XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 35-§.

Organik olam filogenezining umumiy tavsifi

Mavzular

Filogenez va ontogenez

Organik olam filogenezi yoki filogeniya (yunoncha «phulon»– avlod, «genesis» – rivojlanish) organizmlarning tarixiy rivojlanishi degan ma’noni anglatadi.

Organik olam filogenezi organizmlarning individual rivojlanishi ontogenez bilan aloqadorlikda o‘rganiladi. Ontogenez (yunoncha «ontos» – shaxsiy, individual, «genesis» – rivojlanish) deyilganda ko‘p hujayrali organizmlarning zigotadan to umrining oxirigacha bo‘lgan davr tushuniladi.

Biologiya organik olam filogenezi, ya’ni tarixiy rivojlanishini (arxey, proterozoy, paleozoy, mezozoy, kaynozoy) eralar va ularga mansub davrlarda biologik turlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi nuqtayi nazaridan o‘rganadi. Biologik turlarning zamonaviy tasnifi filogenezga asoslanganligi sababli uni o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Organik olam filogenezida biologik progress va biologik regress muhim o‘rin tutadi.

Biologik progress

Biologik progress quyidagi belgilar bilan ko‘zga tashlanadi: turga mansub individlar o‘z avlodlariga nisbatan yashovchanligi yuqori darajada bo‘lishi hisobiga ularning soni ortadi, individlar soni ortishiga bog‘liq holda mazkur individlar egallagan areal kengayadi, yangi populatsiya, ular zaminida kenja turlar, turlar va boshqa sistematik guruhlar paydo bo‘ladi.

Yuqorida qayd etilgan o‘zgarishlar biologik progressga olib keladigan uchta yo‘nalish: arogenez, allogenez, katagenez farq qilinadi.

Arogenez va aromorfoz

Arogenez (yunoncha – «airo» yuksalish, «genesis» – rivojlanish) organizmlarning tuzilishida yirik o‘zgarishlar – aromorfozlarning vujudga kelishi bilan bog‘liq evolutsion yo‘nalish sanaladi.

Evolutsiya jarayonida tirik organizmlarda irsiy o‘zgaruvchanlik natijasida yangi belgilarning vujudga kelishi, mazkur belgilar vositasida organizmlar yashash muhitiga moslanishiga imkon yaratilgan.

Yangi belgiga ega bo‘lgan organizm o‘z avlodiga nisbatan anatomik, morfologik tuzilishi va hayotiy jarayonlarning jadallashuviga ega bo‘lganligi sababli yashash uchun kurash va tabiiy tanlanishda saqlanib qolish imkoniyati ortgan. Organizmlar umumiy tuzilishining, hayot faoliyatining yuksalishi bilan amalga oshadigan evolutsion o‘zgarishlar morfofiziologik yuksalish yoki aromorfoz deyiladi.

Aromorfoz (yunoncha – «airo» – yuksalish, «morpha» – shakl, namuna) yashash uchun kurashda ancha afzalliklar yaratadi va tirik organizmlarni yangi muhit sharoitida keng arealda yashashga moslanishiga zamin tayyorlaydi.

Uch yirik aromorfoz

Organik olamning paydo bo‘lishi va rivojlanishining dastlabki bosqichlarida uchta yirik aromorfoz yuzaga kelgan.

1. Fotosintez jarayonini amalga oshiradigan organizmlarning vujudga kelishi. Yerdagi eng dastlabki tirik organizmlar geterotrof organizmlar bo‘lib, atmosferada kislorod bo‘lmaganligi sababli ulardagi hayotiy jarayonlar anaerob usulda sodir bo‘lgan. Evolutsiya jarayonida tabiiy tanlanish natijasida avtotrof organizmlar, ya’ni fotosintezni amalga oshirishga qodir organizmlar vujudga kelgan. Fotosintez jarayoni natijasida atmosfera kislorod bilan boyigan, natijada ozon ekrani paydo bo‘lgan, ozon ekrani tirik organizmlarni quyoshning ultrabinafsha nurlarning halokatli ta’siridan himoya qilgan.

Atmosferada erkin kislorodning bo‘lishi organizmlarning aerob (kislorod bilan) nafas olishga o‘tishiga va ularda moddalar almashinuvining jadallashuviga, natijada esa eukariot organizmlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Ko‘p hujayralilik va jinsiy ko‘payish

2. Ko‘p hujayrali organizmlarning paydo bo‘lishi. Evolutsiya jarayonida bir hujayrali organizmlardan ko‘p hujayrali organizmlarning paydo bo‘lishi yirik aromorfozlardan biri sanaladi. Bir hujayralilarda hayotiy jarayonlar shu hujayraning o‘zida amalga oshsa, ko‘p hujayralilarda hujayralarning ixtisoslashishi, ya’ni har bir hayotiy jarayonni amalga oshiradigan, shu bilan bir qatorda o‘zaro aloqador va uzviy bog‘langan organlar paydo bo‘lgan. Ko‘p hujayrali organizmlar bir hujayrali organizmlarga nisbatan yashash uchun kurash va tabiiy tanlanishda muayyan afzalliklarga ega.

3. Jinsiy ko‘payishning paydo bo‘lishi. Ma’lumki, tirik organizmlar jinssiz va jinsiy usulda ko‘payadi. Jinsiy ko‘payishda tuxum hujayra va spermatozoiddagi irsiy axborot yangi paydo bo‘lgan zigotada mujassamlashadi, yangi avlodda irsiy o‘zgaruvchanlik tufayli avvalgi organizmlarga nisbatan yangi belgilarni vujudga kelish ehtimolligi yuqori bo‘ladi. Shu sababli, jinsiy usulda ko‘payadigan organizmlar evolutsiya jarayonida afzalliklarga ega.

Hayvon va o‘simlik aromorfozlari

Hayvonot dunyosidagi aromorfozlarga tashqi va ichki omillarga javob reaksiyasini namoyon etadigan nerv sistemasi paydo bo‘lishi, moddalar almashinuvini jadallashtirishga imkon beradigan nafas olish organ (jabra, o‘pka)larining paydo bo‘lishi, qon aylanish sistemasi va yurakning paydo bo‘lishi; yuksak tuzilgan organizm (qushlar, sutemizuvchi)larda arterial va venoz qonning aralashmasligi natijasida vujudga kelgan issiqqonlilik paydo bo‘lishi misol bo‘ladi.

O‘simliklarning suv muhitidan quruqlikda yashashga, spora bilan ko‘payishdan urug‘ orqali ko‘payishga o‘tishi, yopiq urug‘lilarning kelib chiqishi aromorfoz tipidagi o‘zgarishlar sirasiga kiradi.

Aromorfozlar evolutsiyaning keyingi bosqichlarida saqlanib qoladi, yangi sistematik birliklar: bo‘lim, tip va sinflarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Allogenez va katagenez

Allogenez – (yunoncha «allos» – o‘zgacha, boshqa, «genesis» – rivojlanish) organizmlarda tashqi muhit sharoitiga moslanish jarayonida yangi belgi-xususiyatlar asosida xususiy moslanish (idioadaptatsiya)ni vujudga keltiradigan evolutsion yo‘nalish sanaladi. Bunday moslanishlar har bir turga mansub individlarning muayyan yashash muhitiga moslanishi uchun birmuncha qulaylik tug‘diradi va biologik progressga sababchi bo‘ladi. Mazkur o‘zgarishlar organizmlarning muayyan ekologik muhitiga moslanish imkonini berganligi sababli ekologik differensiatsiya ham deyiladi.

Biologik progress ba’zan organizm tuzilishining soddalashuvi hisobiga ham sodir bo‘ladi. Filogenezda mazkur yo‘nalish katagenez deb ataladi.

Katagenez – («kata» – tuban tomonga harakat, «genesis»– rivojlanish) – organizm tuzilishini umumiy soddalashuviga – umumiy degeneratsiyaga olib keladigan evolutsion yo‘nalish. Umumiy degeneratsiya, ya’ni morfofiziologik regress – organizm faol hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan organlar sistemasining soddalashuviga yoki yo‘qolishiga olib keladi. Umumiy degeneratsiya biologik progressga yo‘llovchi yo‘nalish sifatida organizmlarning faol, harakatchan hayot kechirishdan passiv, kamharakat hayot kechirishga o‘tishi (parazit va o‘troq hayot kechirishi) bilan bog‘liq holda sodir bo‘ladi. Umumiy degeneratsiya o‘z ahamiyatini yo‘qotgan organlarning tabiiy ravishda yo‘qolishiga olib keladi va shu bilan birga organizmning energiya zaxirasidan kerakli maqsadlarda foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Umumiy degeneratsiya organizmlar tuzilishini soddalashtirsa ham, ularning serpushtligi va yashash muhitiga moslashganligi sababli ko‘p sonli bo‘lishi, arealining kengayishi, yangi sistematik guruhlarning paydo bo‘lishiga, ya’ni biologik progessga olib keladi.

Bilimingizni sinang

Filogenez (filogeniya) deganda nima tushuniladi?
  1. Turlar sonining kamayib borishi
  2. Organizm tuzilishining umumiy soddalashuvi
  3. Organizmlarning tarixiy rivojlanishi
  4. Organizmning zigotadan umr oxirigacha individual rivojlanishi

To‘g‘ri javob: Organizmlarning tarixiy rivojlanishi. Filogenez organizmlarning tarixiy rivojlanishi; individual rivojlanish esa ontogenez.

Ko‘p hujayrali organizmlarning qaysi davri ontogenez deb ataladi?
  1. Zigotadan to umrining oxirigacha bo‘lgan davr
  2. Gametalarning hosil bo‘lishidan zigotagacha bo‘lgan davr
  3. Organizm tuzilishi soddalashadigan davr
  4. Turning geologik eralar davomidagi rivojlanishi

To‘g‘ri javob: Zigotadan to umrining oxirigacha bo‘lgan davr. Ontogenez – ko‘p hujayrali organizmning zigotadan to umrining oxirigacha bo‘lgan individual rivojlanishi.

Quyidagi eralarni tarixiy ketma-ketlikda joylashtiring: 1) paleozoy; 2) arxey; 3) mezozoy; 4) proterozoy.
  1. 2-1-4-3
  2. 2-4-1-3
  3. 4-2-1-3
  4. 2-4-3-1

To‘g‘ri javob: 2-4-1-3. Eralar tartibi: arxey, proterozoy, paleozoy, mezozoy (so‘ng kaynozoy).

Biologik progress belgilari haqidagi quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yashovchanlik yuqori bo‘lishi hisobiga individlar soni ortadi. II. Individlar egallagan areal kengayadi. III. Individlar egallagan areal torayadi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. Faqat III

To‘g‘ri javob: I va II. Biologik progressda soni ortadi va areal kengayadi; areal torayishi noto‘g‘ri.

Biologik progressga olib keladigan uchta yo‘nalish qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
  1. Arogenez, allogenez, katagenez
  2. Filogenez, allogenez, katagenez
  3. Arogenez, allogenez, ontogenez
  4. Arogenez, ontogenez, katagenez

To‘g‘ri javob: Arogenez, allogenez, katagenez. Biologik progressga arogenez, allogenez va katagenez yo‘nalishlari olib keladi.

Arogenez qanday evolutsion yo‘nalish hisoblanadi?
  1. Turlar sonining kamayishiga olib keladigan yo‘nalish
  2. Tuzilishda yirik o‘zgarishlar – aromorfozlar vujudga kelishi bilan bog‘liq yo‘nalish
  3. Organizm tuzilishining umumiy soddalashuviga olib keladigan yo‘nalish
  4. Muayyan muhitga xususiy moslanishlarni hosil qiladigan yo‘nalish

To‘g‘ri javob: Tuzilishda yirik o‘zgarishlar – aromorfozlar vujudga kelishi bilan bog‘liq yo‘nalish. Arogenez aromorfozlarning vujudga kelishi bilan bog‘liq evolutsion yo‘nalishdir.

Organizmlar umumiy tuzilishi va hayot faoliyatining yuksalishi bilan amalga oshadigan evolutsion o‘zgarishlar nima deyiladi?
  1. Aromorfoz
  2. Ekologik differensiatsiya
  3. Idioadaptatsiya
  4. Umumiy degeneratsiya

To‘g‘ri javob: Aromorfoz. Bunday o‘zgarishlar morfofiziologik yuksalish yoki aromorfoz deyiladi.

Aromorfoz organizmlarga qanday imkoniyat yaratadi?
  1. Faol hayotdan passiv hayot kechirishga o‘tishni ta’minlaydi
  2. Yangi muhit sharoitida keng arealda yashashga moslanishga zamin tayyorlaydi
  3. Tuzilishning soddalashuvi hisobiga energiyani tejaydi
  4. Tor ekologik muhitga xos xususiy moslanish hosil qiladi

To‘g‘ri javob: Yangi muhit sharoitida keng arealda yashashga moslanishga zamin tayyorlaydi. Aromorfoz yashash uchun kurashda afzallik beradi va keng arealda yashashga zamin tayyorlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘simlik va hayvonot olamini muhofaza qilishKeyingi →O‘simliklar filogenezi. O‘simliklarning vegetativ organlari filogenezi