XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 41-§.

Hayvonlarning nafas olish organlari evolutsiyasi

Mavzular

Nafas olishning paydo bo‘lishi

Nafas olish barcha tirik organizmlarning hayoti uchun muhim jarayon sanaladi. Tirik organizmlarning yashash muhiti anaerob (kislorodsiz) va aerob (kislorodli) bo‘lishi ma’lum. Evolutsiya davomida dastlabki tirik organizmlar anaerob sharoitda yashagan, moddalar almashinuvining kislorodsiz parchalanish bosqichidagi kabi glikoliz va bijg‘ish natijasida hosil bo‘ladigan kam miqdordagi energiya hisobiga yashagan.

Atmosferada kislorod miqdorining ortishi kislorod bilan nafas oluvchi organizmlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Kislorod bilan nafas olish hisobiga moddalarning oxirigacha parchalanishi va hosil bo‘ladigan energiya miqdorining ortishi evolutsiya jarayonini tezlashtiradi.

Nafas olish a’zolari va kislorod tashish

Bir hujayrali organizmlar va tuban tuzilgan ko‘p hujayralilarda maxsus nafas olish a’zosi bo‘lmaydi. Ular butun tana yuzasi orqali suvda erigan kislorodni diffuziya yo‘li bilan qabul qiladi. Keyinchalik nafas olish vazifasini suvda yashaydigan hayvonlarda jabralar, quruqlikda yashovchi hayvonlarda traxeya naylari va o‘pkalar bajaradi. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarda teri, qushlarda esa havo xaltalari ham nafas olishda ishtirok etadi.

Organizmda kislorodni tashish vazifasini maxsus oqsillar bajaradi. Tuban umurtqasizlarda bunday oqsillar plazmada, yuksak umurtqasizlarda esa alohida hujayralarda joylashadi. Xordalilarda bunday vazifani qonning shaklli elementlaridan biri – eritrotsitlar tarkibidagi gemoglobin bajaradi.

Umurtqasizlarning nafas olishi

Evolutsiyada dastlabki nafas olish a’zosi ko‘p tukli halqali chuvalchanglarda paydo bo‘lgan. Ularning bosh qismidagi maxsus o‘simta oziq moddalarni tutish va nafas olish vazifasini bajargan. Kam tuklilar va zuluklar tana yuzasi orqali nafas olgan. Dengizlarda yashaydigan molluskalar jabralari yordamida, qorinoyoqli molluskalarning ayrim vakillari esa o‘pkasi yordamida kislorodni qabul qiladi.

Bo‘g‘imoyoqlilardan qisqichbaqasimonlarda nafas olish organi jabra, hasharotlarda traxeyalar va o‘rgimchaksimonlarda o‘pka va traxeyalardan (o‘rgimchaklarda o‘pka va traxeyalar, chayonlarda o‘pka, falanga va ayrim kanalarda traxeyalar) iborat. Mayda qisqichbaqasimonlarda maxsus nafas olish a’zosi yo‘q. Ularda xitin qoplami yupqa bo‘lib, nafas olish tana yuzasi orqali amalga oshadi.

Boshskeletsizlar va baliqlar

Boshskeletsizlarda halqum devorining ikki yonida jabra yoriqlari joylashgan. Jabra yoriqlari jabra oldi bo‘shlig‘iga ochilib, unga kirgan suv maxsus teshik orqali tashqariga chiqarib yuboriladi.

Baliqlarda jabra yoriqlari devorlarida kapillar qon tomirlarga ega bo‘lgan jabra yaproqlari paydo bo‘ladi. Baliqlarda jabra yoriqlari soni kamaygan bo‘lsa-da, lekin nafas olish sathi kapillarlar to‘ri hisobiga kengayadi. Panjaqanotli baliqlarda oxirgi jabra yoylari orqa tomonidan suzgich pufagi shakllanadi. Embriogenez davrida yuzaga kelgan suzgich pufagi va halqum orasidagi bog‘lanish keyin ham saqlanib qoladi. Shuning uchun halqumga tushgan havo hech qanday to‘siqsiz suzgich pufagiga o‘tadi. Bunday xususiyat suzgich pufagini o‘pkaga aylanishi uchun zamin bo‘ladi.

Suvda hamda quruqlikda yashovchilar

Evolutsiya jarayonida nafas olish organi o‘pka birinchi marta suvda hamda quruqlikda yashovchilarda paydo bo‘lgan. Kelib chiqishi bo‘yicha panjaqanotli baliqlar bilan bog‘liq bo‘lgan suvda hamda quruqlikda yashovchilarda faqat lichinkalik davrida nafas olish jabralari orqali sodir bo‘lsa, voyaga yetgandan so‘ng nafas olishi o‘pka va teri orqali sodir bo‘ladi.

Ularning o‘pkasi xaltasimon tuzilgan bo‘lib, to‘siqlar va bronxlar bo‘lmaydi. Ko‘krak qafasi va diafragmasi bo‘lmaganligi tufayli, ularda havo og‘iz bo‘shlig‘idan yutish harakatlari tufayli o‘pkaga o‘tadi. Birinchi bo‘lib suvda hamda quruqlikda yashovchilarda hiqildoqning tog‘aylari shakllangan. O‘pkalar aynan hiqildoqdan boshlanadi. Ularning o‘pkasi juda sodda tuzilgan va gaz almashinish sathi juda kichik, shuning uchun gaz almashinish ko‘proq teri qoplami orqali amalga oshadi.

Sudralib yuruvchilar va qushlar

Sudralib yuruvchilarda nafas yo‘llari – hiqildoq, traxeya va bronxlar to‘liq shakllangan. Ularning o‘pkalari mayda g‘ovaksimon, ko‘p sonli ichki katakchalarga va katta nafas olish yuzasiga ega. Lekin ularda bronxlar shoxlanmaydi. Nafas olishi, asosan, qovurg‘alararo va qorin muskullarining qisqarishi hisobiga sodir bo‘ladi. Nafas olishda teri ishtirok etmaydi.

Qushlar o‘pkasi yaxshi rivojlangan. Ularning o‘pkasida bronxlar tarmoqlanib, bronxiolalar bilan tugaydi. Qushlar uchishga moslashganligi sababli, o‘pkasining ikkilamchi bronxlari oxirlari havo xaltachalarini hosil qiladi. Havo xaltachalari mushaklar orasiga, teri ostiga va suyak bo‘shliqlariga yetib boradi. Uchish vaqtida bu xaltachalar havo bilan to‘lib, tana vaznini yengillashtiradi. Bundan tashqari, havo xaltachalaridagi atmosfera havosi nafas chiqarayotganda o‘pkadan o‘tib, qonni ikkinchi marta kislorod bilan ta’minlaydi. Bunday holat moddalar almashinuvini jadallashtiradi, chunki qon ham nafas olganda, ham nafas chiqarganda kislorodga to‘yinadi.

Sutemizuvchilar va odam

Sutemizuvchilarda nafas yo‘llari kiprikchali epiteliy bilan qoplangan. Ular ovqat hazm qilish sistemasidan to‘liq ajralgan va faqat halqum qismida kesishadi. Bronxlar ko‘p marta tarmoqlanib, bronxiolalar va alveolalar o‘pka pufakchalari bilan tugaydi. Alveolalar devori bir qavat epiteliydan iborat bo‘lib, kapillarlar to‘ri bilan o‘ralgan. Alveolalarning soni turli sutemizuvchilarda har xil bo‘ladi. Ular hisobiga gaz almashinuvi sathi kengayadi. Ko‘krak bo‘shlig‘i qorin bo‘shlig‘idan diafragma bilan ajralib turadi. Diafragmada muskul to‘qimasi yaxshi rivojlangan bo‘lib, nafas olish harakatlarida juda muhim ahamiyatga ega (69-rasm).

69-rasm. Nafas olish organlari filogenezi: A – salamandraning nafas olish sistemasi; 1 2 F E A B D B – baqaning nafas olish sistemasi; D – kaltakesakning nafas olish sistemasi: 1 – traxeya; 2 – bronx. E – qushning nafas olish sistemasi: 1 – havo xaltachasi. F – sutemizuvchining nafas olish sistemasi: 1 – bronxlar; 2 – alveolalar.
69-rasm. Nafas olish organlari filogenezi: A – salamandraning nafas olish sistemasi; 1 2 F E A B D B – baqaning nafas olish sistemasi; D – kaltakesakning nafas olish sistemasi: 1 – traxeya; 2 – bronx. E – qushning nafas olish sistemasi: 1 – havo xaltachasi. F – sutemizuvchining nafas olish sistemasi: 1 – bronxlar; 2 – alveolalar.

Odamning embrional rivojlanishida barcha umurtqalilardagi kabi nafas yo‘li bilan hazm sistemasining boshlang‘ich qismi uzviy bog‘langan bo‘ladi. Bola tug‘ilganda nafas olish sistemasi to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi. Nafas olish sistemasining takomillashishi balog‘at yoshiga yetgunga qadar davom etadi.

Shunday qilib, umurtqalilarning nafas olish sistemasi ularning yashash muhitiga bog‘liq holda rivojlanib, evolutsiya davomida nafas yo‘llari ixtisoslashgan, nafas muskullari takomillashgan va gaz almashinish sathi ortgan.

Bilimingizni sinang

Boshskeletsizlarda jabra yoriqlari qayerda joylashgan?
  1. Tananing dum qismida, anal teshigi yonida
  2. Bosh qismidagi maxsus o‘simtada
  3. Qizilo‘ngach devorining ikki yonida
  4. Halqum devorining ikki yonida

To‘g‘ri javob: Halqum devorining ikki yonida. Boshskeletsizlarda jabra yoriqlari halqum devorining ikki yonida joylashgan.

Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning o‘pkasi qanday tuzilgan?
  1. Mayda g‘ovaksimon, ko‘p sonli ichki katakchali
  2. Alveolalardan tashkil topgan, kapillarlar to‘ri bilan o‘ralgan
  3. Bronxlari shoxlanib, bronxiolalar bilan tugaydigan
  4. Xaltasimon, to‘siqlar va bronxlar bo‘lmaydi

To‘g‘ri javob: Xaltasimon, to‘siqlar va bronxlar bo‘lmaydi. Ularning o‘pkasi sodda, xaltasimon bo‘lib, to‘siqlar va bronxlari yo‘q; g‘ovaksimon o‘pka sudralib yuruvchilarga xos.

Sutemizuvchilar alveolalarining devori qanday tuzilgan?
  1. Bir qavat epiteliydan iborat, havo xaltachalari bilan tutashgan
  2. Ko‘p qavatli epiteliydan iborat, mushak to‘qimasi bilan o‘ralgan
  3. Kiprikchali epiteliydan iborat, tog‘ay halqalari bilan mustahkamlangan
  4. Bir qavat epiteliydan iborat, kapillarlar to‘ri bilan o‘ralgan

To‘g‘ri javob: Bir qavat epiteliydan iborat, kapillarlar to‘ri bilan o‘ralgan. Alveolalar devori bir qavat epiteliydan iborat va kapillarlar to‘ri bilan o‘ralgan, shu tufayli gaz almashinuvi osonlashadi.

Sudralib yuruvchilar o‘pkasining tuzilishi qanday?
  1. Bronxlari shoxlangan, havo xaltachalari hosil qiluvchi
  2. Xaltasimon, to‘siqsiz, gaz almashinish sathi juda kichik
  3. Alveolali, bir qavat epiteliyli, kapillarlar to‘rli
  4. Mayda g‘ovaksimon, ko‘p sonli ichki katakchali

To‘g‘ri javob: Mayda g‘ovaksimon, ko‘p sonli ichki katakchali. Sudralib yuruvchilar o‘pkasi mayda g‘ovaksimon bo‘lib, ko‘p sonli ichki katakchalar tufayli nafas olish yuzasi katta.

Nima uchun suvda hamda quruqlikda yashovchilarda gaz almashinish ko‘proq teri qoplami orqali amalga oshadi?
  1. Hiqildoq tog‘aylari rivojlanmagan, shuning uchun havo o‘tmaydi
  2. O‘pkasi juda sodda tuzilgan, gaz almashinish sathi juda kichik
  3. Ko‘krak qafasi rivojlangan, lekin diafragmasi yo‘q
  4. Voyaga yetganda ham asosan jabralar orqali nafas oladi

To‘g‘ri javob: O‘pkasi juda sodda tuzilgan, gaz almashinish sathi juda kichik. O‘pka sodda tuzilgan va gaz almashinish sathi kichik, shu sabab gaz almashinishi ko‘proq teri orqali bo‘ladi.

Suvda hamda quruqlikda yashovchilarda havo og‘iz bo‘shlig‘idan o‘pkaga nima tufayli o‘tadi?
  1. Ko‘krak qafasi va diafragma bo‘lmagani uchun, yutish harakatlari bilan
  2. Qovurg‘alararo muskullarning qisqarishi hisobiga
  3. Diafragma va qorin muskullarining qisqarishi hisobiga
  4. Bronxlarning ritmik kengayib-torayishi hisobiga

To‘g‘ri javob: Ko‘krak qafasi va diafragma bo‘lmagani uchun, yutish harakatlari bilan. Ularda ko‘krak qafasi va diafragma yo‘q, shuning uchun havo og‘iz bo‘shlig‘idan yutish harakatlari bilan o‘pkaga o‘tadi.

Qushlarda uchish vaqtida havo xaltachalarining havo bilan to‘lishi qanday ahamiyatga ega?
  1. Suyaklarni mustahkamlab, mushaklarni kuchaytiradi
  2. Tana haroratini ko‘tarib, moddalar almashinuvini sekinlashtiradi
  3. Tana vaznini yengillashtiradi
  4. Ovqatni mexanik maydalashga yordam beradi

To‘g‘ri javob: Tana vaznini yengillashtiradi. Havo xaltachalari mushaklar orasiga, teri ostiga va suyak bo‘shliqlariga yetib boradi; havo bilan to‘lib, tana vaznini yengillashtiradi.

Sudralib yuruvchilar (birinchi) va suvda hamda quruqlikda yashovchilar (ikkinchi) nafas olishini taqqoslang:
  1. Birinchisida teri ishtirok etadi, ikkinchisida bronxlar bor
  2. Ikkalasida ham o‘pka xaltasimon, teri ishtirok etmaydi
  3. Birinchisida bronxlar bor, teri ishtirok etmaydi; ikkinchisida bronxlar yo‘q, teri ishtirok etadi
  4. Ikkalasida ham bronxlar bor, teri nafasda ishtirok etadi

To‘g‘ri javob: Birinchisida bronxlar bor, teri ishtirok etmaydi; ikkinchisida bronxlar yo‘q, teri ishtirok etadi. Sudralib yuruvchilarda bronxlar to‘liq shakllangan va teri nafasda qatnashmaydi; suvda-quruqlikdagilarda bronxlar yo‘q, teri qatnashadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHayvonlarning tana qoplami va harakat organlari evolutsiyasiKeyingi →Hayvonlarning qon aylanish organlari evolutsiyasi