddalarni to‘plash xususiyatida namoyon bo‘ladi. Bu funksiya tufayli tirik organizmlar tashqi muhitdan biogen elementlarni o‘zlashtiradi va to‘playdi. Tirik modda tarkibida vodorod, uglerod, azot, kislorod, natriy, magniy, kremniy, oltingugurt, xlor, kaliy, kalsiy miqdori anorganik tabiatga nisbatan yuqori bo‘ladi. Tirik organizmlarda uglerod miqdori ko‘p. Metallar orasida miqdori jihatdan kalsiy birinchi o‘rinni egallaydi. Ohaktosh konlari hayvonlarning ohakdan iborat skeleti qoldiqlari hisoblanadi. Bulutlar, diatom suvo‘tlar, nursimonlar kremniy to‘playdi, qo‘ng‘ir suvo‘tlarda yod, umurtqali hayvonlar skeletida esa fosfor ko‘p miqdorda to‘planadi.
Destruktiv funksiya
Destruktiv funksiyasi nobud bo‘lgan organizmlar tarkibidagi organik birikmalarning parchalanishi va minerallashuvi, tog‘ jinslarining yemirilishi, hosil bo‘lgan mineral moddalarning biokimyoviy aylanishga – biogen migratsiyaga jalb etilishi kabi jarayonlarda namoyon bo‘ladi. Natijada biogen moddalar hamda biogen va abiogen hosil bo‘luvchi moddalar paydo bo‘ladi. Tog‘ jinslarining yemirilishi muhim jarayon hisoblanadi, chunki tirik moddaning destruktiv funksiyasi tufayli litosferadan ajralgan mineral moddalar davriy aylanishga qo‘shiladi. Bakteriyalar, ko‘k-yashil suvo‘tlar, zamburug‘lar, lishayniklar tog‘ jinslarini kimyoviy moddalar yordamida yemiradi. Organik birikmalarning minerallashuvi tufayli hosil bo‘lgan kalsiy, kaliy, natriy, fosfor, kremniy kabi biogen elementlar moddalarning biokimyoviy aylanishiga qo‘shiladi.
Muhit yaratish funksiyasi
Muhit yaratish funksiyasi muhit (litosfera, gidrosfera, atmosfera)ning fizik-kimyoviy xususiyatlarini o‘zgartirish orqali tirik organizmlar yashashi uchun qulay sharoit yaratish bilan belgilanadi. Ushbu funksiya yuqorida ko‘rib o‘tilgan energetik va destruktiv funksiyalar bilan bog‘liq. Aynan shu funksiya natijasida quyidagi muhim hodisalar ro‘y bergan: birlamchi atmosferaning gaz tarkibi va birlamchi okean suvining tarkibi o‘zgardi, litosferada cho‘kindi jinslar qatlami, quruqliklarda esa unumdor tuproq qatlami hosil bo‘ldi.
Gaz almashinish va oksidlanish-qaytarilish
Gaz almashinish funksiyasi tirik organizmlar tomonidan gazsimon moddalarni o‘zlashtirilishi va ajratilishi orqali atmosferaning gaz tarkibi doimiyligini saqlab turishda aks etadi. Kislorod fotosintez jarayonida, karbonat angidrid esa nafas olish jarayonida ajraladi. Yer ostida hosil bo‘ladigan metan gazi metan hosil qiluvchi bakteriyalar tomonidan organik birikmalarning parchalanishi natijasida hosil bo‘ladi. Tirik moddaning gaz almashinuv funksiyasiga destruktiv va muhit yaratish funksiyalarining yig‘indisi sifatida ham qarash mumkin.
Oksidlanish-qaytarilish funksiyasi tirik organizmlarda sodir bo‘ladigan kimyoviy moddalarning oksidlanishi va qaytarilishi jarayonlarida aks etadi. Masalan, fotosintez jarayonida karbonat angidrid gazi uglevodgacha qaytarilsa, nafas olish jarayonida esa uglevodlar karbonat angidrid va suvgacha oksidlanadi. Xemosintezlovchi temir bakteriyalari faoliyatida temir atomining oksidlanish darajasi o‘zgaradi. Oksidlanish-qaytarilish funksiyasi tirik moddaga xos muhit yaratish funksiyasining bir ko‘rinishidir.
Transport funksiyasi
Transport funksiyasi moddalarning og‘irlik kuchiga qarshi va gorizontal yo‘nalishda bir joydan boshqa joyga ko‘chishidir. Ma’lumki, sayyoramizda moddalarning harakatini Yerning tortish kuchi belgilaydi. Anorganik moddalar qiyalik bo‘ylab o‘z-o‘zidan yuqoridan pastga harakatlanadi. Daryolar, muzliklar, qor ko‘chkilari shunday harakatlanadi. Tirik modda esa pastdan yuqoriga, okeanlardan quruqlik tomonga harakatlana oladi. Faol harakat tufayli tirik organizmlar ishtirokida turli moddalarning va atomlarning migratsiyasi sodir bo‘ladi. Tirik modda yordamida kimyoviy moddalarning migratsiyasini V.I. Vernadskiy atomlarning biogen migratsiyasi deb atagan.
Shunday qilib, tirik modda biosferadagi barcha jarayonlarda ishtirok etadi, muhitni tubdan o‘zgartira oladi.
Bilimingizni sinang
V.I.Vernadskiy ta’limotiga ko‘ra, qaysi harakat faol harakat hisoblanadi?
- Gravitatsiya ta’sirida pastga tushish
- Yerning tortish kuchi ta’sirida harakatlanish
- Tabiiy kuchlar ta’sirida oqim bilan ko‘chish
- Organizmlarning energiya sarfi hisobiga mustaqil harakatlanishi
To‘g‘ri javob: Organizmlarning energiya sarfi hisobiga mustaqil harakatlanishi. Energiya sarflab mustaqil harakatlanish faol, tabiiy kuchlar ta’siridagi harakat esa passiv harakatdir.
Quyidagi misollardan qaysi biri tirik moddaning faol harakatiga kiradi?
- Baliqlarning suv oqimiga qarshi suzishi
- Daryo oqimining pastga oqishi
- Muzlikning siljishi
- Qor ko‘chkisining tushishi
To‘g‘ri javob: Baliqlarning suv oqimiga qarshi suzishi. Baliq va qushlar energiya sarflab, tortish kuchi yoki oqimga qarshi mustaqil harakatlanadi.
Tirik organizmlarda kimyoviy reaksiyalar tezligining katta bo‘lishi qaysi omil bilan bog‘liq?
- Gormonlarning kam miqdorda ajralishi
- Tashqi muhit haroratining doimiyligi
- Fermentlarning faolligi
- Kimyoviy bog‘larning kuchsizligi
To‘g‘ri javob: Fermentlarning faolligi. Reaksiyalar tezligi jarayonda ishtirok etuvchi fermentlarning faolligiga bog‘liq.
Nima uchun tirik modda quyosh energiyasini transformatsiya qilib, o‘zida to‘plashga qodir?
- Tirik moddada hosil bo‘ladigan kimyoviy bog‘lar katta energiya saqlaydi
- Uning hujayralarida fotosintez faqat tunda kechadi
- U Yerning tortish kuchiga bo‘ysunadi
- U faqat passiv harakatlanadi
To‘g‘ri javob: Tirik moddada hosil bo‘ladigan kimyoviy bog‘lar katta energiya saqlaydi. Tirik moddadagi kimyoviy bog‘lar o‘zida katta energiya saqlaydi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Tirik modda evolutsion yuksalish xususiyatiga ega; II. Tirik modda tashqi muhit sharoitlariga yuksak darajada moslashadi; III. Individlar biotsenozlarni, populatsiyalar esa ekotizimlarni hosil qiladi.
- II va III
- Faqat I
- I va III
- I va II
To‘g‘ri javob: I va II. Individlar populatsiyalarni, populatsiyalar esa biotsenozlarni hosil qiladi; III hukm xato.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Energiya faqat issiqlik ko‘rinishida tarqaladi, qazilma bo‘lib to‘planmaydi; II. Tirik modda Yer va koinotni fotosintez orqali bog‘laydi; III. Energetik funksiya tufayli ekotizimlarda yo‘qotilgan energiya o‘rni qoplanadi.
- I va II
- Faqat III
- I va III
- II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Energiya qisman qazilma (torf, neft, toshko‘mir) ko‘rinishida ham to‘planadi, shuning uchun I xato.
Tirik modda funksiyalarini ta’rifi bilan moslang: 1) Energetik; 2) Konsentratsiyalash; 3) Destruktiv. a) o‘lgan organizmlardagi organik birikmalarning parchalanishi va minerallashuvi; b) ayrim moddalarni to‘plash; c) quyosh energiyasini kimyoviy bog‘lar energiyasiga aylantirish.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Energetik — quyosh energiyasini o‘zlashtirish, konsentratsiyalash — moddalarni to‘plash, destruktiv — parchalanish.
Elementni to‘planish joyi bilan moslang: 1) Yod; 2) Kremniy; 3) Fosfor. a) umurtqali hayvonlar skeleti; b) qo‘ng‘ir suvo‘tlar; c) diatom suvo‘tlar.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Yod qo‘ng‘ir suvo‘tlarda, kremniy diatomlarda, fosfor umurtqalilar skeletida to‘planadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash