XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 40-§.

Hayvonlarning tana qoplami va harakat organlari evolutsiyasi

Mavzular

Tana qoplamining vazifasi

Hayvonlarning tana qoplami evolutsiyasi. Hayvonlarning tana qoplami, asosan, tashqi muhit ta’sirlari va zararli omillardan himoya qilish vazifasini bajaradi. Evolutsiya jarayonida bir organlar sistemasining takomillashuviga bog‘liq holda boshqa organlar sistemalarining paydo bo‘lishi va takomillashuvi sodir bo‘ladi. Funksiyasining ortishi natijasida dastlab himoya organi bo‘lgan teri nafas olish, sezish, termoregulatsiya va ayirish, sutemizuvchilarda ter bezlarining o‘zgarishi natijasida paydo bo‘lgan sut bezlaridan ajraladigan sut orqali naslini oziqlantirishda ishtirok etadi. Mazkur funksiyalar teri qoplami tuzilishining murakkablashuvi, unda turli hosila va bezlarning paydo bo‘lishi natijasida amalga oshadi.

Xordalilar terisi

Xordali hayvonlarda teri: epidermis va dermadan iborat. Epidermis ektodermadan, derma mezodermadan rivojlanadi. Boshskeletsizlarda teri qoplamining har ikkala qavati kuchsiz rivojlangan. Terining epidermis qavati bir qavat hujayralardan, shuningdek, bir hujayrali bezlardan iborat. Terining derma qavati (g‘ovak), biriktiruvchi hujayralardan tuzilgan.

Evolutsiya jarayonida umurtqalilarda epidermis ko‘p qavatli, pastki qavatidagi hujayralar tinimsiz ko‘payadi, ustki qavatidagi hujayralar ixtisoslashadi, muayyan muddatdan so‘ng nobud bo‘ladi va qurib tushib ketadi. Teri derma qavatining mustahkamligini ta’minlaydigan biriktiruvchi tolalar paydo bo‘ladi. Umurtqalilarda teri hosilalari paydo bo‘ladi, ularning xilma-xilligi hayvonlarning hayot tarzi va tuzilish darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, terida turli vazifalarni bajaradigan yog‘ va ter bezlari rivojlangan.

Baliqlar terisi

Baliqlarda teri bezlari bir hujayrali, lansetnikiga o‘xshash ular ham shilimshiq suyuqlik ajratadi, mazkur suyuqlik baliq tanasi va suv o‘rtasidagi ishqalanish kuchini kamaytirib, baliqlarning suvda erkin harakatini ta’minlaydi. Baliqlarning tanasi qaysi sistematik guruhga mansubligiga qarab turli tangachalar bilan qoplangan. Tog‘ayli baliqlarning butun tanasi, og‘iz bo‘shlig‘i, uning shilliq qavati plakoid deb ataladigan tangachalardan iborat. Plakoidlar dentindan tuzilgan, usti emal bilan qoplangan bo‘lib, tikanga o‘xshash shaklga ega. Tog‘ayli baliqlarning og‘iz bo‘shlig‘idagi tangachalar oziq tutish vazifasini bajarganligi sababli hajmi yiriklashgan va tish vazifasini o‘taydi.

Suyakli baliqlar va suvda hamda quruqlikda yashovchilar terisi

Suyakli baliqlarda tangachalar yumaloq shakldagi suyak, usti yupqa epidermis bilan qoplangan plastinkalardan iborat. Suyakdan iborat tangachalar baliq tanasini qoplab turgan derma hisobiga rivojlanadi (63-rasm).

63-rasm. Baliq terisining tuzilishi: 1 – epiteliy; 2 – suyak tangacha. СО2 О2 4
63-rasm. Baliq terisining tuzilishi: 1 – epiteliy; 2 – suyak tangacha. СО2 О2 4

Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning qadimgi vakillari bo‘lgan stegotsefallarning tanasi baliqlarnikiga o‘xshash tangachalar bilan qoplangan.

Hozirgi suvda hamda quruqlikda yashovchilarning tanasi yupqa teri bilan qoplangan va ular tananing yaxlitligini ta’minlash, himoya qilish bilan birga nafas olishda ishtirok etadi. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning terisida ko‘p hujayrali shilimshiq modda ajratadigan bezlar bo‘lib, ular tana qoplamini namlash bilan bir qatorda, dushmandan himoya qiladigan zaharli modda ishlab chiqaradi (64-rasm).

64-rasm. Sudralib yuruvchilar terisining tuzilishi: 1 – muguz tangacha.
64-rasm. Sudralib yuruvchilar terisining tuzilishi: 1 – muguz tangacha.

Sudralib yuruvchilar terisi

Sudralib yuruvchilar evolutsiya jarayonida yuz bergan aromorfozlar natijasida quruqlikda yashashga to‘liq moslashganligi sababli, ularning terisi quruq bo‘lib, nafas olishda ishtirok etmaydi. Epidermisning tashqi qavati shox (muguz) moddadan iborat tangachalar (epidermis hosilasi) bilan qoplangan. Ko‘pchilik sudralib yuruvchilar o‘sishi va tana hajmining kattalashishi natijasida tullaydi. Sudralib yuruvchilar terisida bezlar bo‘lmaydi. Ularning tana qoplami organizmni yaxlitligini ta’minlab, mexanik ta’sirlar, kasallik keltirib chiqaradigan mikroblardan himoya qilish vazifasini bajaradi (65-rasm).

65-rasm. Baqa terisining tuzilishi: 1 – shi 3 limshiq bezi; 2 – zahar bezi; 3 – kapillar qon tomirlar; 4 – epidermis; 5 – derma.
65-rasm. Baqa terisining tuzilishi: 1 – shi 3 limshiq bezi; 2 – zahar bezi; 3 – kapillar qon tomirlar; 4 – epidermis; 5 – derma.

Qushlar terisi

Qushlarning terisi sudralib yuruvchilarnikiga o‘xshash quruq, bezlari bo‘lmaydi. Ko‘pchilik qushlarda dumg‘aza bezlari bo‘lib, qushlar bu bezdan ajraladigan yog‘simon modda bilan patlarini yog‘laydi. Qushlarning tanasini qoplab turuvchi pat va parlar epidermis hosilasi bo‘lib, ularning kelib chiqishi sudralib yuruvchilarning tangachalariga o‘xshash, tarkibi shox moddadan tuzilgan (66-rasm).

66-rasm. Qush terisining tuzilishi: 1 – pat.
66-rasm. Qush terisining tuzilishi: 1 – pat.

Sutemizuvchilar terisi

Sutemizuvchilarning tana qoplami bajaradigan vazifasiga bog‘liq holda nisbatan murakkab tuzilgan. Terisi jun bilan qoplangan va unda har xil vazifani bajaruvchi (yog‘, sut, ter, hid) bezlar bor. Sutemizuvchilarning ter bezlari ixtisoslashib, sut bezlariga aylangan. Teridagi yog‘ bezlari faqat sutemizuvchilarga xos. Yog‘ bezlari ajratadigan yog‘ teri yuzasi, jun qoplamini yog‘lab, namlanishning oldini oladi va uning elastikligini ta’minlaydi, qurub qolishdan himoya qiladi. Sutemizuvchilarga xos belgilardan biri epidermis hosilalari: jun, tirnoq, tuyoq, shoxlarning paydo bo‘lishi sanaladi. Jun qoplami ixtisoslashgan bo‘lib, mayda jun (tivit)lar termoregulatsiya, qillar esa sezuvchi nerv tolalari bilan birlashib tuyg‘u vazifasini bajaradi (67-rasm).

67-rasm. Sutemizuvchilar terisining tuzilishi: 1 – epidermis; 2 – derma; 3 – gipoderma; 4 – soch; 5 – kapillarlar;
67-rasm. Sutemizuvchilar terisining tuzilishi: 1 – epidermis; 2 – derma; 3 – gipoderma; 4 – soch; 5 – kapillarlar;

Odamning embrional rivojlanishining muayyan bosqichida homila tanasida jun qoplami paydo bo‘ladi va embriogenezning yakunida yo‘qolib ketadi.

Skelet turlari: ichki skelet

Hayvonlarning harakat organlari evolutsiyasi. Ko‘pchilik hayvonlarda tana shaklini saqlash, himoya qilish va harakatni ta’minlovchi turli xildagi tayanch sistemalar mavjud.

Bir hujayrali va umurtqasiz hayvonlarda ichki, gidrostatik va tashqi skelet bo‘ladi. Murakkab tuzilishga ega ichki skelet bir hujayrali dengiz hayvonlarida bo‘ladi. Uning skeleti hujayra markazidan chiquvchi ignaga o‘xshash bo‘lib, kremniy oksididan tuzilgan. Bu ichki skelet organizmni zararlanishdan saqlash va suvli muhitda harakatlanishga imkon beradi. Koloniya holda yashovchi korall poliplarida ichki skelet bo‘lib, ular ohakdan tuzilgan. Koloniyani tashkil etadigan har bir polip dengiz suvidagi tuzlardan nina shakldagi ichki skeletni hosil qiladi. Natijada ko‘p sonli poliplardan iborat koloniya ichida zich va qattiq tayanch vazifasini bajaradigan skelet paydo bo‘ladi.

Gidrostatik va tashqi skelet

Gidrostatik skelet umurtqasiz hayvonlar, masalan, to‘garak va halqali chuvalchanglarda uchraydi. Uning tanasida alohida to‘qima suyuqligi bo‘lib, muskullarga bosim ko‘rsatadi. Mazkur bosim ta’sirida muskullar qisqaradi va chuvalchang harakatlanadi (68-rasm).

68-rasm. Umurtqasiz hayvonlarning tayanch organ lari: 1 – radiolyariya ignalari; 2 – korall poliplarining ohak ske leti; 3 – yomg‘ir chuvalchangining gidrostatik skeleti.
68-rasm. Umurtqasiz hayvonlarning tayanch organ lari: 1 – radiolyariya ignalari; 2 – korall poliplarining ohak ske leti; 3 – yomg‘ir chuvalchangining gidrostatik skeleti.

Tashqi skelet bo‘g‘imoyoqlilarda uchraydi. U teri hujayralarining hosilasi bo‘lib, xitindan iborat. Shu sababli ular xitin qoplami deyiladi.

Tashqi skeletning harakatda ishtirok etadigan ayrim qismlari, tana bo‘limlarining bo‘g‘imlarida xitin qoplami yumshoq bo‘ladi. Bo‘g‘imlarning harakati xitin qoplamiga birikkan muskullarning qisqarishi orqali ta’minlanadi.

Xitin qoplami bo‘g‘imoyoqlilarning tanasidan suv yo‘qotilishining oldini oladi. Shunday qilib, bo‘g‘imoyoqlilarning tashqi skeleti (xitin qoplami) tayanch va ichki organlarni himoya qilish, organizmni ortiqcha suv yo‘qotishdan asrash vazifalarini bajaradi.

Xordalilar skeleti va harakat

Xordali hayvonlarda ichki skeletning, ya’ni xorda, umurtqali hayvonlarda esa umurtqa pog‘onasining paydo bo‘lishi hayvonlar evolutsiyasidagi yirik aromorfozlardan biri sanaladi.

Tirik organizmlarning muhim xususiyatlaridan biri harakatlanish sanaladi. Harakatlanish tufayli hayvonlar dushmandan himoyalanadi, oziq izlab topadi, naslini himoya qiladi. Evolutsiya jarayonida tayanch organlarining takomillashuvi bilan bir qatorda harakat organlari ham taraqqiy etgan.

Hayvonlarning harakatlanishi maxsus qisqarish xususiyatiga ega bo‘lgan muskullarning bo‘lishi bilan bog‘liq. Bir hujayrali sodda hayvonlar sitoplazma o‘simtalari, xivchinlar va kiprikchalar yordamida harakatlanadi.

Tuban ko‘p hujayralilar, masalan, bo‘shliqichlilarda maxsus harakat organlari bo‘lmaydi. Ular ektoderma qavatidagi teri-muskul hujayralari, entoderma qavatidagi hazm qiluvchi hujayralaridagi muskul tolachalarining qisqarishi hisobiga harakatlanadi.

Umurtqasizlar va umurtqalilarning harakat organlari

Chuvalchanglarning teri-muskul xaltasida halqasimon va bo‘ylama muskullar rivojlangan. Ko‘p tukli halqali chuvalchanglar tanasining har bir segmentida maxsus harakat organlari – muskulli o‘simtalar (parapodiylar) shakllangan. Molluskalarning muskulli oyoqlari mavjud. Bo‘g‘imoyoqlilarda esa muskullar boylamlar hosil qilib, xitin qoplamiga birikadi. Alohida muskullarning qisqarishi tufayli hasharotlar murakkab harakatlar qila oladi: yuradi, sakraydi, suzadi, qanotlari yordamida uchadi. Umurtqalilarning muskullari skeleti bilan birikkan bo‘lgani uchun skelet muskullari deyiladi. Umurtqali hayvonlar quruqlikda, havoda, suvda harakatlana oladi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. kapillar qon tomirlar
  2. epidermis
  3. derma
  4. zahar bezi

To‘g‘ri javob: kapillar qon tomirlar. 65-rasm. Baqa terisining tuzilishi: 1 – shi 3 limshiq bezi; 2 – zahar bezi; 3 – kapillar qon tomirlar; 4 – epidermis; 5 – derma.

Rasmda «derma» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 3
  2. 2
  3. 4
  4. 5

To‘g‘ri javob: 5. 65-rasm. Baqa terisining tuzilishi: 1 – shi 3 limshiq bezi; 2 – zahar bezi; 3 – kapillar qon tomirlar; 4 – epidermis; 5 – derma.

Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. kapillarlar
  2. soch
  3. gipoderma
  4. derma

To‘g‘ri javob: gipoderma. 67-rasm. Sutemizuvchilar terisining tuzilishi: 1 – epidermis; 2 – derma; 3 – gipoderma; 4 – soch; 5 – kapillarlar;

Rasmda «soch» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 1
  2. 5
  3. 4
  4. 2

To‘g‘ri javob: 4. 67-rasm. Sutemizuvchilar terisining tuzilishi: 1 – epidermis; 2 – derma; 3 – gipoderma; 4 – soch; 5 – kapillarlar;

Hayvonlar tana qoplami asosan qanday vazifani bajaradi?
  1. Qonni organlarga yetkazib berish va tashish
  2. Oziq moddalarni mexanik va kimyoviy hazm qilish
  3. Tashqi muhit ta’sirlari va zararli omillardan himoya qilish
  4. Chiqindi moddalarni to‘plab, uzoq muddat saqlash

To‘g‘ri javob: Tashqi muhit ta’sirlari va zararli omillardan himoya qilish. Tana qoplamining asosiy vazifasi tashqi ta’sir va zararli omillardan himoya.

Sutemizuvchilarda sut bezlari qaysi bezlarning o‘zgarishi natijasida paydo bo‘lgan?
  1. Dumg‘aza bezlari
  2. Yog‘ bezlari
  3. Hid bezlari
  4. Ter bezlari

To‘g‘ri javob: Ter bezlari. Ter bezlari ixtisoslashib sut bezlariga aylangan.

Xordali hayvonlar terisining epidermis va derma qavatlari qaysi murtak qavatlaridan rivojlanadi?
  1. Epidermis mezodermadan, derma ektodermadan
  2. Epidermis ektodermadan, derma mezodermadan
  3. Epidermis entodermadan, derma mezodermadan
  4. Epidermis ektodermadan, derma entodermadan

To‘g‘ri javob: Epidermis ektodermadan, derma mezodermadan. Epidermis ektodermadan, derma mezodermadan rivojlanadi.

Baliqlar terisidagi bir hujayrali bezlar ajratgan shilimshiq suyuqlik qanday vazifani bajaradi?
  1. Tana va suv orasidagi ishqalanishni kamaytirib, suvda erkin harakatni ta’minlaydi
  2. Dushmandan himoya qiluvchi zaharli modda hosil qilib, hujum qiladi
  3. Tanani quruqlikda qurib qolishdan saqlab, suv yo‘qotilishini kamaytiradi
  4. Tangachalarni dentin va emal bilan qoplab, tishga aylantiradi

To‘g‘ri javob: Tana va suv orasidagi ishqalanishni kamaytirib, suvda erkin harakatni ta’minlaydi. Shilimshiq suyuqlik ishqalanishni kamaytirib, baliqning suvda erkin harakatlanishini ta’minlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTirik organizmlarda o‘z-o‘zini idora etish organlari: gumoral va nerv sistemasi evolutsiyasiKeyingi →Hayvonlarning nafas olish organlari evolutsiyasi