XotirAI logotipiXotirAI
🧬 11-sinf · Biologiya · 43-§.

Hayvonlarning hazm qilish organlari evolutsiyasi

Mavzular

Hazm qilishning mohiyati

Deyarli barcha hayvonlar tayyor organik modda hisobiga oziqlanadi. Oziqlanish jarayonida bu moddalar murakkab o‘zgarishlarga uchraydi va organizm uchun zarur bo‘lgan moddalarga aylanib, qurilish materiali sifatida sarflanadi yoki oxirgi mahsulotlargacha parchalanib energiya hosil qiladi. Hayvonlarda oziqni qabul qilish, maydalash, hazm shirasini ishlab chiqish va o‘zlashtirish hazm qilish a’zolar sistemasida amalga oshadi.

Bir hujayralilar va tuban ko‘p hujayralilar

Bir hujayrali organizm – amyobalar oziq moddalarni soxta oyoqlari yordamida qamrab olib, sitoplazmadagi suyuqlikdan hazm shirasi hosil bo‘lishi natijasida oziq hazm bo‘ladi. Hazm shirasi tarkibida oqsil, yog‘, uglevod va nuklein kislotalarni parchalaydigan fermentlar mavjud. Ular o‘lja tarkibidagi mazkur yuqori molekulali moddalarni aminokislotalar, yog‘ kislotasi, glitsirin, glukoza va nukleotidlargacha parchalaydi.

Infuzoriyalarda oziqlanish biroz murakkabroq. Ular tanasining yon tomonida maxsus teshikcha, teshikcha tubida og‘iz teshigi, atrofida esa kiprikchalar joylashgan. Og‘iz teshigi qisqa halqum bilan tutashgan. Halqum tubida hazm qilish vakuolasi hosil bo‘ladi. Oziqning hazm bo‘lmagan qismi esa maxsus chiqaruv teshigi orqali tashqariga chiqariladi.

Tuban ko‘p hujayralilarda tana bo‘shlig‘i ichak vazifasini bajaradi. Oziq hujayra ichida hazm bo‘ladi, hazm bo‘lmagan qismi esa tana bo‘shlig‘iga, so‘ngra og‘iz orqali tashqariga chiqariladi.

Chuvalchanglarda hazm sistemasi

Yassi chuvalchanglarda dastlab uchi berk shoxlangan o‘rta ichak paydo bo‘lgan. Ozuqa og‘iz teshigi orqali qisqa halqumga, u yerdan ichakka o‘tib hazm bo‘ladi. Hazm bo‘lmagan qismi og‘iz orqali tashqariga chiqarib yuboriladi. Ularning orqa ichagi va chiqaruv teshigi bo‘lmaydi. Parazitlik qilib yashaydigan tasmasimon chuvalchanglarda ovqat hazm qilish soddalashib, oziq tana yuzasi bo‘ylab so‘rib olinadi.

To‘garak chuvalchanglarda hazm sistemasi og‘iz, halqum, qizilo‘ngach, o‘rta ichak va orqa ichakdan iborat. Oziqning hazm bo‘lmagan qismi anal teshigi orqali chiqarib yuboriladi. To‘garak chuvalchanglardan boshlab orqa ichak va anal teshigi paydo bo‘lgan.

Halqali chuvalchanglarda og‘iz, halqum, qizilo‘ngach, jig‘ildon, oshqozon, ichaklardan iborat. Ichak yuzasi burma shaklida botiqliklarni hosil qiladi, bu esa ichakning shimish yuzasining ortishiga sabab bo‘ladi.

Molluskalar va bo‘g‘imoyoqlilar

Molluskalarning ovqat hazm qilishi halqali chuvalchanglarnikiga o‘xshaydi. Ulardan boshlab halqumida muskulli til, tilning ustida mayda tishchalar hosil bo‘lgan. Hazm qilishda ishtirok etadigan bezlarning faoliyati ortadi. Jigar ishlab chiqaradigan suyuqlik oshqozonga quyiladi, bir juft so‘lak bezlarining yo‘llari esa halqumga ochiladi.

Bo‘g‘imoyoqlilarda jag‘lar faoliyati kuchayib, ular yordamida oziq maydalanadi. Bezlarning faoliyati ham kuchayadi. Masalan, o‘rgimchaklarda zahar bezi ovqat hazm qilishda ham ishtirok etadi. Bir juft so‘lak bezlarining yo‘li esa og‘iz bo‘shlig‘iga ochiladi. O‘rgimchak o‘lja tutadi va uni zahar bezidan chiqadigan suyuqlik ta’sirida falajlaydi, suyuqlik tarkibidagi fermentlar o‘lja tanasidagi moddalarni parchalab, qisman hazm bo‘lgan suyuq moddaga aylantiradi, o‘rgimchak uni so‘radi, ya’ni oziq dastlab uning organizmidan tashqarida hazm bo‘ladi. Oshqozon bilan o‘rta ichak chegarasida bir nechta uchi berk o‘simtalar paydo bo‘ladi. Hazm bo‘lmagan ozuqa esa anal teshigi orqali tashqariga chiqariladi.

Boshskeletsizlar va baliqlar

Boshskeletsizlarda ovqat hazm qilish sistemasi to‘g‘ri, qismlarga ajralmagan nay shaklidagi ichakdan iborat. Ichak halqumdan boshlanib anal teshigigacha davom etadi. Ichakning oldingi qismidan jigar o‘simtasi hosil bo‘ladi.

Baliqlardan boshlab hazm sistemasi ancha rivojlangan. Jag‘larda bir xilda tuzilgan tishlar joylashgan. Bu tishlar faqat oziqni ushlab turish vazifasini bajaradi. Hazm nayi qismlarga ajralgan. Hazm qilish sistemasi og‘iz, halqum, qizilo‘ngach, oshqozon, ingichka ichak, yo‘g‘on ichak va anal teshigi bilan tugaydi. Jigar yaxshi rivojlangan bo‘lib, baliqlardan boshlab o‘t qopi paydo bo‘lgan.

Suvda-quruqlikda yashovchilar va sudralib yuruvchilar

Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning og‘iz bo‘shlig‘ida tishlar va so‘lak bezlari yaxshi rivojlangan. So‘lak ovqatni ho‘llaydi, lekin kimyoviy ta’sir ko‘rsatmaydi. Ichagi baliqlarnikiga nisbatan uzun va hazm bezlari ham yaxshi rivojlangan. Baliqlardan farqli tomoni ichagi bevosita tashqariga ochilmay, balki uning kengaygan qismi kloakaga ochiladi.

Sudralib yuruvchilarning ovqat hazm qilish sistemasi suvda hamda quruqlikda yashovchilarnikiga o‘xshash, ular jag‘larida tishlar bo‘lishi va bezlarning faoliyati kuchayganligi bilan farq qiladi. Zaharli ilonlarda bir juft zahar bezlari ham ovqat hazm qilishda ishtirok etadi. Ingichka ichak bilan yo‘g‘on ichak chegarasida ko‘richak shakllangan, yo‘g‘on ichak yo‘li kloakaga ochiladi.

Qushlarning hazm sistemasi

Qushlarning hazm sistemasida uchishga moslanish imkonini beradigan o‘zgarishlar paydo bo‘lgan. Tishlari yo‘q, ichaklari kaltalashgan, hattoki ayrim qushlarda o‘t pufagi ham bo‘lmaydi. Ovqatni maydalashda qizilo‘ngachdan hosil bo‘lgan jig‘ildon ham qatnashadi. Oshqozon muskullari kuchli rivojlangan. Ovqatning mexanik va kimyoviy parchalanishi oshqozonda amalga oshadi. Qushlarda oziq tez hazm bo‘ladi. Bu esa hazm bezlarining faoliyati bilan bog‘liq. Jigarda ishlab chiqariladigan o‘t suyuqligi va oshqozon osti bezining shirasi ingichka ichakka quyiladi. Qushlarning yo‘g‘on ichagi qisqa, to‘g‘ri ichagi bo‘lmaydi. Hazm bo‘lmagan oziq kloaka orqali tashqariga chiqariladi.

Sutemizuvchilarning hazm sistemasi

Sutemizuvchilarda oziqning xilma-xilligi tufayli hazm sistemasida moslanishlar paydo bo‘lgan. Og‘iz bo‘shlig‘i burmali lablar bilan o‘ralgan. Bu moslanish bolasini sut bilan boqish hisobiga hosil bo‘lgan. Og‘iz bo‘shlig‘ida yuzasi ta’m bilish retseptorlari o‘rin olgan ko‘p so‘rg‘ichlardan iborat til, uch juft so‘lak bezi, ildizlari jag‘ suyaklari chuqurchasida o‘rnashgan dentindan iborat, tashqi tomondan emal bilan qoplangan tishlar joylashgan. Ayniqsa, ixtisoslashgan tishlarning paydo bo‘lishi sutemizuvchilar hazm sistemasidagi muhim moslanish hisoblanadi.

Ovqat hazm qilish sistemasi og‘iz, qizilo‘ngach, oshqozon (sodda yoki murakkab), ingichka, yo‘g‘on va to‘g‘ri ichakdan iborat. Ichaklarning o‘lchami kattalashgan. Ayniqsa, ko‘richak uzaygan. Chuvalchangsimon o‘simta ham ovqat hazm qilishda qatnashadi. Hazm bo‘lmagan oziq anal teshigi orqali tashqariga chiqariladi.

Murakkab oshqozon va xulosa

Sutemizuvchilar ovqat hazm qilish sistemasida idioadaptatsiya yo‘lida tishlarning ixtisoslashuvi, oziq manbayiga ko‘ra oshqozonning soddalashuvi yoki murakkablashuvi vujudga kelgan.

Murakkab oshqozon kavsh qaytaruvchi juft tuyoqlilarda bo‘lib, ular oziqlanadigan oziq asosan qiyin hazm bo‘ladigan kletchatkalardan iborat. Kavsh qaytaradigan hayvonlarda bunday oziqning hazm bo‘lishi oshqozonda saprofit holda yashaydigan alohida bakteriyalar va infuzoriyalar hayotiy faoliyati hisobiga amalga oshadi. Ya’ni ular kletchatkani yumshatib, bijg‘itib, hazm qiladigan holatga keltiradi. Oshqozonda bakteriyalar va infuzoriyalar tomonidan ishlov berilgan oziq og‘iz bo‘shlig‘iga luqma shaklida qaytarilib, oziq tishlar yordamida maydalanadi va qaytadan yutiladi. Oziq oshqozon shirasi, keyin o‘t suyuqligi va oshqozon osti bezining shirasi ta’sirida hazm bo‘ladi.

Shunday qilib, umurtqalilar hazm sistemasining evolutsiyasi murakkab yo‘lni bosib o‘tgan, avval ichak nayining shakllanishi, keyinchalik turli bo‘limlarga bo‘linishi, hazm yo‘lining uzunlashishi, ichak sathining burmalar hisobiga kengayishi, hazm bezlarining rivojlanishi va tishlarning ixtisoslashishi hisobiga amalga oshgan.

Bilimingizni sinang

Amyobalarda oziq qanday qabul qilinadi va hazm bo‘ladi?
  1. Kiprikchalar yordamida og‘iz teshigiga haydalib, halqumda hazm bo‘ladi
  2. Tana yuzasi bo‘ylab so‘rib olinib, fermentlarsiz parchalanadi
  3. Soxta oyoqlari bilan qamrab olinib, sitoplazmadagi suyuqlikdan hosil bo‘lgan shira bilan hazm bo‘ladi
  4. Tana bo‘shlig‘iga tushib, hujayralararo bo‘shliqda hazm bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Soxta oyoqlari bilan qamrab olinib, sitoplazmadagi suyuqlikdan hosil bo‘lgan shira bilan hazm bo‘ladi. Amyoba oziqni soxta oyoqlari bilan qamrab oladi, sitoplazmadagi suyuqlikdan hazm shirasi hosil bo‘lib, oziq hazm bo‘ladi.

Infuzoriyalarda og‘iz teshigi qayerda joylashgan va uning atrofida nima bor?
  1. Tanasining yon tomonidagi teshikcha tubida og‘iz teshigi, atrofida kiprikchalar
  2. Tanasining old uchida og‘iz, atrofida soxta oyoqlar
  3. Tanasining orqa uchida og‘iz teshigi, atrofida chiqaruv vakuolalari
  4. Tanasining yon tomonidagi teshikcha tubida chiqaruv teshigi, atrofida kiprikchalar

To‘g‘ri javob: Tanasining yon tomonidagi teshikcha tubida og‘iz teshigi, atrofida kiprikchalar. Infuzoriyada yon tomonidagi teshikcha tubida og‘iz teshigi bo‘lib, uning atrofida kiprikchalar joylashgan.

Yassi chuvalchanglarda hazm sistemasida dastlab qanday tuzilma paydo bo‘lgan?
  1. Anal teshigi
  2. Uchi berk shoxlangan o‘rta ichak
  3. Jig‘ildon
  4. Orqa ichak

To‘g‘ri javob: Uchi berk shoxlangan o‘rta ichak. Yassi chuvalchanglarda orqa ichak va chiqaruv teshigi yo‘q; ularda dastlab uchi berk shoxlangan o‘rta ichak paydo bo‘lgan.

Molluskalardan boshlab halqumda qanday tuzilmalar hosil bo‘lgan?
  1. Muskulli til va uning ustida mayda tishchalar
  2. Tishlar va burmali lablar
  3. Jag‘lar va zahar bezi
  4. Jig‘ildon va o‘t pufagi

To‘g‘ri javob: Muskulli til va uning ustida mayda tishchalar. Molluskalardan boshlab halqumda muskulli til va uning ustida mayda tishchalar hosil bo‘lgan.

Jigar yaxshi rivojlangan bo‘lib, qaysi hayvonlardan boshlab o‘t qopi paydo bo‘lgan?
  1. Boshskeletsizlardan
  2. Baliqlardan
  3. Sudralib yuruvchilardan
  4. Suvda hamda quruqlikda yashovchilardan

To‘g‘ri javob: Baliqlardan. O‘t qopi baliqlardan boshlab paydo bo‘lgan; boshskeletsizlarda esa faqat jigar o‘simtasi bor.

Sudralib yuruvchilarda ingichka va yo‘g‘on ichak chegarasida qaysi tuzilma shakllangan?
  1. Chuvalchangsimon o‘simta
  2. Ko‘richak
  3. O‘t qopi
  4. Jig‘ildon

To‘g‘ri javob: Ko‘richak. Sudralib yuruvchilarda ingichka va yo‘g‘on ichak chegarasida ko‘richak shakllangan.

Sutemizuvchilarning og‘iz bo‘shlig‘ida nechta juft so‘lak bezi joylashgan?
  1. Uch juft
  2. Ikki juft
  3. To‘rt juft
  4. Bir juft

To‘g‘ri javob: Uch juft. Sutemizuvchilarda uch juft so‘lak bezi bor; molluskalar va o‘rgimchaklarda esa bir juft.

Kavsh qaytaruvchi hayvonlar oshqozonida kletchatkaning hazm bo‘lishi qaysi organizmlar hisobiga amalga oshadi?
  1. Saprofit bakteriyalar va infuzoriyalar
  2. Parazit chuvalchanglar
  3. Mikroskopik zamburug‘lar va suvo‘tlar
  4. Xemosintezlovchi bakteriyalar va amyobalar

To‘g‘ri javob: Saprofit bakteriyalar va infuzoriyalar. Oshqozonda saprofit holda yashaydigan bakteriyalar va infuzoriyalar kletchatkani yumshatib, bijg‘itib hazm qilinadigan holatga keltiradi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHayvonlarning qon aylanish organlari evolutsiyasiKeyingi →Hayvonlarning ayirish va jinsiy organlari evolutsiyasi