XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 28-§.

Biosfera biomassasi

Mavzular

Biomassa va uning taqsimoti

Biosferadagi barcha tirik organizmlar: hayvonlar, o‘simliklar, mikroorganizmlarning umumiy massasi biomassa deb ataladi. Yer sayyorasining biologik massasi o‘rtacha 2423 milliard tonnani tashkil etadi. Quruqlik va okeanlar biomassalari bir-biridan farq qiladi (5-jadval).

5-jadval Sayyora tirik modda biomassasi (quruq modda hisobida)

Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, biosferadagi tirik organizmlarning asosiy qismi quruqlikda, ya’ni qit’alarda jamlangan (98,7% dan ko‘proq). Okean biomassasi katta emas, 0,13% ga teng. Quruqliklarda o‘simliklar biomassasi katta bo‘lsa (99%), okeanda esa hayvonlar biomassasi 93% dan ko‘proqni tashkil etadi. Agar hayvon va o‘simliklarni o‘zaro taqqoslasak 2400 mlrd t o‘simlik va 3 mlrd t hayvonot olamiga to‘g‘ri keladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Yer yuzidagi tirik biomassani asosan yashil o‘simliklar tashkil etadi. Geterotrof organizmlar biomassasi o‘rtacha 1% ni tashkil qiladi.

Quruqlik biomassasi

Quruqlik biomassasi. Qutblardan ekvatorga tomon borgan sari quruqlik biomassasi ortib boradi. Shu bilan bir qatorda o‘simlik turlari soni ham ortadi. Yo‘sinlar va lishayniklardan iborat tundra (500 ga yaqin tur) ignabargli va keng bargli o‘rmonlar bilan, ular esa o‘z navbatida dashtlar (2000 ga yaqin turlar), subtropik o‘rmonlar (3000 dan ko‘proq turlar) bilan almashinadi. Tirik moddaning eng ko‘p biomassasi tropik o‘rmonlarda to‘plangan bo‘lib, ular biosfera materik qismining eng mahsuldor jamoalari hisoblanadi (8000 dan ko‘proq turlar).

Hayvonlar xilma-xilligi va inson ta’siri

Hayvon turlarining xilma-xilligi o‘simliklarning biomassasiga bog‘liq bo‘lib, ekvator tomon hayvon turlari soni ortib boradi. Turlar soni ko‘p, ya’ni hayot zich bo‘lgan joylarda hamkorlikda yashashga moslanishlar paydo bo‘ladi. Turlar bir-biri bilan oziq zanjirlari orqali bog‘langan biotsenozlarda hayot zichligi ortib boradi. Oziq zanjirlari bir-biri bilan tutashib, modda va energiyaning bir bo‘g‘indan boshqasiga o‘tishini ta’minlaydigan murakkab oziq to‘rlarini hosil qiladi. Quruqlik biomassasiga inson kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur ta’sir natijasida biomassa hosil qiluvchi maydonlar qisqarmoqda. Bu ham yer va suvdan ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida ratsional foydalanishni talab etadi.

Dunyo okeani biomassasi

Dunyo okeani biomassasi. Dunyo okeani Yer yuzining 2/3 qismini egallaydi. Okeanlarda biomassa notekis tarqalgan bo‘lib, uni asosan suvning yuza qatlamidagi plankton organizmlar tashkil etadi. Quruqlikdagi o‘simliklar biomassasi okeandagi tirik organizmlar umumiy biomassasidan ko‘p bo‘lsada, ammo dunyo okeanida biomassaning hosil bo‘lish mahsuldorligi yuqori. Bu fitoplankton va zooplanktonning jadal sur’atlarda ko‘payishiga, o‘sishiga hamda qisqa hayot sikliga egaligi bilan bog‘liq.

Okeanda fotosintez jarayoni 100 m gacha bo‘lgan yuqori qatlamlarda uchraydigan produtsentlar ishtirokida sodir bo‘ladi. Fotosintezning 1/3 qismi okeanda kechadi.

Plankton va okean tubi

Okeanlardagi hayvonlarning oziqlanishida planktonlarning ahamiyati juda katta. Suvo‘tlari va sodda organizmlar bilan mayda qisqichbaqasimonlar oziqlanadi. Qisqichbaqasimonlar esa o‘z navbatida mayda baliqlarga oziq bo‘ladi. Mayda baliqlarni yirtqich baliqlar va qushlar ovlaydi. Mo‘ylovli kitlar ham faqat planktonlar bilan oziqlanadi.

Okeanlarda, ayniqsa okean tubida organik qoldiqlarni anorganik moddalarga parchalovchi bakteriyalar ko‘p. O‘simlik va hayvon qoldiqlari asta-sekin okean tubiga cho‘kadi. Ularning ko‘pchiligi kremniy, ohak moddadan iborat qobiq bilan yoki ohak chig‘anoq bilan qoplangan bo‘lib, okean tubida cho‘kindi jinslarni hosil qiladi. 100 mln yil ilgari dengiz bilan qoplangan Markaziy Osiyodan ohak va bo‘r konlari topilgan. Ular tarkibida qadimgi mikroskopik hayvonlar (ildizoyoqlar)ning chig‘anoqlarini topish mumkin.

Dengiz va okeanlardan neft qazib olish, uni tankerlar orqali tashish kabi inson faoliyati dunyo okeanini ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Dengiz va okean suvlarining ifloslanishining oldini oladigan chora-tadbirlarga rioya qilish muhim.

Tuproq biomassasi

Tuproq biomassasi. Tuproq nafaqat o‘simliklar o‘sishi uchun zarur muhit hisoblanadi, balki xilma-xil tirik organizmlarga ega biogeotsenoz hamdir. Tuproq biomassasini tuproqda yashovchi tirik organizmlar tashkil qiladi va aynan shular tuproqning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir tuproqning o‘ziga xos biotsenozlari mavjud. Bu biotsenozlarni o‘simlik ildizlari, mikroorganizmlar, chuvalchanglar, hasharotlar va ularning lichinkalari, ko‘rsichqonlar va yumronqoziqlar tashkil qiladi. Ularning faoliyati tufayli tuproq unumdorligi ortadi, ularning qoldiqlari esa bakteriyalar uchun organik modda manbayi bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, yomg‘ir chuvalchanglari 1 ga maydonda 25 t tuproqni o‘z ichaklari orqali o‘tkazib, 0,5 sm qalinlikda unumdor tuproq hosil qiladi. Tuproqning yuza qatlamlarida esa bir hujayrali yashil suvo‘tlar va sianobakteriyalar yashab, fotosintez jarayonida tuproqni kislorod bilan boyitadi.

Tuproqda gaz almashinuvi va muhofaza

Tuproq biomassasi qutblardan ekvator tomonga ortib boradi. Yomg‘ir suvlari, erigan qorlardan hosil bo‘ladigan suvlar tuproqni kislorod va mineral tuzlar bilan to‘yintiradi. Erigan moddalarning ma’lum miqdori tuproqda qolsa, ko‘proq qismi esa daryolarga, ular orqali esa dengiz va okeanlarga chiqarib tashlanadi. Tuproq orqali yerosti suvlari doim bug‘lanib turadi, tuproqda to‘xtovsiz gaz almashinuvi sodir bo‘ladi. Tunda harorat pasayganda atmosfera gazlari siqilishi tufayli havoning bir qismi tuproqqa o‘tadi. Tuproqqa o‘tgan kislorod o‘simlik va hayvonlar tomonidan nafas olish jarayoniga sarflansa, azot gazi azot fiksatsiyalovchi bakteriyalar tomonidan o‘zlashtiriladi. Kunduzi harorat ortganda tuproq isishi natijasida tuproqdan atmosferaga karbonat angidrid, vodorod sulfid, ammiak kabi gazlar ajraladi. Tuproqda sodir bo‘ladigan barcha jarayonlar biosferada moddalar aylanishini ta’minlaydi.

Insonning xo‘jalik faoliyati, pestitsidlar (o‘simlik zararkunandalari, kasallik qo‘zg‘atuvchilariga qarshi qo‘llaniladigan kimyoviy vosita) biosferada muhim tarkibiy qismi bo‘lgan tuproq organizmlarining yoppasiga nobud bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Tuproq bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va uni muhofaza qilish lozim. Hozirgi kunda insonlar million yillar davomida shakllangan ulkan ekotizim qonuniyatlarini buzmagan holda hamda biomassaning qisqarishiga olib kelmaydigan faoliyat yuritishlari lozim.

Bilimingizni sinang

Biosferadagi barcha hayvonlar, o‘simliklar va mikroorganizmlarning umumiy massasi nima deb ataladi?
  1. Biomassa
  2. Biogen modda
  3. Mahsuldorlik
  4. Biogeotsenoz

To‘g‘ri javob: Biomassa. Barcha tirik organizmlarning umumiy massasi biomassa deyiladi.

Yer sayyorasining biologik massasi o‘rtacha qancha?
  1. 32 milliard tonna
  2. 242 milliard tonna
  3. 2400 milliard tonna
  4. 2423 milliard tonna

To‘g‘ri javob: 2423 milliard tonna. Sayyoramiz biologik massasi o‘rtacha 2423 milliard tonnani tashkil etadi.

Biosferadagi tirik organizmlar biomassasining asosiy qismi (98,7 % dan ko‘prog‘i) qayerda jamlangan?
  1. Atmosferaning yuqori qatlamlarida
  2. Qit’alarda, ya’ni quruqlikda
  3. Qutb muzliklarida
  4. Dunyo okeanida

To‘g‘ri javob: Qit’alarda, ya’ni quruqlikda. Tirik organizmlarning asosiy qismi quruqlikda, qit’alarda jamlangan.

Quruqlik va dunyo okeani biomassasi tarkibini to‘g‘ri taqqoslagan javobni toping.
  1. Ikkalasida ham asosan o‘simliklar biomassasi ustun
  2. Ikkalasida ham asosan hayvonlar biomassasi ustun
  3. Quruqlikda hayvonlar 93 % dan ko‘p, okeanda o‘simliklar 99 %
  4. Quruqlikda o‘simliklar 99 %, okeanda hayvonlar 93 % dan ko‘p

To‘g‘ri javob: Quruqlikda o‘simliklar 99 %, okeanda hayvonlar 93 % dan ko‘p. Quruqlikda o‘simliklar, okeanda esa hayvonlar biomassasi ustun.

Dunyo okeani biomassasi sayyoradagi umumiy biomassaning qancha foizini tashkil etadi?
  1. 0,13 %
  2. 1,3 %
  3. 13 %
  4. 0,013 %

To‘g‘ri javob: 0,13 %. Okean biomassasi katta emas, 0,13 % ga teng.

Yer yuzidagi geterotrof organizmlar biomassasi o‘rtacha necha foizni tashkil qiladi?
  1. 25 %
  2. 10 %
  3. 0,1 %
  4. 1 %

To‘g‘ri javob: 1 %. Geterotroflar biomassasi o‘rtacha 1 % ni tashkil qiladi, qolgani asosan yashil o‘simliklar.

Quruqlikda qutblardan ekvator tomon borgan sari biomassa va o‘simlik turlari soni qanday o‘zgaradi?
  1. Biomassa ortadi, tur soni kamayadi
  2. Ikkalasi ham kamayadi
  3. Ikkalasi ham ortib boradi
  4. Biomassa kamayadi, tur soni ortadi

To‘g‘ri javob: Ikkalasi ham ortib boradi. Ekvatorga yaqinlashgan sari biomassa ham, o‘simlik turlari soni ham ortadi.

Quruqlik jamoasini o‘simlik turlari soni bilan moslang: 1) Tundra; 2) Dashtlar; 3) Subtropik o‘rmonlar. a) 500 ga yaqin tur; b) 2000 ga yaqin tur; c) 3000 dan ko‘proq tur.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-a, 2-b, 3-c
  3. 1-a, 2-c, 3-b
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Tundrada 500, dashtlarda 2000, subtropik o‘rmonlarda 3000 dan ko‘proq tur bor.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBiosferadagi tirik moddaning xususiyatlari va funksiyalariKeyingi →Biosferada modda va energiyaning davriy aylanishi