Umurtqasiz hayvonlar
Mavzular
Sodda hayvonlar
Umurtqasiz hayvonlarda ichki skelet rivojlanmagan. Ular quyidagi tiplarga bo‘linadi.
Sodda hayvonlar tanasi bitta hujayradan iborat. Hujayrasida hazm qiluvchi va qisqaruvchi vakuola mavjud. Suvda erigan kislorod bilan nafas oladi. Asosan, ikkiga bo‘linish usulida ko‘payadi. Amyobaning tanasi o‘zgaruvchan. Evglena yashil rangda bo‘lishi va fotosintez qilishi bilan o‘simliklarga o‘xshaydi, xivchinlari yordamida hayvonlarga o‘xshab erkin harakatlanadi. Tufelkaning ko‘rinishi tufli tag charmiga o‘xshaydi (56-rasm).

Bo‘shliqichlilar
Bo‘shliqichlilarning tanasi tashqi – ektoderma va ichki – endoderma qavatidan iborat. Hazm qilish jarayoni ikki bosqichda – tana bo‘shlig‘ida va hujayralar ichida amalga oshadi. Nerv sistemasi sodda tuzilganligi sababli taassurotlarga sekin javob qaytaradi. Masalan, gidraga nina tekkizilsa, anchadan keyin tanasini qisqartirib oladi. Regeneratsiya xususiyati yaxshi rivojlangan. Otiluvchi hujayralari yordamida o‘ljasini tutadi va o‘zini himoya qiladi. Aktiniyalar o‘troq yashaydi, paypaslagichlari ko‘p bo‘lishi bilan gidradan farq qiladi. Meduzalar reaktiv harakat qiladi (57-rasm).

Yassi va to‘garak chuvalchanglar
Yassi chuvalchanglar tanasining orqa qismi o‘rtadan chetga tomon yassilashib boradi, ikki tomonlama simmetriyaga ega. Tana bo‘shlig‘i bo‘lmaydi. Hazm tizimi og‘iz, halqum va ichakdan iborat. Ayrim parazit vakillarida hazm tizimi yo‘qolib ketgan, chunki ular tayyor oziqni so‘rib oladi. Oq planariya chuchuk suvda erkin yashaydi. Jigar qurti va qoramol tasmasimon chuvalchangi boshqa organizm tanasida parazitlik qiladi (58-rasm).

To‘garak chuvalchanglar ko‘ndalang kesmasi yumaloq shaklda. Tashqi tomondan pishiq qobiq – kutikula bilan qoplangan. Suyuqlik bilan to‘lgan tana bo‘shlig‘iga ega. Askarida odamning ichki organlarida, rishta oyoq terisida, bo‘rtma nematoda esa o‘simlikda parazitlik qiladi (59-rasm).

Halqali chuvalchanglar
Halqali chuvalchanglar tanasi bo‘g‘imlarga bo‘lingan. Halqali chuvalchanglarda qon aylanish sistemasi mavjud. Yomg‘ir chuvalchangi o‘simlik chirindilari bilan oziqlanib, tuproq hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Chuvalchang qazigan in tuproqqa havo kirishini ta’minlaydi. Nereida ikki yon tomonda joylashgan uzun tuklarga ega. Bu tuklar suv tubida harakatlanishga yordam beradigan dastlabki oyoqlar hisoblanadi. Tibbiyot zulugidan qon tomir kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Zuluk og‘zidan ajralgan suyuqlik qonni suyultirib beradi (60-rasm).

Mollyuskalar
Mollyuskalar ko‘pchilik vakillari 3 qavatli chig‘anoqqa ega. Chig‘anoq tashqi – organik, o‘rta – ohakli, ichki – kamalak rangda tovlanuvchi qismlardan iborat. Terisi shilimshiq bilan qoplangan bo‘lib, harakatlanishiga yordam beradi. Ko‘pchilik shilliqqurtlar o‘simlikning yashil qismini yeb zarar keltiradi. Baqachanoqlar suv tubida yashab suvdagi organik moddalar bilan oziqlanadi. Shu yo‘l bilan suvni organik qoldiqlardan tozalaydi. Sakkizoyoqning paypaslagichlari so‘rg‘ichlar bilan ta’minlangan. So‘rg‘ichlar hisobiga sirg‘anchiq baliqlarni ham osonlik bilan ushlab qoladi. Sakkizoyoqlar o‘zidan siyoh chiqarib, dushmanini chalg‘itadi (61-rasm).

Bo‘g‘imoyoqlilar
Bo‘g‘imoyoqlilarning tanasi va oyoqlari bo‘g‘imlarga bo‘lingan. Tashqi skeleti xitindan iborat. Qisqichbaqasimonlar, o‘rgimchaksimonlar va hasharotlar sinflariga bo‘linadi. Daryo qisqichbaqasi chuchuk suvda yashaydi, qisqichlari yordamida o‘ljasini tutadi va dushmanidan himoyalanadi. Nobud bo‘lgan hayvonlarning qoldiqlarini yeb sanitarlik vazifasini bajaradi. Butli o‘rgimchak o‘ljasini ovlash uchun tutqich to‘r to‘qiydi. Tutqich to‘ri ikki xil ipdan to‘qilgan bo‘lib, aylanasimon yopishqoq qismiga hasharotlar ilinib qoladi, yopishmaydigan uzunasiga joylashgan ipidan o‘zi harakatlanadi.
Xonqizi va umurtqasizlar
Xonqizi yorqin qizil rangda qora xollari bor hasharot. Bu rang ogohlantiruvchi rang bo‘lib, qushlarni «sassiq suyuqligim bor, menga tegma» deb ogohlantiradi. Xonqizi o‘simlik zararkunandasi bo‘lgan shira bitlarini yeb, foyda keltiradi (62-rasm).

Umurtqasiz hayvonlar keng tarqalgan organizmlardir. Ularni daryo va dengizlarda, tuproq ostida, tashlandiq yerlarda, odam yashaydigan xonadonlarda, havoda uchib yurgan holatda ko‘rishimiz mumkin. Rivojlanish jarayonida umurtqasiz hayvonlar yashash muhitiga moslashib borgan.
Bilimingizni sinang
Qaysi sodda hayvonning ko‘rinishi tufli tag charmiga o‘xshaydi?
- Amyoba
- Tufelka
- Evglena
- Gidra
To‘g‘ri javob: Tufelka. Tufelkaning ko‘rinishi tufli tag charmiga o‘xshaydi.
Gidraga nina tekkizilsa, u nima uchun tanasini anchadan keyin qisqartirib oladi?
- Otiluvchi hujayralari yo‘qligi sababli
- Nerv sistemasi sodda tuzilgani sababli
- Tanasi uch qavatli bo‘lgani sababli
- Tana bo‘shlig‘i bo‘lmagani sababli
To‘g‘ri javob: Nerv sistemasi sodda tuzilgani sababli. Bo‘shliqichlilarning nerv sistemasi sodda, shu sababli taassurotlarga sekin javob qaytaradi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Bo‘shliqichlilar tanasi ektoderma va endoderma qavatidan iborat; II. Ularda hazm qilish faqat hujayralar ichida amalga oshadi; III. Aktiniyalar o‘troq yashaydi, paypaslagichlari ko‘p bo‘lishi bilan gidradan farq qiladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- Faqat II
To‘g‘ri javob: I va III. Hazm ikki bosqichda: tana bo‘shlig‘ida va hujayralar ichida, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Bo‘shliqichli hayvonni uning xususiyati bilan moslang: 1) meduza; 2) aktiniya; 3) gidra. a) o‘troq yashaydi; b) reaktiv harakat qiladi; c) nina tekkizilsa, anchadan keyin tanasini qisqartiradi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Meduza reaktiv harakat qiladi, aktiniya o‘troq, gidra esa sekin javob beradi.
Ayrim parazit yassi chuvalchanglarda hazm tizimi nima uchun yo‘qolib ketgan?
- Suvda erigan kislorod bilan nafas olgani uchun
- Tanasi kutikula bilan qoplangani uchun
- Tayyor oziqni so‘rib olgani uchun
- Ikki tomonlama simmetriyaga ega bo‘lgani uchun
To‘g‘ri javob: Tayyor oziqni so‘rib olgani uchun. Parazitlar tayyor oziqni so‘rib oladi, shu sababli hazm tizimi yo‘qolgan.
Yassi va to‘garak chuvalchanglarning tana bo‘shlig‘i qanday farqlanadi?
- Yassilarda bo‘lmaydi, to‘garaklarda suyuqlik bilan to‘lgan
- Yassilarda suyuqlik bilan to‘lgan, to‘garaklarda bo‘lmaydi
- Ikkalasida ham bo‘lmaydi
- Ikkalasida ham suyuqlik bilan to‘lgan
To‘g‘ri javob: Yassilarda bo‘lmaydi, to‘garaklarda suyuqlik bilan to‘lgan. Yassi chuvalchanglarda tana bo‘shlig‘i yo‘q, to‘garaklarda suyuqlik bilan to‘lgan bo‘shliq bor.
Qaysi to‘garak chuvalchang odamning ichki organlarida parazitlik qiladi?
- Bo‘rtma nematoda
- Oq planariya
- Askarida
- Rishta
To‘g‘ri javob: Askarida. Askarida odamning ichki organlarida, rishta oyoq terisida, bo‘rtma nematoda o‘simlikda parazitlik qiladi.
Nereidaning ikki yon tomonidagi uzun tuklar qanday vazifani bajaradi?
- Suv tubida harakatlanishga yordam beradigan dastlabki oyoqlar vazifasini
- O‘ljani otish hujayralari vazifasini
- O‘ljani ushlovchi qisqichlar vazifasini
- Nafas olish organi vazifasini
To‘g‘ri javob: Suv tubida harakatlanishga yordam beradigan dastlabki oyoqlar vazifasini. Nereidaning tuklari suv tubida harakatlanishga yordam beradigan dastlabki oyoqlardir.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash