Tabiatni muhofaza qilish
Mavzular
Muhofaza qilinadigan hududlar
Muhofaza qilinadigan hududlar. Mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilish, uning boyliklaridan oqilona foydalanish O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunga asosan amalga oshiriladi. Muhofaza qilinadigan hududlarga qo‘riqxona, buyurtmaxona, milliy bog‘ va tabiat yodgorliklari kiradi.
1. Qo‘riqxona odamning xo‘jalik faoliyati cheklangan hudud. Bu yerdagi tabiiy muhit qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlanadi. Bu hududda mol boqish, mevalarni terish, hayvonlarni ovlash qat’iyan taqiqlangan. O‘zbekistonda qo‘riqxonalar juda ko‘p. Ulardan eng asosiylari quyida berilgan.
Asosiy qo‘riqxonalar
- Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi.
- Nurota tog‘-yong‘oq davlat qo‘riqxonasi.
- Zomin davlat qo‘riqxonasi.
- Zarafshon davlat qo‘riqxonasi.
- Surxon davlat qo‘riqxonasi.
- Hisor davlat qo‘riqxonasi.
- Kitob davlat geologiya qo‘riqxonasi.
- Qizilqum davlat qo‘riqxonasi.
Buyurtmaxona va milliy bog‘
2. Buyurtmaxona qo‘riqxonadan farq qilib, ma’lum davrlarda hayvonlarni ovlashga ruxsat beriladi; o‘simliklar buyurtma asosida ko‘paytirilib, obodonlashtirish uchun tarqatiladi (masalan, archa, qarag‘ayning ko‘chatlarini yetishtirish, mo‘ynasi uchun ondatrani ko‘paytirish).
3. Milliy bog‘lar odamlarning madaniy hordiq chiqarishi, estetik zavq olishi uchun ajratilgan hudud. Bunday joylarda o‘simliklarga chiroyli shakl berish, manzarali gullarni ekish, parvarishlash mumkin. Lekin gullarni payhon qilish, uzib olish, atrofni ifloslantirish mumkin emas.
Tabiat yodgorliklari
4. Tabiat yodgorliklari jonli va jonsiz tabiat yaratgan noyob, diqqatga sazovor joylar: g‘orlar, sharsharalar, g‘aroyib shaklli qoyatoshlar, daralar, buloqlar, yer yuzasining ochilib qolgan joylari va katta yoshli ulkan daraxtlar, toshga aylangan o‘simlik, hayvonlar kiradi. Mamlakatimizda 400 dan ortiq tabiat yodgorliklari ro‘yxatga olingan.
Ularning ayrimlaridan turli davrlarga mansub osori atiqalar, toshga o‘yib chizilgan rasmlar, tosh haykallar va qadimgi odamlarning qoldiqlari topilgan Teshiktosh g‘ori, ibtidoiy odamlar yashagan Obirahmat g‘ori, Xo‘jakentdagi qoyatoshlarga chizilgan rasmlar shular jumlasidandir.
«Qizil kitob»
«Qizil kitob»ga kiritilgan o‘simlik va hayvonlar. O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»i 1979-yilda ta’sis etilgan. Dastlabki O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»i 1983-yilda nashrdan chiqdi. Kitobning 1-jildi «Umurtqali hayvonlar» haqida bo‘lib, unga 63 turdagi umurtqali hayvonlar kiritilgan. 1984-yilda «Qizil kitob»ning «O‘simliklar»ga bag‘ishlangan 2-jildi chop etilgan. Unga 163 tur o‘simlik kiritilgan.
«Qizil kitob» odamlarni o‘simlik va hayvonot dunyosining ayrim turlari yo‘qolib ketayotganligi, ularni saqlash va ko‘paytirish kerakligi haqida ogohlantiradi. «Qizil kitob»da o‘simlik va hayvonlarning tuzilishi, tarqalgan hududi, yashash tarzi, qirilib ketish sabablari kabi ma’lumotlar beriladi.

Yovvoyi tok
Quyida «Qizil kitob»ga kiritilgan ayrim o‘simlik va hayvonlar bilan tanishamiz:
Oila: Uzumdoshlar. Tur: Yovvoyi tok.
Uzunligi 30 metrgacha yetadi. Dala, toshloq yerlarga o‘ralib o‘sadi. Bargi oddiy, panjasimon. To‘pguli ro‘vak. Mevasi turli rang va shaklda. May-iyun oyida gullab, iyul-oktabr oylarida mevasi pishadi. Chorva mollari boqilishi va o‘tin sifatida ishlatilishi natijasida kamayib ketgan. Madaniy navlar yaratishda qo‘llaniladi. Urug‘i yordamida hamda vegetativ yo‘l bilan ko‘paytiriladi (79-rasm).

Xolmon isirg‘aguli
Oila: Loladoshlar. Tur: Xolmon isirg‘aguli (80-rasm).
Bo‘yi 150 sm ga yetadigan piyozli, ko‘p yillik o‘t. Barglari cho‘ziq, poyada halqa hosil qilib joylashgan. Gullari qo‘ng‘iroqsimon, soyabon to‘pgulda joylashgan. Aprelda gullab, may oyida urug‘ hosil qiladi. Gullari qizil, chiroyli bo‘lgani uchun terib olingan, piyozi iste’mol qilinganligi sababli soni kamayib ketgan. Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘paytiriladi.
Safsan xurmosi
Oila: Xurmodoshlar oilasi. Tur: Safsan xurmosi (81-rasm).
Bo‘yi 15–20 metrli daraxt. Bargi cho‘ziq qalin, uzunligi 15 sm gacha boradi. Gullari sarg‘ish, mevasi etli, qo‘ng‘ir-qizil rangda. Tog‘ yonbag‘irlarida, buloq bo‘ylarida o‘sadi. Xo‘jalik maqsadida yerlarning o‘zlashtirilishi, qurilish va o‘tin uchun ishlatilishi sababli kamayib ketgan.
Xongul (Buxoro bug‘usi)
Turkum: Juft tuyoqlilar. Oila: Bug‘ular. Tur: Xongul (82-rasm).

To‘qayzor va qumli cho‘llarda 3–20 tagacha to‘da bo‘lib yashaydi. May-iyun oyida bolalaydi. Bolalari 1 yilcha onasidan ajramaydi. 2–3 yoshida voyaga yetadi. Daraxt, buta va o‘tsimon o‘simliklar bilan oziqlanadi. Bug‘u urg‘ochisining shoxi bo‘lmaydi.
Erkak bug‘ularning shoxi o‘rtacha 110 sm, og‘irligi 200 kg keladi. To‘qaylarning qisqarishi va brakonyerlik tufayli kamayib ketgan.
Yo‘rg‘a tuvaloq
Turkum: Turnasimonlar. Oila: Tuvaloqlar. Tur: Yo‘rg‘a tuvaloq (83-rasm).

Cho‘l sharoitida yashashga moslashgan. Suvsizlikka chiday oladi. Yaxshi uchadi. Tog‘ etaklaridagi maysazorlarda, yarimcho‘llarda yashaydi. Aprel-may oylarida 2–3 ta tuxum qo‘yadi. Polaponlari iyun-iyul oylarida ucha boshlaydi. Ovlash taqiqlangan.
«Qizil kitob»ga hayvonot va o‘simlik olami turlarini (kenja turlarini) kiritish (undan chiqarish) bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Zoologiya hamda Botanika institutlari ishlab chiqadi.
Bilimingizni sinang
Qaysi muhofaza qilinadigan hududda tabiiy muhit qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlanadi va odamning xo‘jalik faoliyati cheklangan?
- Buyurtmaxona
- Milliy bog‘
- Qo‘riqxona
- Tabiat yodgorligi
To‘g‘ri javob: Qo‘riqxona. Qo‘riqxona odamning xo‘jalik faoliyati cheklangan hudud bo‘lib, tabiiy muhit o‘zgarishsiz saqlanadi.
Buyurtmaxonalarda mo‘ynasi uchun qaysi hayvon ko‘paytiriladi?
- Jayron
- Ondatra
- Xongul
- Bo‘rsiq
To‘g‘ri javob: Ondatra. Buyurtmaxonada mo‘ynasi uchun ondatra ko‘paytiriladi.
Mamlakatimizda nechtadan ortiq tabiat yodgorligi ro‘yxatga olingan?
- 200 tadan ortiq
- 800 tadan ortiq
- 400 tadan ortiq
- 100 tadan ortiq
To‘g‘ri javob: 400 tadan ortiq. Mamlakatimizda 400 dan ortiq tabiat yodgorliklari ro‘yxatga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»i qaysi yilda ta’sis etilgan?
- 1979-yilda
- 1983-yilda
- 1973-yilda
- 1984-yilda
To‘g‘ri javob: 1979-yilda. «Qizil kitob» 1979-yilda ta’sis etilgan, dastlabki nashri esa 1983-yilda chiqqan.
Xongul (Buxoro bug‘usi) qaysi turkum va oilaga mansub?
- Juft tuyoqlilar turkumi, Bug‘ular oilasi
- Turnasimonlar turkumi, Bug‘ular oilasi
- Juft tuyoqlilar turkumi, Uzumdoshlar oilasi
- Turnasimonlar turkumi, Tuvaloqlar oilasi
To‘g‘ri javob: Juft tuyoqlilar turkumi, Bug‘ular oilasi. Xongul Juft tuyoqlilar turkumining Bug‘ular oilasiga kiradi.
Milliy bog‘lar qanday maqsadda ajratilgan?
- Qadimgi odamlar qoldiqlarini saqlash uchun
- Odamlarning madaniy hordiq chiqarishi, estetik zavq olishi uchun
- Mo‘ynali hayvonlarni sanoat uchun ko‘paytirish uchun
- Noyob qazilma boyliklarni qazib olish uchun
To‘g‘ri javob: Odamlarning madaniy hordiq chiqarishi, estetik zavq olishi uchun. Milliy bog‘lar odamlarning dam olishi va estetik zavq olishi uchun ajratilgan.
Quyidagi hududlarning qaysi birida o‘simliklarga chiroyli shakl berish va manzarali gullarni ekish mumkin?
- Qo‘riqxona
- Nurota tog‘-yong‘oq qo‘riqxonasi
- Milliy bog‘
- Zomin qo‘riqxonasi
To‘g‘ri javob: Milliy bog‘. Faqat milliy bog‘larda o‘simliklarga shakl berish va manzarali gul ekish mumkin; qo‘riqxonada tabiiy muhit o‘zgarmaydi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qo‘riqxonada mol boqish qat’iyan taqiqlangan. II. Milliy bog‘larda gullarni uzib olish mumkin. III. Buyurtmaxonada ma’lum davrlarda hayvonlarni ovlashga ruxsat beriladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: milliy bog‘da gullarni payhon qilish, uzib olish mumkin emas.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash